javmirov | Unsorted

Telegram-канал javmirov - Javmirov Life

88

Asosiy mavzu - hayotdan qilayotgan xulosalarim! Instagram: https://instagram.com/javmirov_j Facebook: www.fb.com/jahongir.javmirov Aloqaga chiqish uchun: @javmirovuz_bot

Subscribe to a channel

Javmirov Life

Inson o'z hayotini o'zi murakkablashtiradi. Hamma narsa oson va yengil amalga oshishi mumkin, lekin har xil qo'rquv, xavotirlar bilan muammolar yaratadi va o'z hayotini o'zi chigallashtiradi.

©

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Bismillahir Rahmanir Rahim! Hayot juda mashaqqatli sayohat, inson bo'lish esa hayot safaridanda mushkulroqdir. Ta'lim - hayotdagi shu yutuqqa erishishning birinchi yo'lidir, shuning uchun men Afg'onistonda Tolibon davridan to hozirgacha shu yo'lda yashab keldim. Hindistonlik do'stlarimizga ta'lim olish juda oson bo'lishi mumkin, ammo men va men kabi so'nggi to'rt yoki besh o'n yillikda urushlar va turli mojarolar mavjud bo'lgan mamlakatda voyaga yetganlar uchun - bu juda qiyin.

Maktabga yetti yoshimdan borganman. Maktab uchun maxsus joy yo'q edi, chunki maktabimizning umuman binosi bo'lmagan. SSSR bombardimon qilib mamlakatdagi butun infratuzilmani yo'q qilib tashlagan edi. Yoz vaqtlari quyoshdan pana salqin bog'larda, bahor va kuz faslida esa issiq bo'lishi uchun ochiq joylarga ko'chib o'qir edik. Baxtga qarshi, yetarli o'quv qurollarimiz ham bo'lmas edi, sinfimda bitta kitob, men va do'stlarimda bitta qalam bo'lardi, shuning uchun doim bir joyda birgalashib dars qilar edik. Balki qog'ozni ham o'chirg'ich bilan tozalab, qayta-qayta ishlatganmiz desam g'alati tuyilsa kerak?!

Otam mamlakatda ketayotgan urush va qattiq qirg'oqchilik sababli Eronga ko'chib ketgan. Bizda esa na yashashga uyimiz, na yegani ovqatimiz bo'lgan, faqatgina bambukdan bo'lgan kapamiz (boshpana) bor edi. Men bir vaqtning o'zida ham oila boquvchisi ham maktab o'quvchisi edim. Onam o'qishimni qo'llab-quvvatladi, u doim sen kuchlisan, bu qiyinchilik va muammolarni yengib o'tasan deyardi. Hozir kim bo'lib yetishgan bo'lsam barchasi uning xizmati, onajonimning muhabbati sharofatidir.

Hayotning har xil sinovlarini boshdan kechirdim. Bakalavr bosqichini har kuni Tolibon va hukumat o'rtasida jang bo'layotgan hududda o'qidim. Universitet hududi xavfsiz bo'lmagani uchun kompyuter xonasi, kutubxona, oshxona, transport va shunga o'xshash qulayliklarni umuman ishlatmaganmiz. Lekin bu kabi to'siqlar bizni universitetga ta'lim olishga borishdan to'xtata olmagan. Qanday imkoniyat topsak, shundan foydalandik, hech qachon taslim bo'lmadik.

Hozirda magistrlik darajasiga Goada tinch va osoyishtalikda erishmoqdaman. Ba'zan Goa universitetidagi bu osoyishtalik ona yurtim, qay holatda ulg'ayganim va ta'lim olganim haqida chuqur o'ylashga majbur qiladi. Maktab, kollej va universitetdagi ta'lim bosimidan tashqari hayotning juda ko'p sinovlari bo'ldi. O'zimga bo'lgan ishonch va sabr orqali barcha qiyinchilik va muammolarni yengib o'tdim va shu darajaga yetishdim. Meni bu maqolani yozishga undagan narsa, hayotimizda duch keladigan barcha kurashlarda taslim bo'lishdan ko'ra uni yengib o'tishda bizda yetarlicha kuch borligini aytish edi.

© Abdul Basit Haidari (Afghanistan)
M.A. English. Department of English (2018-2020). Goa university.

Tarjimon @javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Biz Lord Ramning maymunlar armiyasi kabi partiyaning yosh armiyasimiz - deydi Bobur masjidini buzishga ketayotgan Yuridik kollej (bakalavr) talabasi. Qo'liga qilich tutgan ikkinchi yigit esa dinimizga va partiya siyosatiga qarshi bo'lgan musulmonlar va hatto o'z dinimizdagi odamlar bilan ham jang qilaman deydi. Ram o'zi aynan qayerda va qaysi asrda tug'ilganini so'ragan jurnalistga: bu qadimiy tarix, faqat tarixchilar bilishi mumkin - deb javob berishadi. Hatto, din rohiblari ham bu qadimda, tarix boshlanmasdan oldin bo'lgan deb tayinli javob bera olishmaydi. Bu gaplar bir soatdan ortiqroq bo'lgan "In the name of God" (Xudo nomi bilan) deb nomlangan hujjatli filmda aks etgan.

Qizig'i, ba'zi oddiy o'qimagan, past kasta odamlari bu aslida noto'g'ri ekanligi, tarixiy bino, masjidni buzish to'g'ri emasligi, aslida siyosiy o'yin bo'layotgani, agar xohlashsa masjidni buzmasdan templ qurish mumkinligini aytishadi. Lekin anu yuridik talabasiga o'xshagan yoshlar va ana shunday odamlarning diniy hissiyotlarini ishga solib ko'zini ko'r, manqurt darajasiga oborib qo'ygan siyosiy partiya boshliqlari 1992-yil dekabr oyida Bobur masjidini buzishga va minglab odamlarning o'limiga sababchi bo'lishadi. Bobur masjidi ustida butxona qurishni va'da qilgan partiya saylovlarda yutib necha yildirki hukumatni boshqarib kelyapti va bu yil va'dasining ustidan chiqib butxona (temple) qurilishini boshlashdi.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Goada Ganesha bayrami kunlaridan biri

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Bugun butun Hindistonda "Ganesha" bayrami nishonlanmoqda. Hinduizmda Ganesh boshi fil, tanasi odam ko'rinishadagi - omad, sog'liq, quvonch va xotirjamlik xudosi sanaladi.

