Bog’lanish uchun: @Azizrahimov Reklama olmaymiz.
Boshqarish o’zidan boshlanadi
Xo’jayinidan nolib qoladi. “Boshqara olmayapti” deydi.
Boshliq bo’lsam bilardim nima qilishni, eplay olmayapti, deydi.
Gap so’zlariga e’tibor beraman - so’kish, yolg’on, g’iybat bormi? Tilini tiyishni biladimi?
Tiyishni bilmasa u ham boshqaruvni eplay olmaydi.
Boshqalarni boshqarish - e’tibor, talabchanlik, sabablar bilan ishlash yig’indisi. Odamlarni boshqarganda boshqaruvchiga bog’liq bo’lmagan faktorlar ko’p bo’ladi.
100% o’ziga bog’liq bo’lgan - tilini boshqara olmagan odam, o’ziga bog’liq bo’lmagan narsalarni boshqarishni orzu ham qilmagani yaxshi.
O’zingizni boshqarishni o’rganing, boshqalarni boshqarish oson kechadi. O’zingizni boshqarishni o’rganing, boshqarishga hojat qolmaydi, o’zlari ergashishadi.
@azizrakhimov_blog
Otdan so'rab ko'r.
Bir odam ot choptirib ketayapti. Yo’lda so’rashdi:
-Qayerga shoshib ketyapsiz?
-Bilmadim. Otdan so’rab ko’r.
Ko’p ishlarni qilamiz. Nega qilayotganimizni bilmaymiz. Odatlanib qolganmiz. Odatlarimiz bizning otimiz. Qayerga olib ketsa boraveramiz. Nega ketayotganimizni so’rab ko’rmaymiz.
Qanday qilish kerak? Qancha qilish kerak? Qachon qilish kerak?
Bu savollarni ko’p beramiz. Boshqa savolni yetarlicha bermaymiz:
Nima uchun? Nega?
Nega qilishim kerak? Nima uchun yashashim kerak? Nega shuni o’qishim kerak? Nima uchun shunga vaqt sarflashim kerak? Nega borishim kerak?
Bu savollarga vaqtimiz yo’q.
Shu savollarni tez-tez bermaganimiz uchun ham vaqtimiz yo’q.
@azizrakhimov_blog
Toblab kuchaytirish
Qilich yasalish jarayoni ko’rganmiz. Metal qaynoq isitiladi. Sekin sovutiladi. Sovutish paytida kuvalda bilan qattiq qattiq uriladi.
Qizigan molekulalar tartibsiz harakatlanadi. Stabil bo’lmaydi. Tartibsiz sovub qolsa qilich molekulalari tarqoq, qilichni o’zi mo’rt bo’lib qoladi.
Mo’rt qilich dushmanni emas, egasini o’ldiradi.
Kuvalda bilan urishdan maqsad tartibsiz sovuyotgan molekulalarni xaos(tartibsiz harakat)ga uchratish. Qayta harakatga kelgan molekulalar tartibli sovishni boshlaydi. Bu jarayon toblash deyiladi. Toblashdan o’tgan qilich mustahkam bo’ladi.
Postdan maqsad temirchilikni o’rgatish emas.
Ozgina narsaga xafa bo’ladigan, mo’rt insonlarni ko’rib qolamiz. Gapirib o’zgartirmoqchi bo’lamiz. Foydasi yo’q. Urushmang, sindirib qo’yasiz.
Hayoti tartibsizlashsin, qayta qayta kaltak yesin. O’z-o’zidan o’zgarishni boshlashini ko’rasiz.
@azizrakhimov_blog
Ilmi holat
Nima kitob o’qishni bilmaydiganlarga hayron qolaman.
Ilmi holat o’qing. Har birimiz istalgan payt holatlarda bo’lamiz. O’sha holatlarni ilmini o’rganmay turib “Boy ota, kambag’al ota”lar o’qilmaydi.
Talaba bo’lsangiz, effektiv o’rganish haqida o’qing.
Hodim bo’lsangiz, qilayotgan ishingiz haqida, ishxonangizni o’stirish haqida o’qing.
Vaqtingiz bor bo’lsa, vaqtni samarali ishlatish haqida o’qing.
Pulingiz bo’lmasa, pul topish yo’llari haqida o’qing.
Musulmon bo’lsangiz, diningizga amal qilish haqida o’qing.
