azizrakhimov_blog | Unsorted

Telegram-канал azizrakhimov_blog - Aziz Rahimov

49329

Bog’lanish uchun: @Azizrahimov Reklama olmaymiz.

Subscribe to a channel

Aziz Rahimov

Kuchsizligini ko’rsatayotgan bo’ladi

Kiyiklar kichkina ko’ringani bilan jahldor bo’lishadi. Sal narsaga urushib, o’ldirish yoki qochirish bilan tugatmaguncha qo’ymaydi.

Bizon (katta buqalar) gavdali bo’lsa ham, urushishi qiyin. Jiddiy sabab bo’lmasa urushmaydi. Boshlasa ham tezda tugatib, yarashib ketaveradi.

Kiyik o’zini nozikligini, o’ldirib yubormasa qarshi hujumga turib bera olmasligini biladi.

Bizonlar esa bundan havotir olmaydi. Hujumga uchrasa soatlab ham turib beradi. Hadeb kuch ko’rsataverishga hojat yo’q.

Odamlar orasida ham kiyiklar uchrab turadi, azizlar.

Sal narsaga urushishni xohlab qoladigan, svetoforda mashinasi motorini maqtanadigan, har ikkinchi gapida qancha topishini, kimni tanishini eslatadigan…

Ular shu yo’l bilan kuchimni ko’rsatyapman deb o’ylaydi.

Bizon darajasiga chiqqanlar tushunishadiki - ular bu yo’l bilan kuchsizligini ko’rsatayotgan bo’ladi.

Haqiqiy kuch bo’lar bo’lmasga ko’rsatilaverilmaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Qisqa video epidemiyasi

O’zbekistonda Instagram ishlatadiganlar 10 yilda qancha bo’lgan bo’lsa, o’tgan yilda ham o’shancha qo’shilibdi.

Sabablar - reels (qisqa videolar) ko’paygani, yoshlar telefon olayotgani, internet arzonlashayotgani.

Bu yil ham yana shuncha qo’shilsa kerak. Marketologlar, biznes egalari, blogerlarga tavsiya - o’sayotgandan bozorda o’sish oson bo’ladi, ko’zdan qochirmang.

Endi esa obunachilarga tavsiya:

30-60 sekunddan video ko’raman deb soatlaringizni isrof qilganingizni bilmay qolasiz.

Qisqa videolarni ko’p ko’rish diqqatsiz qilib qo’yadi. Uzun narsalarga sabrsiz bo’lib qolasiz. Dars qilish va biron nimaga erishish qiyinlashadi.

Asimmetrik natijalar assimmetrik harakatlardan keladi.

Hamma qisqa videolarni ko’rayotganda, siz uzunlarini ko’ring. Matn o’qing. Kitob varaqlang. Odamlar bilan real gaplashing.

Umumiy degradatsiya davrida, sizda o’sish bo’ladi. O’zingizni qutqarsangiz atrofdagi hammani qutqara olasiz.

Instagramga kirsangiz, video ko’rishga emas, qo’yish uchun kiring.

Ramazonda instagramni tashlab sinab ko’ring, hotirjamligingiz oshadi. Bir marta his qila olsangiz, boshqa qaytgingiz kelmay qoladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

30 yoshga to’lib tushunganlarim:

20~ yoshlaringizda yonimda shular bo’ladi deb o’ylaganlaringiz va 30 yoshingizda yoningizda bo’ladiganlar boshqa odamlar bo’ladi.

Birga o’qigan bolalardan, yaxshi o’qiganlari - yaxshi ishlarda. Yomon o’qiganlari - oz qismi tadbirkor, katta qismi - qiyin ishlarda bo’ladi.

Fikrlashingiz, taniydigan odamlaringiz, hal qilgan muammolaringiz, diplomingizdan o’n marta ko’proq yordam berganini ko’rasiz.

18-25 yoshdagi kabi ko’p bo’sh vaqt endi hech qachon bo’lmasligi tushunasiz.

Gavjum joylardan sokin joylar ko’proq yoqa boshlaydi.

Bekor ketgan vaqtlaringizga achinasiz. Ilm olgan paytlaringizga xursand bo’lasiz.

Eng muhimi: 30 yoshdagi hayotingiz - kechagi, o'tgan yilgi emas, 20-25 yoshlardagi qilgan qarorlaringiz natijasi ekanligini ko'rasiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Sinov o’zgarsa, turib bermaydi

Beton baquvvat material. 100 megapaskal bosimga bardosh beradi. Tangadek beton filni bemalol ko’tarib tura oladi.

Filni ko’targan beton bo’lagiga olmani ossangiz ko’tara olmay bo’linib ketadi. Tortish kuchi 3 megapaskaldan oshmaydi.

