👩💼Umarova Xilola Uktamovna 🇺🇿Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri 🇺🇿O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasi tadqiqotchisi
Buyuk Britaniya safari: yangi kelishuv va hamkorliklar
Vazirlik delegatsiyasi bilan Buyuk Britaniyaga safar qilib, Londonda tashkil etilgan Butunjahon ta’lim forumida ishtirok etdik.
Dunyodagi 130 dan ortiq ta’lim sohasi vakillari qatnashgan ushbu nufuzli xalqaro tadbir doirasida qator uchrashuvlar ham o‘tkazdik. Safar va undagi uchrashuv, natijalar haqida qisqacha ma’lumot bersam.
ICESCO tashkiloti bosh direktori Salim al Malik bilan uchrashib istiqboldagi hamkorlik, birgalikda ta’lim yo‘nalishiga doir xalqaro konferensiya o‘tkazishni muhokama qildik.
Cambridge University Press & Assessment tashkiloti bilan Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetini transformatsiya qilish va mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga oid kelishuv imzolandi.
Vazirlik va VSO (Volunteers Services Overseas) tashkiloti o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolandi. Unga ko‘ra, yurtimizdagi umumta’lim maktablariga xorijdan malakali mutaxassis va volontyorlar, 500 nafardan ortiq britaniyalik o‘qituvchilar jalb qilinadi.
Buyuk Britaniya Parlamenti Davlat kotibi o‘rinbosari — Erta yoshdagi bolalar ta’limi vaziri Stiven Jeyms Morgan bilan bolalarni sog‘lom ovqatlantirish yo‘nalishidagi ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ham fikr almashdik.
Safarimizning unutilmas uchrashuvlaridan biri O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasi sovrindorlari bilan muloqotimiz bo‘ldi. Harakatchan, ilmga chanqoq qorako‘zlarimiz bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari yaqinda imzolagan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirishga oid farmon, unda yoshlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida gaplashdik.
Bundan tashqari Kembrij shahrida “Maktab liderligini rivojlantirish” dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan maktabgacha va maktab ta’limi tizimi vakillari bilan ham uchrashishga ulgurdik.
@hilola_umarova
Bolalar xavfsizligi uchun muhim qaror: maktab va bog‘chalar oldiga 30 km tezlikda harakatlanish belgisi o‘rnatiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-sentabrgacha Ichki ishlar vazirligi tomonidan maktab va bog‘chalar atrofida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi. Jumladan, mazkur ta’lim muassasalari oldiga soatiga 30 kilometrdan ortiq harakatlanishni taqiqlovchi yo‘l belgilari, radar va maxsus texnika vositalari o‘rnatiladi.
Mazkur hujjat farzandlarimiz xavfsizligi uchun qabul qilindi. Hurmatli haydovchilarni bogʻcha, maktablar yonidan oʻtishda yanada e’tiborliroq boʻlishga chaqiramiz.
@hilola_umarova
Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi
Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda, bu borada alohida qonun ham qabul qilingan.
“To‘g‘ri, bugungi kunda yoshlar ma’naviyati bilan hamma shug‘ullanayapti.
Lekin, zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularni targ‘iboti, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha professional tashkilot yo‘q”,
Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab tashkil etiladi
Chetda o‘qiyotgan yoshlarimizning atigi 1 foizi “Top-100”dagi oliygohlarga kirgani ko‘rsatib o‘tildi. Vaholanki, “Top-10” bilan “Top-200”dagi ta’lim narxi bir biridan atigi 15-20 foizga farq qiladi.
“Yoshlarimiz juda iqtidorli. Ularni tizimli yo‘naltirib, oliygoh tanlashga ko‘maklashib, maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘ysak bo‘ldi, ko‘rsatkichlarimiz karrasiga oshadi”,
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab ta’limi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boʻlib oʻtmoqda.
“Dunyoda isbot talab qilmaydigan bir haqiqat bor: har qanday mamlakat taraqqiyoti sog‘lom va bilimli avlodga bog‘liq.
Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida sog‘lom, bilimli, teran fikrli, vatanparvar yoshlarni tarbiyalash uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz shart va zarur”,
- dedi davlatimiz rahbari.
Oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilgani, joriy yilda bunga 60 trillion so‘m yo‘naltirilayotgani ta’kidlandi.
Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi.
Malaka, til bilish, yangi baholash tizimi, fan olimpiadalari kabi mezonlar asosida o‘qituvchilarga 10 dan ortiq ustama joriy qilindi. Bundan samarali foydalangan 60 ming o‘qituvchi hozirda 8-12 million so‘m maosh olayapti.
Bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashdi. Yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari, o‘rinbosarlari va bog‘cha mudiralarining ish haqi 7-10 million so‘mdan oshadi.
@hilola_umarova
#qabul_2025
2025/2026-o‘quv yili uchun Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjatlar qabuli iyun oyida amalga oshiriladi.
Talabgor o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun qulaylik yaratish maqsadida:
murojaatchilarning savollariga javob berish uchun 1206 qisqa raqamli call-markaz faoliyat boshlagan;
shuningdek, murojaatchilar uchun qoʻshimcha ravishda maxsus piima_admission chatbot yaratildi;
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi barcha Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarda maxsus shtablar tashkil etildi.
Mazkur shtablar har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi. Malakali mutaxassislar hujjat topshirmoqchi bo‘lgan talabgorlarga amaliy yordam ko‘rsatadi.
2025/2026-o‘quv yili uchun mazkur maktablarga hujjatlar qabuli iyun oyida onlayn shaklda my.gov.uz yoki ariza.piima.uz saytlari orqali amalga oshiriladi.
Kirish imtihonlari joriy yilning iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi.
Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablarga hujjat topshirayotgan bilimdon o‘quvchilarimizga omad tilayman!
@hilola_umarova
Qadrli ustozlar,
Aziz oʻqituvchi va murabbiylar!
Bugun shonli tariximiz lavhalaridan soʻzlovchi yana bir muhim sana — "9-may — Xotira va qadrlash kuni" yurtimizning barcha goʻshalarida keng nishonlanmoqda.
Aytish lozimki, ota-bobolarimizning Vatan tinchligi va yurt ravnaqi uchun qilgan jasorati va fidoyiligi barchamiz uchun qadrli va azizdir.
Bugungi tinch va osuda hayotimiz, farzandlarimizning baxtli kelajagi uchun qilingan bu qahramonliklar asrlar davomida xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Shu bilan birga istiqlolimiz va hozirgi faravon turmushimiz uchun jon fido qilgan maʼrifatparvar jadid bobolarimiz, ilm yoʻlida zahmat chekkan minglab vatandoshlarimiz yodi ham biz uchun muqaddasdir.
Ushbu bayram kunida barchangizga sogʻliq-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, Oʻzbekiston kelajagi boʻlgan barkamol avlodga taʼlim-tarbiya berishdagi fidokorona faoliyatingizda omad tilayman.
@hilola_umarova
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan Karimova Eʼzozxon Gapirjanovna Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari – Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti rektori lavozimiga tayinlandi.
Eʼzozxon Gapirjanovna tizimda uzoq yillik tajribaga ega mutaxassis. U “Yangi Oʻzbekiston” universiteti prorektori, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi boʻlimi boshligʻi, direktor maslahatchisi kabi vazifalarda samarali mehnat qilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi isloh qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Oldimizda juda katta vazifa – universitetning boshqaruv tizimini “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tajribasi asosida tubdan takomillashtirish, taʼlim sohasi uchun sifatli kadrlar yetkazib berish vazifasi turibdi.
Bugungi tayinlov katta ishonch bildirilganidan dalolat. Jamoamiz bilan Eʼzozxon Gapirjanovnaning kelgusi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyat tilayman!
@hilola_umarova
#PISA_2025
Ertaga mamlakatimizda PISA 2025 xalqaro sinovlariga start beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan PISA 2025 asosiy sinovlariga tayyorgarlik bosqichida test administratorlari uchun maxsus treninglar tashkil etildi.
Unda kompyuter va texnik qurilmalarni soz holatda tayyorlash, AKT mutaxassislarining vazifalari, shuningdek, umumiy tashkiliy jarayonlar bo‘yicha zaruriy ko‘nikmalar berildi.
Ma’lumot uchun: joriy yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafarga yaqin 15 yoshli oʻquvchining bilimi PISA xalqaro dasturi orqali baholanadi.
