Kichkinaligimda tezroq katta bo'lishni xohlaganman (hamma kabi). Maktab paytlari esa tezroq dars tugasa-yu, qo'shni maktabga ertaroq borib yoqtirgan qizimni ko'rsam yoki tezroq kunlar o'tib yoz, ya'ni yozgi ta'til kelishini kutish bilan o'tkazganman. Keyin litsey, u ham har qishloqqa borib-kelish muddati belgilab qo'yilgan 6 oyni tezroq o'tishini kutish bilan yoki oxirgi kursda "ishqilip litseyni tugatiboq universitetga kiray, imtihondan yiqilib sharmanda bo'lmay" - degan qo'rquv bilan o'tdi. Shu bilan butun o'smirlik davrimni o'tkazib yuboribman. Universitet ham shunaqa qandaydir belgilangan muddatlar tezroq kelishi, u kelganda esa yana yangisini kutish bilan o'tib ketdi. Xuddi 2020-yilni "karantin tugasa..., karantin tugasa..." - deb o'tkazib yuborganimizdek!
Hozir esa o'sha o'tgan kunlarni sog'inaman. Masalan, hamma kabi maktab paytlarimni.
- Lekin nega hamma kabi?
- Nega keladigan kunni kutib, yashab turgan kunimni esa qadriga yetmay, uni tezroq o'tishini istab yashaganman va endi esa o'sha kunlarni sog'inaman?
Sababi, hamma kabi tarbiyalanganim yoki atrofimni o'rab turgan odamlar ta'siri: Porloq kelajak haqida orzular, "katta bo'lsang" yoki "u yerga borsang" kabi muddat va yo'nalishlar, "u yerda o'qiysan" yoki "bu yerda ishlaysan" kabi oldindan belgilab berilgan maqsadlar sari intilganim bo'lsa kerak.
Hozirgi kunda tezroq O'zbekistonga qayt deyishmoqda. Istasam, istamasam hozir butun hayolim tezroq yurtga qaytish bo'lib qolyapti. Xuddi litsey yoki universitet davrlariday "tezroq kunlarim o'tsa-yu, uyga qaytsam" - deb yashayapman. Lekin bir necha yillardan keyin hozirgi kunlarimni ham sog'inamanku, to'g'rimi?!
Shuning uchun qachon qaytasan deb so'ramang, iltimos! Qaytish muddatini belgilaganim yo'q. Hozirgi kunlarimdan bahra olishga harakat qilyapman.
Albatta, shu kirib kelgan yangi 2021-yilda qaytaman!
Yangi yil muborak bo'lsin! @javmirov
Juma kuni kechki payt Dehlidan kelayotgan iroqlik o'rtog'imni olib kelish uchun aeroportga borudim. Skuterda (aytgancha, skuter ovoganman). Skuterning kichkina cho'ntakdek kovak joyiga telefonimni qo'yudim, yo'lda tushib qopti. Yo'lning notekis joyida bir marta sakragandi, o'sha joyda tushib qolibtida. Uzoqqa ketmasdan ortimga qaytib tekshirdim, lekin topa olmadim. O'rtog'imning telidan qo'ng'iroq qilsak, o'chirilgan deyaverdi.
Yarim tundan o'tgandan keyin telefonim yondi va qo'ng'iroqqa javob berishdi. Bir mahalliy yigit topib olgan ekan. Shanba kuni tush vaqti ko'rishib, telni qaytarib oldim. Suyunchisiga olmayman desayam majburlab 500 rupiya berib, katta rahmat (nega rahmatni 'katta' deymiz? Boshqalar 'ko'p rahmat' deyishadiku) va yaxshi odam ekansan, xudo yorlaqasin deb qaytdik (xristian edi, adashmasam).
Telni yo'qotgan kechasi, boyagi yigit qo'ng'iroqqa javob bergunicha hamma hind o'rtoqlarimga aytib, topsa bo'ladimi yo'qmi deb so'rab, yangi tel olishni va sim kartani tiklatishni reja qilib qo'yudim. Lekin yaxshiki, yigit insofli ekan, "teling ishonchli qo'llarda, xavotir olma! Kelib olib ket" - dedi.
Shunda bakalavrda o'qib yurganimizdagi bir voqea esimga tushib ketdi: IPhone 6S chiqqan yili edi. Bitta kursdoshim mashinasida kechki paytlari shaharda kira qilardi. Bir kuni uyga IPhone 6s bilan kelib, bizga: "nima qilamiz, mashinamda kimdir tushirib qoldiribdi" - dedi. Yangi IPhone (IPhone 6s😱) sentabrda prezintatsiyasi bo'lgan bo'lsa, voqea noyabr yoki dekabr oyida bo'layotgandi. Xullas, o'ylab-o'ylab, maslahatlashib pul evaziga egasiga qaytarib berishga kelishdik. Keyin shu kechasi ko'rishib 100 ming so'm suyinchisini (🤦♂) olib qaytarib berudik. O'shanda iphone egasi "telefon mayli, ichidagi rasm, video va kontaktlar qimmatli" - degandi. Rostan telim Xiaomi, 3 yildan ko'proq bo'ldi ishlatayotganimga, lekin ichidagi kontaktlar bir umr yig'ganlarim - juda qimmatli.
Siz ham kimnidir telefonini topib olsangiz, albatta, egasiga qaytarib bering demoqchiman shu uzun hikoyam bilan. Hozirgi kunda odamlar ozlari uchun kerakli, qimmatli narsalarini ham shu telefonlarda saqlashyapti. Keyin yana bizga o'xshab pul ham so'rab yurmang, hozir o'shani eslasam uyalip ketyappan.
@javmirov
Баъзида ёзишга мавзу топилади, хаёлингда постни тайёрлаб ҳам қўясан, бироқ реалда на ёзишга, на уни эълон қилишга хоҳишинг бўлади. Бу дангасалик эмас, шунчаки, ўзингга ўзинг: "Бу ёзганларимни охири борми? Ким учун ва нима учун ёзяпман?", деб савол йўллайсан ва қилаётган ишингдан бир муддат кўнгил узасан. Шунақа давр ҳам бўлиб туради. Уни енгиш керак. Енга олиш керак.
