birgap | Unsorted

Telegram-канал birgap - Shokir Tursun qarashlari

4097

Shokir Tursunning shaxsiy telegram kanali. Fikr yuritiladigan mavzular: Til oʻqitish metodikasi Ona tili va oʻqish savodxonligi darsliklari Ona tili darsliklari (yuqori sinflar uchun) Metodikaga oid ilmiy ishlarga taqriz Kanalda reklama berilmaydi

Subscribe to a channel

Shokir Tursun qarashlari

Prezident maktablariga qabulning 1-bosqich natijalarini eʼlon qilindi

Bakiroo aytgan tasodifni koʻrdim-u “Yo qudratingdan!” deb yubordim. Bu normal testlarda kuzatilishi mumkin boʻlmagan holat. Balkim adashayotgandirman, rostdan ham eg mukammal tasodif roʻy bergan-u shunaqa natija chiqib kelgandir. Ammo mutaxassis sifatida men bunga ishona olmayman. Men test noxolis boʻlgan, tanish-bilish qilingan demoqchi emasman, test valid emas demoqchiman.

Validlik testdan chiqariladigan xulosaning yaroqli ekanini anglatadi. Bizning keysimizda bu PM da kimlar oʻqishini hal qilish. Butun dunyoda agar test yuqori taʼsir kuchiga ega boʻlsa uning validlik dalillari keltirilishi kerakligi tan olinadi. Ammo bizning test tashkilotlarimiz (hatto bizning xalqaro hamkorlarimiz ham) bu qoidaga amal qilishmaydi. Ana shu validlik dalillaridan biri test spetsifikatsiyasi hisoblanadi. Kitobi boʻyicha PIIMA kirish testlari spetsifikatsiyasini oldindan eʼlon qilishi kerak edi. Ana shu eʼlon qilinmagan spetsifikatsiya oqibatida testga kirayotgan oʻquvchi undan qanday koʻnikmalar talab qilinishini aniq bila olmayapti. Bu esa repetitorlarga borib yurgan bolaning imkoniyatlarini oshirib yuboradi. Natijada repetitorga borganlar va bormaganlar orasidagi katta jarlik hosil boʻladi.

Test spetsifikatsiyasi eʼlon qilinmagani sababli hamma oʻzicha tayyorlangan. Repetitorlar ham shunday qilar ekan.

Toshkent shahri, Nurafshon, Andijon, Xiva, Buxoro PMlarining test natijalari ham shuni aytib turibdi nazarimda. Faqat endi repetitorga borganlar ham omadi kelib repetitor ustozi oʻtib bergan mavzudan test tushsa yechgan. Yangi mavzuni esa bola topa olmagan. Ana shuning uchun ham bir xil ball toʻplaganlar bir xil smenada turibdi.

Bu holat testlarning umumiy vazni ham bir xil emasligini anglatadi. Chunki natijalar bir xilligi oʻquvchilar aynan bir xil variantlardagi bir xil savolni yecha olmagani hisobiga yiqilganini anglatadi.

Agar spetsifikatsiya boʻlganda (eʼlon qilinganda) edi bunaqa holat kuzatilmas edi. Hamma bir variantdagi bitta savolni yecha olmay qolish holati kuzatilmasdi.

Shaxsiy xulosam shunday: Toʻgʻri, PMda geniylar oʻqiydi, ammo valid boʻlmagan testlar sabab undan ham geniylar (yoki potensial geniylar) imtihonlardan oʻta olmayotgan boʻlishi mumkin.

P.S.: oʻzi bizning test tashkilotlarimiz testning validlik dalillarini eʼlon qilishini kutib qarib ketsak kerak. Kembrij validlik, ishonchlilik haqidagi ilmiy dalillarni eʼlon qilib qoʻya qolganda edi, shuncha gap, shuncha shubhaga oʻrin qolmasdi.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Otabek akaning gapini xotinim bilan muhokama qilganimizda u dahshatli mulohazani oʻrtaga tashladi:

Oʻsha birinchi smenada moda haqidagi savolni yecha olmagan bola (chunki u atamani bilmaydi) ikkinchi smenada moda haqida yodlab kirgan boladan koʻra aqlliroq, potensiali yuqoriroq boʻlsa-chi? Shunda imtihon oʻquvchilarni toʻgʻri saralamayotgan boʻladi-ku!

