Bog’lanish uchun: @Azizrahimov Reklama olmaymiz.
Hayotning o’zi tayyorlaydi
Sentabr. Yoz tugadi. Maktab boshlandi. Kimdir yuguradi. Boshqasi o’zini zo’rg’a majburlab, maktab eshigidan kiradi.
Har safar maktab boshlanishida ichimiz savollarga to’la bo’lardi:
Bolalar qanchalik o’zgaribdi? Qiziq. Jamila bilan bo’yimiz teng edi. Mendan oshib ketmaganmikin?
Jahldor Murod aka bor edi fizikadan. Shu yili aniq ketaman degandi, rostdan ketganmikin? Yoki odatdagiday qo’rqitish uchun aytganmikin?
Sinfga yangi bola qo’shilganmikin?
Boshqa xonaga o’tganmiz, qaysi parta tegarkin, kim bilan o’tirarkinman? Madina bilan o’tirsamchi?
O’qish boshlanib ketardi. Bir yil qanday o’tganini bilmay qolardik.
Maktabda fanlar o’qidik. Uzoq yillik do’stlar orttirdik. Lekin nima uchun kelib ketayotganimizni tushunmasdik.
Maktab hayotga tayyorlaydi deb o’ylardik. Hayotga hayotning o’zi eng zo’r tayyorlashini — katta bo’lib tushundik.
Yangi o’quv yili muborak jigarim!
@azizrakhimov_blog
Dardlarni bo'lishmaydi.
Shifokor kursdoshim bor. Odamlar navbat turib kelishadi. Kuniga 12 soat ishlaydi. Bayramlarda ham tinmaydi. Shaxsiy hayotiga vaqti yo’q.
Mashhur do’stimiz bor. Har gapida ma’no chiqadi. Ma’noga sabab esa dardi borligi. Oilasidan ikkita yaqinini yo’qotganligi.
Katta-katta ishlarni bitta qo’ng’iroq bilan hal qila oladigan mijozimiz bor. Farzandlari bilan bir soat o’tirib gaplashishga vaqt topa olmaydi.
Ta’lim haqida bong uradigan mashhur ustoz tanishimiz bor. Fikrlari eshitiladi. Maslahatlar beradilar. Farzanlaridan o’qituvchilar “dod” deydi.
Odamlarni ko’ramiz. Hayotiga havas qilamiz. “Qaniydi” deb qo’yadi ichimizdagi ovoz. Ichki hayotini esa bilmaymiz.
Instagramga ham shunga kirmayman balki. Hech kim omma oldida dardlarini bo’lishmaydi. Oyda bir bo’ladigan quvonchini yoyadi.
Agar dardlar, muammolar bo’lishadigan joy bo’lganda - kirib ko’rish kerak bo’lardi.
Kirib ko’rganlar — eng baxtli odam o’zlari ekanligini bilib olardi.
@azizrakhimov_blog
Oxirgi uch yil keyingi o’ttiz yilni hal qiladi
9-sinfga o’tdim. O’rtoqlarga vaqt kamaydi. Muhit qidirib maktab, keyin litsey almashdi. Uyg’onaman, dars qilaman. Maktabdan chiqaman, repetitorga boraman.
8-sinfgacha tutgan daftarlarimdan ko’ra, oxirgi uch yilda ko’proq daftar to’ldirdim.
Uy, repetiror, litsey. Shu yillarda boshqa birorta xotiram yo’q.
Mevasi uzoq kuttirmadi. Kontraktga 10:1, byudjetiga 30:1 bo’lgan tibbiyot institutga grantga qabul qilindim.
Institut darslari oson tuyulganidan, vaqtim ortib qolib, ingliz, nemis tillarini o’rganardim.
Til bilishim keyinchalik repetitorlik, o’quv markazi, hozir esa maktablarga ulanib ketdi.
Keyinchalik bo’sh vaqtim yana ham ko’p bo’ldi. Lekin hecham o’sha paytdagichalik dars qila olmadim.
Uch yilni mazza qilib o’tkazib, o’n yilni qiynalib o’tkazayotganlarni ko’rayapman.
Uch yilida bosib o’qib, keyingi o’n yilni oson o’tkazayotganlarni ko’rayapman.
Shu uch yil keyingi o’ttiz yilni hal qiladi, g’animat biling.
Biz ham maktabimizda 9-11 sinf o’quvchisi bo’lgan, shu vaqtimni maksimal foyda bilan o’tkazaman degan bolalar uchun yotoqxonali maktab qilayapmiz. 25 ta joyimiz bor. Imtihon bilan olamiz.
To’lib qolmasdan, ariza qoldiring:
https://bit.ly/448Rd30
@azizrakhimov_blog
Idishlardan kitoblarga
O’qituvchilarimiz maktabimiz kutubxonasiga kitoblar qidirib bir amakini oldiga borishdi.
