azizrakhimov_blog | Unsorted

Telegram-канал azizrakhimov_blog - Aziz Rahimov

49329

Bog’lanish uchun: @Azizrahimov Reklama olmaymiz.

Subscribe to a channel

Aziz Rahimov

Hamma boshqacha

“-Buni qara shirinligini” deb 3 oylik bolasini rasmini ko’rsatadi. Boladaka bola deb o’ylaysiz. Odob jihatidan “vuuy” deb qo’yasiz.

Yaqini vafot etgan odamga: “hamdardman” deysiz. Dardini his qila olmasligingizni bilib aytasiz.

Shu kitob/kino hayotimni o’zgartirdi deydi, sizga ta’sir ham qilmaydi.

Odamlar dunyoda yashashidan tashqari, o’z mental dunyosida ham yashaydi.

Mental dunyo - genetika, xotiralar, bolalikdagi og’riqlar, o’ylar kombinatsiyasi. Har bir odam uchun unikal. Bir dona. Mental dunyosidan kelib chiqib bir ish kimgadir yomon, kim uchundir yaxshi.

Menga mos ish degani sizga mos degani emas. Hammaga yoqadi degani, sizga yoqadi degani emas. Menga qadrli inson, sizga hech kim.

Mental dunyoyingizga qarshi chiqsangiz siqilishni boshlaysiz. Yolg’on o’rab olgandek bo’ladi.

"Nega boshqachaman?, meni tushunishmaydi" demang. Hamma boshqacha. Ko’rsatishga uyalib, bir xil tutishadi xolos.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ish tanlash

Musicha ikki haftadan beri hovlimizga in qurishga harakat qilyapti.

Inini 3 marta qaytadan qurishga to’g’ri keldi. 2ta tuxumi ham sindi.

Sababi oddiy — eshik ustiga qurayapti. Har eshik ochilganda qushlar uchib ketib, in to’kilib tushyapti.

Qattiq mehnat qilishyapti. Noto’g’ri joyda bo’lgani uchun natija bo’lmayapti.

Ajoyib xulosa oldim:

Qanday ishlashingiz ikkinchi darajada. Nima qilishingizni, qayerda qilishingizni yaxshilab tanlang.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Welcome ramazon

Ramazon oyida to’liq yashagandek bo’laman. 11 oy tanam uchun, mana shu bir oy qalb uchun yashashdek tuyuladi.

O’zgarishlarimni 90% qismi ramazon oylariga to’g’ri kelgan.

Biror odatni boshlashga qiynalsam, ramazonni kutaman. Dushman dam olganda boshlab olaman deb)

Bitta dushmaningiz zaiflashgan, ikkinchisi uzoqlashgan. Vaqtni samarali o’tkazish uchun uchinchisini nari qilsak bo’ldi. (Arzon dofamin)

Haqiqiy o’zgarishlar 1-yanvardan emas Ramazondan boshlanadi. Ramazon muborak do’stlar)

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Savollar qayerdan keladi?

Avval gaplashgandik, javoblar endi muhim emas. Savollar muhim.

Savollar ichida ham internetda so’ralmayotgan savollar muhim. (Internetda bo’lsa Sun’iy intellekt biladi bu savolni, javobni soniyada berolganidek, savolni ham bera oladi)

Savollar qayerdan keladi? Qanday qilib yuzlab savollari bor odam bo’lish mumkin?

O’qish orqali. Juda ko’p va turli mavzularda o’qish orqali.

G’azzoliy Ihyo da: Kambag’al bo’lib o’t, boylik fitnadur deb aytadilar.

Abdulloh ibn Muborak, Savdogarlar Ustozida: Boy bo’lgin, jamiyatga foyda keltirasan deydilar.

Ichingizda savollar paydo bo’ladi: Kim haq? Kontekst nima? Kimga qaysi tavsiya mos? Menga qaysi biri mos? Muallif kim? Nima maqsadda yozilgan kitob?