Aksarimiz ham shundaymiz.

Bir turdagi sinovlarga istagancha turib beramiz. Sinov turi o’zgarsa - ko’tara olmaymiz.

Yo’qchilikda sabr qilgan, borchilikda isrof qiladi.

Hech kim tanimaganda kamtar bo’lgan, tanilgach maqtov qumsab qoladi.

Borida shukr qilgan, yo’qligida nolib qoladi.

Beton arqon emas, hech kim uni tortish uchun ishlatmaydi. Bosimga turib bersa bo’ldi.

Inson beton emas. Sinovlari o’zgarib turadi. Bugun o’xshayotgani, ertaga o’xshashini bildirmaydi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Bulut kabi yig’laymiz

Bulutlarga qaraysiz. Yengilgina uchib yuradi. Bitta bulutning vazni kamida 500 000kg ligi bilib qolasiz. Shuncha vazni bilan qanday uchib yuribdi, hayron qolasiz.

Uni undan ham og’irroq havo ko’tarib turibdi. Biz ko’rmaymiz xolos.

Atrofimizda ham shunday. Katta ishlar qilayotgan liderning, ommaga ko’rinmaydigan jamoasi turibdi.

Tez ko’tarilayotgan yigitchaning, ommaga ko’rinmaydigan ajdodlari, ustozlari turibdi.

Kitob chiqargan akademikning, ommaga ko’rinmaydigan shogirdlari, yordamchilari turibdi.

Oson muvaffaqiyatdek ko’ringan ishda, ommaga ko’rinmaydigan qancha duolar, iltijolar turibdi.

Ostidagi havodan vazni ortsa bulut borini yo’qotadi. Buni yomg’ir deb ataymiz.

Xuddi shunday biz ham bizni ko’tarib turganlarni unutsak, kun kelib bulut kabi yig’laymiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Muhim ishlarni ko’paytirish

Samsung yangi telefon chiqaribdi. Apple ko’zoynaklari sotuvga chiqibdi. 2 hafta o’tib bildim.

Oldin bunday yangiliklarni o’zim boshqalarga aytib berardim.

O’ylab qoldim. Nima o’zgardi?

O’ylaydigan muhimroq narsalar paydo bo’libdi. Farzandlar, maktabimiz o’quvchilari, jamoamiz, olinmayotgan ilmlar.

Shulardan ortsa, keyin muhim bo’lmagan yangiliklar o’qilyapti.

Bekorchi ishlar kamayishi uchun, bekorchi ishlarni kamaytirish kerak deb o’ylardim.

Muhim ishlarni ko’paytirish ham yaxshigina yordam berar ekan.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Qurib qolsa keyingisiga o'ta olasiz.

Tropiklarda loysakrovchi balig’i bor. Yashayotgan suv havzasida ovqat tugasa, suzgichlari bilan keyingisiga yurib o’tadi!

Amfibiya. Suvda, havoda ham nafas oladi. Istalgan muhitga moslashadi. Boshqa baliqlarda uchramaydigan xususiyatlari tufayli 400 mln yildan beri yashab keladi.

Birinchi jadvalda O’zbekistonliklarda eng ko’p yetishmaydigan professional ko’nikmalar ro’yxati turibdi. Ikkinchi jadvalda kompaniyalarga eng kerakli ko’nikmalar ro’yxati.

Ro’yxatlar bir birga juda o’xshash. Qarab nega ishsizlar ko’p, ish joylari undan ham ko’pligini tushungandek bo’lasiz.

Shu ko’nikmalarni rivojlantiring do’stlar.

Sakrovchi baliq kabi noyob bo’lasiz. Mehnat bozorida uzoq yillar yashab qolasiz. Istalgan kompaniya, davlatda kerakli inson bo’lasiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Yangi hayot uchun imkon tug’iladi


Kit o’lgach, tanasi suv tubiga cho’kadi. Bir kilometrlik chuqurlikda uning tanasidan boshqa ozuqa bo’lmaydi.

Bir yil ichida tananing atrofida yangi ekosistema paydo bo’ladi.

Suyaklardan ozuqlanuvchi bakteriyalar, bakteriya bilan oziqlanadigan chuvalchanglar, chuvalchang bilan oziqlanadigan molyusk va qisqichbaqalar.

Bu ekosistema 50 yildan oshiq yashaydi.

Avvaliga qayg’uli ko’ringan o’lim, minglab hayotning boshlanishiga sabab bo’ladi.

Hayotimizda ham shunday o’limlar bo’lib turadi.

Ishingizni yo’qotasiz. Yaxshirog’ini qidirishga vaqt topiladi.

Qarzga botasiz. Yangi kasb o’rganishga kuch topiladi.

