JOʻRABEK RAMAZON IJODIDAN
OZGINA
... Bilsangiz, yuragim ozgina ogʻrir,
Ogʻritib qoʻygudek butun olamni.
Nahotki, tushunish shunchalar ogʻir
Ozgina hayoti qolgan odamni ...
МЕН ҚАЙТАМАН
Мен қайтаман, кипригинг соясига қайтаман,
ирмоқларга – дунёнинг доясига қайтаман,
бошларини тошларга урган кекса бургутнинг
полапони кўз очган қоясига қайтаман.
Мен қайтаман, дилу ёд орасида қайтаман,
мен қайтаман, кўзларинг қорасида қайтаман,
бир қизчанинг кулгичли чеҳрасида порлагум,
бир жунунваш ўғилнинг оразида қайтаман.
Мен шундайин куюк дил порасида яшарман,
мен шундайин беғубор, норасида яшарман,
мен шундайин беқарор – тупроқ, ҳаво, ўт ва сув
ҳимматидан зарралаб бино бўлган башарман.
Англамайман қандайин туғилмоқда айтарим;
қулоғингга шивирлаб айтаётган байтларим
андозаси руҳимда яралгандир, эҳтимол,
раббим билан фалакда ваъдалашган пайтларим.
Мен қайтаман, кетди деб суюнма бир лаҳза ҳам,
ё қароқда жимирлаб ўйнамасин зарра нам,
ғам чекмагин, Сендаман – пок дилингда зиндаман;
шоирлар ўлиш учун туғилмайди, жонгинам!
© Мансур ЖУМАЕВ
TAʼZIYA
Taniqli shoir Mansur Jumayev olamdan o‘tdi
Iste’dodli va taniqli shoir Mansur Jumayev olamdan o‘tdi. Bu haqda uning yaqinlari Facebook sahifasida ma’lum qildi.
Mansur Jumayev 1991-yili Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Shoirning “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Yaqinda chop etilgan “Izlam” turkumida “Biz kutgan fasl” nomli she’riy to‘plami chiqqan.
***
Manov osmon,
manov yulduz,
manov yaproq,
manov qushlar
sano aytar habibimga
mingta rangu ming tovushda.
Manov temir,
manov toshlar
aro nafsim ko‘zin xushlab,
manam borman,
man borarman –
jon hovuchlab,
ruh hovuchlab.
Kelar,
ketar,
tinar,
shoshar –
o‘ng tarafim,
so‘l tarafim…
ichimda bir daryo toshar:
zikri xafiy,
zikri xafiy.
Sassiz kishnar qayg‘ulanib
asovlarim,
ayg‘irlarim…
ulug‘ sevgi – pinhon sevgi:
hayqirmadim,
hayqirmadim.
Biz shundayin sug‘ro, g‘arib,
biz shundayin kubro, sharif,
biz shundayin yaldoli tun,
biz shundayin subhi zarif.
Bizga bir yor yordir – tamiz,
sukut bizni esh etadir:
sevgimizni sevgilimiz
aytmasak ham eshitadir!
▪️AYB KIMDA?
▪️CHIN XAZINA
▪️DO‘STLAR DIYDORI
▪️ONA TILIM
▪️Uch zamondosh shoir ijodi tahlili
Yashadim vujudim soʻz bilan toʻlib,
Soʻz bilan bir ishni bitkazolmadim.
Oʻzim oʻz soʻzimdan soʻzona boʻlib,
Oʻzgaga soʻzimni oʻtkazolmadim.
Koʻplab soʻz sultoni chiqdi yurtimdan,
Qanchasi soʻz bilan oldi olamni.
Men esa boʻgʻzimni yirtib, ortimdan
Ergashtirolmadim bitta odamni.
Gohi gardanimni ezdi bu qaygʻu,
Gohida beumid soʻkildi bandim.
Menga hurmatini izhor etar-u,
Ammo aytganimni qilmas farzandim.
Bir kuni hammasi chiqar yodimdan,
Manzilga yetaman qoʻymay qadamni.
Bitta soʻz aytmay, jim yotib, ortimdan
Ergashtirib borgum yuzlab odamni ...
JOʻRABEK RAMAZON
Яшадим вужудим сӯз билан тӯлиб,
Сӯз билан бир ишни битказолмадим.