Eski kitoblarni makulaturadan saqlab qolib, sotar ekanlar.
Yuzlab rus tilidagi kitoblarni tanlab bo’lib, o’zbekcha kitob so’rashibdi.
“O’zbek kitob yig’armidi bolam, o’zbek chinni yig’adi” deb javob beribdilar.
Haqiqat bo’lgani uchun - qattiq ta’sir qildi.
Ota-onam shifokor bo’lishgani uchun uyimiz to’la tibbiy kitoblar bo’lardi. O’qirdim-ku, tushunmasdim. Varoqlab, varoqlab joyiga qo’yib qo’yardim.
Kitoblarni tomosha qilib o’tirardim. O’qishga muhabbat ana shu javondan boshlangandir balki.
Javonni idishlar bilan emas, kitoblar bilan to’ldirgan ota-onamga cheksiz minnatdorman.
Uka-singillaringiz, bolalaringizga yaxshilik qiling. Uyingizni kitob bilan to’ldiring.
Televizor pulti, planshet menyusidan ko’ra kitobga qo’l uzatish osonroq bo’lsin.
Miyani to’ldiradigan kitoblar uchun, qorin to’ldirishga ishlatiladigan idishlardan ko’proq pul sarflamas ekanmiz, uyimizdan ilmli insonlar chiqishi qiyin.
@azizrakhimov_blog
O’ynalayotgan o’yinchoqning qadri baland
Ikkita yosh bola o’ynayapti. Atrof to’la o’yinchoq. Bittasi o’yinchoqni olganidan keyin ikkinchisi ham qiziqib talashyapti.
Keyingisini olganida unga ham yopishyapti. Boshqa bola o'ynayotgan o’yinchoqning qadri baland. Qolganlariga qaramayapti ham.
Katta bo’lgach ham ko’pchilik o'zgarmaydi shekilli. O’zimizga kerak bo’lmasa ham, boshqalar o’ynayotgan o’yinchoqlar(mashina, sayohat, xaridlar)ga qiziqib yuraveramiz.
Qaysidir o’yinchoq ko’p o’ynalsa bola yaxshi deb o’ylaydi. Biz ham ko’p ko’rilgan videoni yaxshi video, ko’p eshitilgan narsani haqiqat, ko’pchilik qilayotgan ishni to’g’ri deb o’ylaymiz.
Nima xohlashimizni bilish uchun boshqalarga qaraymiz.
Bolani tushunsa bo’ladi. Nima yaxshi yomonligini hali bilmaydi. Ajratishni o’rganish uchun qaraydi. Yonimdagi o’ynayaptimi - yaxshi bo’lsa kerak deydi, talashadi.
O’z fikringiz bo’lmasa, boshqalarnikini olasiz. Kompasingiz bo’lmasa boshqalar kompasi bilan yurasiz.
Narsalarni o’zingiz mustaqil qadrlashni o’rganing. Bo’lmasa o’ynalayotgan narsa qadrli bo’lib ko’rinaveradi.
@azizrakhimov_blog
Chalg’ish qidirib keladi
Meni qidirib keladigan kontentdan qochib yurardim. Youtube algoritmi, instagram lentasi va storislar, reels va shortlar. Oldimdan chiqib qolganini emas, qidirib topganimni ko’rardim.
Telegramni yangiladim va kontaktimdagilar storislari telegramda paydo bo’lib qoldi.
Ish bitirish uchun telegramga kirasiz — tepada storislar yig’ilib turibdi. Qiziqib bosasiz.
Instagramdagi storislar muammo emasdi. Hech kim instagramga ish bitirish uchun kirmaydi. Telegramdagi bu o’zgarish esa haqiqiy chalg’ituvchi bo’ldi.
Yaqinlarning holatini bilib turishning yomon joyi yo’q. Shunchaki o’z hayotingizni qurayotganingizda — boshqalar hayotini tomosha qilish faqat halaqit beradi.
Endi chalg’ishlar yanadi ko’payadi.
Fokus qilib ish qiladiganlar. Fokus qilib ilm olayotganlar, oldinga o’tib ketasiz. Telegram storislariga ham turib bera olsangiz bo’lgani.
Yana bir gap - telegramga storis qo’shilgani bizga muhim qoidani eslatdi:
Chalg’ish sizni qidirib keladi, haqiqiy ilmni esa qidirib borish kerak.
@azizrakhimov_blog
Katta bo’lib ko’ringan bolalar
Bolaligimizda 20 yoshlilar katta bo’lib ko’rinar edi. “Shu yoshda ham shu yosh bolacha ishlarni qiladimi?” deb o’ylardik. O’zimiz 20ga to’lganda undan battarlarini qildik.
O’ttiz yoshli do’stlarimga qarayman. Ko’pi o’zini 30 yoshdek his qilmaydi. 30 yoshdek tutmaydi.