Ha, ayolimning gapida jon bor. Bu testning validligiga ham katta xavf soladi. Validligi yaxshi boʻlmagan testlarning natijasida esa ishonish xato. Ular yolgʻon gapirayotgan boʻladi.

PMga kirgan hamma aqlli deyishingiz mumkin, ammo ulardan ham aqllilar, potensial kuchli shaxslar oʻsha birgina atama sabab qolib ketgan boʻlishi mumkin.

Oʻshaning uchun ham test spetsifikatsiyasi ochiq eʼlon qilinishi kerak deyapman. Bunaqa spetsifikatsiya test boʻladigan kundan ancha oldin, imkon boʻlsa bir yil oldin eʼlon qilinishi kerak. Oʻzi bunaqa testlarda bitta spetsifikatsiya qilinib har doim shu asosda ishlanadi. Demak, PM kamida 3 yilga kechikkan.

Agar PM test spetsifikatsiyasini qayerdadir eʼlon qilgan boʻlsa-yu, men koʻrmagan boʻlsam, uzr!

P.S.: qaramay aytmadim, qidirib topa olmagach aytdim

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Maktab boshlanishiga bir yarim oy qoldi, ammo hamon baʼzi savollar ochiqligicha turibdi:

1. Boshlangʻich sinflarda “fin tajribasi” asosida yangi dastur va darsliklar chiqadi deyilgan edi. 2023 – 2024-oʻquv yilida boshlangʻich sinf oʻquvchilari qaysi dastur va darslikdan foydalanadi?

2. Yuqori sinflarda MOʻDning joriy qilinishi choʻzilishi sababidan qolib ketgan mavzular taqdiri nima boʻladi? Ular tigʻizlashtirib oʻtiladimi? Asosiy mavzularni bunday tigʻizlashtirish oqibatlari qanday hal qilinadi?

3. Milliy oʻquv dasturi 2026-yilgacha bosqichma-bosqich tasdiqlanishi kerak edi. Ushbu dasturni takomillashtirish ishlari davom etadimi?

4. RTI tashkiloti tomonidan vazirlikka taqdim etilgan darsliklar taqdiri nima boʻladi? Ular muqobil darslik sifatida bozorga kirib keladimi yoki keyinroq foydalanish uchun olib qoʻyiladimi?

Bular haqida vazirlik oʻz kanallari orqali xabar qilgan boʻlsa-yu men koʻrmay qolgan boʻlsam, oldindan uzr!

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Muallifdan tavsiyalar (2-qism)

3. Mualliflarga yetarli darajada haq toʻlang.
Hozirgi toʻlanayotgan haqlar ish hajmi va bosimga nisbatan ancha kam. Undan tashqari, qalam haqi ichida muallifning tafakkurini ishlatgani haqi juda kam. Yaʼni asosiy pul bosma taboq, rasmlar soni, hajmga bogʻlanib qolgan. Muallif sarflagan aql esa deyarli tekin baholanadi.

4. Mualliflarni tanlov asosida olayotganingiz yaxshi, ammo bu tanlovni omma uchun yanada ochiq qilish kerak. Bu sogʻlom raqobatning yuzaga kelishida katta rol oʻynaydi.

5. Mualliflar jamoasi ishini muvofiqlashtirib turuvchi sifatida oʻzidan aqlli yasab olganlarni emas, rostdan aqllilarni tanlang. Yasalgan aqllilar mualliflarni bezdirishi va ish samarasiga salbiy taʼsir qilishi mumkin.