Читать полностью…🇨🇳🇮🇳Хитой-Ҳиндистон чегарасидаги вазият кескинлигича қолмоқда
Сўнгги бир неча ой ичида Хитой ва Ҳиндистон қўшинлари икки давлатнинг де факто чегараси қаторида жойлашган «Ҳақиқий назорат чизиғи» (LAC) деб номланувчи нуқталарда бир-бирларига нисбатан тажовузкор позицияларни эгаллаб туришибди. Сўнгги бир неча ҳафта ичида зиддият янада кучайган. Душанба куни ҳар икки томон бир-бирини баҳсли ҳудудларда ҳавода ўқ узганликда айблаган. Шу билан, томонлар ўзларининг белгиланмаган чегаралари бўйлаб ўқ узмаслик ҳақидаги узоқ муддатли протоколларини бузишган.
Ечим қандай бўлиши мумкин ва воситачиликка ўрин борми?
Хитой ва Ҳиндистон ҳарбий ва дипломатик амаладорлари ўртасидаги музокараларнинг бир неча раунди шу пайтга қадар тангликни бартараф эта олмади. Иккала томон ҳам тажовузкор позицияга кириб, бир-бирларини провокацион ҳаракатларни амалга оширганликда айбламоқда.
Кузатувчиларнинг таъкидлашича, дунёнинг қудратли давлатлари вазиятни тинчлантириш учун дипломатик саъй-ҳаракатларни бошлаган бўлсада, уларнинг Хитой ва Ҳиндистонга муроса йўлини кўрсата олиши эҳтимоли катта эмас. Чунки, Хитой ҳам, Ҳиндистон ҳам қудратли давлатлар, улар бошқаларнинг нима қилиш кераклигини ўргатишини хоҳламайди. «Улар дунёнинг бошқа қудратли давлатлари назоратидан ташқарида эканлигини кўрсатишмоқчи», дейди Янги Деҳлидаги Жаваҳарлал Неру Университетининг хитойшунос олими, профессор Срикант Кондапалли.
Шунга қарамай, сўнгги тўқнашувлар икки томоннинг ҳам бир-биридан устун келишига олиб келмади. Бундай танг шароитда эса, Хитой ва Ҳиндистон воситачига эҳтиёж сезиши мумкин. «Икки томон ҳам Россиянинг эҳтимолий бўлган воситачилиги вариантини кўриб чиқиши мумкин. АҚШга келсак, хитойликлар унинг воситачи бўлишини рад этишди, Ҳиндистон томони эса бу ҳақида аниқ бир нарса демади», дея таъкидлайди профессор Кондапалли.
«Менинг фикримча, Германия ва Европа Иттифоқи Қўшма Штатларга қараганда бетараф деб қабул қилинади. Шундай қилиб, агар Хитой ва Ҳиндистон ўртасидаги зиддият кескинлашиб кетса, Германия ва Европа Иттифоқи воситачилар сифатида янада самарали ҳаракат қилишлари мумкин. Аммо охир-оқибат, Хитой-Ҳиндистон можароси дипломатик ёки Нарендра Моди ва Си Цзиньпиннинг норасмий учрашувларини қайта бошлаш йўли билан ҳал қилиниши керак», деб таъкидлайди таҳлилчи Дерек Гроссман DW ахборот агентлигига.
Каналга уланиш⬇️⬇️⬇️
@Siyosatdon_klubi
Inson o'z hayotini o'zi murakkablashtiradi. Hamma narsa oson va yengil amalga oshishi mumkin, lekin har xil qo'rquv, xavotirlar bilan muammolar yaratadi va o'z hayotini o'zi chigallashtiradi.
©
Bismillahir Rahmanir Rahim! Hayot juda mashaqqatli sayohat, inson bo'lish esa hayot safaridanda mushkulroqdir. Ta'lim - hayotdagi shu yutuqqa erishishning birinchi yo'lidir, shuning uchun men Afg'onistonda Tolibon davridan to hozirgacha shu yo'lda yashab keldim. Hindistonlik do'stlarimizga ta'lim olish juda oson bo'lishi mumkin, ammo men va men kabi so'nggi to'rt yoki besh o'n yillikda urushlar va turli mojarolar mavjud bo'lgan mamlakatda voyaga yetganlar uchun - bu juda qiyin.
Maktabga yetti yoshimdan borganman. Maktab uchun maxsus joy yo'q edi, chunki maktabimizning umuman binosi bo'lmagan. SSSR bombardimon qilib mamlakatdagi butun infratuzilmani yo'q qilib tashlagan edi. Yoz vaqtlari quyoshdan pana salqin bog'larda, bahor va kuz faslida esa issiq bo'lishi uchun ochiq joylarga ko'chib o'qir edik. Baxtga qarshi, yetarli o'quv qurollarimiz ham bo'lmas edi, sinfimda bitta kitob, men va do'stlarimda bitta qalam bo'lardi, shuning uchun doim bir joyda birgalashib dars qilar edik. Balki qog'ozni ham o'chirg'ich bilan tozalab, qayta-qayta ishlatganmiz desam g'alati tuyilsa kerak?!
Otam mamlakatda ketayotgan urush va qattiq qirg'oqchilik sababli Eronga ko'chib ketgan. Bizda esa na yashashga uyimiz, na yegani ovqatimiz bo'lgan, faqatgina bambukdan bo'lgan kapamiz (boshpana) bor edi. Men bir vaqtning o'zida ham oila boquvchisi ham maktab o'quvchisi edim. Onam o'qishimni qo'llab-quvvatladi, u doim sen kuchlisan, bu qiyinchilik va muammolarni yengib o'tasan deyardi. Hozir kim bo'lib yetishgan bo'lsam barchasi uning xizmati, onajonimning muhabbati sharofatidir.
Hayotning har xil sinovlarini boshdan kechirdim. Bakalavr bosqichini har kuni Tolibon va hukumat o'rtasida jang bo'layotgan hududda o'qidim. Universitet hududi xavfsiz bo'lmagani uchun kompyuter xonasi, kutubxona, oshxona, transport va shunga o'xshash qulayliklarni umuman ishlatmaganmiz. Lekin bu kabi to'siqlar bizni universitetga ta'lim olishga borishdan to'xtata olmagan. Qanday imkoniyat topsak, shundan foydalandik, hech qachon taslim bo'lmadik.
Hozirda magistrlik darajasiga Goada tinch va osoyishtalikda erishmoqdaman. Ba'zan Goa universitetidagi bu osoyishtalik ona yurtim, qay holatda ulg'ayganim va ta'lim olganim haqida chuqur o'ylashga majbur qiladi. Maktab, kollej va universitetdagi ta'lim bosimidan tashqari hayotning juda ko'p sinovlari bo'ldi. O'zimga bo'lgan ishonch va sabr orqali barcha qiyinchilik va muammolarni yengib o'tdim va shu darajaga yetishdim. Meni bu maqolani yozishga undagan narsa, hayotimizda duch keladigan barcha kurashlarda taslim bo'lishdan ko'ra uni yengib o'tishda bizda yetarlicha kuch borligini aytish edi.