Kattalik yillar bilan keladi deb o’ylardik. Yillar o’taverar ekan, kattalik doim ham kelmas ekan.
Menda bir yovvoyi nazariya bor: Aksar odamlar ulg’aymaydi. Bo’yi o’sib, sochi oqargani uchun biz katta bo’lib qoldi deb o’ylaymiz xolos. Ichida hali ham bola bo’ladi.
O’yinchoqlari bilan maqtanadi. (O’yinchoqlar o’zgargan xolos)
Bir - biridan arazlab yuradi (Aytmasdan yuradi xolos)
Maqtalgisi keladi (maqtov like ko’rinishiga o’tgan xolos)
Aslida ichkaridan bola bo’lishning yomon joyi yo’q. Bolalar samimiy bo’ladi. Muammo shundaki - katta bo’lib ko’rinishga harakat qilayotgan bolada - samimiylik yo’qoladi.
Shunday katta bolalarga doim bir gap aytgim keladi:
Yoki ustingizdek katta bo’ling, yoki ichingizdagi bolani to’liq olib chiqing. Bechora qiynalib ketdi.
@azizrakhimov_blog
Kechirib yuboring
Yomonlik qilishadi. Nohaq ayblashadi. Aldab ketishadi.
Alam qiladi. Jahlingiz chiqadi. Kechirim so’rashini xohlaysiz.
Qilgan ishini tan olib kechirim so’raydiganlar o’ta kam. Odamlarning egosi o’zlaridan ham katta.
Kechirim so’rashlarini kutib o’tirmang. Kechirib yuboring.
Ular balki kechirganingizni bilishmas. Xafa bo’lganingizni bilmagani kabi.
Kechirib yuborishingiz o’zingiz uchun.
O’zingizni o’ylab boshqalarni kechirib yuboring. Hayotingiz qanchalik yengillashganini ko’rasiz.
Kechirib yuborish odatga aylanib qolgandan keyin esa,
Kechirimni paydo qiladigan narsa - xafa bo’lish ham kamayganini ko’rib, xursand bo’lasiz).
@azizrahimov_blog
Hurmat qilish vaqt bilan
Vaqtingizni hurmat qilmaydigan odam o’zingizni ham hurmat qilmaydi.
“Sizga hurmatim baland” deb turgan bo’lsa ham.
Inson vaqtdan iborat. Vaqti tugasa hamma narsasi tugaydi.
Kuttiryapti, siz bilan gaplashib turib telefoniga chalg’iyapti, eshitmayapti-yu gapiryapti.
Bular hammasi o’z vaqtini siznikidan ustun qo’yayapti degani. Sizni hurmat qilmaydi degani.
Kimgadir hurmat izhor qilmoqchimisiz? Vaqtini tejab bering.
O’zingizni hurmat qilmay qo’ydingizmi? Vaqtingizni isrof qilishni to’xtating.
@azizrakhimov_blog
Piyodalar yo’lagidan o’tish
Piyodalar yo’lagidan o’tish qoidasi bor. Yo’q, birinchi o’nga, keyin chapga qarash qoidasi emas.
Haydovchilar doim yo’lga qaramaydi. Suhbat, telefon, billboard, yangi qurilayotgan bino bilan ovora bo’lishi mumkin. Siz mashinani ko’ryapsiz degani mashina sizni ko’ryapti degani emas.
Shuning uchun yo’lakdan o’tayotganda haydovchining ko’ziga qarash kerak. Ko’z ko’zga uchrashganidan keyingina yurish mumkin. Ya’ni haydovchi sizni ko’rganini ko’rishingiz kerak.
Ko’ziga qarash boshida noqulay bo’lishi mumkin. Qaramaslik natijasida mayib bo’lish, yoki o’lib ketish noqulayroq, ishonavering.
Mana shu qoidaga amal qilmagani uchun bitta yaxshi o’qituvchimizdan ayrilgandik. Ko’zlarga qarang azizlar, hayotingizni asrab qolishi mumkin.
@azizrakhimov_blog
O’rgatish shart emas
“Men hech qachon chekmayman” deb qoldi otasi chekadigan tanishim. “Uyda hidiga to’yganman”.
“Bolalarim bo’lganda, ular bilan ko’p gaplashaman”, deb qoldi o’quvchimiz. “Men bilan kam gaplashishgan”.
Shogirdimiz odobiga qoyil qolaman. Ustozlarini yonida yurish eng katta sabab bo’lgan ekan.
“Yigirma yosh bo’lsangiz ham, biznesni yaxshi tushunar ekansiz” dedim.
“-Bilmasam. Bobom bilan yurganimda ko’rganlarimni qilaman xolos” deb javob berdi.
Bu voqealarni nega misol qilyapman?
Oddiy haqiqatni tushuntirish uchun:
O’rganishingiz uchun, birov o’rgatishi shart emas.