Batafsil videolavhada tanishishingiz mumkin.
@hilola_umarova
Президент Шавкат Мирзиёев Ал-Хоразмий университетини ташкил этиш бўйича тақдимот билан танишди.
—
Президент Шавкат Мирзиёев ознакомился с презентацией о создании Университета Аль-Хорезми.
#Mirziyoyev #taqdimot #universitet #AlXorazmiy
Prezident.uz|Facebook|Instagram|YouTube|X
Qiz bolaning vazifasi oʻqish emas, faqat roʻzgʻor, deya fikr yuritadiganlar, sizlarni “Raqamli avlod qizlari” loyihasi bilan tanishtirishni xohlardim.
Loyiha atrofida birlashgan qizlar jamiyatimizdagi koʻplab ijtimoiy muammolarga befarq emas. Ular tabiatimiz, iqlimimiz, taʼlim va ijtimoiy hayotimizni yanada yaxshilash uchun qimmatli gʻoyalarini taklif etmoqda.
Gʻurur bilan aytamiz, 2021-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Raqamli avlod” maʼrifiy loyihasi shu kungacha 7000 dan ziyod qizlarni kashf etdi. Loyiha ichida yaratilgan qanchadan-qancha gʻoya, startaplar yirik loyihalarga aylandi. Joriy yildagi qizlarimiz ham juda faol ishtirok etdi. Ularning ayrimlarini sizlarga tanishtirish uchun mana shu videorolikni ulashyapman. Havas qilishingizga ishonaman.
Aqlli qizlarim, sevimli singillarim, yildan yilga safingiz kengayaversin, sizlarni yaxshi koʻraman. Barcha loyihalarimiz zamirida sizlarning bilim-salohiyatingizni yuzaga chiqarish, qoʻllab-quvvatlash maqsadi yotibdi!
@hilola_umarova
#ochiq_kutubxona
Yaqinda Samarqandga borganimda viloyat Pedagogik mahorat markazi hovlisidagi ochiq kutubxona e’tiborimni tortdi.
Qiziq tashabbus. Menga juda yoqdi, sizlarga-chi?
@hilola_umarova
Qardosh Turkmanistondan tashrif buyurgan qadrdon mehmonimiz — muhtarama Oguljahon Gurbanguliyevna Atabayevani O‘zbekistonda kutib olishdan benihoya mamnunman.
⠀
Bugun biz birgalikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi va Samarqand shahridagi inklyuziv ta’lim markazida bo‘lib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olish imkoniyatidan teng foydalanish uchun sharoit yaratish ishlari bilan tanishdik.
⠀
Ushbu uchrashuv bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo’shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun yaxshi asos bo‘lishiga ishonaman!
⠀
—
Искренне рада приветствовать в Узбекистане уважаемую Огулджахан Гурбангулыевну Атабаеву — дорогую гостью из братского Туркменистана.
⠀
Сегодня мы вместе посетили центр социальных услуг «Инсон» и инклюзивный образовательный центр в Самарканде, где ознакомились с практиками поддержки уязвимых категорий населения и создания условий для равного доступа к образованию.
⠀
Уверена, что эта встреча станет хорошей основой для развития совместных инициатив в поддержку детей и семей!
STEAM innovatsion taʼlim markazi ochildi
Bugun kunimiz yaxshi yangilik bilan boshlandi. Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Ozarbayjon Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan STEAM innovatsion taʼlim markazi ochilish marosimida ishtirok etdim.
Prezidentimiz qarori asosida tashkil etilgan va loyiha qiymati 15 mlrd soʻm boʻlgan ushbu zamonaviy markaz jami 9 ta laboratoriya, uchrashuvlar va boshqaruv xonalaridan iborat.
Bugungi tadbirimiz markazimiz uchun Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi tomonidan 551 ming AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy laboratoriya hamda mebel jihozlari begʻaraz yetkazib berilgani munosabati bilan tashkil etildi.
