Ba'zida oddiy knopkali telefon ishlatib detox qilsammikan deb o'ylab qolaman. Ammo ishim va o'qishimdagi vazifalar telefonda bajariladi.
Hamma ijtimoiy tarmoqlarni tark etib, dunyodan uzilib olish ham imkonsiz. Endi bitta oddiy telefon olib, asosiy telefonimni ertalab, tushlik va kechki payt yigirma daqiqa ijtimoiy tarmoqlarga bir mo'ralab chiqaman.
Time killer gadjetlardan tiyilib, yotvolib reels ko'rishga ketadigan vaqtda foydali narsalar bilan band bo'lish kerak.
P/s - nima deb o'ylaysiz: qanaqa knopkali telefonlar yaxshi?
@gullayotganyurak
"Zulmat ichra nur" ni nihoyat yigirma kun deganda o'qib tugatdim. Eng sudralib, judayam sekin o'qigan kitoblarimdan biri bo'ldi, chunki o'zim xohlab o'qimagandim.
Kitob shunchaki o'zimda mavjud bo'lgani uchun o'qilmay qolib ketmasin deb mutolaani boshladim.
Hayot qisqa, ammo o'qiladigan kitoblar ko'p. Hali saksonga kiramanmi yoki o'ttiz yoshga ham yetolmaymanmi: buyog'i qorong'u.
Endi majburan kitob o'qimaslikka qaror qildim. Bu uchinchisi edi va boshqa qaytarilmaydi.
Muhimi eng yaxshi kitoblarni vaqt va sharoit borligida o'qib qolish kerak.
@gullayotganyurak
Hayot faqat kitobdan iborat emasligini tushunib yetganingda ulg'aygan bo'lasan...
@gullayotganyurak
Har doim ham o'qigan kitoblarimning ma'nosini chuqur anglay olmayman. Adabiyotdan ancha uzoq sohada o'qiyotganimni hisobga olsa, hozircha bu normal holat. Hozircha deyapman.
Yashik odamning yashigini deyarli umuman yechmay yurishini hech narsa qilishga holi qolmagan va hayotdan charchab introvertlashib qolgan odamga o'xshatdim.
O'qigan kitoblarimdagi qahramonlarning kayfiyati manga ham yuqadi. "Yashik odam" ni qishda o'qigandim.
O'sha vaqti o'zi midterm lardan past ball oldim deb dunyo ko'zimga qorong'u ko'rinib yurgan vaqtlari yana kayfiyatimni yer bilan bitta qilib tashlaydigan asar o'qiganman. Endi holatimni tasavvur qilavering).
Kitobga deyarli tushunmaganman. O'qiganlar o'z fikrlaringiz bilan bo'lishsangiz xursand bo'lardim✨.
@gullayotganyurak
"Kitoblaringizni boshqalarga bermang. Ular baribir qaytarishmaydi. Mening kutubxonamdagi kitoblar barchasi boshqalarning kitoblaridir!"
✍Anatol Frans
@gullayotganyurak
gullayotganyurak blogimning instagramdagi obunachilari soni 2000 tadan oshdi.
kitob_house admini Ilhom aka bilan birga video ishladik. "Akademnashr" tomonidan berilgan kitoblarni metroda kitob o'qiyotganlarga ulashdik.
Negadir har ishda qovun tushirmasam hisobmas. Bitta qiz kitob o'qiyotganini ko'rib, videoga tushib berolasizmi, kitob hadya qilmoqchimiz, deb so'ramoqchi bo'lib, Ilhom aka va operatorimiz Shahzodni kutmasdan vagonga chiqdim, afsuski poyezd tez ketib qoldi va ular qolib ketishdi.
Poyezd kelishini ancha kutdim. Mikrafon manda edi, ortga qaytdim. To'rt soat ketdi videoni tasvirga olish uchun, ammo biz ko'rgan kitob o'qiyotgan odamlar soni atigi o'nta ham chiqmadi.