@azizrakhimov_blog
Ishidan faxrlanish
Yevropada yuz yildan beri bulochka yopadigan kafechalar bor. Oddiy xamirdan sanʼat asarlari chiqarishadi.
Yaponiyada 56 yildan sushi pishiradigan Jiro restorani bor. Har bir sushini egasi shaxsan o‘zi tayyorlaydi. Kirish uchun 3 oy navbat kutiladi.
Yevropalik va Yaponiyalik ishchilar mehnati bilan faxrlanishni xohlashadi. Yomon yashayotganidan uyalmasligi mumkin, ishini yaxshi qilmasligidan uyaladi.
Bizkinilar mehnati bilan emas, yashashi bilan faxrlanishni xohlashadi. Mashina, uyga eʼtibor, katta to‘y va uzoqlarga sayohatni xohlash shundan.
Mehnat bilan faxrlanish? “Qo‘ysangchi. To‘lashyaptimi? Bo‘laveradi. Pulni topish jarayonida emas, ishlatish jarayonida faxrlanaman!”
Natijada bizni mahsulot darajasi past bo‘lib qolaveradi. Mehnat idealga olib chiqguncha emas, pul keltirishni boshlaguncha qilinadi.
Yashash bilan faxlarnishni, mehnat bilan faxrlanishga o'zgartirishimiz mumkin. Oramizdan mehnati bilan faxrlanadiganlar chiqishni boshlasa bo'ldi. Siz ham misol bo'la olasiz, men ham.
“Biz ham qachon rivojlanamiz?” - savoliga javob topmoqchi bo‘lsangiz, “men ham qachon rivojlanaman?” savoliga javob toping.
O'zimizni o'zgartirmaguncha atrofni o'zgartira olmaymiz.
@azizrakhimov_blog
Asliyatni ko’ring
Navbat turib yeyilayotgan kabob - o’ldirilgan qo’y go’shtining issiqda toblangani xolos.
Soatlab ko’rayotgan videolarimizni 90%i - reklama va kurslar sotish uchun olingan, qiziqarli va sodda ma’lumotlar yig’indisi xolos.
Maqtanib kiyayotgan kiyimlarimiz - yerdan o’sib chiqqan paxta. Mato qilinib, soatiga 2$ga ishlaydigan Bangladeshliklar tomonidan tikilgan mahsulot xolos.
Bizni kuzatuvchilar soni, bizni yaxshi ko’radiganlar soni emas - bizni misol qilgan holda o’z hayotida o’zgarish qilmoqchi bo’lganlar soni xolos.
Oltin - eskirmaydigan yaltiroq metall, olmos - sinmaydigan tosh, kitob - muallif fikrlarining harflarda ko’rinishi…
Har bir narsani aslini ko’rishni o’rganing. “Bu aslida nima?” degan savol tilingizdan tushmasin. Shunda:
Ko’p vaqt sarflayotgan narsalarimiz aslida sarflashga arzimasligini,
Mana shu arzimaydigan narsalarga, arziydigan umringiz ketayotganini tushunib qolasiz.
@azizrakhimov_blog
Pushti panteradan voqea
Pushti pantera filmida Inspektor Kruzo ko’chada shirin kuchukchani ko’rib qoladi.
Yonida turgan odamdan “-kuchugingiz tishlaydimi?” deb so’raydi.
“-Yo’q”, deb javob beradi, haligi odam.
Kruzo kuchukni boshini silash uchun qo’lini olib borganda, kuchuk tishlab oladi.
Kruzoni jahli chiqib e’tiroz bildiradi: “Kuchugim tishlamaydi deb aytmaganmidingiz?”
Haligi odam ensasi qotib javob beradi: “Bu kuchuk meniki emas”
Latifadan olinadigan dars:
Javobning sifati savolnikidan baland bo’la olmaydi.
@azizrakhimov_blog
Sakkiz metr
Ko’p ish qiladigan odam bilan sakkiz metr radiusda o’tirish sizning ham 15% ga ko’proq ish qilishingizga sabab bo’ladi.
Takasaltang odam bilan sakkiz metr radiusda o’tirish esa, 30% kamroq ish bitirishingizga sabab bo’ladi.
Manba.
Tadqiqotni o’qib bir necha xulosalar oldim:
1. Energiya va tezlikni oshirishning eng oson usuli kim bilan yonma-yon o’tirishni tanlash. Kim bilan o’tirishni tanlashingiz natijaga 45% gacha ta’sir qiladi.
2. Atrofdagilardan motivatsiya olmayapsizmi? Unda sizdan olishyapti. Sizdan -30, ularga +15. Men bu almashinuvga rozi bo’lmasdim.
3. Maktabimizga faqat harakatchan va tarbiyali bolalarni olayotgandik, endi kim kim bilan o’tirishiga ham e’tibor beramiz.
