Bog’lanish uchun: @Azizrahimov Reklama olmaymiz.
Siz bilan ishlash statusga aylanadi
Yoshligimizda xitoyniki - sifatsiz degani bo’lardi. Original va xitoy so’zlari antonim edi.
Olishimizga yagona sabab narxi bo’lardi.
20 yil o’tdi.
Xitoy telefonlari, mashinalari, texnikalarini butun dunyo olyapti. Ustidan kulmay qo’yishdi.
Ba’zi xitoy mahsulotlari status ham bera boshladi.
Ishingizni endi boshlayotganda siz bilan ham shunday bo’ladi. Sizni tanlashlariga asosiy sabab - “arzon” bo’lasiz.
Boshqalar bilan solishtirib, ustun tomonlarini aytishadi. Ezilgandek bo’lasiz.
Xavotir olmang. Bu tabiiy jarayon. Hamma shundan o’tadi.
Muhimi Xitoyliklar kabi ustingizda ishlashdan to’xtamang.
Yillar o’tib “original” bo’lasiz. Siz bilan ishlash statusga aylanadi.
@azizrakhimov_blog
Zahirani ishlatsa bo’ladi
Telefon zaryadi bir tekis kamayib keladi. 1% qolganda kutganingizdan uzoq ishlab beradi.
Benzin tugayapti deb qizil yonadi. Ippodromga ikki marta borib kelishga yetadigan benzin qolgan bo’ladi.
Tanamiz bilan ham shunday. Charchadim, qila olmayman deysiz. Zahira turgan bo’ladi.
Sport, ish, ijod qilayotganda bu zahirani ishlatsa bo’ladi.
Charchadim deb o’ylagan paytingiz, ozgina davom etib ko’ring. Yana 20% ish qilishga kuchingiz yetadi.
@azizrakhimov_blog
Endi gapingizni oladi
U bilan ish boshlashimdan oldin - ogohlantirishdi. Pand yeysan deyishdi.
O’zim bilganimni qildim. Katta pulga tushdim. Umrim ketdi.
Atrofimga til o’rganing, blog boshlang deb aytdim.
Muhtoj, lekin vaqti qolmaganda boshladi.
Gapimiz ta’sir qiladi, fikrini o’zgartira olamiz deb o’ylaymiz.
Odam fikrini odam o’zgartirishi qiyin, hayot o’zgartira oladi.
Og’maxon (Xomyak) qorniga bosib, pul ishlay olmasligini gapirib o’tirmang.
U sizga notcoin haqida, bitcoin haqida gapirib beradi.
Iqtisod haqida tushuncha berishga shoshilmang.
U sizni ko’rolmayotganlikda ayblab qo’yadi.
Umrini ketkazsin. Natijasini ko’rsin. Afsus bilan oldingizga kelsin.
Endi gapingizni oladi.
Kelmaydiganlar ham bo’ladi. Nima ham derdik. Mashhur domla aytganlaridek:
Xudo urgan o’ttizda ham bola bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Tajribam yo’q, sizni jamoaga mos bo’lmasam kerak, ishimizni endi boshladik.
Keladigan xatlarni ko’pi shunday boshlanadi.
Agar hamma xatlari shunday ishonchsiz boshlanayotgan bo’lsa, ishlari bitmay yuraveradi.
Kuchsiz tomoningizni kuchli tomonga aylantiring.
Endi maktab ochganimizda ota-onalar savol berishardi:
“Hali yangisiz-ku, sizga qanday ishonamiz?”
“Biz yangimiz. Tajribamiz, nomimiz ham yo’q. Shu sababdan ham tinmay ishlashimiz kerak. O’zimizni ko’rsatish uchun ham boshqalardan ko’proq harakat qilamiz” derdim.
Shunday qildik ham.
Tajriba yo’qmi? Shu tajriba uchun qattiq ishlashingizni ko’rsating.
Mijozlar yo’qmi? 100 - mijoz hecham birinchi mijozdek e’tibor ola olmasligini ayting.
Kichkinamisiz? Shu sababli muammolarni tez hal qiling.
Har bir kamchilik ustunlik bilan keladi, har bir qiyinchilik yengillik bilan kelganidek.
@azizrakhimov_blog
Hayotingiz yaxshilanadi.
O’qishni boshlang, yozgingiz keladi.
Yozishni boshlang, o’ylashingiz tartiblashadi.
O’ylashingiz tartiblashsa, g’oyalar keladi.
G’oyalar kelsa, qilgingiz keladi.