Buvingiz vafot etadi. Ota - onani ko’proq qadrlashni boshlaysiz.

Xiyonat qilishadi. Sodiqlarni sevib qolasiz.

Qaysi sohada o’limga uchrab, burchakka taqalsak, o’sha sohada yangi hayot uchun imkon tug’iladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Noodatiy inson bo’lasiz

Dunyo aholisining 38% da ortiqcha vazn bor. Kelayotgan 15 yilda 51%ga chiqishi kuzatilyapti. Statista

Oxirgi 4 yilda yolg’izlik darajasi 33% dan 45% ga ko’tarildi. MORI

Antidepresantlar ichish eng rivojlangan davlatlarda 20 yilda 2 martaga ko’paygan. OECD

O’smirlar orasida dangasalik ko’payib bormoqda. Nypost

Texnologiya rivojlanyapti, tarixda ilk bor odamlarning aqli va diqqatida esa pasayish kuzatilyapti. Forbes

Bir nimani sezganday bo’layapsizmi? Ha sezdingiz. Hayot yaxshilashgani sari, o’zini bo’sh qo’yadiganlar ko’payayapti.

Semizlar, yolg’izlar, asabiylar, dangasalar, ahmoqlar va diqqatsizlar oldingidan ko’payib boryapti.

Avval noodatiy inson bo’lish uchun alohida iqtidor kerak bo’lar edi. Endi ajralib turish osonroq.

Semirib ketmang, yaqinlardan uzilmang, asabiylashmang, erinmang, ilm oling, chalg’imay ishlang.

Shuni o’zida noodatiy inson bo’lasiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Umri tuvakda tugab ketadi

Gullar ichida Orxideya degan ayyori bor. Yo’q bo’lsa ham, o’zini nektari borday tutadi. Chiroyli ochiladi, hid tarqatadi. Nektar izlagan asalari unga qo’nadi. Hech narsa topilmaydi. Huddi shunday keyingisiga ham qo’nadi. Changlantiradi. Nektar topa olmaydi.

O’sha asalari endi Orxideyaga qo’nmaydi. Lekin asalaridan ko’pi bormi? Keyingilari adashishda davom etaveradi.

Mediada ham shunday odamlar bor. Tovlanib turadi. Chiroyli gapiradi. Oldida biroz o’tirsangiz, ichi bo’m bo’shligini tushunasiz. Ba’zida 1 soat yetadi. Ba’zilarga bir hafta ketib qoladi. Nektari yo’qligini tushunsangiz, turib ketasiz.

Ishxonalarda ham shunday odamlar bor. Jadal ishlayotganday tuyuladi. Ishi haqida ko’p gapiradi. Ishi uchun siqilib ham qo’yadi. Yaqinlashib qarasangiz asosiy ishi gapdan iboratligini ko’rasiz.

Ularning mantig’i ham shunday. Aslimni bilsa nima qilibdi? Bilmaydigan yana qanchasi chiqadi.

Orxideyalardan uzoqroq yuring. Asal yig’a olmay qolasiz.

Orxideya bo’lmang. Ularning aksarini umri xona chetidagi tuvakda tugab ketadi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Vaqt olishning yagona usuli

Dars berishdan boshqarishga o’tganimda yillab qiynalgandim. Xafa qilib qo’yardim. Shoshib qo'yardim. Xato qilib, to’g’rilashga vaqt sarflardim.

Qizig’i xato qilayotganimni sezmasdim.

Menejment haqida ikkita kitob o’qidim. Uchdan birini amalda qo’lladim. Xatolarim yo’qoldi. Kamroq vaqtda ko’proq natijaga erisha boshladim.

Qilayotgan ishim haqida o’qimaganim uchun, yillar yutqazganimga afsuslandim.

Odamlar o’qishga vaqtim yo’q deydi. O’qisam ishim qolib ketadi deydi.

Kitob o’qishdan tejalgan vaqt, o’n barobar bo’lib noto’g’ri ishlar uchun ketadi.

Kitob olishga hammani qurbi yetadi. Kitob tajribangizni bilimga aylantirib beradi.

Bilim - vaqt sotib olishni yagona usuli hisoblanadi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Diqqat qilishni o'rganasiz.

15 minut ham diqqat qila olmayman.

Menga diqqat yetishmayapti deb o’ylaysiz.

Bir soat Youtube video ko’rasiz. Umuman chalg’imaysiz.

Muammo diqqat emas, zerikish ekanligini tushunasiz.

Qiziq narsalarga diqqat bor. Zerikarlilarga yo’q.

Zerikishini bilmaymiz. Yolg’iz kiradigan xonaga ham telefon olib kiradiganlarni taniyman.