4. Sodiqlar bilan birga bo’ling*, meni yaxshilar bilan birga qilgin** targ’iblari bekorga emas ekan. Sakkiz metrda kim bilan bo’lishimiz, ikki metrlik joyga qanday holatda kirishimizga ta’sir qilarkan.
*9-119, **12-101
@azizrakhimov_blog
Ishlarga qarang, so’zlarga emas
Ish so’rab keldi. Zo’r xodim ekanligini ko’p takrorladi. Eski ish joyidan so’radik. “Qutilganimizga xursandmiz” deyishdi.
Pul uchun ishlamayman dedi. Hamkasblar muhimroq dedi. Pulini ozgina oshirishgani uchun o’tib ketdi.
Sizdan hech nima ayamayman dedi. Nima so’rasangiz beraman dedi. Haqqimni so’radim. Hali ham ololmadim.
Quruq gapning vazni yo’q. E’tibor berib yurmang. Ishlarga qarang.
Ishlari yaxshi odam - yaxshi odam, shuni gapirmasa ham.
Ishlari yomon odam - yomon odam, hadis aytib tursa ham.
@azizrakhimov_blog
Qaniydi hammani blogi bo’lsa
Instagramda rasmlar qo'yiladigan emas. Telegramda fikrlar qo’yiladigan blog.
Rasm tashqarini ko’rsatib beradi. Blog ichkarini. Tashqari aldamchi. Ichkari baribir o’zini bildirib qo’yadi.
Hammani blogi bo’lsa, hamma yutadi.
Bir odam bilan tanishasiz. Blogini topib o’qib chiqasiz. Fikrlashini bilib olasiz.
Eski va yangi fikrlarini solishtirasiz. O’sadiganmi, yo’qmi tushunib olasiz.
O’zini kuzatasiz. Gaplari bilan solishtirasiz. Samimiymi, ikkiyuzlamachimi, bilib olasiz.
Oilangiz, do'stlaringiz, hamkasblaringiz o'qiydi. Siz bilan gaplashgandek bo'lishadi. O'zingiz yo'q bo'ladigan kun kelganda ham, fikrlaringiz qoladi.
Bloglar bor, o’qib qadrdondek his qilasiz. Yoningizdagi odamdan yaqinroq olasiz. Blog orqali do’stlashish osonlashadi.
Blog oching. Yozib boring. Faqatgina sizga yaxshi bo’lmaydi. Hammaga yaxshi bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Chidamsiz bo'ling
Suhbatlarni eshitib qolaman. Suhbatda yo’q odam haqida gapirilayotgan bo’ladi. 1ta holatda maqtalish. 9ta holatda yomonlash.
O’ziga aytolmaydi. Orqasidan ayamaydi.
Sizga kimnidur yomonlashayotganda eshitib turasiz. Sizni ham borib g’iybat qilmasligiga kafolat bormi?
Eshitishga rozilik bersangiz, gapirilishga ham rozilik bergan bo’lasiz.
Dunbar tadqiqotiga ko’ra suhbatlarning 70%i g’iybatdan iborat ekan.
Vaqtni qayerdan olamiz deymiz. G’iybatni to’xtatsak (qilish va eshitishni), qancha vaqtimiz ortishini tasavvur ham qila olmaymiz.
G’iybatga chidamsiz bo’ling. Tilini boshqara olmaydiganlar sizdan o’zi uzoqlashadi.
G’iybatga chidamsiz bo’ling. Soatlab vaqtingiz ortib qoladi.
@azizrakhimov_blog
Xohish ishni osonlashtiradi.
Yangi tadqiqot ko’rib qoldim.
Bir xil masofa ozg'in odamlarga yaqinroq, vaznli odamlarga uzoqroq bo'lib ko'rinadi.
Masofani bosib o'tishni xohlagan odamlarga masofa yaqinroq tuyuladi. Vazni yuqori bo’lsa ham.
Uzun masofani, bir necha qisqa masofalarga bo’lib olganlar uni yurishga qiynalmaganlar. Bo’lmaganlarning ko’pi yurgisi kelmagan. Yursa ham qiynalib yurgan.
(Emily Bacletis, NY universiteti professori)
Olgan xulosalarim:
Bir ish qiyin tuyulayotgan bo’lsa, erinayotganingiz uchun bo’lishi mumkin. Qilishdan oldin qilishga sabab qidiring.
Bir ish qiyin tuyulayotgan bo’lsa, qilishni xohlamayotganingiz uchun bo’lishi mumkin. Ishni tugatishga o'zingizni mukofotlang.
Katta ishlar qo’rqitadi. Kichik ishlar ilhomlantiradi. Kattasi kelishi bilan, bo'laklarga bo'lib tashlang.
Unutmang, qila olmaydigan ishlaringiz boshingizga kelmaydi. Yoki boshqa odamga o'tib ketadi yoki qila oladigan insonga aylanasiz.