Jamoangiz bo’lsa, boshqaruv haqida o’qing.
10ta kitob o’qiganingizdan keyin, "kitob bormi?" emas, "kitob o’qishga vaqt bormi?" deb so’ray boshlaysiz.
50ta bo’lganidan keyin, o’zingizni aqlli hisoblab, kitoblar tavsiya qilishga o’tasiz.
100ta bo’lganidan keyin, kitoblar odamni o’zgartirmasligi, kitob o’qish o’zgartirishini tushunasiz.
@azizrakhimov_blog
Finishga hali bor
Sinfdoshim baholari bilan maqtanaverar edi. Baho poygasida yutish zavq berar edi.
Litseyda kursdoshlarim qizil diplom uchun rosa talashishgan edi. Olganlar olmaganlardan o'zlarini ustun ko’rishgandi.
Institut birinchi kursidan ba’zilarda mashina bor edi. Kursdagilar omadli deb bilishardi ularni.
Sinfdoshimga baholari yordam bermadi. Ishini topa olmayapti. Kursdoshlarimga diplomlari yordam bermadi, sohalari o’zgarib ketdi. Institutdoshlarimga mashinalari yordam bermadi, ishga oluvchiga bu umuman muhim emas.
Birga katta bo’lganlaringiz orasidan, kimdur birinchi turmush quradi. Mashina oladi. Katta pul topishni boshlaydi. Atrofdagilar solishtiradi. Sizdan ham kuta boshlashadi.
Siz o’qiyotgan bo’lasiz. Tajriba orttirayotgan bo’lasiz. O’tib ketayapti deb chalg’ish boshlanadi. O’zingizni yomon his qilasiz.
Agar vaqtingizni bekor o’tkazmayotgan bo’lsangiz - e’tibor bermang. O’z ustingizda ishlayvering. 30 yoshga to’lmaguncha mevalar terilmaydi.
Holatingizni boshqalarga solishtirmoqchi bo’lganlarga esa meni gapimni yetkazing: finishga hali bor.
@azizrakhimov_blog
Tanishuv
Auditoriya ko’payibdi. Meni tanimaganlar uchun o’zim haqimda aytib beraman.
2007-2010 Pediatriya litseyi (TPTI-1)
2010-2017 Toshkent Pediatriya tibbiyot insituti, pediatriya fakulteti (1 oy shifokor bo’lib ishladim)
2017-2020 Merit Education, o’qituvchi, menejer.
2020-2023 Merit school, hammuassis, rahbar (mart oyida ketdim)
2022-23 Iftixor, bayankids hammuassis (mart oyida ketdim)
Boshqaruv yangi jamoaga o’tdi va men ularga ishonaman.
2023-yil Aprelda yangi loyiha boshladim.
Yangi loyihalar qilish jarayonida hamkasblar topish uchun shu blogni boshlaganman.
Telegramda maqolalar yozaman.
Instagramda qisqa tavsiyalar berib boraman.
Youtubeda podcastlar yozaman.
Twitterda bilganlarimni bitta gapda tushuntirishga harakat qilaman.
@azizrakhimov_blog
Kuchli jamoa, qiyin muammolar
Ishda eng ko’p zavq olib keladigan narsa - kuchli jamoa bilan, qiyin muammolar ustida ishlash*
Yangi loyiha boshlayapmiz. Qiyin muammoni tanladik - maktab ta’limi. Jamoani yig’ish payti keldi.
Sizni o’sishga majbur qiladigan, vaqt bilan emas, fikr bilan ishlashingizni istaydigan, so’raganingiz uchun emas, arziganingiz uchun yaxshi oylik beradigan jamoada ishlash imkoni paydo bo’ldi.
Steve Jobs Jon Skallini pepsidan chaqirganida - “umringni oxirigacha gazlangan suv sotib yurasanmi? Dunyoni o’zgartirish imkonidan foydalanmaysanmi?” degandi.
Men ham sizlarga aytaman. Bolalarni, taqdirlarni o’zgartirish payti kelmadimi? Iqtidorni o’stirish, kattaroq ishlarga sarflash payti kelmadimi?
Payti kelgan bo’lsa formani to’ldiring. Biz o’qituvchilar, psixolog, direktor yordamchisi (zavuch), direktor izlayapmiz.