Mana ikkita fikr ortidan shuncha savol. Savollarni ko’paytiring do’stlar. Tez o’rganish bu javoblar ko’pligi emas, savollar ko’pligi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ko’zgu neyronlar

Bola onasining aytganidan ko’ra, qilganini takrorlashi osonroq.

Sizga do’stingizni nasihatidan ko’ra, ishlari kuchliroq ta’sir qiladi.

Sokin odamning oldida sokin bo’lib qolasiz, odobli odamning oldida odobli.

Hazilkashning oldida, sizdan ham hazil chiqadi, optimistlar oldida optimist bo’lasiz.

Sabab: Ko’zgu neyronlar. Ongsiz o’rganish. Bitta Ilmni olib, tushunib, odatga aylantirguncha, ko’zgu neyronlar o’nta narsani ko’chirib oladi.

Siz bilmagan holingizda ham, gaplaringiz, harakatlaringiz o’zgarayotgan bo’ladi. O’zingiz sezmaysiz. Atrofdagilar aytadi: “O’zgarib qolibsanmi?”

Shuning uchun kim bilan vaqt o’tkazayotganimiz — kelajagimizning eng katta indikatori.

Ko’zgu neyronlar foydamizga maksimal ishlashi uchun:

Ustozlar olidida yuraylik - hech nima o’rgatishmasa ham, tonna narsa o’rganamiz.

Havas qiladigan xislati bor odamlarimiz oldida bo’laylik — bizga ham o’tadi.

Alloh aytganidek - Sodiqlar bilan bo’laylik (9:119), biz ham sodiq bo’lamiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Kichik ishlar

Namozda fokus qilishga qiynalardim.

Ustozimiz yaxshi tavsiya berdilar: Namoz sanodan boshlanadi. Ma’nosini biling. Dona dona qilib o’qing. Sanoda fokus qila olmasangiz, butun namozda ham qila olmaysiz.

Keyin tilovatda fokus qiling. Keyin rukuda. Butun namozda fokus qilish emas, kichik amallarda fokus qilishga harakat qiling.

O’zimcha shu maslahatdan qoida chiqarib oldim:

Katta ishlarni sifatli qilish uchun, ichidagi kichik ishlarni sifatli qilish kerak.

Kitob o’qishimda tushuntirib beraman - kitobdan maksimal foyda olish uchun:

O’qiydigan kitobimni yaxshilab tanlayman.

Zeriksam o’sha joyida to’xtataman (foydali ma’lumot zeriktirmaydi).

O’rgansam belgilab ketaman. Belgilarim orasidan foydalilarini tanlayman. Qaytadan qo’lda yozib chiqaman. Odatga aylantirishga harakat qilaman. O’xshasa boshqalarga gapirib beraman.

Oxirda qarasa, kitob o’qishni sifatli bajargan bo’lib qolaman.

Xohlagan ishga qo’llasa bo’ladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ish topishning noodatiy usuli

Noodatiy, chunki deyarli hech kim ishlatmaydi.

Odatiy usul - Ishga joylashmoqchi bo’lgan odam, chiroyli “cv” tayyorlaydi, yuboradi, javob kutadi.

Bilmaydiki, shunday kutayotganlar yuzlab bo’ladi.

Siz yuzlab joyga yuborgansiz, ular ham yuzlab kandidat olgan. Tanlanish uchun eng zo’ri yoki eng omadlisi bo’lish kerak.

Noodatiy usul: Xohlagan ish joyingizni tanlaysiz. Yaxshilab o’rganasiz. Xizmatlaridan foydalanib ko’rasiz. Kamchiliklarni topasiz (ular hammada bor). Kompaniya boshqaruvchilariga yaxshilash bo’yicha takliflaringizni yuborasiz.