© Abdul Basit Haidari (Afghanistan)
M.A. English. Department of English (2018-2020). Goa university.
Tarjimon @javmirov
Biz Lord Ramning maymunlar armiyasi kabi partiyaning yosh armiyasimiz - deydi Bobur masjidini buzishga ketayotgan Yuridik kollej (bakalavr) talabasi. Qo'liga qilich tutgan ikkinchi yigit esa dinimizga va partiya siyosatiga qarshi bo'lgan musulmonlar va hatto o'z dinimizdagi odamlar bilan ham jang qilaman deydi. Ram o'zi aynan qayerda va qaysi asrda tug'ilganini so'ragan jurnalistga: bu qadimiy tarix, faqat tarixchilar bilishi mumkin - deb javob berishadi. Hatto, din rohiblari ham bu qadimda, tarix boshlanmasdan oldin bo'lgan deb tayinli javob bera olishmaydi. Bu gaplar bir soatdan ortiqroq bo'lgan "In the name of God" (Xudo nomi bilan) deb nomlangan hujjatli filmda aks etgan.
Qizig'i, ba'zi oddiy o'qimagan, past kasta odamlari bu aslida noto'g'ri ekanligi, tarixiy bino, masjidni buzish to'g'ri emasligi, aslida siyosiy o'yin bo'layotgani, agar xohlashsa masjidni buzmasdan templ qurish mumkinligini aytishadi. Lekin anu yuridik talabasiga o'xshagan yoshlar va ana shunday odamlarning diniy hissiyotlarini ishga solib ko'zini ko'r, manqurt darajasiga oborib qo'ygan siyosiy partiya boshliqlari 1992-yil dekabr oyida Bobur masjidini buzishga va minglab odamlarning o'limiga sababchi bo'lishadi. Bobur masjidi ustida butxona qurishni va'da qilgan partiya saylovlarda yutib necha yildirki hukumatni boshqarib kelyapti va bu yil va'dasining ustidan chiqib butxona (temple) qurilishini boshlashdi.
@javmirov
Bugun butun Hindistonda "Ganesha" bayrami nishonlanmoqda. Hinduizmda Ganesh boshi fil, tanasi odam ko'rinishadagi - omad, sog'liq, quvonch va xotirjamlik xudosi sanaladi.
Читать полностью…Dubaydan uchgan Air India Express samalyoti Kalikutga qo'nishda halokatga uchradi. Bortida 184 ta yo'lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi bo'lgan Boeing 737-800 kuchli yomg'ir tufayli qo'ngandan keyin to'xtay olmagan. Natijada, qo'nish yo'lagidan chiqib ketib dalaga qulagan va ikkiga bo'linib ketgan. Hozircha uchuvchi halok bo'lganligi e'lon qilindi.
@javmirov
Hind-musulmon muammolaridan biri sifatida keltiriladigan Ayodhadagi Lord Ram ibodatxonasi o'rniga qurilgan Bobur masjidi va masjidni buzib, endi Ram ibodatxonasini qayta qurishmoqchiligi haqida yozgandim.
Pandemiya davrida shu ibodatxona qurilishi boshlangan. Ibodatxona qanday shaklda bo'lishi haqida video va bino maketi suratlarini e'lon qilishdi (rasmda). Bu bilan Modi hindular orasida yana katta ochko ishladi.
@javmirov
Hindiston milliardlab dozadagi vaksinani ishlab chiqarishga tayyor
Dunyodagi eng katta vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniya Hindistonda joylashgan. Serum instituti bir yilda 1,5 milliard dona vaksina dozasini tayyorlash quvvatiga ega.
Shu kompaniya Oksford universiteti va "AstraZeneca" birgalikda koronavirusga qarshi yaratgan, lekin hali sinovlardan to'la o'tmagan vaksinani katta miqyosda ishlab chiqarishni boshlabdi. Maqsad vaksinaga foydalanish uchun ruxsat berilganda, uni zudlik bilan tarqatish uchun tayyor turish.
Bu ishning xatari shundaki, agar vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o'tmasa, ya'ni foydalanish uchun xavfli yoki yaroqsiz deb topilsa, kompaniya millionlab dollarga kuyadi. U shu riskni bo'yniga olib, oldindan ishlab chiqarishni boshlamoqda. Nafaqat Serum instituti, balki dunyoning boshqa ko'plab kompaniyalari ham shu yo'ldan bormoqda.
Serumning yana bir o'ziga xos jihati bor: u ishlab chiqarilgan vaksinani ustiga foyda qo'yib sotmas ekan, faqat tannarxini qoplash uchun minimum narxda sotishini e'lon qildi.
Hindistonda ishchi kuchining arzonligi va katta mashtabda ishlab chiqarish imkoniyati borligi bois, vaksina ancha arzonga tushishi taxmin qilinmoqda.
Serum instituti tarixi haqida qisqacha ma'lumot: bu kompaniya Hindistonning badavlat bir oilasiga qarashli xususiy kompaniya, 50 yil oldin ot fermasi qoshida tashkil qilingan. Dastlab ot qonidan olinadigan zardob ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, keyinroq boshqa turdagi vaksinalarni ham ishlab chiqarishga o'tgan. Hozir dunyoning eng katta vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyasi.
Kompaniya rahbarining aytishicha, shu kunlar uning telefoni tinmayapti: turli davlatlar rahbarlari, vazirlar undan vaksina sotib olish bo'yicha shartnoma qilishni so'rashayotgan ekan. U vaksinaning yarmini Hindistonga, qolgan yarmini esa kambag'al davlatlarga tarqatmoqchi ekanini aytgan. Boylar navbatning oxirida tursin, debdi.
1,5 milliard doza, albatta, butun dunyoga yetmaydi. Lekin u va boshqa yana ko'plab davlatlardagi farmasevtika kompaniyalari birgalikda ishlasa, bir yil ichida butun dunyo aholisini koronavirusga qarshi vaksina bilan ta'minlash mumkin.
Muhimi - shuncha harakatga yarasha, ishlab chiqarishga qo'yilgan vaksinalar sinovlardan muvaffaqiyatli o'tsin.