Читать полностью…

Javmirov Life

Dubaydan uchgan Air India Express samalyoti Kalikutga qo'nishda halokatga uchradi. Bortida 184 ta yo'lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi bo'lgan Boeing 737-800 kuchli yomg'ir tufayli qo'ngandan keyin to'xtay olmagan. Natijada, qo'nish yo'lagidan chiqib ketib dalaga qulagan va ikkiga bo'linib ketgan. Hozircha uchuvchi halok bo'lganligi e'lon qilindi.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Hind-musulmon muammolaridan biri sifatida keltiriladigan Ayodhadagi Lord Ram ibodatxonasi o'rniga qurilgan Bobur masjidi va masjidni buzib, endi Ram ibodatxonasini qayta qurishmoqchiligi haqida yozgandim.

Pandemiya davrida shu ibodatxona qurilishi boshlangan. Ibodatxona qanday shaklda bo'lishi haqida video va bino maketi suratlarini e'lon qilishdi (rasmda). Bu bilan Modi hindular orasida yana katta ochko ishladi.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Hindiston milliardlab dozadagi vaksinani ishlab chiqarishga tayyor

Dunyodagi eng katta vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniya Hindistonda joylashgan. Serum instituti bir yilda 1,5 milliard dona vaksina dozasini tayyorlash quvvatiga ega.

Shu kompaniya Oksford universiteti va "AstraZeneca" birgalikda koronavirusga qarshi yaratgan, lekin hali sinovlardan to'la o'tmagan vaksinani katta miqyosda ishlab chiqarishni boshlabdi. Maqsad vaksinaga foydalanish uchun ruxsat berilganda, uni zudlik bilan tarqatish uchun tayyor turish.

Bu ishning xatari shundaki, agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o'tmasa, ya'ni foydalanish uchun xavfli yoki yaroqsiz deb topilsa, kompaniya millionlab dollarga kuyadi. U shu riskni bo'yniga olib, oldindan ishlab chiqarishni boshlamoqda. Nafaqat Serum instituti, balki dunyoning boshqa ko'plab kompaniyalari ham shu yo'ldan bormoqda.

Serumning yana bir o'ziga xos jihati bor: u ishlab chiqarilgan vaksinani ustiga foyda qo'yib sotmas ekan, faqat tannarxini qoplash uchun minimum narxda sotishini e'lon qildi.

Hindistonda ishchi kuchining arzonligi va katta mashtabda ishlab chiqarish imkoniyati borligi bois, vaksina ancha arzonga tushishi taxmin qilinmoqda.

Serum instituti tarixi haqida qisqacha ma'lumot: bu kompaniya Hindistonning badavlat bir oilasiga qarashli xususiy kompaniya, 50 yil oldin ot fermasi qoshida tashkil qilingan. Dastlab ot qonidan olinadigan zardob ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, keyinroq boshqa turdagi vaksinalarni ham ishlab chiqarishga o'tgan. Hozir dunyoning eng katta vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyasi.

Kompaniya rahbarining aytishicha, shu kunlar uning telefoni tinmayapti: turli davlatlar rahbarlari, vazirlar undan vaksina sotib olish bo'yicha shartnoma qilishni so'rashayotgan ekan. U vaksinaning yarmini Hindistonga, qolgan yarmini esa kambag'al davlatlarga tarqatmoqchi ekanini aytgan. Boylar navbatning oxirida tursin, debdi.

1,5 milliard doza, albatta, butun dunyoga yetmaydi. Lekin u va boshqa yana ko'plab davlatlardagi farmasevtika kompaniyalari birgalikda ishlasa, bir yil ichida butun dunyo aholisini koronavirusga qarshi vaksina bilan ta'minlash mumkin.

Muhimi - shuncha harakatga yarasha, ishlab chiqarishga qo'yilgan vaksinalar sinovlardan muvaffaqiyatli o'tsin.

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Barchaga Qurbon Hayiti Eid al-Adha muborak bo'lsin! Keyingi Hayitlarni ota-onalarimiz va qarindosh-urug'larimiz davrasida, sog'-salomat, xursandchilikda o'tkazish barchamizga nasib etsin!

Bizda bugun Arafa, ertaga Hayit. Esizda bo'lsa, Hindistonda Ramazon oyi O'zbekistondan bir kun keyin boshlangani uchun Ramazon Hayiti ham bir kun keyin bo'lgandi, Qurbon Hayitini ham bir kun keyin nishonlayapmiz.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Qaysidir tanishim bilan gaplashsam, Goada axvol qanday deb so'rashadi. Axvol O'zbekiston bilan bir xil deb javob berayotgandim. Aslida, rasmiy ma'lumotlarga qiziqmay, nechta odam virus yuqtirganligi haqida statistikalarni o'qimay qo'ydim. O'sha kuni aytganimday, universitetda ham virusga chalingan xodimlar haqida eshitganimda, ha rostdan ham axvol yomon deb o'ylagandim.

Kecha qo'shnimning skuterini olib shahar aylanib keldim. Hamma ko'chada, magazinlar, supermarket, butiklar va boshqalar ochiq, ishlab turibdi. Ayniqsa, kechki payt ko'chada shunchalar odam ko'pki, koronadan oldin ham buncha odamni ko'chada ko'rmagandim. Hindlarni odati bor o'zi, yosh-u qarisi kechki payt ko'cha bo'yida sport kiyimini kiyib olib yugurishning o'rniga 2-3 km faqat yurishadi (walking). Hozir kun bo'yi uyda o'tirishgani uchun kechki payt hamma sport bilan shug'illangani chiqib olishgan.