Adekvat boshqaruvchilar albatta chaqirib, gaplashib ko’radi. O’zingizni intervyuda ko’rsatasiz. (cv da ko’rsatishdan osonroq)

Adekvat bo’lishmasachi? Kamchilikni aytgan odamni blok qilishsachi? Chaqirishmasachi? Yanada yaxshi, yomon ish beruvchidan qutulib qoldingiz)

Bizni bitta marketologimiz va menejerimiz aynan shunday qilib ishga joylashgan)

P.S.

Bu usul asosan kichik va o’rta kompaniyalar uchun ishlaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

O’tib ketishi hech gap emas

“Hijobda bo’lib qilayotgan ishini qara”. “Namoz o’qiydiganlarni ham ko’rayapmiz”.

Bu gaplarni gapiradiganlar bir narsani hisobga olishmayapti. Islomiy prinsiplari bo’lmaganda bu odamlar yomonroq bo’lardi, yaxshiroq emas.

O’zimdan misol qilaman. Musulmon bo’lib turib gunoh qilib qo’yaman. Juda ko’p ba’zan. Ba’zan bilganimga amal qilmay qolaman. Lekin musulmon bo’lmaganimda yanayam yomonroq inson bo’lardim. Tashqariga bilinmasdi albatta. Chunki ikkiyuzlamachi ham bo’lardim)

Inson tabiati o’zgarishi qiyin. Yillar davomida o’rnashgan odatlar 2-4 yilsiz yo’q bo’lmaydi. Yillar davomida yig’ilgan noto’g’ri fikrlar yana shuncha to’g’ri fikr kelmaguncha ketib qolmaydi.

Ilm olsin, muhiti o’zgarsin, vaqt o’tsin. Qo’limizdan kelsa yordam beraylik. Bizdan ham o’tib ketishi hech gap emas.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Yig’lasang ko’chaga chiqma

Bolaligimda ko’chada yangi bolalar bilan o’ynab, xafa bo’lib qaytib keldim. Dadamga nolidim. Dadam aytdilar: yangi bolalar bilan tanishish xafagarchiliksiz bo’lmaydi bolam. Yoshingni oqizib keladigan bo’lsang ko’chaga chiqma.

Bu haqiqatni hayotda ko'p ko'rdim.

Hamma narsa qadoqda keladi. Bittasini olsangiz ikkinchisini ham olishga majbursiz.

Mashhurlik tonna-tonna negativsiz bo’lmaydi.

Boylikni ko’rsatish, faqat boylik uchun gaplashadiganlarsiz bo’lmaydi.

Jiddiy loyihalar, jiddiy qiyinchiliklarsiz bo’lmaydi.

Katta, tez daromadlar, katta risklarsiz bo'lmaydi.

Jannatga kirish, jannatga arziydigan sinovlarsiz bo’lmaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Zerikarli ish

Ba’zan ishlab turamiz, boshqa ish bo’lmagani uchun.

Ba’zan ishlab turamiz, yaxshi to’lashgani uchun.

“Boshqa nima ham qilardim?” yupatib qo’yamiz o’zimizni.

Bilmaymizki, ishimiz zerikarli bo’lsa hayotimiz ham yoqmaydi. *

Ishimiz zerikarli bo’lsa infarkt ehtimoli ortadi. **

Yoqmaydigan har qanday ish zerikarli bo'laveradi.

Davo ikkita. Yoqtirgan ishini qilish bu bitta usul. Qilayotgan ishini yoqtirish yaxshiroq usul.

Ish yoqishi uchun ishning natijasi yoqishi kerak. O’qityapsizmi - o’qimishli bolalar yoqsin. Quryapsizmi — chiroyli binolar yoqsin. Natijasi yoqishi uchun odamlarga foydasini ko’rishingiz kerak. Ko’ra olmayotgan bo’lsangiz so’rashingiz kerak: “Nima foyda olyapsiz? Nega bizga kelyapsiz?” deb.

Berayotgan foydangizni biling. Ish ongli hayotimizning yarmi. Zerikmang. Ishda zerikish - o’ldiradi.