Ӯзим ӯз сӯзимдан сӯзона бӯлиб,
Ӯзгага сӯзимни ӯтказолмадим.
Кӯплаб сӯз султони чиқди юртимдан,
Қанчаси сӯз билан олди оламни.
Мен эса бӯғзимни йиртиб, ортимдан
Эргаштиролмадим битта одамни.
Гоҳи гарданимни эзди бу қайғу,
Гоҳида беумид сӯкилди бандим.
Менга ҳурматини изҳор этар-у,
Аммо айтганимни қилмас фарзандии.
Бир куни ҳаммаси чиқар ёдимдан,
Манзилга етаман қӯймай қадамни.
Битта сӯз айтмай, жим ётиб, ортимдан
Эргаштириб боргум юзлаб одамни ...
ЖӮРАБЕК РАМАЗОН
@JorabekRamazon
ONA TILIM
Olamshumul sado boʻlib yangrading
Toʻmarisning metin qalqonlaridan.
Men esa nomingni topmoq istadim
Navoiy va Bobur devonlaridan.
Nodira qalbiday kuylasang yonib,
Poyingga tiz choʻkar Koʻhiqof togʻi.
El yashamoq boʻlsa sendan-da tonib,
Bukila boshlaydi Hisor oyogʻi.
Olamni larzaga solgan toʻrtta harf
Toʻrt tomon emaklab ketdi toʻxtamay.
Unutsam, umrimning goʻzalligi hayf,
Kuylash kerak boshqalarga oʻxshamay.
Qodiriy boʻlmadim, boʻlmadim Choʻlpon,
Umr — uzun arqon, dil — qorongʻu uy.
Yuragim jonimdan soʻrganda oʻlpon,
Sizilib chiqadi tomirimdan kuy.
Yurak, aylan Danko qalbiga endi,
Kubro misol shior tanla, vijdonim.
Koʻzimiz yoshidan chechaklar undi,
Baxtdir oʻz tilingda kuylamoq, jonim!
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
Hammasi oʻzimdan, oʻzimda gunoh,
Unutdim gullarning erta soʻlishin.
Va men yoqtirguvchi shu sirli nigoh
Menga qaramasa yaxshi boʻlishin.
Esimdan chiqarib qoʻydim baribir
Yoʻlimiz, dilimiz boʻlakligini.
Hattoki unutib boʻlganman, axir,
Kimga sigʻinishim kerakligini.
Kelsang, soʻramaysan ketmoqqa ruxsat,
Istagan vaqtingda tez xayr aytasan.
Goh mayna qilgandek, qayrilar fursat
Jilmayib, ohista ortga qaytasan.
Sen nimaga buncha erka yaralding,
Mumkin-ku ketgancha ortga boqmaslik.
Shu shoʻr peshonamga qaydan atalding,
Bu na muhabbatu va na yoqmaslik.
Qarshingda haykalday turaman beun,
Na oldga, na ortga qoʻymayin qadam.
Garchi UCH BOʻGʻINLI SOʻZni aytish-chun
Uch soniya menga yetib-ortsa ham...
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
E’LON!!!
Siz she’r mashq qilasizmi? Ustozlardan badiiy mahorat sirlarini o‘rganmoqchimisiz? Unda bu e’lon faqat Siz uchun!
Barcha yosh ijodkorlarga tanish boʻlgan “ONAJONIM SHE’RIYAT” toʻgaragining yangi mavsumi boshlanmoqda!
Mashgʻulotlar haftaning har chorshanba kuni soat 15:00 dan boshlanadi.
Toʻgarak doirasida:
Ustoz ijodkorlardan mahorat darslari;
Qizgʻin mushoiralar;
Ijodiy muhokamalar;
Kitob mutolaasi;
Muzeylarga sayohat —
kabi qizgʻin jarayonlar iste’dodingizni charxlashda Sizga yordam beradi!
Qoʻshimcha maʼlumotlarni Telegramdagi @onajonim_sheriyat_rasmiy guruhida yoki +998909077722 raqamlaridan olishingiz mumkin.
Manzil: Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Moʻljal: “Milliy bogʻ” metro bekati, Adiblar xiyoboni
@Qalb_yoli
SOʻROQ
Biz birga chiqqandik katta kemaga,
Hech kim aytolmasdi manzilimizni.