Bugun statistikasiga qarasam, Goaning o'zida virus bilan kasallanganlar soni 5200 ga chiqibdi. 1 mln 522 ming aholisi bo'lgan Goa shtatiga bu ko'rsatkich juda ko'p, menimcha, yana kasallanishning kunlik o'sishi 200+ bo'lmoqda ekan. Goada asl axvol shunaqa.

Ha skuterda ko'chaga chiqib kelganim sababi, osh qilishga masalliq olib keldim. Odam rosa sog'ingandi palovni, qo'ldan kelgansa pishirib yedim (rasmda). Keyingi safar boshqa chet elliklarga ham qilib bermoqchiman!

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Hamma yerda virus haqidagi xabarlar, kundan kunga axvol yomonlashayotgani, bemorlar soni soniyasiga ko'payayotganini e'lon qilishmoqda. Har soatda turli xil kasalxona va karantin markazlaridan videolar tarqalmoqda. Bularning barchasi, real hayotda qanday bilmadim-u, lekin O'zbekistonda axvol yomon degan xulosani bermoqda.

Hindistonda ham shu axvol. Meditsinasi maqtalanadigan Hindiston olimlari haligacha aniq bir vaksina ishlab chiqishgani yo'q. Kasallanganlar soni rasmiy 1 mlndan oshib ketdi. Norasmiylari ham shunchadan oshsa kerak. Bu yerda ham shanba va yakshanba kunlari qattiq karantin bo'ldi. Uzreport: Hindiston virusga taslim bo'lmoqdami? - degan maqolacha ham chiqazgandi kecha. Shunaqaga o'xshaydi!

Hozir universitet yotoqxonasidaman, deyarli hechkim qolmagan, uyiga ketmagan chet ellik talabalar bor. Faqat magazinga chiqib kelmasak, asosan shu hostelda bo'lamiz. Lekin virusni o'zi kirib kelayotgandek, kecha universitet admin ofisida ikki kishida virus aniqlangani e'lon qilindi. O'qish bo'lmayotgan bo'lsa ham rahbariyat ishlayotgan edi. Bugun binolarni dezinfeksiya qilishyapti.

Karantin boshlangandan beri faqat uxlash, kino korish va ovqat yeyishdan zerikdim. Endi badiiy kitoblar o'qishni boshladim. Noutbukimda mingdan ortiq kitoblarni elektron nusxalari bor, shularni bir boshidan o'qiyabman. Ha aytgancha, o'qigan va o'qiyotganlarimni mana bu kanalga tashlab boryapman: t.me/uzbeklibrary

Hozircha o'zimni o'rgatish uchun qissa va hikoyalar mutolaasi bilan bandman. Sekin-sekin katta kitoblarga o'tarmiz. Ha yana o'zim ham hikoya yozishni boshlab qo'ydim, tugatsam e'lon qilarman😁. O'zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling!

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Goa universiteti 2020-2021-o'quv yili uchun o'qish kontrakt narxlarini e'lon qildi. Narxlar o'tgan yilgidan o'zgarmagan. Oldin aytganimdek, Hindiston universitetlarida asosan magistr va undan yuqori darajalar o'qishadi. Bir yillik o'qish narxlari quyidagicha:

a). Magistratura ijtimoiy fanlar, savdo va matematika yo'nalishlariga - 85$

b). Magistratura aniq fanlar (Matematika va elektronikadan boshqa) - 170$

c). Magistratura elekrtronika - 220$

d). Magistratura biokimyo - 1 180$

e). Magistratura biznes administratsiya (moliyaviy xizmat) - 1 600$

f). Magistratura biznes administratsiya - 1 600$

g). Magistratura Xalqaro biznes administratsiya - 1 080$

h). Magistratura kompyuter texnologiyalari - 241$
Qo'shimcha rivojlantirish kursi (jami 3 yillik kurs bu) - 271$

i). Mphil (Master of philosophy) - 166$

j). Mphil aniq fanlar uchun - 187$

k). Tibbiy laboratoriya texnikasida aspirant diplomi - 573$

l). PhD - 163$

m). PhD uchun yana boshqa to'lovlar - 163$

n). Magistratura kutubxona va axborot xizmati - 358$

o). Bakalavr kutubxona va axborot xizmati - 307$

p). Fransuz va portugal tili bakalavr (bu 5 yillik kurs) - 25$

Va yana arzimagan qo'shimcha ba'zi to'lovlar.

Bu narxlar bir akademik o'quv yili ha faqat Hindiston fuqarolari uchun. Chet ellik talabalar o'qishga qabul qilinganda yuqoridagi narxlarni ikki baravar miqdorida to'laydi. Narxlarni qay tarzda belgilashganini, O'zbekistondagidek eng kam ish xaqining nechidir barobaridami yoki boshqacha - bunisini aniq bilmayman🤷🏻‍♂️. Narxlarni plus/minus bilan dollarda ko'rsatdim, rupiyada belgilangani pastda rasmda👇

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Hind erkaklarida shunaqa odat bor, boyligini bildirish uchun har xil tilla taqinchoqlar taqib yurishadi. Tilla uzuk, bilaguzuk va bo'yniga har xil tilla nimadirlar. Shaharlarda va ba'zi mehmonxonalarda bo'lganimda bir nechta shunaqa boy bratlarni ko'rgandim.