——
*Gallup 2010
**50% ga, Kivimaki, M. 2006

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

It is okay

Hamma kunlar ham rejadek ketmaydi.

Ba’zi kunlar hech narsa qilmay yotging keladi.

O’zingni yomon his qilasan. Yomon his qilganing uchun hech nima qilmaysan. Hech nima qilmaganing uchun yana yomonroq his qilasan.

Inson murakkab. Tuyg’ular, aql, gormonlar, nafs, shayton, mikroorganizmlar yig’indisimiz biz. Hamma kunimiz ideal bo’lolmaydi.

Ba’zida yomon his qilishing tabiiy holat. It is okay.

Zikr, uyqu, yurish.

Sinab ko’r. Ertasiga ko’rmagandek bo’lasan.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Meni tushunishmaydi

Ichingizdagini tushuntiryapsiz. Tushunishmayapti.

Ota-onangiz, do’stingiz, xodimingiz.

Ayb ularda deb o’ylaysiz. Odamlar meni tushunmaydi deysiz.

Ayb ularda emas. Ayb sizda.

Bilimi har xil odamlarning suhbatini kishi va bolaning suhbatiga o’xshataman.

Bola kattaning darajasiga chiqa olmaydi. Vaqt kerak.

Katta esa tusha oladi. Sodda misollar kerak.

O’qituvchining mahorati bilishda emas. Sodda qilib tushuntira olishda.

Bilmagan narsasini tushunishi uchun mehnat qilishini kutmang.

Siz bilgan narsangizni soddalashtirish uchun mehnat qiling.

Soddalashtira olmayapsizmi?

Unda hali o’zingiz ham yaxshi tushunmabsiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Tobut tashiladi

Janozada erkaklar tobutni ko’tarish uchun navbat kutishadi.

Hech kim tashimasa, navbat kutmasa ham mayyit qabristonga yetib boradi. (Jigarlar turibdi-ku axir)

Demak ko’tarayotganlar o’zi uchun ko’tarayapti. Ibrat uchun, savob uchun.

Boshqa muhim ishlarda ham shunday.

Biz bo’lmasak ham:

O’sha masjid bitadi.

Loyihalar yuraveradi.

Odamlar o’zgaraveradi.

Taqdirdagi ishlar bo’laveradi.

Ishtirokimiz natija uchun emas. Qaysi tarafdaligimizni ko’rsatish uchun.

Amal bilan ko’rsatish uchun.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Men qilmasdim.

O’rnida bo’lganimda bu xatoni aniq qilmasdim deyman.

Adashdi. Oddiy narsani bilmadi. Shunaqayam sodda bo’ladimi deyman. Salbiy baho beraman.*

O’sha vaziyatga o'zim tushaman.

Xuddi o’sha xatoni qilaman.

Uni holatini keyin tushunaman.

Endi salbiy bahodan tiyilaman. Chunki men uning vaziyatini bilmayman.

Men kabi bolaligi bo’lmagandir. Ota-onasi boshqachadir.

Ustozlari, fikrlashi, o’qigan kitoblari boshqadir balki.

Men bilayotganlarni bilmas. Unutib qo’ygandir balki.

Savol so’rayman, maslahat beraman, yordam ayamayman. Lekin endi baho bermayman.

-----------
Baho berish bu yerda judging, осуждение ma'nosida kelyapti. Ya'ni: hukm o'qish, muhokama qilish, salbiy baho berish.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Kichik harakatlar

Maktab paytida bolalar bilan Counter Strike o’ynardik. Bir bola cheat code (g’irrom) terib olardi. Katta bo’lib hamkorlarini ham aldab ketdi, boshlig’ini ham.

Ogohlantirmasdan kech qoladiganlar bilan ishlab, faqat yutkazdim. Birovni vaqtini qadrlamaydiganlar, mehnatini, pulini, yordamini ham qadrlamas ekan.

Ofitsiantlarga qo’pol gapiradigan tanishim bor edi. Menga ishi tushmay qolgach, muloyimdan qo’polga aylandi.