6. Darslik mualliflari uchun oldindan yoʻriqnoma tayyorlab qoʻying. Bu yoʻriqnomada darslikda qanday pedagogik yondashuvlardan foydalanish kerakligi, tanlangan kontent qanday talablarga javob berishi lozimligi kabi koʻrsatmalar aniq-tiniq yozilgan boʻlishi kerak. Odatda, mualliflar darslik necha betdan iborat boʻlishi, qaysi mavzular asosida yozilishi, yozuvlar necha shriftda boʻlishi kerakligi kabi texnik talablardan boshqa (mazmuniy) talablarni koʻrmaydi.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Direktorning hasrati (2-qism)

Ha, direktorning gapida jon bor. Maktab odamning 11-sinfdan keyingi hayotiga javobgar emas. Undan bu funksiyani yechib tashlash kerak. Maktab oʻquvchilarga bilim bersinmi yoki bitiruvchilar ketidan yugurib yursinmi? Bundan tashqari, oliy taʼlim majburiy emas. Uni istagan odam oladi, istamagan odam olmaydi. Bu shaxsiy tanlov. Kimdir unga bu borada bosim qilishga haqli emas. Maktabning obroʻsi uni bitirgan oʻquvchilarning OTMga kirish koʻrsatkichi bilan oʻlchanishi notoʻgʻri ekanining birinchi sababi shu. Dunyodagi eng yaxshi maktabni bitirib ham hech qaysi OTMga kirishni istamaslik mumkin. Buning uchun maktab aybdor boʻlishi kerak emas. Ikkinchidan, OTMlarga qabul kvotasi maktabni bitirgan hammani qamrab ola bilmaydi. Shunday sharoitda mezonni bunday olish ahmoqlikdan boshqa narsa emas.

Ammo bechora maktab direktori nima qilsin. Undan ham hisobot soʻrashadi. Oʻquvchilarining kamroq qismi oʻqishga kirgan boʻlsa, majlislarda tikka qilib, soʻkishadi.

Oʻsha direktordan ajoyib gap eshitdim:

Yaqinda jadval keldi. Oʻtgan yili bitirgan oʻquvchilar hozir qayerda, nima bilan shugʻullanyapti? Shunga oʻxshash maʼlumotlarni yigʻib berdik. Keyin menga savol berishyaptiki, nimaga falon, falon oʻquvchilar hali ham ishsiz, oʻqishga kirmagan?

Bunaqa ahmoqona ish kimning xayoliga kelgan boʻlsa ham toʻxtatsa yaxshi boʻlardi. Mantiqni yoqib olgan holda ish tutaylik.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Bugun Respublika taʼlim markazidagi faoliyatimni yakunlayapman.

2 yillik faoliyatim davomida bu Markaz yordamida faqat oʻsdim, koʻp narsa oʻrgandim.

Markazdagi barcha jonkuyar xodimlarga ikki yillik qoʻllab-quvvatlov, taʼsir va tarbiya uchun rahmat.

Markaz direktori Shuhrat Sattorov hamda boʻlimimiz boshligʻi Feruza Olimovaga alohida tashakkur. Yaratganning oʻzi qoʻllasin ularni.

Respublika taʼlim markazi jamoasi taʼlimda oʻziga xos inqilob qila oldi, deb oʻylayman. Ishlar natijasini yana 8-9 yildan keyin koʻramiz.

Markazning keyingi faoliyatiga samara tilayman. Har doim qoʻlimdan kelgan koʻmakka tayyorman.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Maʼlumot uchun aytib qoʻyay, 24:00 degan soat yoʻq. 23:59 bor, undan keyin 00:00 boshlanadi.

Anchayin yirik savdo tarmogʻining bunday xato qilishi achinarli.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Kecha 8-"C" sinf koʻpchilikni hayron qoldirgan holda musobaqa gʻolibi boʻlgani haqida aytgandim. Bunday natijaning sabablari quyidagilar boʻlsa kerak:

1. Individuallik va jamoaviylik. Maktabda eng kuchli oʻquvchilar yigʻiladigan "A" va "B" sinf oʻquvchilarida individuallik yuqori. Ular oʻz kuchlariga toʻliq ishonadilar. Musobaqa davomida "C" sinfda jamoaviylik boshqalardan koʻra kuchli edi. Jamoa boʻlib qatnashiladigan musobaqada bu juda muhim.