Bir necha yil oldin tilladan bo'lgan ko'ylak kiygan hindning rasmlari tarqab ketgandi. Bir necha kun oldin esa tilladan niqob (maska) yasatgan boy hindning rasmlari tarqadi. Aytishlaricha, Punalik bu brat tilla maska uchun 2,9 lak rupiya (3 884 $) sarflabdi. Mana bu yerda o'sha tilla maskali boyning videosi ham bor ekan.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Yoshlar kuni

30-iyun O'zbekistonda Yoshlar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Hindistonda ham Yoshlar kuni bormi?

1985-yil Hindiston hukumati 12-yanvar Milli Yoshlar kuni sifatida nishonlanishini e'lon qilgan va o'sha yildan boshlab 12-yanvar Milliy Yoshlar kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda.

Nega aynan 12-yanvar?
Bu kun buyuk hind faylasuflaridan biri, hinduizmni dunyo dinlari qatoriga va g'arb dunyosiga tanitgan Svami Vivekananda tavallud topgan kun. Hukumat Svami falsafasi va uning g'oyalari hind yoshlariga katta ilhom manbai bo'ladi deb hisoblashgan.

Yoshlar kuni qanday nishonlanadi?
Milliy Yoshlar Kuni butun Hindistonning maktab va kollejlarida har yili 12-yanvar kuni marosimlar, nutqlar, musiqa, yoshlar anjumanlari, seminarlar, Yogasanalar, prezentatsiyalar, insho yozish, tilovat va sport musobaqalari tarzida o'tkaziladi. Svami Vivekanandaning ma'ruzalari va asarlarini o'rganadilar va bular ilhom manbai bo'lib, ko'plab yoshlar tashkilotlari, yoshlar to'garaklari va xizmat loyihalarini bosh g'oyalari bo'lib kelmoqda.

P.S. Bayram bilan barcha yoshlarni tabriklayman. "Yoshlar bizning kelajagimiz" degan shior yangragan vaqtdagi yoshlar bizmiz. Demak, bu shiorni keyingi avlodga o'tkazib yubormay, buyuk kelajakni, buyuk o'zgarishlarni biz qilishimiz kerak! Ko'pchilik tengdoshlarim katta-kichik tashkilotlarda rahbar lavozimlariga kelishmoqda. Tizim shunday ekan, shunaqa ishlash kerak ekan deb o'zingizni ramkaga solish yoki xuddi "Dembl-dux" tizimini davom ettirgandek, eski rahbaringiz qanday ishlagan bo'lsa siz ham shunday ishlashda davom etmaslikka, yangi g'oyalar, yangi uslub, yangi tizim qilishga harakat qilishga chaqirib qolaman!

@javmirov (rasm internatdan olindi)

Читать полностью…

Javmirov Life

Dudsagar sharsharasi

Goa va Karnataka shtatlari chegarasida joylashgan bu sharshara Hindistondagi eng baland sharshara hisoblanadi. Balandligi 320 metr va o'rtacha kengligi 30 metrni tashkil qiladi. Suvi Mandovi daryosiga quyiladi.

Shohruhxon va Depika Podokuni o'ynagan Chennai ekspres filmida qizni qishlog'iga kelganda tushib qoladigan joy mana shu.

Mana bu yerda esa sharsharaga borganda olgan vlogim bor😉. Ha aytgancha, Dudsagar so'zining ma'nosi "Sutli dengiz" ma'nosini beradi. Bu haqda afsona ham bor va afsonani videoda aytib o'tganman.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Goadagi holat haqida

Aytishlaricha, Goa butun Hindistonda umumiy aholisining 1%i Covid-19ga chalingan birinchi shtat bo'libdi. Chorshanba (26-avgust) kechqurungi ma'lumotlarga ko'ra, Goada umumiy kasallanganlar soni 15 mingdan oshgan va bu umumiy aholining 1%ini tashkil qiladi.

Goa mamlakatning maydon jihatdan eng kichik va aholi jihatdan esa Sikkim, Mizoram va Arunachal Pradeshdan keyin to'rtinchi eng kam aholi (1 mln 522 ming) shtatdir. Shtat aprel va may oylarida virusdan holi hudud edi. Goa hukumatining aytishicha, kasallanganlarning bunday tez ortishi ommaviy test olishning yo'lga qoyilganligidadir. Hozirgacha 186 ming kishidan test olingan, bu umumiy aholining 12 foiziga to'g'ri keladi. Shu kungacha koronavirusdan vafot etganlar soni 165 kishi.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Filmda yana aytilishicha, Bobur 1528-yili Ayodhada masjid qurdi, oradan 50 yil o'tib, Tulsidas Ramayana dostonining o'z versiyasini (Ramayananing 24 ming versiyasi mavjud) yozdi va shundan so'ng hinduizm xudosi Ram afsonasi ommalashib ketdi deyiladi. XIX asrda Ayodhada juda ko'plab Ram templlari bor edi, ularning ko'pchiligi Ram tug'ilgan joyda qurilganligi davo qilinardi. Inglizlar Hindistonga kelib, uni boshqara boshlagandan so'ng, hindu-muslim birlashmasi kuchayib ingliz hukumatiga qarshi katta kuch shakllana boshlaydi. Buni oldini olish uchun ingliz hukumati Bobur kelganda Ram templini buzib o'rnida masjid qurgan degan mish-mish tarqatadi va o'sha joy Ram tug'ilgan joy edi deb hindu-muslim birlashmasini bir-biriga qarshi qo'yishga urinadi. Lekin hindular va musulmonlar kelishib olishadi va kelishuvga ko'ra musulmonlar masjid ichida, hindular esa masjid tashqarisidagi ziyoratgohda ibodat qilishadi. Lekin bu kelishuv to 1947-yil bir nechta hindu tomonidan tunda masjid ochilib ichiga Ram haykali (but) o'rnatilgunicha davom etadi. Shundan so'ng, masjid musulmonlar uchun ham hindular uchun ham yopib qo'yiladi. Tuman hokimi vazifasida bo'lgan K.K. Nayar qonun va tartib sabablariga ko'ra butlarni masjiddan olib tashlashdan bosh tortadi va bir necha yildan so'ng esa Hindu natsiolistik partiyasiga borib qo'shiladi.