---
*Gallup tadqiqoti, Kim Scott Radical Candor.
@azizrakhimov_blog
Limbik kapitalism
Miyaning limbik tizimiga ta’sir o’tkazib hissiyotlar chaqirish mumkin. Hissiyotni nima chaqirsa ham, haqiqiydek tuyulaveradi.
Minglab olimlar buni uddasidan chiqishyapti ham. Oxirgi yillarning o’zida ular bizga:
Sevgi o’rniga behayo filmlar,
Vitaminli meva, sabzavotlar o’rniga, glutamatga boyitilgan sneklar,
Haqiqiy do’stlar o’rniga followerlar,
Hayot sinovlari o’rniga videoo’yinlar,
Qimmat dofamin (mehnat, ijod) o’rniga arzon nikotin taqdim etishdi.
Qancha shu narsalarga qaram (addicted) bo’lsak, mualliflarga shuncha yaxshi.
Hech kim bizni ataylab qul qilmoqchi emas. Konspirologiya yo’q. Maqsad faqat pul, toza kapitalism. Limbik kapitalism.
Qulga aylanayotgan biz o’zimiz.
@azizrakhimov_blog
Ramazon hayiti bir boshqacha kun.
Bu kun siz albatta yoshlikni eslaysiz. Necha yosh bo’lsangiz ham. Hayit namozi, shirinliklar, qarindoshlarni yo'qlash, kelin-salom, hamma hammasi yoshlikni eslatadi.
Bu kun siz kunni yarmini tabriklash va tabriklarni qabul qilish bilan o’tkazasiz.
Bu kun sizga yaqin va uzoq insonlarni ajratib olasiz. Birinchilar tabriklash uchun shaxsiy xabar yozib yoki qo'ng'iroq qilsa, ikkinchilar shablon tabrik yoki rasm jo'natishadi.
Bu kun siz aslida qancha qarindoshingiz borligini bilib oladigan kun.
Bu kun sizni asl hayotiy qadriyatlarga qaytaradi: Oila, silai rahm, ehson, namoz. Deyarli hech kimni ish haqida gapirganini ko’rmaysiz.
Bu kun biron narsa yeyishdan oldin, har safar ikkilanib, o’zingizdan "Ro'zamasmidim o'zi? " deb so'raydigan kun. 😊
Bu kunni hamma yaxshi ko'radi, yosh bolalar ham, kattalar ham ,qariyalar ham. Biz ham bu kunni yaxshi ko'ramiz. Ramazon hayitini yaxshi ko'rganlarga hayit muborak aziz do’stlar!
@azizrakhimov_blog
Qo'lida bolg'asi bor odamga hamma muammo mix bo'lib ko'rinadi
Agar sizning yoshingiz 20-25 yoshlar atrofida bo'lsa, Aziz Rahimov bilan bo'lib o'tgan master-klass premyerasini ko'rib chiqishingiz kerak. )
Chunki suhbat umrning eng muhim bo'lgan ushbu davrida yigit-qizlar qanday ko'nikmalarni shakllantirishi kerakligi haqida bo'lgan.
🙌 Premyera bugun — 16-aprel soat 14:00 da YouTube orqali bo'lib o'tadi.
🔗 Premyeraga o'tish havolasi: https://youtu.be/l7VB7yTQ7tM
Siz ham suhbatda birinchilardan bo'lib qatnashing va xabarni tengdoshlaringiz bilan baham ko'ring. ✊
Teskari yurish
Oson uxlash bo’yicha maslahatlar o’qib qoldim. Xulosa bitta narsaga olib borayapti:
Uxlash tabiiy jarayon. Oson uxlash uchun halaqit beradigan narsalarni(ekran, yorug’lik, kofe) cheklash yetarli.
O’ylab qarasam boshqa joylarda ham shunday. To’siqlarni olib tashlashni o’zi natijaga olib boradi.
Bekorchi odamlardan qoching, muhitingiz yaxshilanaveradi.
Vaqt vampirlarini bloklang, foydali ishlarni o’zingiz qilishni boshlaysiz.
Uzoq vaqt konfliktga bormang, do’stlashib ketaverasiz.
Ba’zan “Yana nima ish qilsam bo’ladi?” emas, “Nima ish qilishni to’xtatishim kerak?” to’g’riroq savol bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Maktablar maktablar
Bolalarni kuzatasiz. Asosiy umri maktabda o’tadi, lekin asosiy narsani Youtubedan o’rganayotgan bo’ladi.