Kech qolsa “probkadaman” deydigan o’quvchim bo’lardi. “Onam kasal” deb pul olib, qimorga ishlatib yubordi. Bir mendan emas, hammadan olgan ekan.

Endi hech qaysi harakatni kichkina sanamayman. Odam bir ishni qanday qilishiga qarab qolgan ishlarni ham ko’rib olsa bo’ladi.

Kichik harakatlarni kuzating.

Odamni katta gaplari emas, kichkina harakatlari yaxshiroq ta’riflaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Daraxtlar orasida

Mahallamizda aylanganda bitta ko’chaga kirgim kelmaydi.

Yonidagi ko’chadan esa doim yuraman.

Sababini bugun tushundim: daraxtlar.

Daraxtlarga 40 sekund qarash, yurak urishini sekinlashtiradi, xotirjamlik chaqiradi. *

Daraxtlar orasidan yurish baxtiyorlikni oshiradi **

Daraxtlarga qarash diqqatni oshiradi ***

Daraxtlar g’oyalar tug’ilishiga yordam beradi (mana shu maqolaga o’xshab).

Hamma narsa yomon ketayotgandek tuyulganda, yomon ketmayotgan bo’ladi.

Diqqatni yo’qotib ish o’xshamayotganida, dangasalik kuchaymagan bo’ladi.

Shunchaki beton ichida ko’p qolib ketgan bo’lasiz. Bog’larga borish payti kelgan bo’ladi…

——

*Stress recovery during exposure to natural and …
**Interacting with nature improves cognition and …
***VIEWS OF NATURE AND SELF-DISCIPLINE: …

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Kichkina kurashlar

Gapiraymi, jim turaymi?

Turib ishimni qilaymi, yana biroz yotaymi?

Kitobmi, instagrammi?

Yozib olaymi yoki eslab qolamanmi?

Suvmi, kolami?

Eshitaymi, gapiraymi?

To’g’risni aytsammikin, yo’qmi?

Yaxshi gumonmi, yomonimi?

Katta maqsadlar, katta harakatlar emas,

Shu kichkina kurashlar hayotimizni ko’proq hal qiladi.

Kurashlarni ramazonda yuta olmagan odam, boshqa payt kurashga chiqib ham o’tirmaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

10% oldinda

O’rgatishim, gapirishim uchun ekspert bo’lishim kerak deb o’ylaymiz.

“O’rgatish sengamas” deydi ichki ovozimiz.

Yosh qizcha o’g’limga qo’yga ovqat berishni o’rgatdi. O’zi kecha o’rgangan.

Yoshi kattaroq bola qo’l siltab ketardi. “Shuniyam bilmaysanmi?” Derdi.

O’rgatuvchining yaqinda o’rgangani o’rganuvchiga ham foyda. Bilmagan payti esida. Qiynalgan payti esida.

O’rgatish uchun ekspert bo’lishni kutmang. O’rganuvchidan 10% oldinda bo’lsangiz yetarli.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Firibgar sindromi

Erishgan yutuqlarim o’zimnikimi? Darajamga arziymanmi? Eplay olamanmi?

Odamlar iqtidor bilan emas, omad orqali erishganimni bilib qolishsachi?

Yozganlarim, gapirganlarim foydalimi?

Firibgar (impostor) sindromini boshidan o’tkazayotgan odamning fikrlari bu.

Shu savollarga aldanib, yana bilim olishim kerak, tajriba yig’ishim kerak deydi.

Atrofga qarasa, undan kam biladigan, lekin ishonchi baland odamlar (D. Kruger sindromiga uchgan) o’tib ketayotgan bo’ladi. Hayron qoladi.

Bir sirni ochaman.

Blogimni 80 ta odam kuzatardi (shu yerdamisiz haliyam do’stlar?)

Maqola yozishdan oldin shu sindromni his qilardim. O’zim uchun yozyapman deb chiqarib yuboraverardim.