Barchaga Qurbon Hayiti Eid al-Adha muborak bo'lsin! Keyingi Hayitlarni ota-onalarimiz va qarindosh-urug'larimiz davrasida, sog'-salomat, xursandchilikda o'tkazish barchamizga nasib etsin!
Bizda bugun Arafa, ertaga Hayit. Esizda bo'lsa, Hindistonda Ramazon oyi O'zbekistondan bir kun keyin boshlangani uchun Ramazon Hayiti ham bir kun keyin bo'lgandi, Qurbon Hayitini ham bir kun keyin nishonlayapmiz.
@javmirov
Qaysidir tanishim bilan gaplashsam, Goada axvol qanday deb so'rashadi. Axvol O'zbekiston bilan bir xil deb javob berayotgandim. Aslida, rasmiy ma'lumotlarga qiziqmay, nechta odam virus yuqtirganligi haqida statistikalarni o'qimay qo'ydim. O'sha kuni aytganimday, universitetda ham virusga chalingan xodimlar haqida eshitganimda, ha rostdan ham axvol yomon deb o'ylagandim.
Kecha qo'shnimning skuterini olib shahar aylanib keldim. Hamma ko'chada, magazinlar, supermarket, butiklar va boshqalar ochiq, ishlab turibdi. Ayniqsa, kechki payt ko'chada shunchalar odam ko'pki, koronadan oldin ham buncha odamni ko'chada ko'rmagandim. Hindlarni odati bor o'zi, yosh-u qarisi kechki payt ko'cha bo'yida sport kiyimini kiyib olib yugurishning o'rniga 2-3 km faqat yurishadi (walking). Hozir kun bo'yi uyda o'tirishgani uchun kechki payt hamma sport bilan shug'illangani chiqib olishgan.
Bugun statistikasiga qarasam, Goaning o'zida virus bilan kasallanganlar soni 5200 ga chiqibdi. 1 mln 522 ming aholisi bo'lgan Goa shtatiga bu ko'rsatkich juda ko'p, menimcha, yana kasallanishning kunlik o'sishi 200+ bo'lmoqda ekan. Goada asl axvol shunaqa.
Ha skuterda ko'chaga chiqib kelganim sababi, osh qilishga masalliq olib keldim. Odam rosa sog'ingandi palovni, qo'ldan kelgansa pishirib yedim (rasmda). Keyingi safar boshqa chet elliklarga ham qilib bermoqchiman!
@javmirov
Ko'rgan, bilgan, eshitgan va to'plagan ma'lumotlarimdan Hindiston haqida 30 ta qiziqarli faktlar tayyorladim👇👇
https://telegra.ph/Hindiston-haqida-30-ta-qiziqarli-fakt-12-19
Kanalga ulanish: @javmirov
Xalqqa svet va gaz bering!
Kechki payt sport zaldan uyga qaytayotsam bitta mahallada svet ochib qolganini ko'rib yuqoridagi gap hayolimda aylanaverdi. Hozir uznetda trenddagi mavzu-ku axir.
Universitet yotoqxonasiga keludim, u yerda ham o'chib qoldi. Tezda keldi-yu, yana qayta bir necha marotaba shunaqa o'chib yondi.
Goada ham chiroq o'chadimi?
- Ha, o'chib turadi. Yomg'ir mavsumida ko'p takrorlanadi. Lekin eng uzog'i yarim soatda qaytib yonadi. Ataylab elektr energiyasini tejash uchun o'chirishmaydi, qanaqadir avariyaviy holat bo'lganda o'chadi.
Gazchi?
- Oqava gaz yo'q, gaz balon ishlatishadi. Gaz odamlarga unchalik kerak ham emas, chunki ovqatni asosan tok plitalarda pishirishadi. Qish fasli yo'q, shuning uchun uyni ham isitishga hojat yo'q. Elektr narxi esa arzon.
Ha yana issiq suv ham yo'q. Sovuq suv esa o'chganini hali uchratmadim. Kimga issiq suv kerak bo'lsa, uyiga geyser (suv isitgich - bizda Ariston deyishardi shekl) o'rnatib olishadi. Elektrga pulni to'lab yaxshi yashayverishadi.
P.S. Ha, gaz bo'lmasa ham xalqqa hech bo'lmasa #svetberish kerak!
#chiroqber #gazber @javmirov
Karantin kunlarni qanaqa o'tkazganim haqida qisqacha video qildim👇🏻.
https://www.youtube.com/watch?v=qjxs8NJfpbg
Yoqsa like va komment yozib, kanalga obuna bo'lib qo'ysezlar minnatdor bo'lardim🙏🏼.
Har bir jamiyatning o'ziga xos muammolari va o'xshashliklari bor. Masalan, bizda "ma'naviyat soqchilari" bo'lsa, hindlarda "madaniyat qo'riqchilari" bor. Biz biror ishni "o'zbekchilik" desak, ular "kastachilik" deydi. O'ylaganim, masalan Hindistonda kastachilikni saqlab qolishdan yuqori kasta vakillari manfaatdor. Bizdagi "ma'naviyatchilar" nimadan manfaatdor bo'lishar ekana?!
Kasta tizimini saqlashdan manfaat - yuqori kasta o'zi qanday qulayliklarni ko'rgan bo'lsa, bolasi ham shularni ko'rishini xohlaydi. Masalan, o'qishga kirishda geniy, lekin past kasta vakilidan kam ball yig'gan bo'lsa ham yuqori kastadanligi uchun birinchi u tanlanadi. Yoki boshqa misol, ishga kirishda nomzod qaysi kastaga mansubligi haqidagi guvohnomani ko'rsatishi kerak, oliy ma'lumotli past kasta vakili kirmoqchi bo'lgan joyga mabodo brahman ham hujjat topshirgan bo'lsa, u rezervga tushishi aniq yoki rad javobini qo'ltiqlab ketadi.
Imkoniyatlar teng emas, bu bizdagi harbiy farzandlariga o'qishga kirishda qo'shimcha imkoniyatlar berilayotganiga sal o'xshash bo'lsa, boy-kambag'al yoki tanish-bilishchilikdan katta farq qiladi. Tanish-bilish bo'lmasa ham yuqori kasta vakillari ko'proq imkoniyat va hurmatga ega bo'laveradi.