2. Ruhiyat. Musobaqa davomida "C" sinfda bir-birining xatosini kechirish, oʻzini qattiq ayblamaslik bor edi. Jamoaviy bahslarda ayni mana shu omil gʻalabani yaqinlashtiradi. Biror xato javobda jamoadoshini yoki oʻzini aybdor his qilish va kechira olmaslik oqibatidagi stress musobaqaning qolgan qismida zararga ishlaydi. "C" sinf oʻshanda oʻzini ham, jamoadoshlarini kechira oladigan ruhiyatda edi.

3. Oʻzini koʻrsatish imkoniyati. Finalga chiqqan "A" sinf oldida aytarli katta maqsad yoʻq edi. Ular "A" sinfda oʻqishining oʻzi natija ekani haqida oʻylardi. Bundan tashqari, hamma aʼzolarni oʻzining individual natijasi qiziqtirardi. "C" sinf uchun esa bu musobaqa maktab maʼmuriyatiga (balkim tengdoshlariga ham) oʻzining kuchli ekanini koʻrsatib qoʻyish imkoniyati boʻlib koʻrinardi. Xayollari tarqoq, diqqati turli nuqtalarga qaratilgan "A" sinfni butun diqqatini shu musobaqaga qaratgan "C" sinf yengdi.

Bilim haqida gapirmadim, hamma oʻquvchiga bir xil mavzuni bir xil misollar bilan oʻtganman. Bilim jihatidan ularning orasida farq boʻlishi mumkin. Oʻsha kuni bilimdan tashqari omillar koʻproq rol oʻynadi.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

14-savolning javobi: imlo qoidalari
Izoh: Pushkin hamda Dantesni duelga yetaklagan maktubni aslida Dantes yozmagani keyinroq ma’lum boʻladi. Chunki fransuzcha yozilgan u xatda bir nechta imlo xatolari boʻlgan. Dantes esa imloni juda yaxshi bilgan. U bunday xatolar qilishi mumkin emas edi. Agar vaqtida imlo qoidalariga amal qilinmaganiga diqqat qilinganda Pushkin duelga chiqmagan va oʻlmagan boʻlishi mumkin edi.

15-savolning javobi: Ashxobod
Izoh: sevgi, muhabbat ma’nosini beruvchi ishq soʻzi uzoq oʻtmishda ashk, ashx tarzida ham talaffuz qilingan. Toshkentda "Ashxobod" bogʻi mavjud.

16-savolning javobi: qurut, qurt
Izoh: qurut – yegulik, qurt – hasharot lichinkasi.
“Qirol sher” multfilmida akunanamatata hayot tarzida yashovchi Timon va Pumba uchun qurtlar mazali taom hisoblanardi.

17-savolning javobi: belida belbogʻi bor
Izoh: Gʻururli, vijdonli erkaklarga nisbatan “belida belbogʻi bor” iborasi qoʻllanadi. A harfining ham “belida belbogʻi bor”. Biroq “Samsung” logosida A harfi belbogʻsiz yozilgan.

18-savolning javobi: qoralama, qoralama, qora lama
She’rim hali musavvada – qoralama,
Munaqqid, sen uni o’qib qoralama.
Qalamhaqi uchun shoshib nashr ettirdim,
Bizning yorga palto kerak – qora lama!

19-savolning javobi: Rooney (Runi)
Izoh: Savol muallifi Toshkent metro bekatlari nomlarini turistlar yaxshi yodlab olishlari uchun ayrim variantlarni taklif qilgan edi: Yunusobod, Novza, Olmazor, Chorsu bekatlari uchun variantlar sizga berildi.
“Beruniy” bekati nomini esa "Be Rooney" ya'ni "Runi kabi bo'l" deya shifrovka qilingan.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

8-savolning javobi: parhez

Izoh: rasmda diet soʻzi yashiringan. Vilkaning uchi qayrilgan boʻlishi yeyishni noqulay qilgan. Parhez qilayotganlar shunday vilkadan foydalansa boʻladi 😇

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

1-savolning javobi: e va o harflari

Izoh: “Alifbe” kitobi va alifbo soʻzlari edi. Biror til harflarining maʼlum tartibda berilgan majmuyi – alifbo. Alifboni oʻrgatish uchun moʻljallangan kitob – alifbe.