Hayotda erishdik, ayting, nimaga,
Aldab, adashtirib bir-birimizni.
Nega bir-birimiz tutmadik mahkam,
Asramoq boʻlmadik koʻz yoshimizni.
Shusiz ham vaqt degan eng oliy hakam
Imtihon qilardi bardoshimizni.
Gʻurur erishtirdi bizni nimaga,
Nimaga dunyoni buzib ketyapmiz?
Nimaga ikkimiz ikki kemada
Ikki sohil tomon suzib ketyapmiz?
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
Sevdim seni, orzularim falak bo‘ldi,
Boshdan toki oyoqqacha yurak bo‘ldi.
Kimga dunyo, kimga dunyo moli kerak,
Menga esa bir tasodif kerak bo‘ldi.
Oy qizlarga oydan ham oq baxt so‘radim,
Ayriliqdan ancha yiroq baxt so‘radim.
Ikkimizning izmimizdan chiqdi hayot,
Ikkimizga boshqacharoq baxt so‘radim.
Qo‘rqma axir, yuzimizga dog‘ tushmadi,
Boshimizga yo osmon, yo tog‘ tushmadi.
Hayronamiz hayrati ko‘p dunyosida,
Shuncha g‘amdan sochimizga oq tushmadi.
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon
ВАТАН
Не синоат мужассам
Тарихинг томирида;
Ё Осиё теграси,
Ё унинг Помирида.
Неча минг йиллик қўшиқ
Бор ноланг замирида.
Қуламасдан турибди
Ҳануз кўҳна қўрғонинг.
Алининг Зулфиқорин
Ўткир дами биз эдик,
Неча Зулқарнайннинг
Ўйи, ғами биз эдик,
Жами ўтган шоҳларнинг
Қарийб ярми биз эдик,
Бугун шаҳзодаларга
Ўхшайдими ўғлонинг?
Ватан дедим, бўғзимни
Аччиқ алам тўлдирди;
Кимдир Бибихонимни
Заҳар бериб ўлдирди,
Бир номард Улуғбекнинг
Юлдузини сўндирди,
Қуладими осмонга
Тик қўйилган нарвонинг?
Улфат бўлиб уч киши
Суҳбат қуриш мумкинмас,
Бобонгдан қолган боғда
Хаёл суриш мумкинмас,
Даладан бўлак ерда
Жавлон уриш мумкинмас,
Тузинг ичиб, тузлуққа
Тупурдими меҳмонинг?
Кўз олайтди кўркингга
Шоқолми у, тозими,
Ўзинг қолиб, эркингга
Аллакимлар қозими?
Ўғлонларинг, қизларинг
Бугунингдан розими,
Эртанг-чун курашмоққа
Ярайдими қалқонинг?
Сен Кубронинг шиори,
Қодирийнинг армони,
Бобурнинг Андижонга
Етолмаган карвони.
Энди бўлар ҳуснингга
Улар руҳи кайвони,
Порлагай осмонингда
Сон-саноқсиз Чўлпонинг!
Жӯрабек Рамазон
@JorabekRamazon
Tayini yo‘q taqdir ham
Adashdi o‘z yo‘lidan.
Qanday olaman seni
Nomard dunyo qo‘lidan?
Yutiladi hamma dard,
Oshkora bir nolish yo‘q.
Menga qarab kelish-u,
Senga qarab borish yo‘q.
Ko‘z qoladi sen tomon,
Gʻarib jussa qayrilib.
Yashab bo‘larmi, sendan
Tiriklayin ayrilib?
Na muhabbat qadrli,
Na sadoqat, na qasam.
Qani edi, bag‘ringda
Uxlasam… Uyg‘onmasam…
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon
Qiblaga aylanib qolgan to‘rt tomon,
So‘roqlaydi qismat bo‘g‘zimdan tutib.
Men bugun kimnidir sog‘indim yomon,
Men bugun kimnidir qo‘ydim unutib.
O‘zingga o‘limni o‘rgatasan bot,
Yuragingga sig‘may turganida qil.
Chunonam bema'ni tuyular hayot
Telbalar yurtiga aylansa ko‘ngil.
Men edim betashvish, beg‘am begumon,
Endi u xotirjam kunlar qayoqda.