Markazda mavjud sharoitlar, qolaversa, bugun sovgʻa qilingan jihozlarning taʼlim sohasiga zamonaviy imkoniyatlar, yangiliklar olib kirish uchun ahamiyati katta. Ushbu jihozlar yordamida maktabgacha va boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun oʻyinlashtirilgan oʻquv qurilmalari yordamida kreativ fikrlash qobiliyati rivojlantiriladi, 4 xil turdagi konstruksiyaviy toʻplamlar yordamida oʻquvchilarning robototexnika va IQ darajasi rivojlantiriladi, aviasimulyator laboratoriyasidagi ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali aerodinamika va parvoz nazariyasi hamda dronlar va sunʼiy yoʻldoshlar tuzilishi oʻrgatiladi, virtual laboratoriyada murakkab sohalarni xavfsiz muhitda oʻrganish imkoniyati yaratiladi.
Albatta, sharoitlarni ko'z bilan koʻrgan maʼqul, soha vakillari, qiziquvchilar Markazga kelib sharoitlar bilan tanishishi mumkin.
Yana bir yangilik: 2025-yil iyun oyidan boshlab bosqichma-bosqich yozgi innovatsion oromgoh, iqtidorli maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari uchun “Yashil maskan” festivali, eko tizim uchun foydali startaplar hamda innovatsion ishlanmalar loyihalarini joriy etish rejalashtirilgan.
Fursatdan foydalanib ozarbayjonlik qardoshlarimiz, tadbirimizda faol ishtirok etgan Fan va taʼlim vaziri oʻrinbosari Gasan Gasanliga minnatdorlik bildiraman.
@hilola_umarova
#tashabbus #ulashing
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.
Tashabbus 3 asosiy yoʻnalishda amalga oshiriladi:
Al-Beruniy xalqaro maktabi – unga yurtimiz boʻylab eng iqtidorli oʻquvchilar saralab olinadi. Ular uchun dunyoning ilgʻor tajribalari asosida yuqori darajada taʼlim beriladi. Darslarni xorijdan jalb qilingan malakali ustozlar olib boradi.
“Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi – unga Oʻzbekiston boʻylab 3 000 nafar iqtidorli oʻquvchi tanlab olinadi va oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalar bilan qurollantiriladi. Har yili “Renessans” oromgohida xorijiy ustozlar bilan 3 haftalik intensiv sessiyalar tashkil etiladi. Ushbu ikki yoʻnalishdagi oʻquvchilar Harvard, Yale, Princeton, UPenn, Cornell kabi yetakchi universitetlarga qisqa muddatli kurslarga yuboriladi. Agar ular shu universitetlarga oʻqishga qabul qilinsa, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻqish xarajatlarini moliyalashtiradi.
Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati – u mamlakatning eng salohiyatli intellektuallarini bir joyga jamlaydi. Ularga Oʻzbekistondagi islohotlarda bevosita ishtirok etish, oʻz gʻoyalari va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyati yaratiladi. Hamjamiyat aʼzolari vazirliklar, idoralar va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqotda boʻladi.
Aziz yoshlar, aziz vatandoshlar, endi siz kuzatuvchi emas, bu tarixiy jarayonning faol ishtirokchisi boʻlishingiz mumkin.
Agar siz tajribali IT yoki xalqaro aloqalar mutaxassisi boʻlsangiz yoki “TOP-100” universitetda tahsil olib, ushbu oliygohlarga kirish borasida bilim va tajribangiz bilan boshqalarga yoʻl koʻrsata olsangiz Biz aynan sizni qidiryapmiz!
Safimizga qoʻshilishni istasangiz oʻzingiz haqingizdagi maʼlumotlarni ilova qilgan holda @uzedu_vazirbot manziliga yuboring, takliflaringizni ham yoʻllashingiz mumkin.
Iqtidorli, gʻoyalarga boy yoshlar, keling, safimizda qoʻshiling!
@hilola_umarova
Umuman, aytilgan topshiriq va tadbirlar ijrosini nazorat qilish uchun shtab tuzilishi, bu masala shaxsan Prezident nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.
Tuman hokimlariga har oyda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari rahbarlari, maktab direktorlari va bog‘cha mudiralari bilan uchrashib, muammolarni joyida hal qilish vazifasi yuklandi.
Mutasaddilar bundan buyon tuman bo‘limi rahbarlarini ta’lim bilan bog‘liq bo‘lmagan birorta yig‘ilishga jalb qilib bo‘lmasligi haqida qat’iy ogohlantirildi.