500 dan oshiq maqola yozdim. Yozish sifati ortdi. Juda ko’pchilik foyda olganini aytdi.

Hozir ham impostor sindromini his qilaman. Hech qachon yo’qolmas ekan. O’rganib ham qoldim.

Aslida hamma sohada, hamma odamda ichidan shunday o’tadi. Darajamga arzimayman deb o’ylaydi. Bu rost. Hech kim egallab turgan darajasiga arzimaydi. Arzimasak ham Alloh beraveradi.

Berdimi, bekorga emas. Ishonchni oshirib davom etavering.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Xohishni aytish shart emas

Odamlar biron nimani kuchli xohlashlarini aytishganida ishonmayman.

Odam nima xohlashi uning harakatlaridan ko’rinib turishi kerak. Kuchli xohishlar harakatga keltiradi:

Qorningiz ochgani, pul kerak bo’lgani, namozga kech qolish paytlaringizni eslang.

Pul topishni xohlaganida, topishga harakat qilayotgan bo’lardi, odamlarga yordam berishni xohlaganida yordam berayotgan bo’lardi. Ilm olishni xohlaganda, olayotgan bo’lardi.

Qilmayotgan narsasini xohlayman degan odam aldayapti. Avvalo o’zini aldayapti. O’zini o’ziga yaxshiroq ko’rsatmoqchi. Yoki asl xohishlaridan uyalyapti.

Nega endi kuchli xohishni aytishganda ishonmayman? Kuchli xohishni aytishga hojat yo’q. O’zi harakatlardan ko’rinib turadi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Sizniki emas

Yoshi kattaroq mijozimiz bilan uzoq gaplashib qoldim. 6 yil ichida qanday qilib 10 mln$ lik mulk va pullarini yo’qotib, qarzdor ham bo’lib qolganini gapirib berdi.

Yoshligida tanigan 100ta boydan hozirda faqat 4 tasi holati yaxshiligini, qolganlar orqaga ketganini ham aytdi.

Eshitib turib, o’qigan narsamni hayotda tasdig’ini ko’rdim:

Sizdan olib qo’ysa bo’ladigan narsa sizniki emas.

Bankdagi pulingiz sizniki emas, nomingizda turgan mulk sizniki emas, uyingizda naqd turgani ham. Hammasini bir kunda yo’qotish mumkin.

Haqiqiy boylik xohlasangiz - Olib qo'yilishi oson emas, o’ta qiyin bo’lgan narsalarni yig’ing:

Ilm, sog’liq, tajriba, munosabatlar.

Ortidan rizq bo’lib keladigan boshqa narsalar (pul, mashina, uy, mulk) - faqat bonus. Kelsa yaxshi, kelmasa ham hech qisi yo'q.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Asl narxi qimmatroq

To’tiqush sotib olmoqchisiz. Narxini 50$ deyishdi. Arzon ekan, olaman deb o’ylaysiz. To’xtang, do’konda 50$, asl narxi (cost of ownership) qimmatroq.

Qafas, boqish uchun yem, zerikmasligi uchun ikkinchi to’tiqush, qarashga ketgan vaqt — hammasini qo’shib hisoblaganda narx o’n barobar oshib ketadi.

Gentraning Sparkdan do’kondagi narxi ikki barobar farq qiladi. Lekin asl narx farqi to’rt barobargacha boradi. Shinalar, usta, yaxshiroq benzin, mashinaga yarasha kiyinish…

Telegram bepul. Lekin ko’p vaqtning bekor ketib qolishi, befoyda reklamalarni ko’rish, izohlarda talashib tortishish — bepul emas. Eng qimmat valyuta — vaqt bilan to’lanadi.

Biror narsani olishdan, qilishdan avval asl narxini hisoblatib ko’ring. Balki olmaslik qaroriga kelarsiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Yozuvning kuchi

Menga eng ko’p foyda keltirgan odatim — yozish. Eng ko’p beradigan tavsiyam ham shu:

Yozing.