2-savolning javobi: joniga ora kirmoq

Izoh: koʻpchilik bu iborani joniga oro kirmoq deb biladi, shunday aytadi va yozadi. Aslida bu ibora jon va muammoning oʻrtasiga tushish haqida boʻlib, oro emas, ora soʻzi ishlatilishi kerak.

3-savolning javobi: behisht

Izoh: Beshariq shahrining nomi beshta ariq emas, jannat mazmunini beruvchi behisht va ariq soʻzlaridan kelib chiqqan deydiganlar mavjud. Jannat soʻzining maʼnodoshlaridan biri behisht ekanini bilishingiz sizga yordam bergan boʻlishi kerak.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

18-SAVOL

Ekranga diqqat qiling!

Tuyuq janrini bilasiz: 4 qatorli boʻladi, 3 ta qator oxirida yozilishi bir xil soʻzlar keladi. Ekranda sizga “oqlagan” tuyugʻi namuna sifatida berilgan.

Endi quyida sizga Erkin Vohidov ijodidan bir tuyuq keltirilgan. Yordam sifatida aytishimiz mumkinki, bu tuyuqda ham rang nomini uchratishimiz mumkin.

She’rim hali musavvada – ___ ,
Munaqqid, sen uni o’qib ____.
Qalamhaqi uchun shoshib nashr ettirdim,
Bizning yorga palto kerak – ___.

Diqqat savol: siz shu tuyuqda uchta qatorda tushirib qoldirilgan soʻzlarni yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

16-SAVOL

Bu ikki soʻzni koʻplar adashtiradi, chunki ularni bir xil aytamiz. Biri Markaziy Osiyoga xos yegulik boʻlsa, ikkinchisi jonzotni anglatadi. Agar birinchi soʻz oʻrniga ikkinchi soʻzni qoʻllab yuborsangiz, sizga “akunamatata” deyishimiz mumkin.

Diqqat savol: shu ikki soʻzni yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

14-SAVOL

Jamiyatimizda X ga nisbatan e’tiborni kuchaytirish tarafdorlari soni ortib bormoqda. Biroq ayrimlar X ga bee’tibor boʻlishga urinib, aybni goh texnikaga, goh vaqt tigʻizligiga toʻnkashadi. Umuman olganda X ni pisand qilmaydiganlar sizlarning orangizda ham topiladi. Bu nopisandlikdan emas, balki bilimsizlikdan, bilimga amal qilmaslikdan boʻlishi ham mumkin. Men sizga aytsam, agar oʻz vaqtida X ga amal qilinmaganiga e’tibor qaratilganida edi, balkim Pushkin bunchalik erta oʻlmagan boʻlar edi.

Diqqat savol: X ning nima ekanini ikki soʻzda yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

12-SAVOL

Savol ham, javob ham qisqa.
X bir daqiqada ikki marta, bir soniyada esa bir marta uchraydi.

Diqqat savol: X ni yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Qiziq, PMga kirish imtihonida ishlatilgan testlar aprobatsiyadan oʻtkazilganmikin, ularning diskriminatsiya indeksi nechchi ekan? Ishonchlilik koʻrsatkichlari qanday ekan? Nega bunday yuqori taʼsir kuchiga ega testning ochiqlanishi shart boʻlgan maʼlumotlari ochiqlanmagan?

Hamma narsani soʻrab olish kerak, oʻzlari bilib-bilib, qonun-qoidaga amal qilgan holda ishlashsa oʻlib qolishadi. Yana, soʻrasang aybdorsan-ey. Dushmanga qaraganday qarashadi.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Men Prezident maktablariga qabulda Kembrijday tashkilot bilvosita ishlayapti. Hammasi normal, oʻyin qoidalariga amal qilinyapti deb oʻylardim. Otabek Rahmonberganovning mana bu gapidan keyin shubha uygʻondi.