Yillar davomida har xil propaganda materiallar tayyorlanib, Bobur masjidi Ram tug'ilgan joy ustiga qurilgan degan nazariya hindular miyasiga quyib kelinadi. Filmda ana shunday propaganda videoning bittasini ko'rsatishgan: TVda ko'rsatuv berilyapti, unda bittasi 23-dekabr kechasi tush ko'rgani va tushida Bobur masjidi ichida turganda birdan hammayoq yorishib ketib 4 yoki 5 yoshlardagi bir chiroyli bolani ko'rganligini aytadi. Qulflangan eshik ochilib ketib odamlar bolaga va butga sajda qilayotganini ko'rganmish va oxirida 22-dekabr kuni Ram o'zi tug'ilgan joyda paydo bo'ldi deb aytadi.

Shunaqa propagandalardan keyin omi olamon barchasini haqiqat deb qabul qila boshlashgan va hindu ekstrimistik guruhlari paydo bo'lgan. Xullas, hujjatli filmni ko'ring. Film hindcha, inglizcha subtitri bor. Film aynan o'sha davrda olingan bo'lib, 1991-1992-yillarda Ayodhadagi Bobur masjidini buzib Ram butxonasini qurish uchun Hindu natsionalistik partiya boshliqlari chaqirig'i bilan Mumbaydan yo'lga chiqqan 50 mingdan ziyod hindu ekstrimistlari, aslida nimalar bo'lgan va qanday bo'lganligini ko'rsatib berilgan. Menga shu mavzuda gaplashganimizda bitta hind o'rtog'im ko'rishni tavsiya qilgandi. O'zi ham shu Ayodhalik hindu, lekin masjid buzilganligi va butxona qurilayotganligini qoralaydi. Xulosalarni o'zingiz chiqararsiz!

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Gazetalar haqida

Hindistonda O'zbekistondan farqli ravishda aholi hali ham gazeta o'qishadi. Yoshi katta avlod yangiliklarni TV, radio, internet yoki telefonda olishdan ko'ra gazetada o'qishni mutlaqo afzal ko'radi. Bundan tashqari aholini katta qismi boy bo'lmaganligi uchun smartfonlardan foydalanishmaydi. Smartfonlardan foydalanadigan yoshlar ham gazetalarning elektron nusxasini saytidan olib ko'rsatadigan maxsus telefon ilovalarini ishlatishadi, ya'ni telefonda gazetalarning har kunlik elektron nusxalarini o'qib borishadi. Messenjer sifatida whatsappni ishlatishlari ham bir sabab bo'lsa kerak deb o'ylayman, chunki bizdagi kabi telegram va bo'lgan voqealarni shu sekundda e'lon qiladigan telegram kanallar haqida tasavvurga ham ega emas.

Vikipedianing aytishicha, Goadagi birinchi gazeta O Heraldo (The Herald) bo'lib Raul Fernandes tomonidan portugal tilida chiqazilgan. Hozirda ingliz, marathi va mahalliy konkani tillarida gazetalar chiqadi. Hammasi xususiy gazetalar va barchasi deyarli kunlik bosma chiqarishadi. Majburiy obuna yo'q, odamlarning o'zi shundog'am sotib olishadi.

Mana PDFda The Goan gazetasining 26-avgustdagi soni. Gazeta narxi 6 rupiya (830 so'm).

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Ganesha haqida

Ganesha hinduizm dinida eng ko'p sig'iniladigan ma'bud, bundan tashqari, noana'naviy ko'rinishi bilan ajralib turishi va Shiva va Parvatining farzandi sifatida mashhur. Otasi Shiva (Mahadev deb ham atashadi) hinduizmning asosiy xudolaridan biri. Onasi Parvati (Uma va Gauri deb ham atashadi) hosildorlik, sevgi, go'zallik, uyg'unlik, nikoh, farzandlar va sadoqat ma'budasi sanaladi. Ganeshaning dunyoga kelishi va fil boshli bo'lib qolishi haqida qadimiy hind yozmalarida ko'plab afsonalar bor. Eng mashhur afsona:

Bir kuni Parvati yuvinishga tayyorgarlik ko'rayotgan edi. U yuvinish paytida bezovtalanishni istamaganligi va Nandi (xizmatkori) hammom eshigini qo'riqlash uchun bo'lmaganligi sababli, Parvati tanasidan yuvinish uchun ishlatadigan pastasini olib, undan o'g'il bola shakli yasaydi va unga jon ato etadi. Bu bolaga Parvati eshikni qo'riqlashni va hammomni tugatmaguncha hech kimni kiritmaslikni buyuradi.

Meditatsiyani tugatib qaytgan Shiva Parvatini ko'rmoqchi bo'ladi va hammom yoniga keladi. Hammom yonida esa g'alati va notanish bola tomonidan to'xtatiladi. Bolaga u Parvatining eri ekanligini tushintirsa ham, bola onasi yuvinishni tugatmaguncha kirishiga yo'l qo'ymasligini aytadi. Bolaning harakati uni ajablantiradi va bu oddiy bola emasligini bilib, doim bosiq bo'lsa ham Shiva bola bilan jangni boshlaydi va quroli Trishula (uch tishli nayza) bilan bolaning boshini uzib tashlab o'ldiradi.

Parvati buni bilgach, juda g'azablanadi va o'zini haqoratlangan his qiladi. U o'zining barcha shafqatsiz ko'p qurolli shakllarini chaqiradi va butun dunyoni yo'q qilish bilan tahdid qiladi. Lord Brahma (hinduizmda butun dunyo yaratuvchisi) Parvatidan bu axdidan qaytishini va rejasini qayta ko'rib chiqishni iltimos qiladi. Parvati esa agar ikkita sharti bajarilsa axdidan qaytishini aytadi: biri, bolani hayotga qaytarish va ikkinchisi, u bolaga abadiy boshqa xudolardan oldin sig'inilishi.