Kitobimni doim o'zim bilan sumkamda olib yuraman, shovqin halaqit bermasin deb metroda o'qimayman. Endi kitobimni hech bo'lmasa qo'limda ushlab yuraman, kimdir ko'rib zero kitob o'qigisi kelib qolsa.
Xullas, kechagi kunim ajoyib o'tdi. Intstagram sahifamizga ham obuna bo'lib, tez layk bosib kelinglar endi💃.
@gullayotganyurak
Kimgadir oʻqishga berib, qaytib ololmagan kitoblaringiz nomini yozingchi🧐.
@gullayotganyurak
Umrimda ilk bor nimani xohlayotganimni aniq bilaman. Bu otamga yoqadimi yoki yo'qmi, o'z istagimga erishaman.
📚O'lik shoirlar jamiyati
Ovqatlanishga borasiz: ba'zi ofitsantlar ovqatingizni taq etib oldingizga qo'yadi, taksiga chiqasiz: haydovchi muammosini gapiradi, kassada qovog'ini solib o'tirgan kassir. Bularning hammasi qilayotgan ishidan zavq ololmayotganidan.
Farzandim kelajakda yaxshi yashasin, deb ota-onalar bolaning qiziqishlari bilan o'rtoqlashmaydi, adabiyotga qiziqqan bolani tibbiyot sohasida o'qishga majburlaydi.
"O'lik shoirlar jamiyati" kitobida o'z orzulari tomon intilgan, ammo kattalarning ta'qiqlaridan azob chekkan o'smirlarning taqdirini ko'rish mumkin.
Maktabda ertadan kechgacha robotdek o'qiyotgan, zerikarli darslar va vazifalar joniga tekkan yoshlarning atigi bitta yupatuvchisiga aylangan Jon Kiting ismli adabiyot o'qituvchisini ham ko'p ko'rishdi.
Ota-onalar bolalarimga yaxshilik qilyapman deb ularning orzularini bo'g'ib o'ldirayotganini ko'p hollarda tushunishmaydi.
P/s - Nasib etsa men bolalarimni o'zlari istagan sohada o'qitaman.
@gullayotganyurak
- O'qishing tugadimi?
- Tugadi.
- Senga uylanoqmoqchi bo'lgan bittasi bor edi. U nima bo'ldi.
- U ham tugadi.
- Unda men ham tugadim, qizim. Sendan xushxabar kutaverib sabr kosam to'ldi.
P/s - o'qishi tugagan qizlarga jo'natib, instagramda ham layk bosib kelamiz.
@gullayotganyurak
#offtopic
Buyuk Ipak Yo'li metrosi tarafdagi Baraka marketning oldida bir nogiron yigit tilanchilik qilib o'tiradi. Bitta oyog'i yo'q.
Kiyinishi yaxshi: kepka, naushniksiz o'tirganini deyarli ko'rmadim. O'tib ketayotib telefonda so'kinib gaplashayotganini eshitdim. Avval rahmim kelardi shu odamga, endi esa nafratlanyapman.
Nogiron bo'lsa ham u erkak kishi, tilanchilik qilib o'tirishga qanday yuzi chidayaptiykin?!
Hozir jismoniy emas, aqliy mehnat qilib yaxshi daromad qilsa bo'ladi. Kopirayting, dasturlash, grafik dizayn kabi sohalarni o'rganib masofaviy ishlasa, tilanchilikdan ko'ra ko'proq pul topadi.
Xo'p, balki o'rganishga puli yo'qdir, kimdandir yordam olsin, bir ilojini qilsin. Umr bo'yi tilanchilik bilan kun o'tqizmaydi-ku, axir.
Xullas, o'sha yigit tayyor pulni olaverib o'rganib qolgan, o'zi harakat qilgisi kelmaydi yoki man vaziyatni bilmay turib shoshib qaror chiqaryapman.
