10 kun avval dalaga borgandim. 100-200 qadam mashina yuradigan katta yo'ldan yurishimga to'g'ri keldi.
Yo'l chetiga atirgullar ekilgan ekan. Gulni ko'rsam, o'zimni tutib turolmayman. Yo'l-yo'lakay "o'g'rilik" qilib ketdim.
Manzilimgacha bir dasta gul qo'limda edi. Ammo ularda ifor o'rniga chang gupullab turardi. Mashinalar har o'tganda bechora gullar changga belanavergan.
Ish stolimning ustida rosa 10 kun menga zavq bag'ishlab turdi. Olib kelinganining ertasigayoq asl iforlarini tiklab olishdi.
Yo'l chetida changga botib yotgan gullarning ish stolim ustiga kelib, menga zavq bag'ishlab 10 kun yashashi, iforlari bilan xushnud qilishi asli ularning go'zal xotimasi emasmikan?!
Ahir, o'sha joyida changga botib, hech kimning nazari tushmay umrini yashashi ham mumkin edi-ku!
Alloh aslida bandalariniyam go'zal yashashi, bir-birining umrini bezashi, ezgulik kabi missiyalarni bajarishi uchun yaratmadimi?
Egam barchamizga GO'ZAL XOTIMA nasib qilsin.
@qodirova_g
Tun... Boshingiz yostiqqa tegdi. Miyangizda 1001 xil muammo. Barchasiga yechim kerak. O'ylayapsiz...
Buni bundoq qilsam qandoq bo'ladi? Natijasi qandoq tugaydi? Unaqamas bunaqa qilsamchi?..
Hammasini unuting. Tasavvur qiling, sizning katta amaldor tanishingiz, yaqiningiz bor. Unga muammolaringizni aytdingiz. U hammasi joyida bo'lishini aytdi. O'sha tun aniq tinch uxlaysiz.
Nega shunaqa? Chunki u insonni qudrati bor, bajaradi, ishingiz hal bo'lishi aniq.
Agar qudratlilarning Qudratlisi Allohni yaqin olib, Allohga ishonib uxlasak, qanday bo'larkan?
Albatta, natijasi go'zal bo'ladi. Bitta shart: ishingizni topshirgach sokinlashishingiz lozim. Men kecha tunda bir kichik muammomni Allohga ishonib uxladim. Uyg'onganimda esa...
Keyinroq batafsil aytaman)
@qodirova_g
#kuz
● Kuzning go‘zalligidan bahra olayotganingda😍😍😍
● Kuzning go‘zalligidan bahra olayotganingda shu joylarni supurib-tozalash yodingga tushganida🤯😣😖😫
Bu dardni kelinlar yaxshi tushunadi😁
@qodirova_g
Kitobni ko‘p o'qigan inson doim ham baxtli bo'lavermaydi. Aksincha, ko‘p o‘qigani sari o‘zini o‘ksiz his qilaveradi.
Sababi:
● Yaxshilik va yomonlikni chuqur farqlay boshlaydi;
● Vijdon sezgilari kuchayadi;
● Ilmiga amal qilish mas‘uliyati tobora ko'payib boradi;
● Atrofidagi voqea-hodisalarga befarq qarolmay qoladi;
● Ko‘proq fikrlaydi, ko‘proq his qiladi, ko‘proq anglaydi;
● Jamiyatdagi muammolarga nisbatan o‘zida javobgarlik hissini tuyadi.
O'zingizdan so'rang-chi, siz shularga tayyormisiz?
Blogda mutolaa qilgan kitoblarimga qisqacha tahlillar ham berib ketaman. Aytib qo'yay, tahlildan so'ng o'sha kitoblarni izlab qolasiz😊
@qodirova_g
Odamga o‘xshab, ofisga borib-kelib ishlamaganimga 3 yildan oshdi. Shu vaqt ichida online faoliyat olib bordim. O‘ylab qarasam, hayotimda yutuq deb qarasa bo'ladigan hamma narsaga shu 3 yilda erishibman.
Jismoniy va aqliy mehnatni birlashtiroldim. Perashki pishiramanmi, pishiriq tayyorlaymanmi yoki mijozlardan qolgan idish-tovoqni yuvamanmi, qo'lim ishda ekan miyam aqliy faoliyatda bo‘ldi.