Telefonni tashlab yurib keling. Faqat qog’oz, qalam bilan ishlab ko’ring. Bir kun internetsiz yashang. Qorong’u xonada o’tirib ko’ring.

Zerikishni o’rganing. Diqqat qilishni ham o’rganasiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Bir kuni albatta yutasiz

Futbolda meni hujumchi qilib qo’ygan jamoa yutqazardi. Darvozabon qilgan jamoa yutardi.

CS da kimgadur yutqazsam, ketidan strategiya o’ynab yutib qo’yardim.

Kasblarni ham shunday o’xshataman. Ba’zilarida bemalol yuta olasiz. Ba’zilarida faqat yutqazasiz.

O’n yillab bitta yo’nalishda ketar ekansiz, bu o’yinda yuta olasizmi, yo’qmi oldindan bilib olish kerak.

Kasb tanlayotganda iqtidoringizga qarang. Natijalaringiz o'rtadan yuqorimi? O'rganish tez ketyaptimi? MBTI, PAIE testlari bo'yicha sizga mosmi?

Duch kelgan fakultetlarga kirib ketmang, pul topilarkan deb kasb tanlamang. Mayli izlanishga bir yil ketsin. O’yin oson bo’lsa keyingi yillar bilinmay o’tadi.

Topib bo’ldingiz-mi? Endi to’xtamang. Atrofdagilar yutayotgani sizni chalg’itmasin. Stol tennis partiyasiga 10 daqiqa ketadi. Futbol esa bir soatsiz tugamaydi. Hammani o’yini har xil. Yaxshi bo’lsangiz bir kun albatta yutasiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Yaxshilikni muddati har xil bo’ladi

Institutda gigiyena o’qituvchimiz bahoimni oson qo’yib bergandi. Yaxshilik qilyapti deb o’ylagandim o’sha payt.

Farmatsevtika qiynagandi. Yodlatgandi. Chizdirgandi. Talab qilib qo’ygan edi. Dorilarni hammasi hali ham yodimda turibdi. Yillar o’tib ular kattaroq yaxshilik qilganlarini tushunib yetdim.

Bola yig’lagani uchun shokolad olib bergan ota - yaxshilik qildi. Olib bermay, yomon ko’rinib - sabrga, hamma narsaga ham yetishib bo’lmasllika o’rgatgan ota kattaroq yaxshilik qildi.

Onam bolalar bilan kompyuterxonaga chiqarmas edilar. Otam kitob o’qishga majburlar edilar. Yaxshiliklarini katta bo’lib tushunib yetdim.

Eng katta yaxshiliklar uzoq muddatli yaxshiliklar bo’ladi. Faqat ularni paytida bilmas ekansiz.

Eng yaxshilar sizga yomon ko’rinib bo’lsa ham yaxshilik qiladi. Ularga yaxshi ko’rinish emas, yaxshi bo’lishingiz muhimroq bo’ladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Yillarimiz o’zi o’zgarib qolaveradi.

Yangi yildan hammasi boshqacha bo’ladi.

Eng ko’p sportzal abonementlar sotilishi Yanvarga to’g’ri keladi.

Har ikkinchi odam pul yig’ishni boshlashni o’ziga va’da beradi.

Vaqtimni tejayman (20%), Yomon odatlarni tashlayman (40%).

Maqsadlar yoziladi. Va’dalar beriladi.

Fevralga borib, quvvat kamayadi. Yozda va’dalar unutiladi. Kuzda esa, keyingi yilni kutib qo’ya qolinadi.

O’zgarishimiz uchun yil o’zgarishini kutsak, yillar yetmaydi.

“Bir kuning har kuningga teng” degan edi Geraklit 2500 yil avval.

Kunimizni o’zgartiraylik. Yilarimiz o’zi o’zgarib qolaveradi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Arziydiganlari ommaga chiqmaydi.

3 yil oldin o’zini Dubaylik magnat deb tanishtirayotgan odamning piramidasi haqida yozgandim.

Yaqinda investorlar pulini ola olmayotgani haqida xabar chiqibdi.

Millionlab obunachilariga reklama qilganlar esa jim. O’zlari ham aldanishgan chog’i.

100$ bo’lsa ham pulingizni biron yerga tikmoqchi bo’lsangiz bitta qoidani tushunib olish kerak:

Rostdan ham investitsiya qilishga arziydigan loyihalar ommaga chiqmaydi. Ularni izlab topish kerak.

Investor bo’lish faol reklama qilinayotgan loyihalar 99% holatda pul tikishga arzimaydi.

Pulingiz borku, qayerga tikishni bilmayapsizmi? Bu haqida ham 3 yil avval yozgandim.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

O’rta yer dengizi usulida muvaffaqiyat

Karyera qurishning 5000 yildan beri sinalgan yo'li bor.