Yuqoridagi gaplarni o'ziga tushuntirib aytmoqchi edim, ammo tanimagan odamimga tomdan tarasha tushganday borib aql o'rgatgim kelmadi.
P/s - nima bo'lgan taqdirda ham olma pish, og'zimga tush deb o'tiraverish kerak emasda.
@gullayotganyurak
"Bular qishlog'imizning oldi odamlari, o'qimishli, ziyoli kishilari... Nega kitob o'qishmayapti degani nega pianino chalishmayapti degandek gap. Shuurni kitob o'qishga o'rgatish barmoqlarni pianino chalishga o'rgatishdan ko'ra osonroq ish emas, aslida. Bu ish uchun tayyorgarlik kerak. Ruhan, jismonan tayyorgarlik. Mutolaa - bir kitobdan olingan taassurotlarga tayanib o'z ruhiy dunyosini yaratmoq, uning ichida yolg'iz yashay olmoqdir. Bu esa bolalikdanoq boshlangan uzluksiz izlanishlar va qunt bilan qilingan mashqlar natijasidir. Nima, siz kitobni faqat ermak deb o'ylaganmidingiz?"
📚"Olcha gullari"
✍Yasunari Kavabata
@gullayotganyurak
Mirkarim Osimning "Zulmat ichra nur" asarini ko'pchilik abituriyentlik vaqtida o'qigan bo'lsa kerak.
Ta'lim olayotgan soham IT, ammo bu kitobni o'qish davomida ona tili va adabiyot fanidan tayyorlanayotgan abituriyentlarga rahmim keldi. Sizlarga sabr🥲.
Navoiy timsolida komil inson, adolatparvar rahbar, buyuk shoir va eng muhimi haqiqiy insonni ko'ramiz. Asar davomida Navoiy o'zining g'azabini yengib, o'ziga yomonlik qilmoqchi bo'lgan dushmanlariga odil munosabatda bo'lgani yoqdi.
Kitobni o'qib bo'lgach, Navoiyga rahmim keldi: o'lganidan so'ng ortidan chirog'ini yoqib o'tiradigan farzandi yo'q. Ammo shoir qilgan yaxshiliklarni sanab tugatib bo'lmasa kerak.
Navoiyga o'xshab ko'p narsaga ulgurish kerak, yo'qsa o'lganimizdan so'ng qarindosh-urug'larimizdan boshqa hech kimning esiga kelmaymiz.
@gullayotganyurak
Muvaffaqiyatli insonlarning xislatlari:
Ozoda va tartibli bo'lish,
Kech qolmaslik,
O'rganishdan to'xtamaslik.
Birinchisiga to'xtalsak, tartibsiz joyda miyaga hech narsa kirmaydi. Toza va chiroyli atmosferada dars qilish kimga yoqmaydi?
Kech qolmaslik - eng og'riqli nuqtam. Doim emasu, ko'p hollarda kechikib boraman.
O'rganishdan to'xtamaslik uchun esa o'zimizga yoqqan mashg'ulotlarni bajarsak, bilim olishda davom etgimiz kelaveradi.
Ha, aytgancha: instagramga oxirgi joylagan videomni ham ko'rib, "padderjka" qilib kelinglar. https://www.instagram.com/reel/CsXxxukM3dd/?igshid=MzRlODBiNWFlZA==
P/s - Sizlarda qaysi xislatlar mavjud va mavjud emas?
@gullayotganyurak
MUHABBAT
Ko‘chaga chiqaman zerikib uydan,
Bahordan oldingi
sovuq kunlarda.
Ehtiyot qilaman o‘zimni ammo
Baribir kiradi ichimga sovuq.
So‘ng yana shoshgancha
qaytaman uyga,
Sovqotmasin, deyman
ko‘nglimdagi qiz...
✍Humoyun Fattoh
2019
@gullayotganyurak
"Men doimo jannat kutubxonaga o'xshagan joy bo'lsa kerak deb o'ylayman".