PM kanallarini, saytini titkilab chiqdim. Qabulda ishlatiladigan test spetsifikatsiyasini hech qayerdan topa olmadim.

Test spetsifikatsiyasi bu test haqida barcha maʼlumot saqlanadigan rasmiy hujjat hisoblanadi. Unda testning qaysi mavzularni qamrab olishi, kimlar uchunligi, nimalarni maqsad qilgani, qanday baholanishi kabi muhim maʼlumotlar boʻladi. Bunday hujjat har doim omma uchun ochiq boʻlishi kerak. Ammo PM bunday qilmagan ekan. Yaʼni oʻyin qoidasini qoʻpol ravishda buzgan.

Kanal va saytlarda faqat testdan namuna bor xolos. Bu spetsifikatsiya oʻrnini bosa olmaydi. Shuning uchun ana namuna berib qoʻyganmiz deb chiqishmasin. Bu gapimni Otabek akaning gapi isbotlab turibdi. Demak oʻsha yili chiqarilgan namunalarda moda haqida test boʻlmagan.

Mendagi savol shuki, PM qabul imtihonlarining spetsifikatsiyasi bormi?

Spetsifikatsiya qaysi koʻnikmalarni qamrab olganini qanday bilsak boʻladi?

Spetsifikatsiyaning Oʻzbekiston oʻquv dasturlariga mosligi toʻgʻrisida kimlar xulosa bergan?

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Sayohatchi soʻzlar

https://daryo.uz/2023/07/19/bular-aslida-ruscha-emas-rus-tiliga-ozlashgan-turkiycha-sozlar

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Muallifdan tavsiyalar (1-qism)

6 ta darslik, 6 ta oʻqituvchilar qoʻllanmasi, 4 ta mashq daftarda mualliflardan biri boʻlib ishlagan odam sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda undan yuqoridagi Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga tavsiyalarim bor:

1. Bundan keyin darslik yozdirsangiz mualliflar uchun koʻproq vaqt bering. Taxminan, mana bunday:

Darslik yozishga tayyorlanish uchun: 2 oy (odatda, bu vaqt berilmaydi)

Darslik yozish uchun: 6 oy (odatda, bu vaqt 3 oy)

Taqriz olish uchun: 1 oy (odatda, bu vaqt 1 haftacha)

Tajriba-sinov ishlari uchun: 1 oʻquv yili (odatda, bu vaqt 2 oy)

Tajriba sinovdan keyingi tuzatishlar uchun: 2 oy (odatda, bu vaqt 10-15 kun)

Oʻz tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, yuqoridagi kabi muddatlar darslikning oʻta sifatli boʻlishiga xizmat qiladi.

2. Tajriba-sinov ishlarini populyatsiyani qamrab olish jihatidan qayta koʻrib chiqing. Yangi darslik aprobatsiyasi uni oʻqiydigan populyatsiyaning barcha qatlamani qamrab olishi kerak. Odatda, tajriba-sinov bir tuman yoki viloyat bilan cheklanib qoladi. Bunday qilish aprobatsiya qoidalarini buzish hisoblanadi.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Direktorning hasrati (1-qism)

Mana bir necha yildirki, oʻquvchilarning maktabni bitirib oliy taʼlim muassasalariga kirishi foizi maktab haqida xulosa chiqarishda rasmiy yoki norasmiy ishlatilmoqda. Bu esa maktabga nisbatan ortiqcha yuk. Oʻzi maktabning ishi nima? Oʻquvchini belgilangan dasturlar asosida 11-sinfni bitirguncha oʻqitish. Imtihondan oʻtkazib, baholarini qoʻyib uni katta hayotga qoʻyib yuborish.