@azizrakhimov_blog
Demonstrativ iste’mol
"Uch oy ichida uch marta sayohat qilib keldim", deb qoldi tanishim. Qilayotgan ishini so’radim. 30 dan oshgan. Maqtanarli hech nima qilmagan.
Ta’lim dargohi yurgizadigan ayolni taniyman. Bitiruvchilari bilan hech maqtanmaydi. Natijalari bilan ham. Lekin har bir borgan restorani, to’yxonasini kuzatuvchari ko’rishi shart deb o’ylaydi.
Bir hamkasbimiz bor. Sayohatlarini bo’lishib boradi. Yaxshi pul topadi. Yaxshi ishlatadi. O’zi ochgan maktabda o’z farzandini o’qitgisi kelmaydi.
Odamlar boshqa odamlar tomonidan e’tiborga tushishni xohlashadi. Tan olinish desak ham bo’lar balki. Ajralib turishmikan yoki. Bir so’z bilan - e’tirof.
E’tirof mehnat orqasidan kelmasa — ikkitagina yo’l bor.
1. Qattiqroq mehnat qilish, e’tiborga tushish.
2. E'tiborga tushishni boshqa yo’llarini izlash.
Mana shu boshqa yo’l — demonstrativ iste’molga olib boradi. "Menda borligini ko’rishsin. Hamma ola olmaydigan narsalarni olay, hamma bora olmaydigan joylarga boray. Ora-orada ko’rsatib qo’yay."
Ishini yaxshi qilmaslikdan o’zini yomon his qilmaydi. Chunki yomon ish - darajamni tushirmaydi deb o’ylaydi. Darajani ishga emas, iste’molga bog’laydi. Yaxshi yashayapmanmi - demak yaxshi odamman.
O’nlab o’z ishini ustalarini taniyman. Demonstrativ iste’molga berilishmagan. Ishi bilan tanilgisi keladi. Narsalari bilan emas.
Xulosa - ishini chala qiladiganlarni yomonlash emas.
Xulosa:
Ishingizni yaxshilab qiling. Mutaxassis bo’ling. Nafaqat ko’proq pul topasiz, kamroq ishlatasiz ham.
@azizrakhimov_blog
Xatolarni kechiring
Ikkita bir xil o’qituvchi ish so’rab intervyuga keldi. Imtihonimizdan o’ta olmadi.
Ishga olmaymiz dedim.
Birinchi o’qituvchi aytdi: Ancha bo’shashib qolibman. Yana topshirsa bo’ladimi? Xatolarimni ustida ishlab qaytsam olasizlarmi?
Ikkinchi o’qituvchi aytdi: Olmas ekansiz, nega kuttirdingiz? Nega telefonda aytmadiz, chaqirdingiz? Nega vaqtimni ketkazdingiz?
Birinchi o’qituvchiga imkon berdik. Hozir tayyorlanyaptilar.
Ikkinchi o’qituvchini olmaganimiz to’g’ri bo’lganini tushundim.
Yagona farq xatoga yondashuvda. Kimdur xatoga oddiy qaradi. Kimdur xato qilishim mumkinmas deb, boshqalardan qidirdi.
Xato - o’rganishning boshlanishi. Juda jiddiy olib yubormang.
Xatolaringizni kechiring. Yengil tortasiz. O’z xatolaringizni kechira olsangiz, boshqalarnikini ham kechirish osonlashadi.
@azizrakhimov_blog
Vaqtimiz baribir o’tib ketadi
“Shifokor bo’lishga yetti yil umrim ketadi ona” - qarshilik bildirdim, 15 yoshlik men.
“Yetti yil umring baribir o’tib ketadi. Shifokor bo’lganing qoladi,” dedilar onam.
Hozir o’ylab qarasam - oddiy, lekin chuqur gap ekan.
Vaqtimiz baribir o’tib ketadi.
Uchta bola ishdan keyingi 2 soatni qanday o’tkazishni tanlashadi.
Birinchisi - ishladim, charchadim, o’yin o’ynab serial ko’rib dam olaman deydi.
Ikkinchisi - nima bo’layotganini bilib turishim kerak deydi. Yangilik saytlari, youtube, twitter, ekspert bo’lib ko’ringan blogerlarni kuzatishni tanlaydi.
Uchinchisi - Ingliz tili o’rganishga vaqt ajratadi.
2 yil o’tadi.
Birinchi bola - kibersportchi bo’lmadi. Chempionatlarga chiqmadi. Seriallari ishxonada ikkita odam bilan oson gaplashishdan boshqa foyda keltirmadi.
Ikkinchi bola - siyosat yoki atrof muhitni yaxshiroq tushunib qolmadi. Propaganda bilan boqildi. Aslida nima bo’layotganini baribir tushunmay yuraverdi.
Uchinchi bola - ingliz tilida kitob o’qishni boshladi. Dunyoqarashi kengaydi.
Vaqt kimgadur zararga ishladi. Boshqasiga foydaga.