O’qituvchi o’ta aqlli bo’lishi kerak deb o’ylaysiz, ko’p mavzularda bolalar o’tib ketgan bo’ladi.
O’rtoqlari, bir dunyo bilim bor maktabda. Yugurib borishi kerak deb o’ylaysiz. Bola esa bormaslikka har kuni bahona izlayotgan bo’ladi.
Ko’p yolg’iz qolsa buziladi deb o’ylaysiz, hamma yomon odatlarni maktabdan o’rganib kelayotgan bo’ladi.
Maktab sohasida qilinadigan ishlar ko’p. Biz shu ishlar nimaligini yaxshiroq tushunmoqchimiz. Maktabga boradigan farzandingiz, jiyaningiz, uka-singlingiz bormi? Siz uning maktabidan qoniqmayapsizmi?
Keling gaplashaylik. Formani to’ldiring. Qo’ng’iroq qilamiz, intervyu qilamiz. Og’riqlarni o’rganamiz.
Aynan sizning g’oyalaringiz yangi maktabimizda ishlatilsa ajab emas.
@azizrakhimov_blog
Odamlar odamlarga oyna
Yozilgan narsani yashagan bo’lsak, yozuv bizga ta’sir qiladi. Ichimdagini yozibdi deymiz.
Yaxshi yozuvchi bilib yurgan, ayta olmagan narsangizni ochib beradi.
Siz yozuvchini o’qimayapsiz, o’zingizni o’qiyapsiz.
Biror insonga havas qilganda undagi narsalar bizda ham bo’lishi xohlaymiz. Bo’lishini xohlashimizga sabab - buning imkoni borligini bilamiz.
Birovga havas qilmayapmiz. Kelajakda bo’lishi mumkin bo’lgan versiyamizga havas qilyapmiz.
Kimnidur gunohi bizni hafa qiladi. O’zimiz ham shu gunohni qilayotgan bo’lamiz. Gunohkordan emas, gunoh qilayotgan o’zimizdan hafa bo’layotgan bo’lamiz.
Odamlar odamlarga oyna. Kuzatishni bilsak bo’lgani.
@azizrakhimov_blog
Tugamaydigan resurs
Yosh yigitlar keraksiz yong’oq po’choqlarini yig’ib Turkiyaga eksport qilishyapti.
Do’stim ishidan ortib qolayotgan penoplastni nima qilishini ko’p o’yladi. Oxiri qurilish materialini yangi turini olib kirib shu uchun ishlatyapti.
Hamkorimiz axlat to’lib yotgan tepalikni olib, tekislatib, tozalatib chiroyli bir bog’cha qurdirdi.
Kargochilar eskirgan konteynerlarni olib, kichik ofis, do’kon va kafelarga aylantirib sotishyapti.
Millenium shokoladi apelsin po’chog’ini qo’shib premium plitkasini sotayapti.
Kerakmas narsani kerakliga aylantiradigan narsa ilm.
Tilla, neft, gaz - tugaydigan resurs. Ilm - oxiri yo’q, tugamaydigan, boshqa resurslarni topadigan resurs.
Ilm oling do’stlar. Bu dunyoda hech qaysi resurs unga teng kela olmaydi baribir.
@azizrakhimov_blog
Eng yaxshi variant
Istalgan odamingizga shogird tushish uchun,
Zo’r insonlar bilan birga ishlash uchun,
Orzuingizdagi odam bilan turmush qurish uchun,
Kuchli kompaniyaga ishga kirish uchun,
Loyihalarni sizga olib kelishlari uchun,
Ulardagi eng yaxshi variant siz bo’lishingiz kerak.
Bu mehnat talab qiladi. O’z ustida ishlashga majburlaydi.
Eng yaxshi variant bo’lmasdan tanlanganlarga oson emas. Katta omad tufayli erishishganini bilishadi. “Noloyiqman” fikri tark etmaydi. Erishib bo’lgan narsasiga qattiq yopishib qoladi.
Eng yaxshi variant bo’lishga harakat qilavering, shunda sizni tanlayverishadi.