Konstitutsiyada barcha teng, mamlakatda demokratiya. Gaplashsang, bular eskilik, oldin shunaqa bo'lgan, hozir unaqa emas deyishadi. Lekin amalda baribir oldingiday, ular buni kultura (culture) sifatida saqlab kelishmoqda. Senga ochiq aytishmaydi, lekin jamiyatida necha asrlik boy madaniyatimiz, buni yo'qolib ketishiga yo'l qo'ymaymiz deb harakat qilishadi o'sha "madaniyat qo'riqchilari".
Yana bir jihat, familiya orqali ham tezda kimligini farqlashadi. Masalan, Bhatt - brahman, Sinx Rajput - kshatriy (jangchi), Gupta - savdogar, ya'ni 3-kasta. Shuning uchun familiyalarini ham avlodlarida saqlashadi. O'ylashimcha, Kasta sertifikatini bekor qilishsa ham bu madaniyat saqlanib qolaversa kerak.
@javmirov
Gandining qotili haqida
Mahatma Gandi (kimligini hamma bilsa kerak...) Nathuram Vinayak Godse tomonidan otib o'ldirilgan. Nathuram Gotse kim bo'lgan?
Asl ismi Ramachandra bo'lgan Nathuram 1910-yil 19-may kuni Maharashtra shtatida Chiptavan Brahman (maharashtralik braxmanlar jamoasi) oilasida dunyoga kelgan. Otasi Vinayak Vamanrao Godse pochta xodimi bo'lgan, onasining ismi Lakshmi bo'lgan. Ular Ramachandradan oldin uchta o'g'il va bir qiz farzand ko'rishgan, lekin o'gil farzandlarining barchasi go'dakligidayoq vafot etganligi uchun Ramachandrani go'dakligida qiz farzand sifatida katta qilishgan va burniga uzuk taqib qo'yishgan. Shuning uchun Nathuram (Marathi tilida - "burun-uzuk taqqan Ram") degan nom olgan. Keyinchalik ukasi tug'ilgandan keyin uni o'g'il bola sifatida tarbiyalay boshlashgan. Godse avval Baramatidagi mahalliy maktabda o'qigan, keyin esa Punadagi xolasinikiga ingliz tilidagi maktabda o'qishi uchun yuborilgan. Maktab davrida u Gandini juda qattiq hurmat qilgan.
Nathuram maktabni tashlab, Rashtriya Swayamsevak Sangh (Milliy ko'ngillilar tashkiloti) va Hindu Mahasabha (siyosiy partiya) singari hindu natsionalistik tashkilotlarga qo'shilib aktivist va hind millatchiligi tarafdoriga aylanadi. Hindiston Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishganda, Gandi Hindistonning bo'linish paytida hindistonlik musulmonlarning siyosiy talablarini ma'qul ko'rib, ularni qo'llab-quvvatlagan deb hisoblagan va shuning uchun unga suiqasd uyishtirgan.
1948-yil 30-dekabr soat 17:17da Gandi o'zi joylashgan Nyu-Dehlidagi qasr, Birla Xaus ortidagi baland maysazorda ibodat yig'ilishiga yo'l olganida Godse olamon orasidan chiqib keladi va Gandining ko'kragiga uch marta o'q uzadi. Gandi Birla Xausga qaytarib olib kelinadi va u yerda ko'p o'tmay vafot etadi. Godse o'sha yerning o'zida qo'lga olingan. 1949-yil 8-noyabrda Panjob Oliy sudida o'lim jazosiga hukm qilinadi va 1949-yil 15-noyabrda Ambalada osib o'ldiriladi.
2014-yilda Bharatiya Janata partiyasi (BJP - hozirgi hukumatni boshqarayotgan partiya) hokimiyat tepasiga kelganidan so'ng, Hindu Mahasabha Godse nomini qayta tiklash va uni vatanparvar sifatida ko'rsatish harakatlarini boshlaydi va Bosh vazir Narendra Modidan Godsening byustini o'rnatishni so'rashadi. 2015-yil 30-yanvarda Gandi vafot etgan kun munosabati bilan "Desh Bhakt Naturam Godse" (Vatanparvar Nathuram Godse) nomli hujjatli film namoyish etiladi. Hatto, Godsega atab templ (ibodatxona) qurish va 30-yanvarni Shaurya Diwas ("Jasorat kuni") sifatida nishonlashga urinishlar bo'lgan.
Hindistonda hind millatchiligi avj olayotgan bir paytda, Godse sharafiga haykallar va ibodatxonalar qurilmoqda. Millatchilar tomonidan Gotsening tug'ilgan kuni katta bayram sifatida nishonlanadi. Meerut shahrini (Harit Pradesh shtati poytaxti) Gotse nomi bilan qayta nomlash taklif qilingan, lekin Tuman sudi tomonidan bu taklif rad qilingan. Xullas, Hindistonni jangsiz, tinch yo'l bilan mustaqillikka olib chiqqan, millat otasi sanalgan Mahatma Gandi qotili endilikda millatchilar tomonidan vatanparvar qahramon sifatida ko'rilmoqda. Chuqurroq xulosa qilishni esa yana o'zingizga qoldiraman.
Matnni Viki va hind ziyolilari bilan suhbatdan olgan ma'lumotlar asosida @javmirov yozdi.
Rasm Gandi o'ldirilgan joyda o'rnatilgan memorial👇🏻
Goadagi holat haqida
Aytishlaricha, Goa butun Hindistonda umumiy aholisining 1%i Covid-19ga chalingan birinchi shtat bo'libdi. Chorshanba (26-avgust) kechqurungi ma'lumotlarga ko'ra, Goada umumiy kasallanganlar soni 15 mingdan oshgan va bu umumiy aholining 1%ini tashkil qiladi.
Goa mamlakatning maydon jihatdan eng kichik va aholi jihatdan esa Sikkim, Mizoram va Arunachal Pradeshdan keyin to'rtinchi eng kam aholi (1 mln 522 ming) shtatdir. Shtat aprel va may oylarida virusdan holi hudud edi. Goa hukumatining aytishicha, kasallanganlarning bunday tez ortishi ommaviy test olishning yo'lga qoyilganligidadir. Hozirgacha 186 ming kishidan test olingan, bu umumiy aholining 12 foiziga to'g'ri keladi. Shu kungacha koronavirusdan vafot etganlar soni 165 kishi.