Ey, o‘zin nomini unutgan vijdon,
Qanday yashayapsan qo‘ltiqtayoqda?..
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon
Darz
Ketdi…
Katta ko‘ksingda bexos
Bo‘shab qoldi kichkina bir joy.
Yo‘llaridan uzmaysanu ko‘z,
Qo‘llaridan icholmaysan choy.
Sevgi o‘lsa urilmas sadr,
Ammo bu ham motam baribir.
Unutmoqqa yetmaydi qurbing,
Najot bordek shisha uchida.
Ko‘plar havas qilgudek umring
Eziladi kuldon ichida.
Deysan: o‘zi bu telba dunyo
Hech kimsaga qilmagan vafo.
Qaytdi…
Katta ko‘ksingda bexos
To‘lib qoldi kichkina bir joy.
Porlamaydi muhabbatdan ko‘z,
Mehr bilan uzatsa ham choy.
Baxtga takror yetganing bilan
Aytilmaydi qaytadan o‘lan.
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon
Ikki kun
Men ikki kun yashashim kerak,
Xohi tirik, xohida bejon.
So‘qir sevgi qirq sakkiz soat
Yuragimni qilar imtihon.
O‘tgan kunlar ko‘zlarida yosh,
Sanalarda sirqirar ozor.
Ikki kunlik hasratga bardosh
Bo‘lolmaydi besh kunlik diydor.
Sen sog‘inchni shu kundan so‘ra,
Ko‘tarsa bas beshta oq ustun.
Bu ikki kun ko‘zingday qora,
Bu ikki kun sochingday uzun.
Shanba kuni boshlangan qadar
Dushanbada tugar begumon.
Shu ikki kun yashay olsam gar,
Keyin sira o‘lmayman, ishon!..
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon
БАҲОРНИ АЛДАДИМ
Баҳорни алдадим бахтиёрман деб,
Кўнглим ўсаяпти дея кун сайин.
Негадир кўрмадим айтишимни эп
Қувончимни селлар ювиб кетганин.
Қушларни алдадим бойваччаман деб,
Истаганингизча берай деб ушоқ.
Мендай саховатли телбани кўриб,
Баралла кулди бир юраги қашшоқ.
Қўрқмай ичавердим беҳуда қасам —
Билмадим ким бўлдим, аввал ким эдим.
Кимларгадир бошим осмонда десам,
Бошқаларга осмон қўлимда дедим.
Қўрқмайман, ҳақиқат аталган учқун
Менинг истагимга солмайди соя,
Севгилим, сени ҳам алдашим мумкин –
Онт ичишим мумкин “ўлмайман” дея…
Жўрабек Рамазонов
@jorabekramazon
Marsiya
Mansur Jumayevga
Toshkentdan Qarshi qadar yomg‘ir yog‘ib borodur,
O‘n bir dilpora do‘sting esdan og‘ib borodur,
Kuygan ko‘kay kuydirgi ko‘zni sog‘ib borodur,
Yo‘l ham bizga qo‘shilib, zorlanib borar, do‘stim.
Qatordan kamni sanab, kuzak hayron boqodur,
Yulduzini uchirgan osmon vayron boqodur,
Sen kutgan fasl* kelib, vale giryon boqodur,
Qilmishidan qismating orlanib borar, do‘stim.
Oldinda bir ulov bor, ichida ikki murg‘ak,
So‘lg‘in bitta gul bordir - sen sevgan o‘shal yurak,
Kim bosh bo‘lar ularga, kim bo‘lar endi tirgak?..
Orzular xazon yanglig‘ xorlanib borar, do‘stim.
Buncha uzun bu yo‘llar, buncha bag‘ri yag‘irdir,
O‘n bir yo‘ldosh boradur, bari yag‘ir bag‘irdir,
She'rlar qoldi shoirsiz, nahot she'r ham sag‘irdir?..
Lek shoiri Tangriga yorlanib borar, do‘stim.
Derazadan termulsam, otilib chiqib oting,
Xayolimda siniqqan surating turar qotib,
Tark etdi deb ingrasam, battar o‘rtabon yoding
Borgan sari dunyoda borlanib borar, do‘stim.