@azizrakhimov_blog
Yangiliklar o’qimang
Yangilik saytlari xarajat talab qiladi. Jurnalistlar oyligi, uskuna, yo’l to’lovlarini kimdir qoplashi kerak.
Yangilik sayti bepul bo’lsa u sizga reklama sotib pul topadi. Reklama ko’p va qimmat bo’lishi uchun ko’rishlar ko’p bo’lishi kerak.
“Hammasi yaxshi. Rivojlanyapmiz. Jinoyatchilik kamaygan”. Bunday xabarlar ko’rishlar yig’maydi.
Xabarlar orasida eng negativlari eng ko’p ko’riladi. Asabbuzarliklar ortidan kelgan ko’rishlarga reklama sotiladi.
Reklama bo’lmasa yanada yomon. Demak mediani kimdir ta’minlayapti. Ta’minlovchining o’z maqsadlari bor.
Reklamasi yo’q bepul media o’qiyotgan bo’lsangiz, propaganda o’qiyapsiz. Bittada bilinmaydi. Propagandaning birinchi vazifasi propagandaligini bildirmaslik.
Yangiliklar o’qimang. Vaqtingizni foydaliroq ishlarga sarflang. Muhim gaplardan qolib ketmaysiz. Rostdan muhim voqea sodir bo’lsa, vaqtidan yaxshi foydalanmaganlar hammasini aytib berishadi.
@azizrakhimov_blog
Kelajakdan qarz olish
Maktab paytimda bolalar hamma narsaga ulgurishar edi. Aylanishga, kompyuter xonaga, qizlar bilan gaplashishga, uzoqlarga ketib qolishga. Shuncha vaqtni qayerdan olishadi deb o’ylardim.
Yaqinda tushundim. “Yoshligimda rus tilini o’rganmagan ekanman, rosa qiynalyapman” deb qoldi bittasi. “Yaxshiroq o’qish kerak ekan, endi vaqtim yetmayapti” deb aytib qoldi ikkinchisi.
Ular vaqtni kelajakdan olib turishgan. Qarz bo’lib qolishgan. Endi esa to’lashyapti.
Bo’sh qolgan vaqtingizda o’qib-o’rganmay, bekorchilik qilayotganda, kelajakdan qarz olyapsiz.
Bugungi ishlaringizni ertaga qoldirayotganda, kelajakdan qarz olyapsiz.
Qilishingiz kerak bo'lgan ishlarni emas, hamma qilayotgan ishlarni qilayotganda kelajakdan qarz olyapsiz.
Qarzniku olaverasiz. To’lash vaqti keladi. Vaqt pul emas, yillar o’tib ko’payib qolmasligi tushunasiz. O’tmishingizni yomon ko’rib, yana kelajakdan qarz olib to’lamoqchi bo’lasiz. Olishga hech nima qolmagan bo’ladi. Qattiq afsus qilasiz.
Kelajakdan qarz olmang. Imkoni bo'lsa qarz berib turing (ilm, mehnat, sport), o'zingiz o'zingizga rahmat aytasiz.
@azizrakhimov_blog
Muvaffaqiyat haqida
Muvaffaqiyat pul emas, mashhurlik emas, biznes ham emas.
Muvaffaqiyat muvofiq so’zidan olingan. Muvofiq - mos degani. Erishgan narsangiz xohlagan narsangizga mos bo’lishi - muvaffaqiyat.
Katta biznes ochib, katta pul topishni xohlab turib erishdingizmi - muvaffaqiyatlisiz.
Mahallangizdagi maktabda bolalarga dars berishni xohlab, dars beryapsizmi? muvaffaqiyatlisiz.
Ikkita komil farzandni tarbiya qilishni rejalab, katta qilyapsizmi? muvaffaqiyatlisiz.
Xotirjamlik xohlardingiz, xotirjammisiz? - muvaffaqiyatlisiz.
Robbingizni roziligini olishni xohlardingiz, shu yo’lga qarab ketyapsizmi? muvaffaqiyatlisiz.
Yaqinlaringiz sizni yaxshi ko’rishini xohlasangiz, ular yaxshi ko’rmasa, muvaffaqiyat yo’q ekan. Boy bo’lsangiz ham, mashhur bo’lsangiz ham.
“Muvaffaqiyat sirlari, kaliti” degan kitob va treninglarga ishonib o’tirmang. Ular sizni emas, yozgan odamlarni muvaffaqiyatli qilish uchun o’ylab topilgan sxemalar xolos.