Qila boshlasangiz, vaqt o’tib natijalar keladi.
Natijalarni ko’rib, boshqalar talpinadi.
Ko’pchilik bo’lib, kattaroq ishlar qilinadi.
O’qing do’stlar. Hayotingiz yaxshilanadi.
@azizrakhimov_blog
“O’zi aqlli-ku, lekin dangasa”.
Ota-onalar o’qimaydigan farzandlariga eng ko’p beradigan ta’rif.
Kattalar orasida ham - aqlli, dangasalar uchrab turadi. Istalgan mavzuda fikri bor. Bir nimani qoyillatmagan.
Do’stlar, aqllilik va dangasalik bitta odamda yig’ilmaydi.
Putin aytganidek, hammamiz dangasamiz)
Aqlli odam, dangasaligini yenga olgan odam.
Aqlli odam, o’sha aqlini ishlatib, bir nima qila olgan odam.
Dangasalikka yengilgan, o’yin kulgiga berilganlarda - haqiqiy aqlni ko’ra olmaymiz.
Yo’qotilgan dahoning aqliy qoldiqlari sezilib turadi, xolos.
@azizrakhimov_blog
Antihavaslar ko’proq motivatsiya beradi
Biografiyalar o’qiymiz, videolar ko’ramiz.
Havas qiladiganlarimizdan motivatsiya olamiz.
Qisqa muddatda ularga yeta olmasligimizni bilamiz. Motivatsiya kamayadi.
Shu payt havasdan tashqari, antihavas odamlarni ham topishimiz kerak.
30ga borib nafasi qisayotgan, 40 ga borib infarkt bo’layotganlar meni sportga undaydi.
Oddiy ishlarda xato qilayotganlar ilm olishga undaydi.
Vaqtini uvol qilgani uchun botqoqda yurganlar - vaqtni qadrlashga undaydi.
Pul uchun auditoriyasini aldayotganlar - moliyaviy erkin bo’lishga undaydi.
Havas qilayotganlarimizga yetib olish yillar talab qiladi.
O’zimizni bo’sh qo’ysak tamom. Antihavasdagilar darajasiga tushishimizga 1-2 yil yetarli bo’ladi.
Antihavaslar toping. Ular ko’proq va doimiy motivatsiya beradi.
@azizrakhimov_blog
Ehtimol, sizni qidiryapmiz
Aziz Rahimov boshchiliklaridagi Rahimov School maktabimiz jamoasiga menejment bo’yicha shogird olmoqchimiz.
Ma’qul nomzod Farg’ona shahridagi yangi loyihamizga “operatsion menejer” sifatida tarbiyalanadi. Keyinchalik poytaxtga chaqirishimiz ham mumkin.
Farg’onalik, ta’lim menejmenti va bizning jamoada o’sishga qiziquvchilar ushbu formani to’ldiring. Talablarimizga moslar bilan aloqaga chiqamiz, suhbatlashamiz.
@abdulloh_shamsutdinov
Ba’zilar tepalikka yurayotgan bo’ladi
O’g’lim bilan samokat uchyapman. Pastlik va tekisliklarda oson uchib o’tdik. Tepalikka qiynalishni boshladi.
-Tepalikka chiqish qiyin bolam. O’sha kuch bilan chiqa olmaysan. Bu pastlikka tushish emas.
Tushuntirdim-ku, o’zim ham bir narsani tushunib qoldim.
Harakat = natija deb o’ylaymiz. Natijasizlarni harakatsizlikda ayblaymiz.
Ikkita odam bir xil harakat qiladi. Natija har xil bo’ladi.
Bizga ko’rinmaydigan joyi - kimnidur yo’li tekis, pastlik. Ozgina harakat bilan uzoqlarga yetib oladi.
Kimdadur tepalik. Kam harakat qilsa joyida turadi. Ko’p harakat qilsa - ozgina yuradi.
Daromadingiz yildan yilga faqat oshayotgani - O’zbekiston iqtisodi tez o’sayotganidan bo’lishi mumkin. [1], [2]
Kuzatuvchilaringiz ko’payib ketayotgani - instagramga 5 million yangi odam qo’shilganidan bo’lishi mumkin.
Sizni yuqori qadrlashayotgani - shunchaki yaxshi kadr yetishmayotganidan bo’lishi mumkin.
Tekis yo’lda tezlashib olishda muammo yo’q. Aqlli odam shunday qiladi.
Yurayotgan yo’lini tushunmagan esa - omad bilan erishgan narsasiga kibrlanib yuradi.