O’rta yer dengizi usulida muvaffaqiyat deyiladi.

1. Yo’nalish tanlaymiz. (Yordamga video yoki Clifton Strengthfinder kitobi)

2. Eng zo’r mutaxassis bo’lamiz. Die empty, So good they can't ignore you kitoblari, kuniga 1 soat ustimizda ishlash yordam beradi.

Ko'pchilikka shuni o'zi yetadi. To'xtamayman deganlarga keyingi uchta yo’l bor.

Karyeradan muhimroq hayotiy maqsadlar bo’lsa - Erkin (freelance) mutaxassis bo’lish. Two weeks notice.

Lider va jamoaga havas qilsa - ishxonada qolib, aksioner (ulushdor) bo’lishgacha ko’tarilish.

Yuk olish va riskdan qo'rqilmasa - mutaxassislikni biznesga aylantirish. (Gerber tizimi bo’yicha)

Uzog’i o’n yil ketadi. Keyin ham ish to’xtamaydi. Shunchaki pul, tirikchilik, stabillik, kasb haqidagi qayg’ular yo’qolib, boshqalari boshlanadi)

P.S.

Do’stimiz Abdulboriy (Ricomel, Dinay) bilan karyeramni o’stiraman degan yigitlardan management yo'nalishida shogird qidiryapmiz. Qiziq bo’lsa ariza topshirib ko’ring. Suhbatni ikkalamiz o'tkazamiz. Ma'qul bo'lganlarni jamolarimizga chaqiramiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ko’zingizga aytib beradi

Eng ko’p vaqt o’tkazadigan 5ta odamimizga o’xshab ketamiz. (J. Rohn)

Farzandingizga qiladigan eng katta yaxshiligingiz uni to’g’ri muhitga qo’yishingiz. (Yagodkin)

10-12 yoshida aqlli bolalar bilan do’st bo’lganlar 18 yoshida IQ darajalari katta o’sgani kuzatilgan. (J.Clear)

O'zgarishimiz uchun, muhitimiz o'zgarishi kerak. Tabiiy, yaxshiroq, kuchliroq muhit xohlaymiz. U muhitdagilar esa o’ziga o’xshaganlarni yaqinlashtiradi.

Shu tufayli u muhitga kira olmaymiz. Nima qilish kerak? Yechim nima?

Kitob. Biografiyalar. Buyuk insonlarning hayot yo'llari.

Navoiy, Rumiy, Avreliy, Aflotun, Seneka, Dostoevskiy… (Jobslar-u, Masklar ham bo'laveradi)

O’rtog’ingiz bilan gaplashsangiz baribir hayotini aytib beradi. Kitoblar ham shu. Qulog’ingizga emas, ko’zingizga aytib beradi xolos.

Bu ham yaxshigina muhit beradi.

-Keyinchi? Keyingi qadam nima? Yaxshi odamlar muhitga qanday o’taman?

Buyuklardan ilhomlanib yashashni boshlang. Muhitni o’zi sizni qidirib keladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Qiladiganlardan so'rang.

6ta farzandning onasi, 2 million obunachisiga tarbiya haqida maslahatlar beruvchi bloger, farzandlari bilan vahshiyona munosabati uchun 15 yilga qamaldi.

Inson ajoyib. Bir narsaga amal qilmasligi, maslahat bermasligidan to’smaydi. Qilmayotgan narsasini gapiradi (61-2). Gapirganini qilmaydi.

Bu yagona holat emas, bittada bir nechtasi esga keladi:

Oilalarni yarashtirish bilan shug’ullandigan psixologlar boshqalarga qaraganda 30% ko’proq ajrashishadi.

Do’st orttirish, ayoli bilan munosabat qurish bo’yicha guru Deyl Karnegi - do’stsiz, ayolisiz, yolg’iz depressiyada vafot etadi.

Boy bo'lish haqidagi eng mashhur kitob muallifi Kiyosaki - Boy bo’lishni o’rgatadigan kompaniyasi bankrot bo’ladi.

Gapiruvchilar va qiluvchilar doim ham bitta odam bo'lmaydi. Qiladiganlardan so'rang, yaxshiroq maslahat chiqadi. Qiladiganlardan so'rang, maslahat ta'sir qiladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Muhim bo’lmagan ishlarda yutish

Shaxmatda guruhimdagilarni yutdim. Boshqa guruhdagi talabaga yutqazdim.

-Seni yutishim uchun qancha o’ynashim kerak?
-8 yildan beri professional shug’ullanaman.

Chang’i uchishni boshlaganimda, yiqilmasligim katta yutuq edi. Keyin professionallar uchishiga havas qildim.

-Sizdek uchmoqchiman, tavsiyalar?
-“20 yildan beri shug’ullanaman” dedi.