@azizrakhimov_blog
Sizdan boshqasi o’ylay olmaydi
O’spirin farzandim o’lganidan keyin hayotni qizig’i qolmadi degandilar. Yangi loyihalar boshladilar. Qimmat mashina olibdilar.
Otasidan vaqtli ajralgan kursdoshim, “ota sizsiz nima qilaman? Kimlarga tashlab ketdingiz” deb yig’lagandi. Hozir serfarzand, kulib yuribdi.
Hayot bizsiz ham davom etaveradi. Yoqishga harakat qilayotgan odamlarimizning barchasi yaqinda o’lib ketadi.
Meni eslab qolishsin deyayotgan odamlarimizning o’zlarini bir asrdan keyin unutib yuborishadi.
Odamlar nima derkin, qanday eslanar ekanman deb o’ylamang.
Oxiratingizni o’ylang. Aynan shuni sizdan boshqasi o’ylay olmaydi.
@azizrakhimov_blog
Chiroyli tinglash
Yaqin do’stim bor. Birinchi tanishishni o’zidayoq qalin bo’lib ketganmiz.
Kim bilan tanishtirsam ular bilan ham yaqin bo’lib ketadi.
Sababini o’ylab ko’rdim. Topdim: Tinglash. Diqqat bilan tinglash. Suhbatni bo’lmasdan tinglash.
Keyin atrofga qaradim. Odamlar gapirishni xohlashyapti. Suhbatlarda tinglashmayapti, gapirish navbatim qachon kelar ekan deb kutishyapti.
Tinglash foydali, gapirish zararli bo’lgan joylarda ham o’zgarishmayapti.
Gapiraman degan ko’p. Tinglayman degan kam. Tinglovchilar qadri oshib boryapti.
Chiroyli gapirish mahorat deb yurardim. Chiroyli tinglash mahorat ekan.
@azizrakhimov_blog
Ommaviy rivojlanish
Tez yuradigan yo’lda sekin ketayotgan mashinani eslang, asabingizni buzadi. Germaniya avtobanlari, Dubay trassalarida buning uchun jarima ham qilishadi.
O’zini o’ylab sekin yurayotgan, to’xtagan mashina boshqalarni xavfli holatga qo’yadi, tirbandlikka olib boradi.
Shaxsiy rivojlanishingiz bilan ham shunday. Sizni rivojlanmasligingiz nafaqat sizga, yoningizdagilar uchun ham zarar.
Sizdan o’rnak olishi mumkin bo’lgan farzandlaringiz uchun zarar.
Sizni katta qilib, katta umidlar bog’lagan ota-onangiz uchun zarar.
Sizga havas qilib hayotini o’zgartirmoqchi bo’lganlar uchun zarar.
Shaxsiy rivojlanishga shaxsiy rivojlanish deb qaramang. Ommaviy rivojlanish deb qarang. Shunda dangasaligingiz kamayadi.
@azizrakhimov_blog
Ovora bo’lib qolamiz
Lokatsiya jo'natish uchun telegramga kirdim. Kanaldan kelgan xabarga qiziqib bosdim. Bitta xabar ikkinchisiga, keyin boshqa kanalga ulanib, oxiri Youtube bilan tugadi.
Ish quroli, ishdan chalg’itib qoldi. Telegram bir yengil metafora xolos. Ko’p hollarda maqsad qolib instrument bilan ovora bo’lib qolamiz.
Oilamiz yaxshi yashashi uchun ishlaymiz, ishimiz deb oilamizga vaqt ajrata olmaymiz.
Vaqtimni tejasin deb laptop, smartfon olamiz, eng ko’p vaqtimizni shu instrumentlarda isrof qilamiz.
Sog’lom bo’lay deb zalni boshlaymiz, vazn yig’ish uchun sog’liqqa zarar bera boshlaymiz.
Ibodat qilamiz deb dunyoga kelamiz, ibodatga yordam berishi kerak bo’lgan narsalar bilan ovora bo’lib qolamiz.
@azizrakhimov_blog
Keyingi qadam
Tepalikka qaradim. Quyosh ostida, shag’al yo’ldan aravani itarib chiqish kerak edi.
“Nima qilasan qiynalib?, mashina chaqirsangchi” dedi ichki dangasam.