@azizrakhimov_blog
Matn kuchli
Blogimda faqat matn chiqadi.
Dumoloq video, ovozli xabar, rasm, hatto stiker ham qo’ymayman.
Bugun sababini aytish vaqti keldi.
Tylerning tilshunos bilan intervyusi 80 daqiqa. Intervyu matnini esa 30 daqiqada o’qib bo’ldim.
Matn barakali.
Medianing o’z tezligi bor. Uni o’sha tezlikda ko’rishingiz, eshitishingiz kerak. Matn o’quvchining tezligida yuradi. Demak tasavvur to’liq ishlaydi. Tasavvur - eng kuchli media.
Matn ta’sirli.
Jiddiy ish qilayotganlar band bo’lishadi. Bandlar videolar ko’rishga vaqti kam bo’ladi. Ular matnni tanlashadi.
Matn tanishish qiyin bo’lganlar bilan tanishtiradi.
Audioga ovoz yetarli. Videoga yaxshi sur’at yetarli. Matn esa fikrsiz bo’la olmaydi. Shu sababli suniy intellekt video, rasm, ovoz yasayotgani bitta pallada, matn yozayotgani boshqa pallada turibdi.
Matn kuchli.
@azizrakhimov_blog
Tadbirkorlikka yaqinlashgan bo'lasiz
Yaxshi xodim bo’lish haqida postlar yozdim. [1],[2],[3]
Yoshlar xodim bo’lib qolaversinmi? Tadbirkor bo’lishga ham undamaysizmi? mazmundagi izohlar tushdi.
Do’stlar, kuchli tadbirkorlik - kuchli xodim bo’lishdan boshlanadi.
Nvidia asoschisi Jensen Huan birinchi ishidagi eng yaxshi tozalovchi va eng yaxshi ofitsiant bo’lganini aytyapti.
Alibaba asoschisi, milliarder, Jack Ma yaxshi o'qituvchi bo'lgani, o'quvchilari uni sevgani haqida ko'p gapiradi.
Do’stimiz Jahongir Pulatov moykada ishlaganini hamma bilsa kerak. Ishlaganini ko’rgan aka aytgandi — u ham eng zo’r ishchi bo’lgan.
Jamoada ishlash tajribasi yo’q odamga tadbirkor bo’ling deb, faqat tadbirkorlik kursini sotuvchilar to’g’ridan-to’g’ri aytadi.
Tadbirkorlik noma’lumlikdan iborat. Ma’lum ishlarni qoyillatmaganlar, noma’lumlarini o’xshatishiga shubham bor.
Ishlayotgan joyingizda 100% eng zo’ri bo’ling. Tadbirkorlikka 85% yaqinlashgan bo’lasiz.
@azizkrakhimov_blog
AirPodslar zarar qiladi.
Quloqda doimiy shig’illash bilan ta’riflanadigan holat bor — Tinnusit deyiladi.
Eshitish pasayadi. Shig’illab asabga tegadi. Oxiri karlik bilan tugaydi. Davosi yo’q.
Kelib chiqishiga 2ta asosiy sabab - baland ovozda eshitish va shovqin to’sadigan naushniklardan (Airpods pro ga o’xshagan) ko'p foydalanish.
30 yoshli millioner bloger tinnusit bo’lgani, hayoti rasvolashgani, dushmaniga ham ravo ko’rmasligini yozyapti.
Oxirgi 20 yilda kasallik 3 barobarga ko’paygan. Aholining 10% da uchrayapti.
Quloqchinlar ko’paygani sari - kasallik ham ko’payadi.
Baland ovozda eshitmang. Shovqinsiz rejim (Noise cancellation mode)ni yoqmang.
Tinglayotgan narsangiz muhimdir tushunaman. Eshitadigan quloq undan ham muhimroq.
@azizrakhimov_blog
Kitob o’qisam uxlab qolaman
Nima kitob o’qishini bilmaydiganlar bor. Kitob o’qib uxlab qoladiganlar bor. O’qiganini eslab qolmaydiganlar bor. Eslab qolganini qo’llay olmayotganlar bor.
To’rtta har xil muammoga o’xshaydi. Aslida muammo bitta - o’quvchi kitob ichiga kirib keta olmasligida. Ildizi esa kitob o’qishni maqsad qilib olishda.
Kitob o’qish uchungina, kitob o’qilmaydi.
Qiziqishni qondirish uchun kitob o’qiladi. Muammoni yechish uchun kitob o’qiladi.