Xovridan tushgan Shiva esa Parvati shartlariga rozi bo'ladi va askarlariga shimolga qarab yotgan birinchi uchragan jonzodning boshini keltirishlarini buyuradi. Tez orada askarlar kuchli va qudratli Gujasa filining boshi bilan kirib kelishadi, Lord Braxma boshni bola tanasiga o'rnatadi va qayta jon a'to etib, uni Gajanana deb e'lon qiladi. Ya'ni, barcha xudolar orasida birinchi o'rinni egallash va butun mavjudodlar rahbari Ganapati degan maqom beriladi.

P.S. Birinchi marta bu afsonani Goa shtati tarix muzeyiga borganimda eshitgan edim. Goada, umuman butun Janubiy Hindistonda Ganesha bayrami keng nishonlanadi. O'tgan yili bir hafta bo'lgan edi, bu yil pandemiya sabab 3 kun bo'ldi. Bayramda Ganesha haykalchasi har bir oilada yasalib (yoki sotib olinib) bir necha kun sig'inishadi va keyin ko'l, daryo yoki chuqur quduqqa haykal cho'ktirilib yuboriladi.

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Har yilning 15-avgust kuni Hindiston o‘zining eng katta bayrami - Mustaqillik kunini nishonlaydi. Mustaqillik kuni 1947 yildan boshlab nishonlanib kelinmoqda.

1947-yil 15-avgustda Hindiston  Buyuk Britaniyadan ajralib mustaqil davlatga aylangani haqidagi akt kuchga kiritilgan (Indian Inderendence Act) va Dehli shahridagi Qizil Fort devorlari ustidan uch rangli mustaqil davlat bayrog‘i ko‘tarilgan. Hindistonning birinchi premer-ministri Javaxarlal Neru va o‘sha yerga yig’ilgan ko‘pchilik odamlar yordamida o'tkazilgan ushbu bayroq ko'tarish marosimi har yili o'tkazish ana'naga kirgan. Bundan tashqari, Hindistonning ko‘pgina shahar va qishloqlarida ham shu kuni Bayroq ko’tarish marosimi nisholanadi. Marosimda Hindistonning mustaqil davlat maqomiga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklar haqida gapirib o’tiladi.

1947-yildan 1949-yilgacha harbiy parad ham o’tkazilgan. Mustaqillik bayramini o‘zining diniy va milliy kelib chiqishiga qaramasdan har bir fuqaro nishonlaydi. Qaysidir ma’noda ushbu marosim demokratik Hindistonning birligini kuchaytirish va haligacha bor feodal qarashlarini chippakga chiqarishdir.

Happy Independence day India!

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

O'zbek adabiyotidan: Goada kunlar bir xil o'tmoqda. Ushbu shtatning sharqiy tomoni baland tog'likdir. Tog'lar esa toza suvli, ajoyib sharsharalar va changalakzorli o'rmonlardan iborat. Sharqdan g'arb tomonga qarab keng past tekisliklar va shtatning g'arbiy chegaralari sohillardan iborat. Goa sohillarini Hind okeaniga ulanib ketgan Arab dengizi suvlari yuvib turadi.
Bu yerda ham hamma yerda bo'lgani kabi quyosh tong saharda sharqdan, o'sha baland tog'lar ustidan zavqu-shavq bilan bosh ko'taradi. Lekin bu tabiatning har kuni takrorlaydigan g'aroyib hodisotini bu yerda ko'pchilik ko'ra olmaydi, chunki lokdaun sababli insonlar soat 9 yoki 10 gacha uxlashga o'rganib qolgan. Azondan turib yo'l bo'yida yurishni odat qilgan qariyalar ham sahar quyoshi nurlari taftini hozircha his qila olishmayapdi, chunki musson yomg'irlari mavsumi tufayli moviy osmon satxida qora bulutlar sayr qilib quyosh yuzini to'sib qo'ymoqda. Kun bo'yi quyosh ba'zida bulutlar orasidan men ham shu yerdaman degandek issiq nurlari bilan yerga mehrini sochmasa, asosan yomg'irlar bahorgi jaladek yerga obi hayot ulashadi. Buning natijasida, Goa yerlari Bog'i Eramdek yam-yashil, chiroyli, katta bir bog' tasvirini o'zida mujassam etgan.
Ulkan bog'ni kuzatar ekansiz, turli tuman qushlarning sayrashini eshitasiz, hatto tovuslarning bog'ni erkin sayr qilib yurishini ko'rib hayratga tushasiz.
G'arbdagi sohillar-u, dengizni hozircha tasvirlamay tura qolay. Zero, u tarafni quyosh dengizga bosh qo'yayotgan payt,
ufqni kuzatgan holda tasvirlash kerak!

Oldinlari kitob o'qisam: "shu atrofni shunaqa tasvirlash, bog'-u tog'ni aylanib kelish shartmikan, bor gapni dangal aytib qo'ysa bo'lmasmikan?" - deb o'ylardim. Endi o'ylab qarasam, adabiyot shunisi bilan adabiyotda, shu tarzda tasvirlanishi o'quvchiga kayf beradi, aslida. Masalan, hozir kitob o'qib shunaqa tasvirlangan joy yoki narsani hayolimda tasavvur qilib mazza qilayapman.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Mono joyda bir nimalar haqida gaplashdik👇

https://www.instagram.com/tv/CDZalD0FWd-/?igshid=1c9nld2ck4mf4

Hindistonda bakalavr bosqichida ta'lim olayotgan o'zbekistonlik ukam men bilan Hindistonga qanday kelganim, nima qilib yurganim, ta'lim va hayot haqida suhbat uyishtirdi.