Yumushlarni bajararkanman o‘qib bo‘lgan kitoblarimning tahlili bilan mashg‘ul bo‘laman. Qo‘lim sal bo‘shashi bilan kursining bir burchiga omonatgina o‘tirib tezgina maqola yozishga tushaman. Natijada kun.uz saytida 50 ga yaqin, demokrat.uz saytidan o'nlab maqolalarim shunday holda vujudga keldi.
"Mutolaa" loyihasidagi faoliyatim ham shu tarzda kechdi. G‘oyalar ayni jismoniy mehnat vaqtida quyilib keladi.
Davomi⚡️
Har tong shunday perashki pishiraman.
Bir yil oldin turmush o‘rtog‘im bilan "Urfon" bookkafesini tashkil etganmiz. 500ga yaqin kitoblarimni olib borib qo'yganman. Cafe maktab yonida joylashgan.
Perashkilarni ham o‘sha joy uchun pishiraman. Har kun 100 dan ortiq perashki, hot-dog, coffee, shirinliklarim va hokazolar sotiladi. Men o‘quvchi hamda o'qituvchilar uchun oddiy bufetchi opa (ba'zan xola😅)man.
Ular meni hatto universitetda o‘qiganimniyam bilishmaydi. Tasavvur ham qilishmaydi. Ba'zi o'qituvchilar mensimaygina muomala ham qilib qo‘yadi. Bufetchiman-da))
Hammasiga kulib qo‘yaman😊
@qodirova_g
Kim qanday vaziyatlarni boshdan kechirganini faqat o'zi biladi, o‘zi his qiladi. Boshqa hech kim...
Hammasi tugadi deyilganan joyda boshqatdan boshlanish yoki davom etishlar sodir bo‘lib ketadi.
Bularni o‘z-o‘zidan, tasodifan bo‘lgan deb o‘ylayapsizmi?
Yo‘q. Siz azobdasiz, yonyapsiz, qiynalyapsiz, o‘lishga-da tayyorsiz, yo‘l topolmayapsiz, ochiq eshik ko‘rmayapsiz. Ammo qalbingizni bir chetida bir nurdek Alloh degan xayol, Alloh degan ilinj turibdi. Demak, aniq qutulasiz.
Siz kutmagan, ko‘rmagan, bilmagan eshik ochiladi. Asta sirg‘alib chiqib ketasiz. Va bir umr o‘sha eshikka, o‘sha Xaloskorga g'oyibona muhabbat va qattiq ishonch bilan yashaysiz.
Endi hech narsadan qo‘rqmay qolasiz. Ozod yashaysiz. Faqat gunoh qilib, Xaloskoringiz qahriga uchrashdan, nazaridan qolishdangina hadikda bo‘lasiz. Bu hadik esa lazzatli...
O‘layotgan joyingizda yashashga buyurildingizmi, demak, siz sevimlisiz❤️
@qodirova_g
500 kishilik kursga yozilgandim. Tanishtiruv bo'ldi. Hammasi 17-18-19 nari borsa 20 yosh.
O'zimni xuddi o'zi qari-yu, ko'ngli yoshligicha qolgan kampirdek his qilyapman.
Davrimiz o'tibdi shekilli)
Bir yil avval ingliz tili bo'yicha qandaydir auditoriyada bo'lgandim. Tanishtirish qismida o'zimni inglizchalab 20 yosh deya tanishtiribman. Universitetda shu yoshimda inglizcha tanishuvlardan miyamga singib qolgan ekan.
Har tugul 20 yosh emasligimni hech kim sezmabdi))
@qodirova_g
Yuragingiz taskin topadi, tugunlaringiz yechilib ketadi, kuydirayotgan olov o'chadi.
Hammasini tiniq shuur bilan ko'ra boshlaysiz. Kuchli og'rig'ingiz pasaygandagi rohatni his qilasiz.
Toraygan dunyongiz keng holiga qaytadi. Nafas olayotganingizni va bu katta ne'matligini sezasiz. Ruhingiz tetiklashadi. Qachonki...
Qachonki siz "xayrlisi" va "shukr" so'zlarini chin dildan, his qilib, ongli tahlil bilan ayta olsangiz...