*''Biz kutgan fasl'' kitobi
JOʻRABEK RAMAZON IJODIDAN
ERTAGACHA
Bir kun baxtim boʻladi gʻorat,
Bir kun boʻshab qoladi yonim.
Ertagacha qilaman toqat,
Ertagacha oʻlmayman, jonim ...
Men ertadan kutaman najot,
Men bugunning jabrdiydasi.
Ikkimizni qiynadi hayot,
Uzrning ham yoʻqdir foydasi.
Men ertadan umid qilaman,
Siz ertaga aniq kelasiz.
Siz hammadan yaxshi, bilaman,
Men hammadan yomon, bilasiz.
Oʻrtanaman, yuragim xira,
Nima qilay sogʻingan boʻlsam?
Ogʻrinmasmi koʻnglingiz sira
Ertagacha bexosdan oʻlsam.
Bilmam qancha asrlar kerak
Yana bir bor quyosh chiqquncha.
Koʻrguligin qoʻymaydi falak
Birimizni yerga tiqquncha.
Men oʻlimdan qoʻrqmayman, axir,
Har qadamim tahlika, urush.
Biroq mingta oʻlimdan ogʻir
Sizni boshqa birovga berish.
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
Bu bulbulga kelmas havasim,
Koʻr qilmishi koʻksim tiladi —
Qancha goʻzal boʻlmasin sasi,
Ozodlikda nola qiladi.
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
KUZ
Tabiatning oʻzgardi rangi,
Tevarakda qolmadi bir qush.
Shamol toʻzgʻib yubordi changni,
Boshlangandek dunyoviy urush.
Nimadandir choʻchib, bagʻriga
Yashirdi-yu erka hilolin,
Koʻk qanotli farzandlariga
Silkib qoldi oppoq roʻmolin.
Borliq uzra sukunat qotgan,
Mudranadi bogʻlar ham karaxt.
Minglab oʻgʻlin jangga kuzatgan
Onalarga oʻxshaydi daraxt.
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
Gulning shirasiday bir shirin titroq
Boʻysundirdi oʻzin izmiga tanni.
Iymanib sochingga uzatdim barmoq,
Jilmayib soʻrading:
,,Aldamaysanmi?ʼʼ
Ishq asli bir behisht ekan yagona,
Qay kas ruhi qoʻnim topsa, baxtiyor.
Sening sochlaringdan uzilgan tola
Uning ogʻochiga bogʻlanajak dor.
Sirtmoq gardanimga tashlandi nogoh,
Endi besamara tavbalar ming-ming.
Oʻksinib, poyingni qilaman tavof,
Xoʻrsinib soʻraysan:
,,Aldaganmiding?ʼʼ
JOʻRABEK RAMAZON
@JorabekRamazon
JOʻRABEK RAMAZON IJODIDAN
... Qanchalar qadrdon bu yangi nigoh,
Ko‘rdimmi – ko‘ksimga mehr to‘ladi.
Ismingni xotirdan chiqarish gunoh,
Hatto suratingni sevsa bo‘ladi...
МИНГ ЙИЛКИ…
Минг йилки, фасллар алмашиб турар,
Минг йилки, муҳаббат йиғлайди қон-қон.
Минг йилки, айрилиқ томирим сўрар,
Минг йилки, сендай қиз кўрмади жаҳон.
Минг йилки, қон билан битилар мактуб
Юракнинг қордай оқ сафҳаларига.
Минг йилки, ошиқлар ёрини кутиб,
Борини чўктирар армон қаърига.
Минг йилки, кўзлардан тўкилади ёш,
Минг йилки, юраклар машъалдек ёнар.
Минг йилки, ҳаммани тенг севган қуёш
Сени кўриш учун эрта уйғонар.
Минг йилки, мен сенинг кўйингда мажнун,
Минг йилки, сен менга боқмайсан қиё.
Минг йилки…
Минг йилки…
Ва шунинг учун
Номи бир кам бўлиб қолди бу дунё.
ЖӮРАБЕК РАМАЗОН
@JorabekRamazon
ДАРАХТЛАР ЙИҒЛАСА…
З…га
Дарахтлар йиғласа йиғлайди чиндан,
Япроқлар – эришга улгурмаган ёш.
Бутоқларни болта бўғизлаган кундан
Бу боққа қарамай қўйганди қуёш.