✍Xorxe Luis Borxes
Bugun Samarqanddagi Pushkin nomidagi kutubxonaga bordik. Menga eng yoqqan joy bolalar xonasi va u yerdagi bolalar uchun yozilgan kitoblar hamda o'yinchoqlar bo'ldi. Judayam ajoyib atmosfera.
Zomin yosh ijodkorlar seminarining hududiy bosqichiga kelgandik. Tanaffus vaqti bolalar xonasiga kirsam, bir yoshi kattaroq ayol ikkita nevarasini qarab o'tiribdi: besh yoshlar atrofidagisi o'yinchoqlarni quchoqlab uxlab qolgan, besh oylik chaqaloqni esa ovqatlantiryapti.
Ayolning kelini bolalar adabiyotida ijod qilarkan, har safar shunday tadbirlarda qaynona kelini bilan bolalarini qarab turgani kelarkan🫶✨.
Bolalar xonasidagi ajib atmosfera va mehribon qaynonani ko'rib, rosa xursand bo'lib ketdim.
P/s - hamma o'qiyman degan qizlarga shunaqa mehribon qaynona nasib qilsin🤲❤️✨.
@gullayotganyurak
"Choy damla"
Er har kuni ishdan kelib xotiniga faqat:
- Choy damla, - derkan.
Bir kuni xotinining jahli chiqib:
- Har kun shu ahvol: "Bor choy damla", "Ovqating tayyormi?", - deyaverasiz. Qachon biz ham madaniyatli insonlarga o‘xshab gaplashib o‘tiramiz?! - debdi...
Ertasiga ishdan kelib xotiniga:
- Jonim, Sahobalar qissalardan o‘qiganmisan? - debdi.
- Yo‘q.
- Senga kimning qiroati yoqadi: Аbdulbositnikimi yoki Minshaviynikimi?!
- Kim ular?
- Muhammad payg'ambarimizning hadislaridan birortasini yodlaganmisan?
- Yo‘q, yodlamaganman.
- Hech bo'lmasa "O‘tgan kunlar"ni o‘qiganmisan?!
- Yo‘q.
- Tur, choy damla!
Bu hikoya biroz kulgili tuyulishi mumkin, lekin uning mazmuniga yaxshilab e'tibor bersangiz, insonni yig'lashga majbur qiladi.
Qiz bola nima uchun ilm olishi kerakligining yana bir sababi ham shunda mujassam.
@gullayotganyurak
Har doim ham kitob o'qishga o'zimizda kuch va iroda topish qiyin.
Mana shunaqa paytlarda dars qilishga holim yo'q, umuman kitob o'qimay qo'ydim, deb o'zimizni yanayam battar qiynagandan ko'ra shunchaki hamma ishni to'xtatib, biror tinch va sokin joyda dam olgan ma'qul.
Agar avval qattiq bosim bilan ishlagaman bo'lsangiz, miya ham ko'p ma'lumotni qabul qilaverib charchaydi yoki bunday holatga ko'nikishi qiyin kechadi.
Charchagan vaqtda shunchaki to'xtab dam olish kerak, taslim bo'lish emas!
@gullayotganyurak
Xonamdagi shinam kitob javonimni sog'indim. Uyga borib kitoblarimni qaytadan taxlayman, manimcha endi pastdagi qatori ham bemalol to'ladi.
Hozir kitoblarim divan tagida turibdi, man yo'q paytim kimdir kelib asta "uxlatib" ketmasligi uchun yashirib qo'yganman😌. Ha, bilaman, judayam qizg'anchiqman kitoblar borasida.
Singlimga ishonaman, kitoblarimni begona ko'zlardan astoydil himoya qiladi.
@gullayotganyurak
"Sevgan qizing bo'lsayu, u bilan matematika, tarix, kelajak, siyosat, falsafa, psixologiya, musiqa, kino, iqtisod, she'riyat, fizika haqida ma'noli ham mazmunli suhbat qurolsang...