Ja zo'r ekslyuzivmasku, lekin ba'zi foydali ma'lumotlar berdim deb o'ylayman. Qiziq bo'lsa, kirib ko'ring va fikrlaringizni komentlarda qoldiring! Foydali deb hisoblasangiz Like bosib do'stlaringizga ham ulashing!

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Goada mol go'shti topsa bo'ladi, faqat maxsus joylarda sotadi. Tovuq go'shtini topish esa umuman muammo emas. Hamma supermarketlarda bor. Yuqoridagi rasmda bugungi kundagi 1 kilo tovuq go'shtining narxlari.

Eng arzoni: tovuq jigari va oshqozoni (ro'yxatda 6- va 7- 195 rupiyalik) - 26 500 so'm.
Eng qimmati: Chicken salami (bu kalbasa) - 135 ming so'm.
Tovuq go'shti qiymasi (5-dagi Kheema degani) - 55 700 so'm.
Oyog'i (ro'yxatda 3) - 46 ming so'm, suyaksiz ko'kragi (ro'yxatda 4) - 54 ming so'm. Oldindan kesilgan tovuq (2-Pre-cut) - 40 ming so'm.
Ro'yxatni oxiridagi Mackerel degani bu baliq - 72 ming so'm.

Narxlar O'zbekistondan qimmat, menimcha. Karantindan oldin arzonroq edi. Karantin boshida chegaralar yopilganligi sababli boshqa shtatdan keladigan tovuq go'shti to'xtab qolgandi. O'shanda narxlar ko'tarilgandi. Haliyam shu ko'tarilgan narxlarda sotishyapti, shekilli. Nonning ham qimmatligi haqida yozgandim, o'sha gap tovuq go'shti ham qimmatligi uchun hindlarni ko'pi veg bo'lishsa kerak.🤷🏻‍♂️

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Ta'limda islohot

Bugun Hindistonning Yangi milliy ta'lim siyosati 2020 e'lon qilindi. Unga ko'ra maktablarda 10+2 tizimidan voz kechilib, yangi 5+3+3+4 tizimiga o'tkazilyapti. Bunda 1-5 sinflar boshlang'ich ta'lim, 6-8 sinflar o'rta, 9-11 sinflar o'rta maxsus va 12-sinfdan keyin bitiruv. Keyingi Oliy ta'limning har qanday shakli 4 yil bo'ladi (Bakalavr kollejlarda 3 yillik edi).

6-sinfdan kas-hunar kurslari tashkil qilinadi. 8-sinfdan 11-sinfgacha o'quvchi asosiy fan sifatida biror fanni tanlashi mumkin. Barcha bitiruv (12) kurslari asosiy va ikkinchi darajali fanlardan tashkil topadi. Misol uchun, aniq fanlar o'quvchisi asosiy fan sifatida Fizikani, ikkinchi darajali qilib Musiqani tanlashi mumkin. Musiqani orniga boshqa fan ham bo'lishi mumkin.

Oliy ta'limning barchasi bitta vazirlikka birlashtiriladi. Ya'ni, Universitet Grantlari Komissiyasi (UGC) va Butun Hindiston Texnik Ta'lim Kengashi (AICTE) birlashtiriladi. Barcha davlat, xususiy va kasb-hunar universitetlari yagona baholash tizimi va boshqa qoidalarga ega bo'ladi.

Hukumat tomonidan ota-onalar bolalarini 3 yoshgacha va 3 yoshdan 6 yoshgacha (maktabgacha ta'lim) o'zlari o'qitishi uchun umumiy (basic) ta'lim programmalari yaratiladi. Bunaqa kurslarga kirish va tashlash ko'p martalik bo'ladi.

Kredit tizimi, har bir talaba har qanday kursda ta'til olib keyin qaytib kelib o'qishini davom ettirsa to'plagan krediti saqlanadi. Sillabuslar faqat asosiy bilimlarga qisqartiriladi. Talabalarning ko'proq praktika va amaliy bilim olishlariga qaratiladi. Har qanday bitiruv kursi uchun, agar talaba birinchi kursni tamomlasa va o'qishni davom ettira olmasa u basic sertifikatga ega bo'ladi, agar u ikki yilni tamomlasa, Diplom sertifikati oladi. Agar u to'liq kursni tugatgan bo'lsa, daraja sertifikatini oladi. Shunday qilib, biron bir talaba, agar u oxirigacha o'qiy olmasa, o'qigan yillari bekor bo'lmaydi.

Adashmasam, bularning barchasi 2040-yilgacha to'liq amalga oshadi. Chunki Hindistonda islohotlar qog'ozlarda va quruq va'dalarda qolib ketmaydi. Bundanda batafsil ma'lumotlarni bilmoqchi bo'lsangiz, Hindiston Yangi milliy ta'lim siyosatining ingliz tilidagi taqdimotini ilova qilyapman.👇

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

O'zlarini aytishlari bo'yicha, yoshlikda doktor bo'lishni orzu qilgan, lekin taqdir yo'llari sharqshunoslik sohasiga olib kirgan. Bundan esa sira ham afsuslanmasligini, judayam faxrlanishlarini aytgan ustozimiz Ismatulla Nusratullaevich qisqa umr kechirgan bo'lsa ham o'zlaridan keyin juda ko'plab sharqshunos shogirtlar qoldirdi deb o'ylayman.

Hamma ta'kidlayotgandek, doim pozitiv kayfiyatda bo'lgan ustozimiz o'zlari haqida qilingan hazillarni ham to'g'ri qabul qilardilar. Shuni bilganimiz uchun QVZ va ijtimoiy tarmoqlarimizdagi hazillarning asosiy qahramoni ham Ismat aka edi. O'zim ham u kishi haqida ko'plab memlar yasab Sharqshunoslik universiteti ijtimoiy tarmoqlariga post qilganman. Boshida o'zimga uncha yoqmagan bo'lsa ham, 1 soatdan ortiq bo'lgan ustoz bilan qilgan intervyuni qilganim yaxshi bo'lganini o'ylab qoldim. Shu ishimdan faxrlanyabman ham, chunki bu intervyu ustozimizdan eng katta esdaliklardan biri bo'lib qoldi.