Stol tennis, shashka, yugurish, og’ir ko’tarish nimaiki boshlasam eng zo’ri bo’lish fikri bilan doim kurashardim.

IELTSdan 9 olaman. Taekvondo qora belbog’ qilaman, shaxmatda eng zo’ri bo’laman - deydigan o’quvchilarimiz chiqib qoladi.

O’zimni va ularni kuzatib bitta xulosaga keldim. Bitta sohada g’olib bo’lganlar, boshqa nima boshlasa ham yutaman deydi.

Hamma ishda yutishning imkoni yo’q. Hamma ishda ham shu ishga umrini bag’ishlaganlar bo’ladi.

Hamma ishda yutishning keragi ham yo’q. Muhim bo’lmagan ishlarda yutish, muhimlarida yutqazishga olib boradi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ozginasi ham zarar beradi.

Hasad qiladi. Nega unda borku, menda yo’q deydi. Men loyiqroqman-ku deydi. O’zini baland tutadi.

Xatosini to’g’rilamaydi. Xato deb bilmaydi. Xato qilishi mumkinliigi hayoliga kelmaydi. Axir kimsan u xato qilarmidi.

Boshqalar fikrini olmaydi. Uni fikri esa olinishi kerak. Dalillar sababli emas. Uning fikri bo’lgani uchun.

G’iybat qiladi. Boshqalar kamchiliklari uni xursand qiladi. O’zida kamchiliklar yo’q. Chunki u shunday o’ylaydi.

Adolatsizlik qiladi. O’ziga va yaqinlariga yaxshi bo’lsa bo’ldi. Boshqalar bilan ishi yo’q. O’zining qadrini yuqori deb o’ylaydi.

Kibr shunday kasallik. Boshqa kasalliklarga sabab bo’ladi.

Eng yomoni kibrlilar - kibrli ekanligini bilmaydi. Boshqalarni ayblaydi.

Postni ham o’qiydi. O’zini to’g’rilashga kibri yo’l qo’ymaydi.

Shuning uchun ham biroz kibrlilar ham jannatdan to’silgandek go’yo.

Chunki ozgina kibr, vaqt o’tib ko’pgina kibrga olib boradi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Birinchi ish joyini tanlash

Birinchi kirgan ishida butun umr qolishni xohlaydiganlar deyarli bo’lmasa kerak.

Birinchi ishimiz vaqtinchalik ekan,

Birinchi ish uchun qanday ishlarni tanlagan yaxshi?

Qoida oddiy. Birinchi ishimiz puldan tashqari ko’chiriladigan ko’nikmalarni ham berishi kerak.

Boshqa ishlarda ham ishlatsa bo’ladigan ko’nikmalar - ko’chiriladigan ko’nikmalar. (Misol uchun Google docs da ishlash)

1. O’qituvchilik. Soddalashtirish. Auditoriya e’tiborini ushlab turish. Bilimini o’tkaza olish ko’nikmalarini beradi. Menejerlik, tadbirkorlik, sotuvchilik, blogerlikda kerak bo’ladi.

2. Sotuvchilik. Birinchi ishim oziq ovqat do’konida sotuvchilik bo’lgan. Begonalar bilan gaplasha olish, ko’ndirish, tinglash. Hamma kasblarda kerak bo’ladi.

3. Fast food tarmog’i. Intizom bilan ishlash. Yo’riqnomalarga amal qilish. O’z ishini yangilarga o’rgatish. Intizom hamma ishda kerak. Kollejlarimiz o’rgata olmayotgan intizomni Makdonalds o’rgatyapti degandi W.Buffet.

4. Kopirayting. Matn orqali ta’sir o’tkazish. Fikrni tiniqlashtirish. O’quvchilar holatiga tusha olish. Menejerlik, tadbirkorlik, ilm, marketing, blogerlik, sotuvchilikda kerak bo’ladi.

5. Tadbirkor/Olim yordamchisi. Parda ortida qolib ketadigan ko’p jarayonlarga perspektiva ochiladi. Turli instrumentlar ishlatish o’rganiladi. Ko’p ishlarni qilishda ishonch paydo bo’ladi. Shaxsiyat o’zgaradi. O’zi yordamchi bo’lgan inson yo’lidan ketishda yordam beradi.

6. Video montaj. Kontentning asosiy qismi hozir video. Trendlar, diqqatni qarata olish, ushlash. Tadbirkorlik, marketing, sotuvda kerak bo’ladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Buzuq o’yinchoqlar bilan qolib ketamiz

Do’kondan o’yinchoq keldi. Qo’liga berdik. O’g’lim ushladida meniki, mening o’yinchog’im dedi.

Boshqalarga bermadi. Almashgisi kelmadi.