Shunaqa qiz bilan bir umr chala pishgan kartoshka va tayyor ovqatni buyurtma qildirib yeb o'tishgayam rozi edim!"
P/s - qiz bolaga, umuman ayol kishiga uy xizmatkori sifatida qaramaydigan yigitlar ko'payaversin.
✍@mavlonozidan
@gullayotganyurak
Orzularingiz rostdan ham o'zingiznikimi? Yoki jamiyat qolipiga solib, standartlashtirilgam hoy-havaslarni "orzuyim" deb yuribsizmi?
@gullayotganyurak
Kitob o'qib dunyoni qutqara olmaysiz ammo dunyodan biroz o'zingizni qutqara olishingiz mumkin!
@gullayotganyurak
To'rt yoshli qiz bola jiyanimga kimdir unga tegajog'lik qilmoqchi bo'lsa kattalarga aytib berishi haqida tushuntirdim.
Jiyanim ko'pincha o'g'il bolalar bilan o'ynaydi. Avvalasiga "bog'chada jo'ralarim bilan don don ziki o'ynasamam aytib beraymi", dedi. Keyin tana a'zolarining aynan qaysi qismini o'g'il bolalar yoki begonalar tegishi mumkin emasligini aytdim.
Yosh boladan savol qaynab chiqadi. Kasal bo'lib qolganimda o'g'il bola do'xtirga ukol qildirmaymi, deb so'radi. Ayasi yoki buvisining oldida o'g'il bola doktorga ham ukol qildiraversang bo'ladi, dedim.
Yosh bolaga ham bola tilida tushunarli qilib uqtirib borish zo'ravonlikning oldini olish uchun kichik qadamcha. Jiyanim mabodo shunaqa vaziyatga duch kelib qolsa ham, (avvalasi hech kimda bunday holat bo'lmasin), nima bo'layotganini va nima qilish kerakligini biladi endi.
Bu narsani faqat kichkina qizchalarga emas, o'g'il bolachalarga ham sodda va bola tilida yaxshilab tushuntirish kerak.
https://youtu.be/HFOHT2Ljkhs - mana shu videoni ko'rsangiz jinsiy zo'ravonlik haqida yosh bolalarga qanday tushuntirish kerakligi haqida multfilm ishlangan. Ingliz tilini bilmaydiganlar ham bemalol tushuna oladi.
@gullayotganyurak
🎥"Interstellar" filmini ko'rib tugatdim yaqinda. Hayotimni tubdan o'zgartirib, dunyoqarashimni ostin-ustin qilib yubordi, deyolmayman-u, ammo vaqtimni qadrlay boshladim.
Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarga ko'p vaqtimni sarflab yuborayapman. Zahiraga g'amlab qo'ygandek, qimmatli vaqtim, ya'ni bir necha soatlarni suvga oqizgandek isrof qildim.
Kino haqida gapiradigan bo'lsak, bosh qahramon boshqa sayyoraga jo'natiladi va u yerda o'tgan bir soat vaqt Yerdagi yetti yilga teng.
Tasavvur qiling, bilmay sarflab yuborilgan uch soat, ya'ni yigirma bir yil davomida Yer sayyorasida qolgan yaqinlaringiz vafot etadi, farzandingiz ulg'ayadi, ammo siz o'sha-o'sha ko'rinishda qaytasiz, qarimaysiz.
Bosh qahramon mendan farqli ravishda ko'p vaqt yo'qotmaslik harakatida, men esa vaqtimni behuda sarflayotganimni bilib ham ba'zida tezroq harakat qilmayman.
Vaqtingizni to'g'ri sarflashni istasangiz, kinoni albatta tomosha qiling.
@gullayotganyurak
Kitob o'qish bir bahona edi, sahifalar orasidan seni izladim...
@gullayotganyurak
Mart oyini birorta ham kitob mutolaa qilmay besamar o'tkazib yuborganim bilan o'zimni-o'zim tabriklayman!
@gullayotganyurak