Yozadigan odam natijasidan ko’ra, yozganidan ko’proq foyda oladi. Chunki yozish bu o’ylash. Tartibli yozish - tartibli o’ylash.

Hamma ko’radigan joyda yozing. O’qilishi motivatsiya beradi, qarshi fikrlar - yozishingizni yaxshilaydi.

Mutaxassis bo’lsangiz sirlaringizni yozing, o’quvchi bo’lsangiz o’rganayotganlaringizni yozing. Matnda doim o’qigandan ko’ra, yozgan ko'proq o'rganadi.

O’qiyotganlar soniga e’tibor bermang. 2ta bo’lsa, kafeda 2ta do’stimga gapirib beryapman deb tasavvur qiling. 20ta bo’lsa bitta sinfxona to’la odam deb tasavvur qiling. Boshida son muhim emas. Yozishning o’zi muhim.

O’qishyaptimi? Aytishmayotgan bo’lsa ham foyda olishyapti. Reaksiyani 10tadan bitta, izohlarni 40tadan bitta odam qoldiradi. Qolganlar odatlanmagan.

Foydali kontent ko’radiganlar kam. O’qiydiganlar undan kamroq. Yozadiganlar esa eng kami. GPT chiqib ular yanada kamayadi. Yozadiganlarning (sizning) qadri yanada oshadi.

Tartibli o’ylash, yozishning yaxshilanishi, tezroq o’rganish — faqat siz oladigan foydalarni yozdim. O’qiganlarniki bor hali. Uni yozmayman. Bu yerga sig’maydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Vaqt uchun filtr

Plastikdagi pul naqdga qaraganda osonroq ishlatiladi.

Bittasi qo’lingizda turibdi. Ikkinchisi esa raqamlar.

Vaqtimiz ham shunaqa. Qo’limiz bilan ushlay olmaymiz, pulchalik qadrlamaymiz.

Vaqtimizni bekorga eng ko’p oladigan narsalarga qaraylik.

Suhbatlar, kontent. Vaqtimizni berayapmiz. Lekin pulimizni bergan bo’larmidik?

Shu odam bilan gaplashish pullik bo’lganida gaplasharmidingiz?

Shu kontent pullik bo’lganida ko’rarmidingiz?

Shu filtrdan keyin hammasi joyiga tushadi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Tezroq o’rganish

O’g’lim choynak so’zini biladi. Issiq so’zini biladi.

Choynak issiq, ushlama deb rosa aytaman. Baribir ushlashga urinadi.

Bugun ushladi. Qo’li kuydi. Endi ushlamayapti.

2ta xulosa:

Qilib ko’rish. Xato qilish. Xatodan keyin o’zgarish. O’rganishning eng tez usuli.

Ustozing aytganida o’zgarmasang, qo’ling kuyib baribir o’zgarasan.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Rumination

Miya 30% vaqtini o’tmishni o’ylashga sarflaydi. Nega unday bo’ldi? Boshqacharoq qilsam bo’lmasmidi Qilinmagan ishlar, erishilmagan yutuqlar, boshqalarning natijasi miyada aylanaveradi.

Ruminatsiya. Shayton vasvasasi.

Yutish uchun dushmanga o’z quroli bilan kurashiladi. Ovozingiz “hammasi boshqacha bo’lishi mumkin edi” desa, “ha” deng. Boshqacha bo’lishi mumkin edi. Yomon tarafga ham.

“3 yil oldin treyder bo’lib boyib ketishing mumkin edi”.

-3 yil oldin usta bo’lib, qurilishda qo’limdan ayrilishim ham mumkin edi.

“Vizang chiqqanida AQShda yashayotgan bo’lishing mumkin edi”.

-Aeroportga ketayotganda halokatga uchrab o’lib ketishim ham mumkin edi.