Bitta qadam bosdim. Keyin ikkinchisini. Yuzlab qadamdan keyin tepalikka chiqib bo’ldim.
Qo’rquv birinchi qadamni o’zidan yo’qolib bo’ldi. O’ninchi qadamdan dangasalik o’rnini, davom ettirish xohishi egalladi.
Bitta bitta qadam tashlab qanchalar uzoqqa yetib borish mumkinligini tasavvur ham qila olmaysiz.
Tepalikka qarab turavermang. Qadam tashlashni boshlang, uyog’ini yo’l ko’rsatadi.
@azizrakhimov_blog
The reja
Eng yaqin do’stlaringizga qarang. Yaqin bo’lib ketishingizni reja qilmagansiz.
Eng ko’p daromad olib kelgan ishlaringizga qarang. Rejangizda bo’lmagan. Bor bo’lsa ham siz o’ylagandek ko’rinishda emas edi.
Kuzatadigan mentorlaringizga qarang. Uch yil oldin tanimasdingiz.
Hayot shu qadar murakkabki, o’n yillik tursin, besh yillik rejalar ham ishlamaydi.
Faktorlar ko’p. Vaziyatlar tez o’zgaradi. Rejada qotib qolish esa stressga tushiradi.
Maqsad aniq bo’lsin. Olib boradigan rejalar o’zgarishi hech narsa emas.
Yosh bo’lsangiz bir yildan ortiq reja qilmang. Ishlayman, o’rganaman, bir yildan keyin ko’ramiz deng.
Qiyin damlarda esa bir narsani yodda tuting:
Ishlar sizni rejangiz bo’yicha ketmayotgan bo’lsa ham, “The reja”dagi kabi ketayotgan bo’ladi aslida.
@azizrakhimov_blog
Mehnat yetishmayapti
Buvimning ota onasi qo’shni bo’lishgan. 15 yoshligida bir-birlari bilan ko’p o’ynashni boshlagach, nikohlab qo’ya qolishgan. 15 yoshli bola oila boshlig’i bo’lgan.
Bobom 23 yoshlarida universitetni bitirganlar. Jizzaxda Bosh shifokorlik ishi chiqqan. Butun oilalari bilan ko’chib borib o’sha yerda karyera qurganlar.
Buvim 17 yoshlarida maktabda ishlashni boshlab, yarim mahallani savodli qilganlar. Darsdan bo’sh paytlari qo’shni bolalarga dars berardilar. Dam olish kunlari fermada o’tgan.
Yana bir bobom 14 yoshda yetim ko’chada qolib, bog’bon, agronom keyin esa shahar muhandisi darajasiga chiqqanlar. 70 yoshlarida ham ishlab yurganlarini eslayman.
Ilhom yetishmayapti, ishimda ma’no yetishmayapti, energiya yetishmayapti deydiganlarning barchasiga murojaatim - sizga aslida mehnat yetishmayapti.
@azizrakhimov_blog
Vaqt berish
Kompyuter yonishi bilan simsiz klaviaturamni bosib tashlayman. Ishlamaydi. Parol terilmaydi. “Ahmoq klaviatura” deb asabiylashaman.
Bugun boshqacha yo’l tutdim. O’chiq holatdan, yoniq holatga o’tgunicha uch sekund sabr qildim. Tezroq ishlab ketdi va men asabiylashmadim.
Hayotimizdagi tranzit holatlarda ham shunday. Ozgina kutgan yaxshi.
Miyaga bitta vaziyatdan ikkinchi vaziyatga o’tishga vaqt berish kerak.
Ertalab uyg’onib, darrov turib ketmasdan, biroz o’tirish.
Ishga kelganda darrov ishlab ketmasdan, tayyorlanib olish.
Uyga qaytganda, o’n daqiqa o’ziga kelib, keyin uydagilar bilan gaplashish.
Ishdan bo’shaganda, darrov keyingisiga o’tmay, o’ylab olish.
Tranzit vaqtini sabr bilan o’tkazmaganlar, asabbuzarlik bilan o’tkazadilar.
@azizrakhimov_blog
«Islom to'g'ri o'rganilsa, hamma zamonga mos keladi» — 13 yoshida qori bo'lgan olim bilan suhbat!