Yig‘ilish davomida maktabgacha va maktab ta’limi tizimi mutasaddilarining fikr va takliflari, hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.
@hilola_umarova
Joriy yilda yangi maktablar qurish uchun Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb qilindi. Buning evaziga 58 ta maktab qurilib, 72 mingta o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bunga qo‘shimcha ravishda viloyatlar hokimlariga joriy yilda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya kabi davlatlardan investorlar olib kelib, mahalliy tadbirkorlarga sharoit yaratib, maktab qurilishiga 10 million dollardan mablag‘ni jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Maktablar quvvatini oshirishning maqbul yo‘llaridan biri xususiy sheriklik ekani ta’kidlandi.
Shu bois maktablar va bog‘chalar uchun xususiy sheriklik loyihalarining e’londa turish muddati 45 kundan 30 kunga qisqartiriladi.
Mutasaddilarga joriy yilda maktab ta’limida kamida 100 ta shunday loyihani boshlash topshirildi.
So‘nggi yetti yilda bog‘chalar bilan qamrov 700 mingdan 2,3 millionga yetkazildi. Bugungi kunda mamlakatimizda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda.
“Qamrov oshdi, lekin sifat bo‘yicha qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bog‘chalar nafaqat tarbiya, balki bolada ta’lim olish uchun ilk ko‘nikmalarni shakllantiradigan maskanga aylanishi kerak”,
Kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va ularni baholash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi
“Ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerak”,
ELO 2025: O‘zbekiston terma jamoasidan tarixiy natija!
8-12-may kunlari ingliz tili fani bo’yicha 30 ga yaqin mamlakatdan 1500 ta o‘quvchi (130 jamoa) ishtirokida tashkil etilgan nufuzli Xalqaro Ingliz tili olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi ILK ISHTIROKIDAYOQ yuqori natijalarga erishdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra,
Senior yo‘nalishi (11–17 yosh):
Bukhara Dynamos jamoasi — 2-o‘rin (jamoa hisobida 9 ta medal).
Mukofot jamg‘armasi: 1500 AQSh dollar
Junior yo‘nalishi (6–10 yosh):
“Little champ” (Buxoro) jamoasi - “The Best Community Work: Impact” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Senior yo‘nalishi (11–17 yosh):
Dominion (Farg‘ona) jamoasi — 150 ta jamoa orasida eng yaxshi ijodiy ishlardan biri sifatida tan olindi.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa yakunida eng kuchli TOP-3 jamoalar qatoridan joy oldi va xalqaro miqyosda o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Umumiy natijalar 9 ta kumush medal, 6 ta kubokni tashkil etdi.
Barcha sovrindorlarni tabriklayman!
@hilola_umarova
Bolalar uchun milliy kontent yaratish avvalo yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan boshlanadi. Chunki milliy kontent ishlab chiqaradigan, xalqimizning ruhi va qadriyatlarini his etadigan yangi avlodni tarbiyalash soha kelajagi uchun juda muhim.
Yaqinda “Renessans” bolalar oromgohida tashkil etilgan ijodiy muloqot va mahorat darslari yosh iste’dodlar hamda soha mutaxassislari o‘rtasida ijodiy ko‘prik vazifasini o‘tadi. Professionallar o‘z tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdi, yoshlar esa kreativ g‘oya va loyihalarini taqdim etishdi.
Bunday samarali va ilhomlantiruvchi loyihalarni mamlakatimizning turli hududlarida muntazam o‘tkazib borish zarur. Chunki yurtimizda haqiqiy iste’dodlar ko‘p, ularga imkoniyat va yo‘l ko‘rsatadigan ustozlar kerak.
#BolalarUchunKontent
—
Создание национального контента для детей начинается, прежде всего, с поддержки молодых талантов. Ведь для будущего этой сферы важно воспитать новое поколение специалистов, которое сможет создавать контент, чувствовать дух и ценности нашего народа.
Недавняя творческая встреча и мастер-классы, организованные в детском лагере «Ренессанс», стали творческим мостом между молодыми талантами и опытными профессионалами. Мастера поделились своими знаниями, а молодёжь представила креативные идеи и проекты.