Amalda esa maktab maʼmuriyati nafaqat bu yil bitirgan oʻquvchilarining oʻqishga kirishi uchun masʼul, balki undan oldingi yillarda maktabni bitirib ishsiz yurganlar uchun ham soʻroq-savol qilinmoqda. Bugun uchratganim bir direktor shundan hasrat qilib qoldi:

Men chekka qishloqdagi maktab direktoriman. Bir yilda 50 tacha oʻquvchi bitiradi bizni. Ularning koʻpchiligi dehqonchilik va choʻponlik bilan shugʻullanadigan oila farzandlari. Aksar oʻquvchilarim ota kasbni davom ettiradi. Ular uchun oliy taʼlim kerak emas. Yana bir qismi esa oʻz xohishi yoki ota-ona istagi bilan chet elga ishlashga ketmoqchi boʻlganlar. Vazirlik, hokimiyat esa ular oʻqishga topshirmagani uchun mening jamoamni aybdor qiladi. Oʻzlari oʻqishni istamasa men nima qilay?

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Assalomu alaykum! Ustozlar, orangizda "Gulxan" jurnalining 2021-yil 3-sonida "Yosh dasturchi" nomli maqola chiqargan oʻqituvchi Nasiba Rahmonova bor boʻlsa, mana shu xabar ostidagi izohlarda bildirib qoʻysin. Bir masalada yordamlari kerak edi.

Rahmat!

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Yangi loyiha

Koʻpchiligimiz oʻzbek boʻla turib uning elementar qoidalarini bilmaymiz. Koʻp soʻzlarning oʻzbekchasini bilmaymiz. Oʻzimiz kundalik ishlatadigan ayrim soʻz va iboralarning asl maʼnosini anglamaymiz. Masalan, koʻchada istalgan odamni toʻxtatib “sochi taqimini oʻpadi” deb kimga aytiladi desangiz, – sochi uzun odamga – deyishi aniq. Lekin taqim nima deb soʻrasangiz, 90 foiz odam aniq bilmaydi.

Xalq taʼlimi aʼlochisi, “Ustoz – 2020” tanlovi gʻolibi, oliy toifali ona tili va adabiyot fani oʻqituvchi Zulfiya Rashidova Respublika taʼlim markazi bilan hamkorlikda “Hammabop oʻzbek tili” mualliflik loyihasini yoʻlga qoʻyibdi. Loyihada 3 – 4 daqiqalik videolar orqali imlo, grammatik qoidalar, soʻz va iboralarning qoʻllanishi va mazmuni tushuntirib borilar ekan.

Shaxsan men bu loyiha nafaqat oʻzbek tilini oʻrganuvchilarga, balki oʻrgatuvchilarga ham kerak deb oʻylayman. Darslarda qoʻyib berish, oʻquvchilarga vazifa qilib berish ham mumkin.

Loyihaning YouTubedagi manzili: Hammabopozbektili/videos" rel="nofollow">https://www.youtube.com/@Hammabopozbektili/videos

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

Rossiya mustaqil davlat boʻlgan qoʻshnisiga hujum qilmaganda, urush boʻlmagan ham boʻlardi.

Siyosatchilarning vaziyatni talqin qilishi jirkanch kechadi.

Medevdevning gaplarini "ana, toʻgʻri aytdi", "toʻgʻri-toʻgʻri", "haqiqatni gapiribdi" deya olqishlash uchun odam qanday boʻlishi kerak?

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

9-savolning javobi: kruassan (“croissant” ham qabul qilinadi)
Izoh: yarim oy shaklidagi xamirli taom kruassan haqida soʻralgan edi. Oshxonadan uzoqlashmang degan jumla sizga yordam berishi kerak

10-savolning javobi: kitob chop etish qurilmasi
Izoh: Kitob chop etish boshlangach, odamlar Injil hamda boshqa kitoblardan bahramand boʻlganlari hisobiga cherkovning aqidalariga shubha bilan qaray boshlashgan, yaʼni “aynishgan”.

11-savolning javobi: senat raisi
Izoh: Senat Raisi oliy mansab boʻlganligi uchun ikkala soʻz ham bosh harfda yozilishi kerak, qolganlarda faqat birinchi soʻz bosh harfda boʻladi.