Muammoingiz bo’lsa - mavzudagi eng zo’r kitoblarni topib o’qing. Qiziqish paydo bo’ladi.
Qiziqqan mavzularingizda o’qishni boshlang, muammolaringiz sezila boshlaydi)
@azizrakhimov_blog
O’tirib gaplashishni boshlash mumkin
Suhbatlashib o’tiribsiz, zeriksangiz nima qilasiz? Telefonni olasiz. U qiziq bo’lgani uchun emas. Suhbat zerikarli bo’lgani uchun.
Nir Eryal ham, Chalg’imas kitobida shuni yozadi. "Biz vaqtimizni isrof qilishimizga sabab, bir nima qidirish emas. Bir nimadan qochish."
O’zidan qochish. Fikrlaridan qochish. 85% odam o’tirib 10 daqiqa o’ylay olmaydi. Lekin soatlarini isrof qilib yuboradi.
O’zi bilan gaplashmaganidan keyin, o’zini tanimaydi. O’ziga qiziq suhbatdosh bo’la olmaydi. Suhbatdosh zerikarli bo’lsa nima qilardik? Ha shu uchun ham yolg’iz qolganda - qo’l telefonga ketaveradi.
Bekorchi vaqtni kamaytirish uchun - instagram, telegramlarni blok qilish, internetsiz telefon ishlatish, tog’larga chiqib yashash mumkin.
Yoki va nihoyat - o’zi bilan o’tirib gaplashishni boshlash mumkin.
@azizrakhimov_blog
O’zgartirgan o’qituvchilar
Pedagog Makarenko jinoyatchi, qotil o’smirlardan - yurist, shifokor, uchuvchilarni tarbiyalab chiqardi.
Pedagog Suxomlinskiy urushdan yetim qolganlar bolalarga yangi kelajak berdi.
Tashlab qo’yilgan qora tanli bolalarni Ron Clark iqtidorli ekanligini isbotladi.
Hammamizda ham o’zgarish qilgan o’qituvchilarimiz bor. Butun umr minnatdormiz.
Biz ana shunday o’qituvchilar bilan tanishmoqchimiz. Suhbat qilmoqchimiz. Maslahat va g’oyalar olmoqchimiz.
Sizga katta ta’sir o’tkazgan o’qituvchilar bilan bizni ham tanishtira olasizmi?
Javob ha bo’lsa, mana shu formani mos ko’rgan o’qituvchingiz ma’lumotlari bilan to’ldirib bering.
Sizni o’qituvchingizni tanlasak maktabimiz tomonidan pizza jo’natib beramiz)
Bugun Ralf Nader haqida gaplashamiz do’stlar.
Miillionlab sotilgan Chevrolet Corvairning zararli tuzilishi, yadro texnologiyalarini xavflari, Microsoftning monopoliyasi, Boeingning sifatsiz samolyotlariga qarshi kurashib, natijalarga erishdi.
Amerikaning qonli urushlari, bir jinslilar nikohlari, kutubxonalarning xususiylashtirilishiga qarshi gapirib keldi.
Hozir ham G’azodagi qirg’inni qoralab kelayotgan kam sonli mashhur amerikaliklardan.
Millioner bo’lsa ham, kichkina kvartirada, oyiga 2,000$ ishlatib yashaydi.
Missiyasi haqida gapirganini bitta joydagina ko’rdim. Gapirib o’tirmaydi. U missiyasini yashayapti.
Hozirgilar ham o’rgansa bo’lardi, missiyasini doim gapirib yuradi. Bajarishga kelganda, esdan chiqib qoladi.
@azizrakhimov_blog
Do’st tanlash haqida
Isloh qilsin. U sabab yaxshilaning.
Ko’rib o’zgaring. Yoki aytgani uchun o’zgaring.
Biri - u sizga namuna degani.
Ikkinchisi - rost gapiruvchi degani.
Ikkalovini birda topgan bo’lsangiz - lotoreya yutibsiz.
Topmagan bo’lsangiz - namuna bo’lishdan boshlang.
Yaqinlaringiz kamchiliklarini xolis tog’rilashdan boshlang.
Do’stlar do’st bo’lish orqali topiladi.
Mayli uzoq tanlang. Tanlaganingizdan keyin, brillant kabi asrang.
@azizrakhimov_blog
Sun’iy Intellekt
U yaxshi yozayapti. Odamlarnikidan ajratish qiyinlashib boryapti.