Vaqt baribir o’tib ketadi. O’rganganingiz qoladi.
Daqiqalaringiz qayerga ketayotganiga e’tiborli bo’ling.
Vaqtga kelganda kichkina qarorlar bo’lmaydi.
Chunki
Vaqt kichik ishlarni katta ishlarga aylantiradi.
@azizrakhimov_blog
Boshga uradigan narsa
2 yoshli o’g’limning boshiga daraxtdan o’rik tushdi. Endi daraxt nima deb so’rasam “Boshga uradigan narsa” deb javob beryapti)
Soya, meva berishi, ko’chani chiroyli qilib turishini aytmayapti. Yagona tajribasiga suyanib daraxtni ta’riflayapti.
Biz kattalar ham atrofni ta’riflashda uzoqqa bormaymiz. Bitta ko’rgan misolimizni extrapolatsiya qilib (yoyib) yuboramiz.
Butun umr yaxshilik ko’rgan odamimiz, bir marta qilmay qo’ysa, yomonga aylanadi.
99% ishlari to’g’ri bo’lgan domla bitta xato qilib qo’ysa, yillab eslatiladi.
Bitta boladan pand yegan qiz “yigitlarga ishonch yo’q” deb yuradi.
Bir odam haqida 2 soniyada xulosa qilamiz, yillab o’zgartirmaymiz.
O’zimizga shunday qilishsa “Kutmagandim, xafa bo’ldim, meni ham eshitib ko’rmaysanmi” deymiz.
Olinadigan dars: “Vaqtli xulosa chiqarmang, imkon bering” emas. Buni qilolmaymiz baribir.
Olinadigan xulosa: “Shunday inson bo’lingki hech kim sizdan yomonlik eslolmasin”
P.S.
Eslasa ham, qattiq adashgan bo’lsin.
@azizrakhimov_blog
O’yinchoqlar
O’g’lim bilan bolalar maydonchasiga keldik. Ikkita bola mashina o’ynayapti. Bittasini so’radik. Qizg’onib olib qochishdi.
Kulgim qistadi. 10 daqiqa oldin 4ta emas, bitta ham mashinasi yo’q edi. 5 daqiqadan keyin tashlab ketishini biladi. Nega qizg’onadi?
Bularku bolalar. Biz kattalar ham xuddi shundaymiz. Omadimiz kelib qo’limizga o’yinchoqlar, pul, boylik tushib qoladi.
Doim bizniki bo’lganidek qizg’onib qolamiz. Eski holatimizni unutib, qiynalganlarni mensimaymiz. O’yin bilan ovora bo’lib yaqinlarimizdan uzoqlashamiz.
Yashab yashab baribir hamma o’yinchoqlarimizni tashlab ketamiz.
Navbat bizdan keyingilarga keladi.
O’sha bolalar ham 5 daqiqa o’tib hamma o’yinchoqlarni tashlab ketishdi. Ikkalamiz o’ynadik)
Bizni ham vaqtimiz tugadi. O’yinchoqlarni tashlab chiqib ketdik…
@azizrakhimov_blog
O’zimiz bilan
Yillar o’tgani sari o’zingiz bilan o’tkazadigan vaqtingiz ko’payib boradi.
Nafaqat qabrda yolg’izmiz, qabrga yaqin ham yolg’izmiz.
Hayotingiz sifatini yolg’iz qolgandagi vaqtingiz sifati hal qiladi.
Yolg’iz qolganingizda o’zingizni hurmat qilasizmi? Yolg’iz qolganingizda o’zingizga qiziqmisiz?
Javob ha bo’lsa - omadingiz kelibdi. Javob yo’q bo’lsa - sizni qiyin hayot kutyapti.
Tashqi holatingiz qanday bo’lsa ham, ichkisini yengolmaydi.
Kulbada kulib, qasrda xo’mrayib yashaganlarni shaxsan ko’rganman ham.
O’zingizni hurmat qilish uchun - ko’ringaningiz kabi bo’ling, bo’lganingiz kabi ko’rining.
Hurmatdan keyingisi qiziqish.
O’zingizdan zerikishdan yomoni yo’q. Zeriksangiz boshqalar hayoti, sayohati, o’yin o’ynashini tomosha qilish bilan umringiz o’tib ketadi.
O’zingiznga o’zingiz qiziq bo’ling. O’qing, yozing, kundalik tuting, tafakkur qiling, savolga tuting, bahslashing.
Oxir oqibat, o’zingizga o’zingizga qiziq bo’lmasangiz, boshqalar sizga nega qiziqishi kerak?
@azizrakhimov_blog
Sovg‘aning betiga qaralmaydi
Yetti yoshimda dadam oxirgi pullariga eski kompyuter sovg‘a qilgandilar.