Дарахтлар куйлайди ғамбода, маҳзун,
Новдаларда қушлар оёғин изи.
Севилмаган ёрдек ёш тўкар беун
Қайрағоч – ўрмоннинг суюкли қизи.
Иккимиз юракдан кулолмаган кун
Баҳорлар меҳрибон, кузлар бешафқат.
Ҳеч бўлмаса дилдан йиғламоқ учун
Бизлар энди дарахт бўлмоғимиз шарт!
Дарахтлар йиғласа йиғлайди чиндан…
@JorabekRamazon
Ижро: Хондамир
НИМАГА СЕВМАЙСАН?
... Тилимга қарама – таъна қилмайман,
Кўзимга қарама – шаъма қилмайман.
Нимага севаман сени – билмайман,
Билмайман, нимага севмайсан мени.
Жўрабек Рамазон
@JorabekRamazon
JOʻRABEK RAMAZON IJODIDAN
Ishqiy qissalarning barchasi ro‘yo,
Menimcha, sevgi deb hech kim o‘lmagan.
Lekin yaralgandan beri bu Dunyo
Seni sog‘inishdek azob bo‘lmagan ...
* * *
Озгина тушунинг,
Озгина севинг,
Бир сафар озгина жилмайиб қаранг.
Нечун лабларингиз бунчалар ҳам жим,
Асабингиз нега озгина таранг?
Озгина ўйланинг,
Озгина ўйланг,
Озгина ишонинг муҳаббатимга.
Наҳот туйғуларнинг ҳаммаси ўлган,
Наҳотки айланган севги етимга?!
Билсангиз, юрагим озгина оғрир,
Оғритиб қўйгудек бутун оламни.
Наҳотки, тушуниш шунчалар оғир
Озгина ҳаёти қолган одамни…
©Жўрабек Рамазонов
/channel/Adabiyot_olami
TAKLIFNOMA
Shu yilning 1-iyul kuni soat 11:00da Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Yoshlar kuni munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Anjuman doirasida Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yosh shoir Hasan Asrayevning “Ezgu niyat” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tadi hamda bir qator yosh ijodkorlarga Yozuvchilar uyushmasi aʼzolik guvohnomalari topshirilishi rejalashtirilgan. Tadbirga barcha yoshlarni va qiziquvchilarni taklif etamiz.
Manzil: O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi katta tadbirlar zali. Mo‘ljal: metroning "Milliy bog‘" bekati.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati
Vatan
Ne sinoat mujassam
Tarixing tomirida;
Yo Osiyo tegrasi,
Yo uning Pomirida.
Necha ming yillik qo‘shiq
Bor nolang zamirida.
Qulamasdan turibdi
Hanuz ko‘hna qo‘rg‘oning.
Alining Zulfiqorin
O‘tkir dami biz edik,
Necha Zulqarnaynning
O‘yi, g‘ami biz edik,
Jami o‘tgan shohlarning
Qariyb yarmi biz edik,
Bugun shahzodalarga
O‘xshaydimi o‘g‘loning?
Vatan dedim, bo‘g‘zimni
Achchiq alam to‘ldirdi;
Kimdir Bibixonimni
Zahar berib o‘ldirdi,
Bir nomard Ulug‘bekning
Yulduzini so‘ndirdi,
Quladimi osmonga
Tik qo‘yilgan narvoning?
Ulfat bo‘lib uch kishi
Suhbat qurish mumkinmas,
Bobongdan qolgan bog‘da
Xayol surish mumkinmas,
Daladan bo‘lak yerda
Javlon urish mumkinmas,
Tuzing ichib, tuzluqqa
Tupurdimi mehmoning?
Ko‘z olaytdi ko‘rkingga
Shoqolmi u, tozimi,
O‘zing qolib, erkingga
Allakimlar qozimi?
O‘g‘lonlaring, qizlaring
Buguningdan rozimi,
Ertang-chun kurashmoqqa
Yaraydimi qalqoning?
Sen Kubroning shiori,
Qodiriyning armoni,
Boburning Andijonga
Yetolmagan karvoni.
Endi bo‘lar husningga
Ular ruhi kayvoni,
Porlagay osmoningda
Son-sanoqsiz Cho‘lponing!
Jo‘rabek Ramazon
@JorabekRamazon