Blog matnlari, brend matnlarini endi ko’proq va ko’proq sun’iy intellekt yoza boshlaydi.
Muallif manbaa ko’rsatmay matn chiqarsa, o’qiyotganlar bu uning matni deb o’ylaydi.
Algoritm yozib bergan bo’lsa, o’quvchi aldanadi.
Blog orqali do’stlar orttirdim.
Odamlar bilan fotoshop qilingan rasm, ijaraga olingan aql, yasama vijdon bilan do’st bo’linmaydi.
Aslini ko’rsatib do’st bo’linadi.
Shu sababli:
Bu blogda hech qaysi matn SI yordamida yozilmaydi.
Izlanish, manbaalarni topish uchun - balki. Yozish uchun emas.
Blogda matnlarini suniy intellektga yozdirayotganlar, (ya’ni o’zgalar matnini o’ziniki qilib ko’rsatayotganlar) blogdan maqsadni tushunmabdi.
@azizrakhimov_blog
Universal valyuta
Shimkentga o’tdim. Sumkamda So’m qolib ketgandi. Pul zarur bo’lganida, shaharda hech kimga o’tkaza olmadim.
Qaytganimda tenge bilan shunday bo’ldi. Haligacha keraksiz qog’oz bo’lib yotibdi.
Valyutani boradigan joyimga qarab tanlamaganim, kerakli pulni, keraksiz qilib qo’ydi.
Geografik manzillarda orqaga qaytsa bo’ladi.
Hayot manzillarida esa orqaga yura olmaymiz.
Bittasi bilan rosa umrimizni o’tkazamiz, turmush qurishga kelganda - u mos bo’lmay chiqadi.
Maktab, universitetlarda baho valyutasini yig’amiz. Ish beruvchi, mijozlar ahamiyat bermaydi.
O’yinlarimiz-u, seriallarimiz - tengdoshlarimiz bilan gaplashishga mavzu bo’lib beradi. Rostdan muhim davralarga kirganimizda, jim bo’lib qolamiz.
20 yoshda qilgan ishlarimiz 30 yoshda, 30 yoshda qilganlarimiz 40 yoshda kerak bo’lmay qolaversa, pullari qog’ozga aylangan sayyohga o’xshab yutqazaveramiz.
Tilla universal valyuta. Amallarni ham tillalari bor - o’ylash, yozish, o’qish, mehnat, yaxshilik.
Tilla amallarni yig’ing. Yil o’tgan sari qadri oshib boradi. Hamma yoshingizda kerak bo’ladi.
Turgan joyiga emas, boradigan joyiga qarab yashagan odam, borganda afsuslanmaydi. Afsuslanadiganlar uchun esa - kech bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Hozir ayni vaqti
O’quvchilarimiz haqida yozibman-ku, o’qituvchilarimizni yozmapman.
2000 ta ustoz ichidan tanlab olingan, eng kuchli mutaxassislar bilan ishlaymiz.
O’qituvchilarimiz bu yil bir necha treninglarda qatnashishdi.
Toifalar olishdi.
Bizda ishlab uchta o’qituvchimiz mashina, ikkitalari uy olishdi.
Eng muhimi esa 10 dan ortiq o’qituvchilarimiz o’z farzandlarini bizda o’qitib kelishyapti.
62% (eNPS) xodimlarimiz bizda ishlashni tavsiya qilib kelishadi. (Xalqaro standart 70%)
Rahimov School jamoasiga qo’shilmoqchimiz? Hozir ayni vaqti.
Biz jamoani kengaytirish bosqichidamiz! Mos bo’lsangiz topshiring, mos odamni tanisangiz jo’natib qo’ying)
@azizrakhimov_blog
Maktabimiz natijalari
JLSAAT matematika olimpiadasida 5ta sovrinli o’rin oldik.
Prezident maktabi bitiruvchilari bilan debat o’tkazib, durrang natijaga erishdik.
Zakovat o’yinlari Mirzo Ulug’bek tumani bosqichida 2-o’rinni egalladik.
20ta IELTS 7.0+ natija. 2ta 8.0 (umumiy IELTS soni 40tadan oshdi).
O’quvchilarimiz darslikdan tashqari 796 ta kitob o’qib tugatishdi. (300-500 betlik)
SATdan 12 ta o’quvchimiz natija tomon harakat qilyapti. Hozircha eng balandi - 1480
O’quv yili tugamasidan 28 ta bitiruvchimiz universitet grantlarini yutishdi. Qolganlari javobini kutyapmiz.