Подобные полезные и вдохновляющие проекты необходимо проводить регулярно по всей стране. Потому что у нас много талантливой молодёжи — ей нужны возможности и наставники, которые помогут найти правильный путь.
#КонтентДляДетей
Professor-oʻqituvchilar uchun yangi imkoniyat!
Xabaringiz bor, yaqinda Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Toshkent davlat pedagogika universiteti negizida Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil etildi.
Universitetda 2025-2026-oʻquv yilida xorijiy taʼlim dasturlari asosida Aniq fanlar maktabi tashkil etilib, unda Matematika, Axborot texnologiyalari hamda Sunʼiy intellekt va robototexnika yoʻnalishlarida 400 nafar talaba qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Aniq fanlar maktabida hisob (calculus), dasturlash, fizika, chiziqli algebra, diskrit matematika, maʼlumotlar tuzilmalari va algoritmlar, sunʼiy intellekt va robototexnika, ingliz tili fanlaridan dars beruvchi professor-oʻqituvchilar tanlab olinib, Kembrij universitetida malaka oshirishlari maqsad qilingan.
Kurs yakuni boʻyicha Kembrij universitetining malaka sertifikatiga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilar 2025-2026-oʻquv yilidan Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetida ish faoliyatini boshlaydi.
Tanlovda ishtirok etuvchi professor-oʻqituvchilarga qoʻyiladigan birlamchi talablar:
– fan nomzodi (PhD) yoki fan doktori (DSc) ga ega boʻlishi;
– 5 yil va undan ortiq pedagogik ish stajiga egaligi;
– ingliz tilini B2 darajada bilishi (til bilish sertifikati);
– Scopus, web of science xalqaro ilmiy jurnallari hamda yuqori indeksga ega ilmiy jurnallarda maqolalar chop etganligi;
– oʻz fani yoʻnalishida turli grant va loyihalardagi ishtiroki.
Tanlov 3 bosqichda amalga oshiriladi. Ishtirok etish uchun talab etiladigan hujjat va maʼlumotlarni tanlov.uzedu.uz havola orqali yuborishingiz mumkin.
Tanlovda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida faoliyat yuritayotgan professor-oʻqituvchilarga ustuvorlik beriladi.
Hurmatli professor-oʻqituvchilar, ushbu imkoniyatlar siz uchun, undan foydalaning!
@hilola_umarova
Barcha maktab, bogʻcha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tibbiyot sohasidagi islohotlarning navbatdagi bosqichida turgan ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda.
Unda yuqumli kasalliklarning 35-40 foizi oddiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan barcha maktab, bogʻcha, texnikum, oliygoh, poliklinika va shifoxonalarda “Toza qoʻllar” dasturi amalga oshiriladi. Unga koʻra:
— taʼlim va tibbiyot tashkilotlaridagi qoʻl yuvish joylari sanitar-gigiyena vositalari bilan toʻliq taʼminlanadi,
— sharoiti ogʻir boʻlgan 126 ta maktabda hojatxonalar binoni ichida joylashtirilib, yangidan quriladi, 6 mingdan ziyod bogʻchaga geliokollektor olib beriladi;
— 4 ming 295 ta ijtimoiy muassasada suv baki va sisterna oʻrnatiladi.
Ushbu maqsadlar uchun shu yilning oʻzida byudjetdan 780 milliard soʻm ajratiladi. Har bir ijtimoiy soha muassasasi toza, ozoda boʻlishi, unda odamlar uchun qulay sanitar-gigiyena sharoiti yaratilishi shartligi qayd etildi.
@hilola_umarova
#al_Xorazmiy
#xalqaro_olimpiada
Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika va informatika olimpiadasi oʻtkaziladi
Olimpiada 7-13-may kunlari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadi.
Unda Turkiya, Ozarbayjon, Belarus, Malayziya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston jamoalaridan 202 nafar ishtirokchi qatnashadi.
Eslatma: III Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro Matematika va Informatika olimpiadasi ilk marotaba 2 ta fan (matematika va informatika)dan tashkil etilmoqda.
Ishtirokchilarimizga omad tilaymiz!