«Osmondagi bolalar» loyihasining navbatdagi mehmoni xalqaro va O'zbekiston Qur'on musobaqalarining bir necha bor g'olibi, Islom akademiyasi doktoranti, «Oltin silsila» tarjimonlaridan biri, ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid bo'ldilar.
🎯 Ushbu sonda ilm olish va uning targ'iboti, ota-onalar farzand tarbiyasida nimalarga e'tibor berishi, jamiyatimizda axloqning o'rni, turli xil qarashlarga musulmon kishining fikri qanday bo'lishi kerakligi haqida foydali ma'lumotlar olishingizga umid qilamiz.
🛎 Premyerani hoziroq tomosha qiling.
Havola: https://youtu.be/tvb1iNzqaLg
Vaqt konvertatsiyasi
Tuproqqa suv qo’shib, quritib g’isht yasasa bo’ladi.
O’sha loyga hunarmand mehr bersa, ko’za yasasa bo’ladi.
Kremniyni alohida ajratib olib, quyosh batareyasi yasasa bo’ladi.
Bir xil tuproq. Bir biridan narxi 10, 100 barobarga farq qiladigan mahsulotlar.
Tuproq ishlatilyapti degani - eng to’g’ri yo’lda ishlatilyapti degani emas.
Vaqt bilan ham shunday. Bandsiz degani, eng foydali ish bilan bandsiz degani emas.
Vaqt shunchaki sarf bo’lmaydi. U konvertatsiya bo’ladi.
Vaqt arzon dofaminga konvertatsiya bo’lishi mumkin (tarmoq, o’yin, seriallar).
Ilmga konvertatsiya bo’lishi mumkin.
Pulga konvertatsiya bo’lishi mumkin
Yoki
Hech qachon bankrot bo’lmaydigan biznesga konvertatsiya bo’lishi mumkin. (Fatir-29)
@azizrakhimov_blog
Odamlar nima deydi
Odamlar nima deyishi nega muhim?
Odamlarga yoqish uchun muhim. Shunday qilsa hurmat qilishadi. Maqtashadi. Yomonlashmaydi.
Hurmat va maqtov nega kerak?
O’z qadrini bilib turish uchun. O’ziga hurmat ortishi uchun.
Demak odamlar fikriga qarab ish qilish - tashqi hurmatni ichki hurmatga konvertatsiya qilish usuli.
Ichki hurmat nega yo’q? Asli qandayligini biladi. Nafs shuni berkitish uchun tashqaridan fikr kutadi.
Odamlar nima deydi deb qilinadigan ishlar, aslida odamlar uchun emas, nafsimiz aytgani uchun qilinadi.
@azizrakhimov_blog
Tajriba bu yillar emas
Yoshi kattaroq odam ko’proq yashagan, ko’proq narsa ko’rgan bo’ladi. Yoshlar qancha o’qisa ham tajribani faqat yashab olish mumkin.
Tajribani esa ko’pchilik noto’g’ri tushunadi. Tajriba yillarga teng emas. Tajriba yillar davomida qilingan tajribalar (eksperiment) soniga teng.
Nega ekperimentlar qilinadi? Qilinayotgan ishning yaxshiroq usullari qidirib. Natijaga boshqacha borishga harakat qilib.
Nega yaxshiroq usullar qidiriladi? Hozirgi ishdan, natijadan qoniqilmaydi. Demak hozirgi qilinayotgan ishlar tahlil qilinadi.
Formulaga solsak, haqiqiy tajriba = tahlil orqali o’tkazilgan tajribalar. Yuzta tajriba o’tkazish uchun kimdadur yillar ketishi mumkin, kimdadur oylar.
20 yillik o’qituvchi hech narsa yangilik qilmagan bo’lsa - uning 20 yillik tajribasi aslida 1 yillik (20 marta takrorlangan)
1 yillik dasturchilar bor 5 yillik dasturchilardan tajribaliroq. (ikkinchisi 4 oyda front-endni o’rganib, faqat shuni takrorlagani uchun)
Hayotiy tajriba ham shunday. Tahlil qilinib, xulosa olinmagan bo’lsa 60 yoshli amakining gaplari ham 25 yoshli yigitnikiga o’xshab turaveradi.
“3 yillik tajribam bor” gapi hech narsa demaydi. Chunki yillar yillardan tarkibi bilan farq qiladi.
@azizrakhimov_blog