Farzandlariga ziyon bo’lmasin deb, bir necha oilani isloh qildik.
Bir necha bitiruvchilarimizni muhandislik kabi qiyin sohalarga qiziqtira oldik.
O’nlab o’quvchilarimiz kitobga mehr qo’yishdi.
81% ota-onalarimiz bizni doimiy tavsiya qilishni boshlashdi.
O’quv yilimiz hali tugamadi. Bizni yana yangiliklar kutyapti.
Jamoamizga, bizga ishongan ota-onalarga rahmat!
@rahimovschool
Doimiylari muhimroq bo’ladi
700 kundan beri ertalab mashq uchun chiqamiz.
Kasallik, safar, ramazon bo’lmasa - deyarli qoldirmaymiz.
Eshitganlar qo’shilishni so’raganida - odam ko’payib ketmasin deb, yo’q deb yurardim.
Endi kim so’rasa ham - ha ertadan kelavering deyapman.
Chunki bilaman. 80% baribir chiqmaydi. Chiqqanlarning 90 foizi oy oxirigacha yetib bormaydi.
Natijamiz yo’qligi - doimiylik yo’qligidan.
Ikkita post yozamiz, blogni tashlab qo’yamiz.
10ta so’z yodlab, dars qilmay qo’yamiz.
Bir hafta zo’r ishlaymiz, keyingi hafta kasal bo’lamiz.
Amallarni katta qilmoqchi bo’lamiz, bilmaymiz-ki kichik bo'lsa ham, doimiylari muhimroq bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Sirenalar oldida qo'lni bog'lash
2900 yil oldin yozilgan Gomerning Odisseyidan sahna:
Kema sirenalar vodiyidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Sirenalar mayin ovozi bilan kemachilarni rom qilardi. Ovozlarga aldanib yuzlab kemalar halok bo‘lgandi.
Odissey ekipajiga quloqlarini paxta bilan yopishni buyuradi. O‘zini esa bog‘lab qo‘yishlarini so‘raydi.
Yechishlarini so‘rab baqirganda ham, jamoasi arqonlarni qattiqroq ushlab turadi. Kema vodiydan tirik chiqib ketadi.
Bugun sirenalarni izlab borish shart emas, har birimizni telefonimizda - bizni halok qilish uchun tayyor bo‘lib turibdi.
Aqli yetgan odisseylar jamoasini saqlab qolishga harakat qilishyapti.
Xitoy hukumati 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga kuniga 1 soatdan ko'p o‘yin o‘ynashga ruxsat bermaydi.
Florida hokimi Desantes 16 yoshga yetmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi. Jazo - 5000$.
Maktabimizda ham kichik va o‘rta sinflarda telefonga taqiq bor.
Apple screen time, onesec, appblock, opal - Zamonaviy Odissey arqonlari, o‘rnating, o'rnatib bering.
Bugun sirenalar oldida qo‘lingizni bog‘lamas ekansiz - halok qilgan yillaringiz arqonni bo‘yiningizga bog‘laydi.
@azizrakhimov_blog
Bugun pontlar haqida gaplashamiz.
Ko'p maqtanaverish muammolarni berkitish uchun qilinadi yoki muammolarga olib boradi do’stlar.
Afinaning eng taniqli binolari Perikl davrida qurilgan. Qonli urush, ocharchilik, Grek imperiyasining qulashiga ham aynan u sababchi bo’lgan.
Hindistonda dunyodagi eng chiroyli deyilgan maqbara bor - Tojmahal. Uning qurilishi Shohjahon imperiyasini bankrotlikka olib borgan.
Luis XIV davrida Versalni kengaytirish, moliyaviy inqirozga, keyin esa Fransuz revolutsiyasiga ulanib ketgan.
Tadbirkor shaxsiy brendiga ko’proq vaqt ajratgani sari, jamoasi qiyinchiligi ortib boraveradi.
Ijtimoiy tarmoqda baxtli ekanligini eng ko’p gapiradiganlar, eng baxtsizlar bo’ladi.
Puli ko’pligini atayin ko’rsatayotganlar, asosan pulingizni olish uchun qilayotgan bo’ladi.
Ishlar ko’ringanidek emas. Boylar berkitadi, baxtlilar jim yuradi, qilayotganlar gapiravermasdan, qiladi.
Maqtaganni yuziga tuproq soching. Maqtangandan esa qoching. Ikkalovidan ham foyda topilmaydi azizlar.