@javmirov
Filmda yana aytilishicha, Bobur 1528-yili Ayodhada masjid qurdi, oradan 50 yil o'tib, Tulsidas Ramayana dostonining o'z versiyasini (Ramayananing 24 ming versiyasi mavjud) yozdi va shundan so'ng hinduizm xudosi Ram afsonasi ommalashib ketdi deyiladi. XIX asrda Ayodhada juda ko'plab Ram templlari bor edi, ularning ko'pchiligi Ram tug'ilgan joyda qurilganligi davo qilinardi. Inglizlar Hindistonga kelib, uni boshqara boshlagandan so'ng, hindu-muslim birlashmasi kuchayib ingliz hukumatiga qarshi katta kuch shakllana boshlaydi. Buni oldini olish uchun ingliz hukumati Bobur kelganda Ram templini buzib o'rnida masjid qurgan degan mish-mish tarqatadi va o'sha joy Ram tug'ilgan joy edi deb hindu-muslim birlashmasini bir-biriga qarshi qo'yishga urinadi. Lekin hindular va musulmonlar kelishib olishadi va kelishuvga ko'ra musulmonlar masjid ichida, hindular esa masjid tashqarisidagi ziyoratgohda ibodat qilishadi. Lekin bu kelishuv to 1947-yil bir nechta hindu tomonidan tunda masjid ochilib ichiga Ram haykali (but) o'rnatilgunicha davom etadi. Shundan so'ng, masjid musulmonlar uchun ham hindular uchun ham yopib qo'yiladi. Tuman hokimi vazifasida bo'lgan K.K. Nayar qonun va tartib sabablariga ko'ra butlarni masjiddan olib tashlashdan bosh tortadi va bir necha yildan so'ng esa Hindu natsiolistik partiyasiga borib qo'shiladi.
Yillar davomida har xil propaganda materiallar tayyorlanib, Bobur masjidi Ram tug'ilgan joy ustiga qurilgan degan nazariya hindular miyasiga quyib kelinadi. Filmda ana shunday propaganda videoning bittasini ko'rsatishgan: TVda ko'rsatuv berilyapti, unda bittasi 23-dekabr kechasi tush ko'rgani va tushida Bobur masjidi ichida turganda birdan hammayoq yorishib ketib 4 yoki 5 yoshlardagi bir chiroyli bolani ko'rganligini aytadi. Qulflangan eshik ochilib ketib odamlar bolaga va butga sajda qilayotganini ko'rganmish va oxirida 22-dekabr kuni Ram o'zi tug'ilgan joyda paydo bo'ldi deb aytadi.
Shunaqa propagandalardan keyin omi olamon barchasini haqiqat deb qabul qila boshlashgan va hindu ekstrimistik guruhlari paydo bo'lgan. Xullas, hujjatli filmni ko'ring. Film hindcha, inglizcha subtitri bor. Film aynan o'sha davrda olingan bo'lib, 1991-1992-yillarda Ayodhadagi Bobur masjidini buzib Ram butxonasini qurish uchun Hindu natsionalistik partiya boshliqlari chaqirig'i bilan Mumbaydan yo'lga chiqqan 50 mingdan ziyod hindu ekstrimistlari, aslida nimalar bo'lgan va qanday bo'lganligini ko'rsatib berilgan. Menga shu mavzuda gaplashganimizda bitta hind o'rtog'im ko'rishni tavsiya qilgandi. O'zi ham shu Ayodhalik hindu, lekin masjid buzilganligi va butxona qurilayotganligini qoralaydi. Xulosalarni o'zingiz chiqararsiz!
@javmirov
Gazetalar haqida
Hindistonda O'zbekistondan farqli ravishda aholi hali ham gazeta o'qishadi. Yoshi katta avlod yangiliklarni TV, radio, internet yoki telefonda olishdan ko'ra gazetada o'qishni mutlaqo afzal ko'radi. Bundan tashqari aholini katta qismi boy bo'lmaganligi uchun smartfonlardan foydalanishmaydi. Smartfonlardan foydalanadigan yoshlar ham gazetalarning elektron nusxasini saytidan olib ko'rsatadigan maxsus telefon ilovalarini ishlatishadi, ya'ni telefonda gazetalarning har kunlik elektron nusxalarini o'qib borishadi. Messenjer sifatida whatsappni ishlatishlari ham bir sabab bo'lsa kerak deb o'ylayman, chunki bizdagi kabi telegram va bo'lgan voqealarni shu sekundda e'lon qiladigan telegram kanallar haqida tasavvurga ham ega emas.
Vikipedianing aytishicha, Goadagi birinchi gazeta O Heraldo (The Herald) bo'lib Raul Fernandes tomonidan portugal tilida chiqazilgan. Hozirda ingliz, marathi va mahalliy konkani tillarida gazetalar chiqadi. Hammasi xususiy gazetalar va barchasi deyarli kunlik bosma chiqarishadi. Majburiy obuna yo'q, odamlarning o'zi shundog'am sotib olishadi.
Mana PDFda The Goan gazetasining 26-avgustdagi soni. Gazeta narxi 6 rupiya (830 so'm).
@javmirov
Ganesha haqida
Ganesha hinduizm dinida eng ko'p sig'iniladigan ma'bud, bundan tashqari, noana'naviy ko'rinishi bilan ajralib turishi va Shiva va Parvatining farzandi sifatida mashhur. Otasi Shiva (Mahadev deb ham atashadi) hinduizmning asosiy xudolaridan biri. Onasi Parvati (Uma va Gauri deb ham atashadi) hosildorlik, sevgi, go'zallik, uyg'unlik, nikoh, farzandlar va sadoqat ma'budasi sanaladi. Ganeshaning dunyoga kelishi va fil boshli bo'lib qolishi haqida qadimiy hind yozmalarida ko'plab afsonalar bor. Eng mashhur afsona:
Bir kuni Parvati yuvinishga tayyorgarlik ko'rayotgan edi. U yuvinish paytida bezovtalanishni istamaganligi va Nandi (xizmatkori) hammom eshigini qo'riqlash uchun bo'lmaganligi sababli, Parvati tanasidan yuvinish uchun ishlatadigan pastasini olib, undan o'g'il bola shakli yasaydi va unga jon ato etadi. Bu bolaga Parvati eshikni qo'riqlashni va hammomni tugatmaguncha hech kimni kiritmaslikni buyuradi.
Meditatsiyani tugatib qaytgan Shiva Parvatini ko'rmoqchi bo'ladi va hammom yoniga keladi. Hammom yonida esa g'alati va notanish bola tomonidan to'xtatiladi. Bolaga u Parvatining eri ekanligini tushintirsa ham, bola onasi yuvinishni tugatmaguncha kirishiga yo'l qo'ymasligini aytadi. Bolaning harakati uni ajablantiradi va bu oddiy bola emasligini bilib, doim bosiq bo'lsa ham Shiva bola bilan jangni boshlaydi va quroli Trishula (uch tishli nayza) bilan bolaning boshini uzib tashlab o'ldiradi.