12-savolning javobi: a harfi
Izoh: bir daqiqa – ikkita “a” bor, bir soniya – bitta “a” bor.

13-savolning javobi: sovitkich (muzlatkich)
Qabul qilinmaydi: sovitgich, sovutkich, muzlatgich

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

4-savolning javobi: kenguru

Izoh: kenguru soʻzi Avstraliya aborigenlari tilidan tarjima qilinganda "tushunmadim" degan maʼnoni anglatadi. Yevropaliklar quyonga oʻxshash, lekin katta va xaltali hayvonini koʻrsatib, uning nomini soʻrashganda, savolga tushunmagan aborigenlar kenguru, yaʼni tushunmadim deya javob berishgan. Darsdan ruxsat soʻraydiganlar ham mavzuni tushunmadim, kirsam maylimi deb soʻrashadi. Kenguru olimpiadasi ham mavjud.

5-savolning javobi: kirpik (kiprik qabul qilinmaydi)

Izoh: kiprik soʻzni qadimda kirpik shaklida boʻlgan.

6-savolning javobi: sovitkich yoki muzlatkich

Qabul qilinmaydi: sovutgich, muzlatgich, sovitgich

7-savolning javobi: Jizzax

Izoh: toshdan chiqadigan ovoz – jiz. Jiz va oq soʻzlari jizzoq boʻlgan. Keyinchalik talaffuz oʻzgarib jizzax shakliga kelgan degan faraz mavjud.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

19-SAVOL

Ekranga diqqat qiling!
Savol muallifi yurtimiz mehmonlariga ayrim soʻzlarimizni oson yodlab qolish uchun siz koʻrib turgan variantlarni taklif qildi.

Bu variantlar umumiylikka ega nomlar sanalib, ular poytaxtimizga tashrif buyurgan xorijliklar uchun qoʻl kelishiga ishonamiz.

Diqqat savol: shu kabi variantlardan biri boʻlgan oxirgi jumlada qoldirib ketilgan sportchi nomini yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

17-SAVOL

Bu ibora 3 ta soʻzdan iborat va barcha soʻzlar bir xil harfdan boshlanadi. Ibora faqat erkaklarga qoʻllanadi va “ori, nomusi, vijdoni bor” degan ma’nolarda ishlatiladi.

Bir shoir harflar haqidagi she’rida katta “A” harfiga nisbatan ham shu iborani qoʻllagan. Lekin “Samsung” logotipiga bu ibora mos emas.

Diqqat savol: shu iborani yozib bering

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

15-SAVOL

Qadimda soʻzlarning biroz boshqacha talaffuz qilinganini bir necha bor takrorladik. Buni yodingizdan chiqarmaysiz degan umiddamiz.

Parij butun dunyoga sevgi shahri deya tanilgan. Men bunga qoʻshilmayman. Aslida haqiqiy sevgi shahri Markaziy Osiyoda. Bu shaharning nomi Toshkentda ham bot-bot tilga olinadi.

Diqqat savol: shahar nomini yozib bering

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

13-SAVOL

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri oʻzi foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqni UNGA oʻxshatadi. Foydalanuvchining fikricha, UNI ochib qaraysiz, arzigulik hech narsa yoʻqligini koʻrasiz, lekin buni bila turib birozdan keyin UNI yana ochib koʻrasiz. U narsa deyarli hammaning uyida bor, demak siz ham bunday holatga duch kelgan boʻlishingiz tabiiy.

Diqqat savol: oʻtgan oʻyindagi xatoni takrorlamasdan, Uning nima ekanini aniq yozib bering.

@birgap

Читать полностью…

Shokir Tursun qarashlari

11-SAVOL

sogʻliqni saqlash vazirligi, milliy tiklanish demokratik partiyasi, xalq demokratik partiyasi, iqtisodiyot va moliya vazirligi, bosh vazir, senat raisi

Diqqat savol: Ona tili darslarida oʻrganilgan qoidalarni yaxshilab eslang va yuqoridagilar orasidan bitta ortiqchasini yozib bering.

@birgap

Читать полностью…
Subscribe to a channel