@azizrakhimov_blog
Ilmlarini sizga tashlab ketishadi
Ko’pchilik o’z tengdoshlari bilan gaplashishni xohlaydi. Mavzular bir xil. Qiziqishlar yaqin.
Ta’lim tizimi ham 3-yoshimizdan faqat tengdoshlarimiz guruhiga joylashtiradi.
Bloglar, videolarda ham ko’pchilik o'z yoshidagilarni kuzatadi.
Faqat tengdoshlari bilan gaplashadiganlar tengdoshlaridan o’tib keta olmaydi.
Hayotda har xil yoshdagi odam bilan gaplashishga to’g’ri keladi - tajriba yo’qligi, qiyinchilikka olib boradi.
O’zidan kattalar bilan ko’p gaplashganlar - bosiqroq, dunyoqarashi kengroq bo’ladi.
O’zidan yoshroqlar bilan gaplashadiganlar quvvatga to’la bo’ladi.
Yoshlar bilan ko’proq gaplashing. Samimiy bo’ling. Butun umr sizni eslab yuradi.
Qariyalar bilan ko’proq gaplashing. Hikmatlarini oling. Butun umrlik ilmlarini sizga tashlab ketishadi.
@azizrakhimov_blog
Ko'zlar unutmaydi
Ba’zida farzandimni tarbiya qilib bering deb, maktabimizga olib kelishadi.
Dunyoga endi kelgan bola o’zini qanday tutish kerakligini bilmaydi.
Bilish uchun birinchi tanigan odamlari - ota, onasiga qaraydi.
Bolaning kimligi besh yoshigacha aniq bo’ladi degandi Tolstoy.
Teng yarmi yuzaga chiqayotgan irsiyat (genetika), qolgan yarmi ota onani kuzatishdan olingan xulosalar. (Jhon Medina)
Dinimizda farzand tarbiyasi haqida, nafs tarbiyasiga o’xshab ko’p gapirilmaydi.
O’zingizni tarbiya qilar ekansiz, farzandingizni ham tarbiya qilayotgan bo’lasiz.
Shaxsiy rivojlanish, oilaning rivojlanishi.
Kitob o’qitmoqchimiz? - o’qishni boshlang.
Sabr qildirmoqchimiz? - sabrli bo’ling.
Vaqtini bekor sarflamasinmi? - siz ham sarflamang.
Quloqlar bilan olingan nasihat ba’zan eshitiladi, ba’zan eshitilmaydi.
Ko’zlar bilan olingan nasihat unutilmaydi.
@azizrakhimov_blog
Ramazon hayiti bir boshqacha kun.
Bu kun siz albatta yoshlikni eslaysiz. Necha yosh bo’lsangiz ham. Hayit namozi, shirinliklar, qarindoshlarni yo'qlash, kelin-salom, hamma hammasi yoshlikni eslatadi.
Bu kun siz kunni yarmini tabriklash va tabriklarni qabul qilish bilan o’tkazasiz.
Bu kun sizga yaqin va uzoq insonlarni ajratib olasiz. Birinchilar tabriklash uchun shaxsiy xabar yozib yoki qo'ng'iroq qilsa, ikkinchilar shablon tabrik yoki rasm jo'natishadi.
Bu kun siz aslida qancha qarindoshingiz borligini bilib oladigan kun.
Bu kun sizni asl hayotiy qadriyatlarga qaytaradi: Oila, silai rahm, ehson, namoz. Deyarli hech kimni ish haqida gapirganini ko’rmaysiz.
Bu kun biron narsa yeyishdan oldin, har safar ikkilanib, o’zingizdan "Ro'zamasmidim o'zi? " deb so'raydigan kun. 😊
Bu kunni hamma yaxshi ko'radi, yosh bolalar ham, kattalar ham ,qariyalar ham. Biz ham bu kunni yaxshi ko'ramiz. Ramazon hayitini yaxshi ko'rganlarga hayit muborak aziz do’stlar!
@azizrakhimov_blog
Do'st bo'lib boshlab bering
Statiska dunyo davlat maktablarida dars qoldirish 60% (!) gacha chiqqanini ko’rsatyapti.
Darslar yoqmasligi sabab emas.
Bizni davrimizda maktab yoqsa, yoqmasa boraverar edik. Do’stlarimiz bilan vaqt o’tkazish uchun. Gaplashish uchun.
Hozirgi bolalarga do’stlar unchalik kerak emasga o’xshayapti. Do’stlari bilan doimiy ko’rishadiganlar 30% dan kamayib ketibdi.