@hilola_umarova
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra:
➖ Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan davlat oliy taʼlim muassasasi shaklidagi Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi;
➖ Universitet faoliyatini strategik rivojlantirish maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri raisligida Kuzatuv kengash tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Kuzatuv kengashi tarkibi Maktabgacha
va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
➖ Universitetda taʼlim jarayoni 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladi, talabalarni oʻqitish davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi;
➖ Universitetda taʼlim jarayoni Yangi Oʻzbekiston universiteti tajribasi asosida Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boriladi;
➖ V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Urganch filiali faoliyati Universitet binosida yoʻlga qoʻyiladi hamda har bir ilmiy xodimga talaba biriktirish amaliyoti joriy qilinadi;
➖ Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
➖ Universitet huzurida Sanoat kengashi va salohiyatli talabalar uchun Sanoat hamkori stipendiyasi tashkil etiladi.
👉 Shuningdek, mazkur qaror bilan:
➖ Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali tashkil etiladi va bu yerda oʻquv jarayoni 7 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha olib boriladi;
➖ oʻquvchilar tanlovi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari boʻyicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi;
➖ ixtisoslashtirilgan maktabning muhandislik taʼlim dasturlari Al-Xorazmiy universiteti bakalavriat taʼlim dasturlari bilan oʻzaro integratsiya qilinadi;
➖ muhandislik taʼlim dasturlarini lozim darajada oʻzlashtirgan bitiruvchilarga oʻz oʻqishini Al-Xorazmiy universitetining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishida 2-bosqichdan davom ettirish imkoni yaratiladi.
@hilola_umarova
“Raqamli avlod qizlari” tanlovi — ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ular uchun rivojlanish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha Prezidentimiz olib borayotgan siyosatning yorqin namunasidir.
O‘tgan besh yil ichida 7 mingdan ortiq qiz IT olamiga qadam qo‘ydi. Joriy yilda esa tanlov turli mamlakatlardan iqtidorli qizlarni birlashtirdi.
Gʻoliblarni chin qalbimdan tabriklayman va ularning yutuqlari katta zafarlarining boshlanishi bo‘lishiga ishonaman!
—
Конкурс «Девушки цифрового поколения» – яркий пример политики, которую проводит наш Президент, поддерживая женщин и создавая возможности для их развития.
За пять лет более 7 тысяч девушек сделали шаг в мир IT, а в этом году конкурс объединил таланты из разных стран.
Поздравляю победительниц и верю, что их успехи станут началом больших достижений!
Uzoq kutilgan yangilik!
“Yil oʻqituvchisi” tanlovi qachon, qanday shartlar asosida oʻtkazilishi haqida juda koʻp murojaatlar kelardi. Biz hurmatli pedagoglarimiz, jamoatchilikdan takliflar ham soʻradik, har birini oʻrganib chiqdik.
Nihoyat, Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta taʼlim sohasi xodimlari oʻrtasida “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlarini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori imzolandi.
Qarorga koʻra, “Yil oʻqituvchisi” hamda “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovlari 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.
“Yil oʻqituvchisi” tanloviga nomzodlar oʻzlari dars beradigan bitta fandan, boshlangʻich sinf oʻqituvchilari esa boshlangʻich taʼlim yoʻnalishida ishtirok etadi. Ishtirokchilar vazirlikning maxsus platformasi orqali roʻyxatdan oʻtadi.
Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda — nomzodlarning mutaxassislik fani, pedagogik mahorati va kasb standarti boʻyicha nazariy bilimlari baholanadi;
ikkinchi bosqichda — nomzodlarning pedagogik mahorati baholash mezonlari asosida hakamlar hayʼati hamda pedagoglar tomonidan baholanadi. Bunda nomzod oʻtgan darsning videoyozuvi baholash uchun maxsus platformaga joylashtiriladi;
uchinchi bosqichda — nomzodlarning maʼnaviy-maʼrifiy faoliyati hamda kitobxonligi baholanadi.
Tanlov yakunlariga koʻra, har ikki yilda bir marta oktabr oyida gʻolib deb topilgan har bir nomzod reyestri Vazirlik tomonidan yuritiladigan hamda Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan QR-kodli sertifikat bilan taqdirlanadi.