O’yinchoqni sotib olmagandi. Yasamagandi. Tanlamagandi ham.

Qo’liga ushlashi bilan, bir daqiqa oldin tanimagan plastik bo’lagidan kechishi qiyinlashdi.

Miyamizdagi fikrlarimiz ham shunday. Bizniki deymiz. O’zgaritirishga qiynalamiz. Boshqa fikrlarga almashgimiz kelmaydi.

O’zimizniki deb o’ylagan fikrlarimiz bizniki emas. Atrofdan olganmiz. Eshitganmiz. Ataylab o’tkazishgan. Ko’pini qayerdan kelib qolganini ham bilmaymiz.

Eskirsa. Ishlamay qolsa, xatoligini ko’rsak ham o’yinchog’imizga o’xshab voz kechgimiz kelmaydi. Meni fikrim deb turib olamiz.

Xatoligini sezsangiz fikrlaringizni o’zgartiravering. Yangi fikr sizniki emasdur. Eskisi ham sizniki emas.

Rivojlanishning boshqa yo’li yo’q.

Kibr ortidan fikrni o’zgartirmay yuraversak, yillar o’tib faqat buzuq o’yinchoqlar bilan qolib ketamiz.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Va’dalar sotuvi

19-asrda Klark Stanley Xitoyliklarda ilon yog’ini ko’rib qoladi. Amerikada tarqalmagan bu yog’ni sirli da’vo sifatida sotishga o’tadi.

Rostdan ham og’riq qoldiradigan yog’, boshida og’riq qoldiruvchi sifatida sotiladi.

Keyinchalik va’dalar kattalashadi. Terini go’zallashtirish, istalgan og’riqni qoldirish, qon aylanishi, psorias kasalliklari. Oxiri revmatism va artrit (tuzalishi hozir ham qiyin bo’lgan)ni ham tuzatadi deb sota boshlaydi.

Va’dalar kattalashgan sari savdosi ham oshaveradi.

Oxiri idishlar ichida ilon yog’i emas oddiy yog’ solishni boshlaydi. Chunki Klark bitta oddiy haqiqatni tushunib qoladi:

Odamlar - sodda, natijaga erishadimi yo’qmi farqi yo’q. Oson erisha olishini va’da bersang bo’ldi.

Ilon yog’i yo’qolib ketdi. Uni sotuvchilar esa yo’qolmadi. Shirin hayot, 1 oyda mashina olish, hamma kasallarga da’vo, tez boyish. Yangi sotuvchilar nima deb sotayotganini ahamiyati yo’q.

Ular aslida faqat ushalmaydigan va’dalar sotishmoqda xolos.

Alohida mavzuning yangi sonida infoqalloblar haqida gaplashdik.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Noto’g’ri ma’lumot sotish faqat ko’payadi

Qaysidur online kursda kimdur chaqaloqni vaksinatsiya qildirmang deb aytgan.

Eshitganlar ishonib, vaksinatsiya kechikkan. Bola hozir oldini olish mumkin bo’lgan infeksiya bilan qiynalyapti.

Noto’g’ri ma’lumot sotish buyog’iga faqat ko’payadi. Bir necha prinsiplarni bilib oling, himoyada bo’lasiz:

Obunachi soni odamning ekspertiligini bildirmaydi. Obunachi soni hech nimani bildirmaydi. Odam yig’ish va u bilan ishlay olishini belgisi xolos.

Noodatiy gap o’ziga qaratadi. Odatiy gap o’ta oddiy tuyuladi. Shu sabab auditoriyaga noodatiy gaplar ko’proq berishga harakat qilinadi. Har qanday noodatiy gapni manbaasi bo’lmasa, tashlash kerak. “Men aytim, ustozim aytgan” manbaa emas.

Katta va’dalarga ehtiyot bo’ling. Ular deyarli ishlamaydi. Bu haqida 3 yil oldin ham yozgan edim.

Oqibatiga turib bermaydiganlardan tibbiy maslahatlar umuman olinmaydi. Tibbiy maslahatlar faqat shifokorlardan. Faqat yozma tarzda.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Ko'rinmaydigan o'lchovlar

Jismoniy tarbiyada bo’yimizga qarab taxlashardi. Bo’y o’lchov edi.

Universitetga kirganlar ro’yxati balanddan, past ballga qarab tushadi. Ball o’lchov edi.

Forbs uchun - pul o’lchov, reklamaga - obunachilar soni o’lchov.

Bittada ko’rinmaydigan o’lchovlar ham bor. Ko’pincha sezmaymiz.

Bir o’qituvchi kirish imtihonimizdan o’ta olmadi. 6 oy o’tib bildimki hamma o’quvchisini faniga sevdirgan ekan. Buni o’lchash qiyin edi.