75 yillik garvard tadqiqoti - do’stlar, munosabatlar baxtning asosiy elementi deb xulosa bergandi. Demak do’stlikning pasayishi faqat maktab davomatiga ta’sir qilmaydi.
Rostdan ham. O’smirlar o’rtasida depressiya darajasi 10 yilda 60% ga o’sibdi.
Yoshlar o’rtasida o’lim sabablari orasida o’zini o’ldirish 2-o’ringa chiqibdi. ~20% o’smirlar o’zini o’ldirish haqida jiddiy o’ylab ko’rgan. ~10% harakat qilib ko’rgan. Asosiy sabab yolg'izlik.
Do’st orttirish yosh o'tgan sari qiyinlashib boradi. Bu bechoralarning ahvoli faqat yomonlashadi degani.
Siqilyapsiz, kayfiyat yo’q, ishlagingiz kelmayapti - katta ehtimol bilan do’stingiz yo’q, yoki anchadan beri gaplashmagansiz.
Yaxshi do’stlaringiz bo’lishi - bonusdek tuyulishi mumkin. Endi unday emas.
Yaxshi do’stlar bo’lishi sog’liq, kayfiyat, hatto tiriklikka ham ta’sir qiladi.
Do’stlaringiz bo’lsa - ularni asrang azizlar.
Do’stingiz bo’lmasa - siz do’st bo’lib boshlab bering.
To’g’ri qiyin. Do’stsiz esa yanada qiyinroq.
@azizrakhimov_blog
Til o'rganish qiyin bo'ladi
Bekzod aka ingliz tilini o’rganish uchun resurslar bilan bo’lishibdilar.
Fikrlariga 100% qo’shilgan holatda shuni eslatmoqchiman:
O’zbek youtubeda eng ko’p ko’rilgan video 60 milliondan oshadi. Demak interneti bor hamma, youtube ishlatishni biladi. “Ingliz tili” deb qidirilsa, minglab videolar chiqib keladi.
Til o’rganishda resurslar eng katta muammo bo’lmaydi. Xohish bo’ladi.
Xohish qiziqish yoki ehtiyojdan paydo bo’ladi.
Qiziqqani uchun o’rganadiganlar 3% dan oshmaydi. Qolganlar faqat ehtiyoj bo’lsa o’rganishadi. Ingliz tiliga ehtiyojni paydo qilish uchun:
-Shunday odamlar orasiga qo’shilib olingki - tilni bilmaydigan faqat siz bo’ling. Uyalish paydo bo’ladi.
-Bo’yningizga bir vazifa olingki - tilni bilmasangiz, ishingiz bitmasin. Majburiyat paydo bo’ladi.
-Shunday muhitga tushib qolingki - ingliz tilida gaplashish oddiy hol bo’lsin. Havas paydo bo’ladi.
-Shunday ustoz topingki - uni bir vaqtda hurmat ham qiling, qo’rqib ham turing. Mas’uliyat paydo bo’ladi.
Agar bularni (bittasi yoki hammasini) qila olsangiz, til o’rganish vaqt masalasi (~1200 soat) bo’lib qoladi xolos.
Yuqoridagilarni qilish qiyindur, tushunaman. Qilmasangiz - til o’rganish qiyin bo’ladi.
@azizrakhimov_blog
Boridan foydalanish muhimroq
6 yoshida Poliyomielit yuqtiradi. Kasallik sababli bo’ynidan past qismi umuman ishlamay qoladi.
Suniy nafas beradigan temir o’pka uskunasiga qo’yishadi va hayoti shu kameraga bog’liq bo’lib qoladi.
Yoshligidayoq tili bilan o’pkasiga havo yuborishni, labi bilan rasm chizishdan, yozishgacha bo’lgan ishlarni qilishni o’rganib oladi.
Maktabni a’lo baholarga tugatadi. Nogironligi sabab qabul qilmagan universitetga 2 yil harakat qilib kirib oladi.
Bakalavr, aspirantura, doktorlikni ham tugatib, yuristlikni boshlab yuboradi.
Mijozlariga yuzlab ishlarni yutib beradi. Hayoti haqida kitob ham yozadi.
Mana shu biografiya egasi Pol R. Aleksandr yaqinda vafot etdi.
Qaysidur muammoingiz dars qilishdan to’sar ekan, o’zingizga shu biografiyani eslatib turing.
Imkoniyatlaringiz muhim. Boridan qanday foydalanish esa undan ham muhimroq.
@azizrakhimov_blog