Afsus o’rnini shukr egallaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Gilamdan ayamang

Uyimni jihozlamoqchi bo’lganimda arzon gilam olmoqchi bo’lganman.

Shunda onam maslahat berganlar:

“Qimmat va arzon gilam narxida farq katta emas. Deyarlik butun umr ishlatasan. Har kuni yurasan, boshingni qo’yasan, bolalar o’ynaydi. Gilamdan pul ayama bolam.”

Butun umr ishlatadigan narsadan pul ayamaslik sog’lom fikr.

Lekin bizga shu sog’lomlik yetishmaydi.

Ichimizda 4 soat turadigan ovqat uchun, vaqt ayamay uzoqlarga boramiz, katta pul to’laymiz.

Butun umr qoladigan bilim uchun pulim yo’q deymiz.

Ikki yilda eskiradigan telefoniga oxirgi pulni (demak vaqtni) sarflaymiz.

Butun umr qoladigan tanamiz uchun bitta zalga chiqa olmaymiz.

Asabimizga tekkan g’irt begona bilan soatlab urushamiz.

Butun umr qoladigan nafsimizga, do’q ham qilib qo’ymaymiz.

To’g’rilashga hali ham kech emas.

Gilamdan pul ayamang do’stlar.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Blog evolutsiyasi

Boshida birovning fikrlari ko’chiriladi.

Keyin havas qilgan odamga o’xshashga harakat qilib yoziladi. Ilhom olinadi.

Orada bir bir sayoz, lekin mustaqil fikrlar chiqishni boshlaydi.

Davom ettirilsa, fikrlar chuqurlashadi. Shaxsiy qarash paydo bo’ladi.

Keyin boshqalar ko’chirishni boshlaydi.

Blog evolutsiyasi dedimmi?

Biznes, hunar, shaxsiyat, kreativning ham evolutsiyasi xuddi shunday.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Tong kunni belgilaydi

Tong qanday boshlansa kun ham shunday o’tadi.

Ertalabdan ekranga tikilsam, butun Yakshanbani bekor o’tganini sezmay qolaman.

Tongni yurishdan, bomdodga masjidga chiqishdan boshlasam, kun bo’yi energiya ko’p bo’ladi.

Tongni yaxshi boshlash uchun yaxshi uxlash kerak.

Uxlashning eng zo’r qismi (deep sleep) 22.00 dan 00.00 gacha bo’ladi. *

Odamlar bu vaqt uxlamagan bo’lishadi. Qolib ketgan ishlarni qilishayotgan bo’ladi.

Ishlar qolib ketgan chunki energiya yetmagan. Ko’p vaqt bekor ketib qolgan.

Energiya yetmagan chunki tong yaxshi boshlanmagan.

Bu jarayon (cycle) qachondir tugashi kerak.

Bugun o’sha kun bo’lishi mumkin.

——————
*UCLA tadqiqoti

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Qariyaga yaxshilik qiling

Faceapp dasturini ko’chiring. Rasmingizni yuklab, qaritish tugmasini bosing.

Yaxshilab qarang.

Bir kuni shu odam bo’lasiz. Qariya bo’lasiz.

Ibodat qiling. Qariya ortga qarab afsuslanmasin, quvonsin.

Pul ishlatishni emas, yig’ishni o’ylang. Qariya qariganda og’ir mehnatda yurmasin.

Ilm oling, tafakkur qiling. Qariyani oldiga rahm qilib emas, ilm izlab kelishsin.

To’g’ri ovqatlaning, sportga boring. Qariya uyida yashasin, kasalxonada emas.

Katta maqsadlar qo’ying. “Nima ish qilgansiz bobo(buvi)?” savoliga qariya uyalib qolmasin.

15 yoshingizdagi xatolaringiz uchun, tirranchani yomon ko’rasiz. Boshiga bir urib maslahat bersaydim deysiz.

Shu holatga yana tushmaslik uchun, maslahatlarni qariyadan deb qabul qiling.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…
Subscribe to a channel