Parvati buni bilgach, juda g'azablanadi va o'zini haqoratlangan his qiladi. U o'zining barcha shafqatsiz ko'p qurolli shakllarini chaqiradi va butun dunyoni yo'q qilish bilan tahdid qiladi. Lord Brahma (hinduizmda butun dunyo yaratuvchisi) Parvatidan bu axdidan qaytishini va rejasini qayta ko'rib chiqishni iltimos qiladi. Parvati esa agar ikkita sharti bajarilsa axdidan qaytishini aytadi: biri, bolani hayotga qaytarish va ikkinchisi, u bolaga abadiy boshqa xudolardan oldin sig'inilishi.
Xovridan tushgan Shiva esa Parvati shartlariga rozi bo'ladi va askarlariga shimolga qarab yotgan birinchi uchragan jonzodning boshini keltirishlarini buyuradi. Tez orada askarlar kuchli va qudratli Gujasa filining boshi bilan kirib kelishadi, Lord Braxma boshni bola tanasiga o'rnatadi va qayta jon a'to etib, uni Gajanana deb e'lon qiladi. Ya'ni, barcha xudolar orasida birinchi o'rinni egallash va butun mavjudodlar rahbari Ganapati degan maqom beriladi.
P.S. Birinchi marta bu afsonani Goa shtati tarix muzeyiga borganimda eshitgan edim. Goada, umuman butun Janubiy Hindistonda Ganesha bayrami keng nishonlanadi. O'tgan yili bir hafta bo'lgan edi, bu yil pandemiya sabab 3 kun bo'ldi. Bayramda Ganesha haykalchasi har bir oilada yasalib (yoki sotib olinib) bir necha kun sig'inishadi va keyin ko'l, daryo yoki chuqur quduqqa haykal cho'ktirilib yuboriladi.
Har yilning 15-avgust kuni Hindiston o‘zining eng katta bayrami - Mustaqillik kunini nishonlaydi. Mustaqillik kuni 1947 yildan boshlab nishonlanib kelinmoqda.
1947-yil 15-avgustda Hindiston Buyuk Britaniyadan ajralib mustaqil davlatga aylangani haqidagi akt kuchga kiritilgan (Indian Inderendence Act) va Dehli shahridagi Qizil Fort devorlari ustidan uch rangli mustaqil davlat bayrog‘i ko‘tarilgan. Hindistonning birinchi premer-ministri Javaxarlal Neru va o‘sha yerga yig’ilgan ko‘pchilik odamlar yordamida o'tkazilgan ushbu bayroq ko'tarish marosimi har yili o'tkazish ana'naga kirgan. Bundan tashqari, Hindistonning ko‘pgina shahar va qishloqlarida ham shu kuni Bayroq ko’tarish marosimi nisholanadi. Marosimda Hindistonning mustaqil davlat maqomiga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklar haqida gapirib o’tiladi.
1947-yildan 1949-yilgacha harbiy parad ham o’tkazilgan. Mustaqillik bayramini o‘zining diniy va milliy kelib chiqishiga qaramasdan har bir fuqaro nishonlaydi. Qaysidir ma’noda ushbu marosim demokratik Hindistonning birligini kuchaytirish va haligacha bor feodal qarashlarini chippakga chiqarishdir.
Happy Independence day India!
@javmirov
O'zbek adabiyotidan: Goada kunlar bir xil o'tmoqda. Ushbu shtatning sharqiy tomoni baland tog'likdir. Tog'lar esa toza suvli, ajoyib sharsharalar va changalakzorli o'rmonlardan iborat. Sharqdan g'arb tomonga qarab keng past tekisliklar va shtatning g'arbiy chegaralari sohillardan iborat. Goa sohillarini Hind okeaniga ulanib ketgan Arab dengizi suvlari yuvib turadi.
Bu yerda ham hamma yerda bo'lgani kabi quyosh tong saharda sharqdan, o'sha baland tog'lar ustidan zavqu-shavq bilan bosh ko'taradi. Lekin bu tabiatning har kuni takrorlaydigan g'aroyib hodisotini bu yerda ko'pchilik ko'ra olmaydi, chunki lokdaun sababli insonlar soat 9 yoki 10 gacha uxlashga o'rganib qolgan. Azondan turib yo'l bo'yida yurishni odat qilgan qariyalar ham sahar quyoshi nurlari taftini hozircha his qila olishmayapdi, chunki musson yomg'irlari mavsumi tufayli moviy osmon satxida qora bulutlar sayr qilib quyosh yuzini to'sib qo'ymoqda. Kun bo'yi quyosh ba'zida bulutlar orasidan men ham shu yerdaman degandek issiq nurlari bilan yerga mehrini sochmasa, asosan yomg'irlar bahorgi jaladek yerga obi hayot ulashadi. Buning natijasida, Goa yerlari Bog'i Eramdek yam-yashil, chiroyli, katta bir bog' tasvirini o'zida mujassam etgan. Ulkan bog'ni kuzatar ekansiz, turli tuman qushlarning sayrashini eshitasiz, hatto tovuslarning bog'ni erkin sayr qilib yurishini ko'rib hayratga tushasiz.
G'arbdagi sohillar-u, dengizni hozircha tasvirlamay tura qolay. Zero, u tarafni quyosh dengizga bosh qo'yayotgan payt, ufqni kuzatgan holda tasvirlash kerak!
Oldinlari kitob o'qisam: "shu atrofni shunaqa tasvirlash, bog'-u tog'ni aylanib kelish shartmikan, bor gapni dangal aytib qo'ysa bo'lmasmikan?" - deb o'ylardim. Endi o'ylab qarasam, adabiyot shunisi bilan adabiyotda, shu tarzda tasvirlanishi o'quvchiga kayf beradi, aslida. Masalan, hozir kitob o'qib shunaqa tasvirlangan joy yoki narsani hayolimda tasavvur qilib mazza qilayapman.
@javmirov
Mono joyda bir nimalar haqida gaplashdik👇
https://www.instagram.com/tv/CDZalD0FWd-/?igshid=1c9nld2ck4mf4
Hindistonda bakalavr bosqichida ta'lim olayotgan o'zbekistonlik ukam men bilan Hindistonga qanday kelganim, nima qilib yurganim, ta'lim va hayot haqida suhbat uyishtirdi.