Inna lillahi va inna ilayhi rojiun. Alloh rahmat qilsin. Oxiratingiz obod bo'lsin ustoz! 🤲

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Karnataka shtatining Misure shahridan oddiy fermer dehqonning og'li 22 yoshli Pratap elektron chiqindilardan 600 dan ortiq dronlar yasagan va Fransiyada bo'lgan ko'rgazmada oltin medal yutibdi. Shu yoshida PM Modi tomonidan Drodo olimi sifatida tayinlanibdi.

Qizig'i, hind saytlarining yozishicha, Pratap Fransiya tomonidan ularga qo'shilish evaziga taklif qilingan oyiga 20 ming $ lik oylik, 5 xonali uy va 300 ming $ lik mashinani rad etganmish.

P.S. Dron sotib olib, uyga obketmoqchi edim. Bu yerda arzon va litsenziya talab qilishmas ekan. O'zbekistonda ma'muriymi yoki jinoiy javobgarlik borku dron uchun, shuni otmen qilishsa oborardim.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Hindistonda dollar kursi karantin boshiga qaraganda ozgina tushdi. Hozirda 1 dollar 74,6 rupiya (aprelda 77 rupiyagacha chiqqandi). Lekin Hindistonda dollaru, uning kursi O'zbekistondagichalik muhim emas, deyarli dollar ishlatishmaydi.

Yana bir narsa, yuz ming bilan o'n millionning o'rniga lak va kror so'zlarini ishlatishadi. Masalan, 100 ming rupiya emas, bir lak rupiya deydi. Shu bilan ketdi, 10 lak - 1 mln, 15 lak, 20 lak va hokazo. 10 mlnni 1 kror deyish kerak.

Lak va krori aslida nechi bo'lishi va dollarga hisoblaganda qancha chiqishini hisoblaguncha adashib ketaman ko'pincha. Ha yana, bitta hind o'rtog'imga bizda bir laklik pul kupyurasi borligini aytganimda, rosa hayron bo'lgandi. Yoningda bo'lsa ko'chada birovga ko'rsatib yurma deb maslahat bergandi. Chunki O'zbekistonda aslida 10$ ligini bilishmasa ham, rupiyadek o'ylab juda katta pul deb tushunishadi degandi.

Ularning eng katta pul kupyurasi 2 ming rupiya. Bundan tashqari, 500, 200, 100, 50 va undan kichik pul notalari bor.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

​​Hindiston-Xitoy chegarasida sodir etilayotgan qonli to’qnashuvlar sabab hindlarda Xitoyga nisbatan nafrat kuchayib bormoqda. O'zi azaldan Xitoyni yomon ko'rishardi. Koronavirus pandemiyasi boshlangandan keyin Xitoy tovarlarini sotib olmaslikka chaqiriqlar boshlangandi, chegaradagi to'qnashuvlar natijasida taqiqlar joriy etish hukumat darajasigacha chiqdi. Buning natijasida, Xitoyning 59 ta mobil ilovasiga hukumat taqiq joriy etdi.
(Rasmda ilovalar ro'yxati)

59 ta mobil ilova taqiqi oqibatida kompaniyalar kuniga taxminan 13 mln dollar yo'qotadi deyishmoqda. Birgina Tik Tok ilovasining egasi bo'lgan Byte Dance kompaniyasi kuniga 1 mln dollardan ko'proq yo'qotmoqda. Xiaomi singari Hindistonning o'zida zavodlari bo'lgan yirik kompaniyalar brendni "Made in India"ga o'zgartirishmoqda.

Xullas, faqatgina Hindiston virusga va uni tarqatgan davlatga qarshi jang qilayotgan yagona davlat deyishmoqda.

@javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Bolivudning ba'zi aktyorlari haqida

Hindistonga kelmasimdan oldin deyarli hind filmlarini ko’rmay qo’ygandim. O’sha eski Shohruhxonning filmlari-yu, O’zbekistonda mashhur bo’lgan hind kinolarini ko’rganman, albatta. Lekin so’nggi yillardagi Bolivud kinolarini ko’rmasdim va yosh aktyorlarni ham tanimasdim. Hindistonga kelganimdan keyin esa OAVda va ijtimoiy tarmoqlarda eng ko’p muhokama qilinadigan ba’zi Bolivud yulduzlari e’tiborimni tortdi. Ular haqida qisqacha:👇

https://telegra.ph/Bolivudning-bazi-yulduzlari-haqida-06-30

Kanalga ulanish: 👉🏻 @javmirov

Читать полностью…

Javmirov Life

Kelin qo'liga qo'yilgan mehndi (xina)

Mehndi kechasi yoki Xina qo'yish marosimi hindu va sikx madaniyatida to'ydan oldin nishonlanadigan bayram bo'lib, qizil-to'q sariq mehndi, ya'ni xina kelinning kaftlari, qo'llari va oyoqlariga qo'yiladi. An'anaga ko'ra kelinning mehndi rangi qanchalik turli bo'lsa, kelin va kuyovning nikohi shunchalik baxtli bo'lar emish. Xina qo'yishning juda ko'p dizaynlari bor va turli xil ne'matlar, omad, quvonch va muhabbatni anglatadi. Odatda to'ydan bir kun oldin bo'lib o'tadigan bu tadbir an'anaviy ravishda kelinning uyida bo'lib o'tadi, lekin bugungi kunda kelinlar uni tashqarida ham o'tkazishmoqda ekan. Odatda tadbirda kelin va kuyov tarafdan jami 75-150 ta ayol qatnashar ekan.

@javmirov

Читать полностью…
Subscribe to a channel