Ushbu sertifikat asosida gʻoliblar Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Pedagogik mahorat markazlari direktorlari oʻrtasida “Kasbiy mahorat yetakchisi” tanlovida esa ishtirokchilarning 4 ta yoʻnalish boʻyicha faoliyati natijalari oʻrganiladi. Bular — hududda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha erishilgan natijalar, moliyaviy barqarorlikni taʼminlash boʻyicha erishilgan natijalar, zamonaviy uslubda taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha erishilgan natijalar, Markazni tajribali kadrlar bilan taʼminlash va zamonaviy boshqaruv usullarining joriy qilinganligi.
Gʻoliblar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlovlar haqida batafsil maʼlumot, yangiliklarni vazirlik sahifalari orqali berib boramiz. Biz ushbu megatanlovlarni adolatli, shaffof, faxriy pedagoglarimiz, ekspertlar va jamoatlik vakillari bilan hamkorlikda tashkil etamiz.
@hilola_umarova
#taqdirlash
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi — 2025” kasbiy koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirladik.
Tanlovda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining 16 mingdan ortiq direktor oʻrinbosari va tarbiyachilari qatnashdi.
Gʻoliblar bilan tanishing:
”Eng yaxshi direktor oʻrinbosari” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Munojat Moʻminova;
2-oʻrin — Tumaris Tursinboyeva ;
3-oʻrin — Sabina Guzarova;
“Yilning eng fidokor tarbiyachisi” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Dilnoza Saidova;
2-oʻrin — Zebo Xidyoyeva;
3-oʻrin — Mavluda Kamalova;
“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Gulsina Dauletova;
2-oʻrin — Lionora Eshaliyeva ;
3-oʻrin — Sug‘diyona Boymirzayeva ;
“Innovatsion va axborot texnologiyalarini qoʻllaydigan eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Vazira Shoimova;
2-oʻrin — Yulduz G‘aybullayeva;
3-oʻrin — Mohinur Egamberdiyeva;
“Eng yaxshi eko-targʻibotchi tarbiyachi” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Maxinaxon Mamasoliyeva;
2-oʻrin — Gulnoza Yalgʻasheva;
3-oʻrin — Dilnoza Shamatova;
“Yangi Oʻzbekistonda yangi avlod bolalarini maʼnaviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyasi boʻyicha:
1-oʻrin — Nozimaxon Zikiryayeva;
2-oʻrin — Vazira Sayfullayeva;
3-oʻrin — Mohigul O‘roqboyeva.
Barcha gʻoliblarimizni yana bir bor tabriklayman va kelgusi faoliyatlariga omad tilayman!
@hilola_umarova
#malaka_sinovlari
#100_foizlik_natija
🎯Malaka sinovlarida eng yuqori 100 ballik natijani qoʻlga kiritgan ustozlarimiz safi kengayib bormoqda.
Sinovlar 16-mayga qadar davom etadi, eng yuqori koʻrsatkich qayd etgan ustozlarimizni tabriklab boramiz.
@hilola_umarova
Taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflar taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-aprel kuni maktab taʼlimi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilangan. Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash boʻyicha koʻplab vazifalar qoʻyilgan.
Bu koʻp jihatdan, oʻqituvchilarning bilim va malakasiga bogʻliq. Yurtimizda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohida pedagogika yoʻnalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.
Qabullarning katta qismini ijtimoiy yoʻnalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar boʻyicha pedagoglar tayyorlash juda kam. Talabalarning 40 foizi sirtqi taʼlimda oʻqiyapti.
Shu bois Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston” universitetida 40 dan ziyod chet ellik oʻqituvchilar va 30 nafar vatandosh ziyolilarimiz faoliyat yuritmoqda. Talabalar oʻzlarining turli yoʻnalishlardagi loyihalariga jami 24,3 milliard soʻmlik grantlar jalb qilgan. Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.
Shuningdek, oliygohda ilm-fan, taʼlim va amaliyot integratsiyasini taʼminlash maqsadida Germaniyaning ilgʻor tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Taʼlim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli oʻquvchining bilimi “PISA” xalqaro dasturi orqali baholanadi.
Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi oʻquvchi oʻrni tashkil etiladi. Aholi oʻsishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib boradi. Shu bois Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etilib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.
Tahlillarga koʻra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish boʻyicha muayyan ishlar olib borilyapti. Lekin, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga kuchli taʼsir koʻrsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.
Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni koʻpaytirish, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
@hilola_umarova