Ja zo'r ekslyuzivmasku, lekin ba'zi foydali ma'lumotlar berdim deb o'ylayman. Qiziq bo'lsa, kirib ko'ring va fikrlaringizni komentlarda qoldiring! Foydali deb hisoblasangiz Like bosib do'stlaringizga ham ulashing!
@javmirov
Goada mol go'shti topsa bo'ladi, faqat maxsus joylarda sotadi. Tovuq go'shtini topish esa umuman muammo emas. Hamma supermarketlarda bor. Yuqoridagi rasmda bugungi kundagi 1 kilo tovuq go'shtining narxlari.
Eng arzoni: tovuq jigari va oshqozoni (ro'yxatda 6- va 7- 195 rupiyalik) - 26 500 so'm.
Eng qimmati: Chicken salami (bu kalbasa) - 135 ming so'm.
Tovuq go'shti qiymasi (5-dagi Kheema degani) - 55 700 so'm.
Oyog'i (ro'yxatda 3) - 46 ming so'm, suyaksiz ko'kragi (ro'yxatda 4) - 54 ming so'm. Oldindan kesilgan tovuq (2-Pre-cut) - 40 ming so'm.
Ro'yxatni oxiridagi Mackerel degani bu baliq - 72 ming so'm.
Narxlar O'zbekistondan qimmat, menimcha. Karantindan oldin arzonroq edi. Karantin boshida chegaralar yopilganligi sababli boshqa shtatdan keladigan tovuq go'shti to'xtab qolgandi. O'shanda narxlar ko'tarilgandi. Haliyam shu ko'tarilgan narxlarda sotishyapti, shekilli. Nonning ham qimmatligi haqida yozgandim, o'sha gap tovuq go'shti ham qimmatligi uchun hindlarni ko'pi veg bo'lishsa kerak.🤷🏻♂️
@javmirov
Ta'limda islohot
Bugun Hindistonning Yangi milliy ta'lim siyosati 2020 e'lon qilindi. Unga ko'ra maktablarda 10+2 tizimidan voz kechilib, yangi 5+3+3+4 tizimiga o'tkazilyapti. Bunda 1-5 sinflar boshlang'ich ta'lim, 6-8 sinflar o'rta, 9-11 sinflar o'rta maxsus va 12-sinfdan keyin bitiruv. Keyingi Oliy ta'limning har qanday shakli 4 yil bo'ladi (Bakalavr kollejlarda 3 yillik edi).
6-sinfdan kas-hunar kurslari tashkil qilinadi. 8-sinfdan 11-sinfgacha o'quvchi asosiy fan sifatida biror fanni tanlashi mumkin. Barcha bitiruv (12) kurslari asosiy va ikkinchi darajali fanlardan tashkil topadi. Misol uchun, aniq fanlar o'quvchisi asosiy fan sifatida Fizikani, ikkinchi darajali qilib Musiqani tanlashi mumkin. Musiqani orniga boshqa fan ham bo'lishi mumkin.
Oliy ta'limning barchasi bitta vazirlikka birlashtiriladi. Ya'ni, Universitet Grantlari Komissiyasi (UGC) va Butun Hindiston Texnik Ta'lim Kengashi (AICTE) birlashtiriladi. Barcha davlat, xususiy va kasb-hunar universitetlari yagona baholash tizimi va boshqa qoidalarga ega bo'ladi.
Hukumat tomonidan ota-onalar bolalarini 3 yoshgacha va 3 yoshdan 6 yoshgacha (maktabgacha ta'lim) o'zlari o'qitishi uchun umumiy (basic) ta'lim programmalari yaratiladi. Bunaqa kurslarga kirish va tashlash ko'p martalik bo'ladi.
Kredit tizimi, har bir talaba har qanday kursda ta'til olib keyin qaytib kelib o'qishini davom ettirsa to'plagan krediti saqlanadi. Sillabuslar faqat asosiy bilimlarga qisqartiriladi. Talabalarning ko'proq praktika va amaliy bilim olishlariga qaratiladi. Har qanday bitiruv kursi uchun, agar talaba birinchi kursni tamomlasa va o'qishni davom ettira olmasa u basic sertifikatga ega bo'ladi, agar u ikki yilni tamomlasa, Diplom sertifikati oladi. Agar u to'liq kursni tugatgan bo'lsa, daraja sertifikatini oladi. Shunday qilib, biron bir talaba, agar u oxirigacha o'qiy olmasa, o'qigan yillari bekor bo'lmaydi.
Adashmasam, bularning barchasi 2040-yilgacha to'liq amalga oshadi. Chunki Hindistonda islohotlar qog'ozlarda va quruq va'dalarda qolib ketmaydi. Bundanda batafsil ma'lumotlarni bilmoqchi bo'lsangiz, Hindiston Yangi milliy ta'lim siyosatining ingliz tilidagi taqdimotini ilova qilyapman.👇
@javmirov
O'zlarini aytishlari bo'yicha, yoshlikda doktor bo'lishni orzu qilgan, lekin taqdir yo'llari sharqshunoslik sohasiga olib kirgan. Bundan esa sira ham afsuslanmasligini, judayam faxrlanishlarini aytgan ustozimiz Ismatulla Nusratullaevich qisqa umr kechirgan bo'lsa ham o'zlaridan keyin juda ko'plab sharqshunos shogirtlar qoldirdi deb o'ylayman.
Hamma ta'kidlayotgandek, doim pozitiv kayfiyatda bo'lgan ustozimiz o'zlari haqida qilingan hazillarni ham to'g'ri qabul qilardilar. Shuni bilganimiz uchun QVZ va ijtimoiy tarmoqlarimizdagi hazillarning asosiy qahramoni ham Ismat aka edi. O'zim ham u kishi haqida ko'plab memlar yasab Sharqshunoslik universiteti ijtimoiy tarmoqlariga post qilganman. Boshida o'zimga uncha yoqmagan bo'lsa ham, 1 soatdan ortiq bo'lgan ustoz bilan qilgan intervyuni qilganim yaxshi bo'lganini o'ylab qoldim. Shu ishimdan faxrlanyabman ham, chunki bu intervyu ustozimizdan eng katta esdaliklardan biri bo'lib qoldi.
Inna lillahi va inna ilayhi rojiun. Alloh rahmat qilsin. Oxiratingiz obod bo'lsin ustoz! 🤲
@javmirov