Tanishimiz boyib ketdi. Gaplashib qoldik. Raqamlarda hayoti o’sgan. Halovati kamayganini aytdi. Buni tashqaridan hech kim o’lchay olmasdi.

Do’stim oyligini yig’ib qimmat mashina oldi. Ishidan doim noliydi. Oylikni o’lchash oson. Ishdan rozilik oson o’lchanmaydi.

Minglab obunachisi borlar bor. Influencerman deydi. Boshqasini 127 ta obunachisi bor, har biri yarim kechasi oldiga yetib borishga tayyor.

Ko’p narsalarni oson o’lchab bo’lmaydi. Aslida eng muhim narsalarni bittada o’lchab bo’lmaydi.

Oson o’lchanadigan narsalarga chalg'ib (vazn, chiroy, pul, obunachi), qiyin o’lchanadiganlarini (xotirjamlik, iymon, mardlik, ishonch) unutib qo'ymang.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Kechadan kamaytirmaslik nuqsondir

O’zimni ayblarimni ularda ko’rsam jahlim chiqadi. O’zimni kechirib yuboraveraman. Nega ularga ham shunday sabrli bo’la olmayman?

Balki o’z ayblarim esimdan chiqib qolar. Unda har kuni yozib yurishim kerakdir?

Balki o’z ayblarim ko’rinmas. Unda menga oyna, solih do’st kerakdir?

Kahneman aytgandi adashmasam, boshqalar ayblari o’zimiznikidan o’n barobar ko’p ko’rinadi deb.

Demak ayblari o’ta ko’p ko’ringan odam, asli xuddi biz kabidir.

Ayblari bizniki kabi ko’ringan odam, asli bizdan yaxshiroqdir.

Ayblari uchun insonlarni yomon ko’rmang. Tuzatishga intilsa.

Aybli bo’lish nuqson emas, kechadan kamaytirmaslik nuqsondir.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Bu faqat boshlanishi

Maktabimizga mijoz keldi. Sakkizinchi sinf. Onalari men bilan o’n daqiqa gaplashdilar.

Tashqarida sakkizinchi sinf o’quvchilarimiz turgandi. Bir soat gaplashishdi. Maktabni aylantirib chiqishdi. O’zlarini sinfiga taklif qilishdi. Onalarini barcha savollariga javob berishdi.

O’quvchilarimiz gapi o’n barobar ishonchliroq bo’lgan. Ona qizlarini maktabimizga berdilar.

Qizig’i maktabimizni maqtagan qizlarning ikkalasi ham boshida bizda o’qishni istashmagandi. 4 oyda advokatimizga aylanishdi.

Maktabimiz jamoasiga va bizga ishongan ota - onalarga rahmat. Xudo xohlasa bu faqat boshlanishi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Hammasi yaxshi bo’ladi

Blog boshlaganimga uch yildan oshdi.

Pandemiya. Urushlar. Saylov. Kimdir nimadir gapirib qo’ygani. Atrofdagi tushunarsiz ishlar.

Birorta bag’ishlangan post yozmadim. Buyog’iga ham yozmasam kerak.

Atrofda istalgan vaziyat bo’lganda oqil odam o’ziga savol beradi:

“-Xo’sh, endi aynan men nima qilishim kerak?”

99% holatda, 99% odam uchun javob bir xil bo’ladi:

Rivojlaning, resurslar yig’ing, ilm oling, isloh bo’ling, o’zingizga yordam bering.

Rivojlantiring, resurslarni bo’lishing, ilm tarqating, isloh qiling, atrofingizga yordam bering.

Qolganini ignor qiling. Sabr. Hammasi yaxshi bo’ladi.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…

Aziz Rahimov

Hozirgidek bo’lmasdim

Birinchi marta bodomzorda ko’rib qolgandim. Odobiga qoyil qolgandim.

Ozgina vaqt o’tib ingliz tili darsimga o’quvchi bo’lib keldi. O’rganish tezligiga qoyil qoldim.

Yillar davomida ko’rishib, maslahatlashib turdik. 2021 - yilda jamoamizga qo’shildi.

Ishda - prinsiplariga, keng fikrlashiga, samimiyligiga qoyil qoldim.

Bir necha bor bizni katta xatolardan saqlab qolgan. Shogirdimiz bo’lsa ham, ko’p narsa o’rgatgan.

Hozir ham birgamiz. Boshqaruvda yordamchimiz, nocode bo’yicha O’zbekistondagi nodir mutaxassis.

Abdullohsiz maktabimiz hozirgidek bo’lmasdi. Men ham hozirgidek bo’lmasdim. Ota - onangizga rahmat.

@azizrakhimov_blog

Читать полностью…
Subscribe to a channel