Eski bo‘lgani uchun ko‘p o‘yinlar o‘ynalmasdi, tez-tez buzilib qolaverardi. Biz xafa bo‘lmasdik, chunki mahallada birinchi komp bizda edi. O‘yinlar tortmaganidan, dasturlar o‘rganildi. Buzilaverganidan tuzatishni o‘rganib oldik.
Birinchi eski telefonim, eski noutbukim bilan ham shunday. Hech qaysi biri ideal emasdi. Sovg‘a bo‘lgani uchun indamay, foyda olaverardim.
Hayotdan siqilgan, muammolardan charchagan do‘stim. Hayotdan siqilyapsiz degani - hayotingiz bor degani!
Hayot sovg‘a qilib berildimi, kichkina kamchiliklariga siqilavermang. Kamchiliklar yutuq bo‘lishi ham mumkin. Sovg‘aning vaqti tugaganida - shu siqilgan kunlarimiz orzu bo‘lib qoladi.
Umri tugashini bilgan odam, tog‘ ustida bitta oyoq ustida turib yashashga ham rozi bo‘lardi degandi Tolstoy.
Sovg‘ani betiga qaramang. Qarashga vaqt sarflasangiz, ishlatishga vaqt qolmay qolishi mumkin.
@azizrakhimov_blog
Xizmatdamiz
Oshpaz qorin to’ydirib xizmat qiladi, O’qituvchi dars berib.
Menejer hamkasblarini o’stirish, ishlarni osonlashtirib xizmat qiladi.
Direktor jamoani o’stiradi, maqsad beradi, o’rgatadi - u ham xizmat qiladi.
Tadbirkor mijozlariga xizmat qiladi, amaldorlar saylovchilariga.
Ota-onaning xizmati - tarbiya, erniki - ta’minlash, do’stniki - qo’llov.
Hammamiz xizmat qilamiz, boshqalar hayotini yaxshilash orqali hayotimiz yaxshilashadi.
“Men hech kimga xizmat qilmayman, o’zim uchun yashayman” deydigan kibrlilar ham uchrab turadi.
Ular ham aslida o’z nafsiga xizmat qilayotgan bo’ladi. Xizmatdan qocha olmaysiz. Kimga xizmat qilishni tanlaysiz xolos.
@azizrakhimov_blog
Bo’lishish payti kelmadimi?
Xursand bo’lishning eng tez usuli - boshqalarni xursand qilish.
Pulga baraka kiritishni sinalgan usuli - ehson qilish. (57-11)
O’rganishning oson usuli - kamroq biladiganlarga o’rgatish (Feynman)
Ishxonada oylikni ko’paytirishni yagona usuli - ko’proq pul keltirishni boshlash.
Nimadur yetishmayaptimi? O’ylab ko’ring, o’sha narsani bo’lishish to'xtab qolmadimi?
Berishni o’ylasangiz, olish haqida o’ylashga hojat qolmaydi.
@azizrakhimov_blog
Eng to’g’ri qaror
Yaxshi kayfiyatda boshlagan suhbatlarim foydali o’tyapti.
Yomon kayfiyatda boshlasam uzoqqa bormayapti. Maqsadga erishilmayapti.
Yaxshi kayfiyatda yozilgan postlar foydali bo’lyapti.
Yomon kayfiyatda yozilganlari mahalla gazetasidan ham zerikarli chiqayapti.
Yaxshi kayfiyatda kitob o’qisam o’rganyapman.
Yomon kayfiyatda o’qisam - uxlab qolyapman.
Falokat, kutilmagan muammo, boshqalarning xatolari - ko’p ishlar ta’sir doiramizdan tashqarida. Boshqara olmaymiz.
Yaxshi kayfiyatda bo’lishimizni esa boshqara olamiz. Boshqara oladiganlarimiz ichida hayotimizga eng katta ta’sir qiladigan qaror - kayfiyatimiz haqidagi qaror.
Yaxshi kayfiyatda bo’lishni tanlang. Qolgani o’zi kelaveradi.
@azizrakhimov_blog
Ilm og’zaki o’tadi
Bir oy bitta xonada o’tirib ikkita kitob tugatdik. Rasmlar ko’rdik. Videolar qo’yib berishdi.
Keyin operatsiyaga kirdik. Jarroh qilayotgan ishlarini gapirib bajardi. Ana shu bir soat ichida bir oydagidan ko’proq narsa o’rgandim.
Ilm oluvchilar bir narsani bilib olishlari kerak: Eng kerakli, foydali ilmlar og’zaki o’tadi. Ustoz bilan yonma-yon holda bo’lganda o’tadi. Kitoblar, leksiyalar, videolar hech qachon og’zaki transferga yeta olmaydi.
Yuzlab videokurs va kitob tugatgan odam, bir oy ustoz ko’rgan odamdan o’tib keta olmasligi mumkin. Buni kitoblarda yozishmaydi. Chunki bu ilm ham og’zaki o’tadi)
@azizrakhimov_blog