@qodirova_g
Bugun rasman kopirayter bo'ldim.
Sizlarga maqtanaman-da. Mahallaga chiqib, xotinlarga aytsam, baribir tushunishmaydi.
Yangi narsa o'rganish doimo yaxshi. Inson ruhan yangilanadi, o'zining qaysidir xususiyat, fazilatlarini kashf etadi.
Men maktab o'quvchisilik vaqtimdan so'zning kuchiga, uning jozibasiga mahliyo edim. Shu sababdan bo'lsa kerak so'z ketidan quvib yuraman. So'z bilan bog'liq sohalarga o'z-o'zidan kirib qolaveraman.
So'zda qudrat bor, so'zda, tilda mislsiz kuch mavjud. Uni qo'llay olish, yaxshilikka yoki yomonlikka, ezgulikka yoki yovuzlikka tomon yo'naltirish o'zimizga — sizga, menga, bizga bog'liq.
Til bayram barcha o'zbek tilini hurmat qilganlarga muborak bo'lsin!
PS: @kopirayterkundaligi Ezoza opa, tashakkurlarim. Bergan ilmingizga rozi bo'ling!
@qodirova_g
Bu postimni ustozam ko‘rsa, nima deyishi aniq: "Nima, siz kursni bitirishingiz bilan ish beruvchilar eshigingizga yalinib kelishlarini, darrov 1000 dollarlik ish taklif qilishlarini kutganmidingiz. Izlanasiz, harakat qilasiz, kerak bo‘lsa xumdek boshingizni ko‘zadek qilasiz".
To‘g‘ri-da. Hamma sohaning boshlanishida qiyin davr bo‘ladi. Esimda bir bet textni 500 so'mdan o‘qib yurgan vaqtlarim.
Mahoratli muharrir va sahifalovchi bo‘lib yetishgunimgacha bosib o'tilgan yo'lim Alloh, o‘zim va asabiylashaverib sochi oqarishgacha yetgan ustozim Xurshid akaga ayon))
@qodirova_g
Ko'pincha: "Qilsangiz bo'ladi, faqaaat biroz qiyin-da", deyilgan narsalar o'ta qiyin yoki butkul imkonsiz bo'ladi.
Aytayotgan odam sizning umid shamingizni o'chirib qo'ygisi kelmay, iltifot ko'rsatgan chiqadi)
Xayrli kun!
PS: Menga qolsa baribir qilib ko'rgan yaxshi. Zarracha umidingiz bormi, urinib ko'ring. Hechqursa, keyinchalik "balki bo'lardi" demaslik uchun!
@qodirova_g
#shunchaki
Hozirgi kunda ortiqcha olaxurjun hech kimga kerak emas. Kundan-kun beshafqatga aylanib, ojizlarni yamlamay yutayotgan bu hayotda o'z oyog'ingda tura olishing judayam muhim.
Ertaga yo'lda yakka qolib ketsang, bemalol davom eta olish darajasiga yetishga majbursan. Aks holda yiqilgan yeringdan birov seni suyab, turg'azishi dargumon.
O'z ustingda ko'p ishlashing, ojizlar safidan kuchlilar qatoriga amallab o'rnashishing, o'z muvozanatingni mustahkam tiklashing shart. Yo'qsa piypalanasan.
Hozir suyanching bordir, tog'ing mustahkamdir. Ammo bu hayot. Ertangi kunga kim kafolat beradi?
Ayol ko'p narsaga majbur qoladi. Ayol avvalo o'zini tutishga, kuchli bo'lishga majbur! Zulmatda nur topishga majbur!
@qodirova_g
#lifehack
Qizimni kitob do'koniga olib kirib, istagan kitoblaringni ol, dedim. O'zim doim shunaqa imkoniyat istaganman, kutganman.
Bugun o'zim shu imkoniyatni yaratgim keldi. Qizim 3 ta kitob oldi. Xursand judayam. Menga ishonmay, o'zi ko'tarib yuribdi. Qayta-qayta qarab to'ymaydi kitobchalariga.
Menga minnatdorona boqib, kulimsirab qo'yadi. Men aslida o'zimga yaxshilik qildim. Birovga foydangiz tegarkan, undanam ko'proq o'zingizdan o'zingizning mamnunligingizni his qilasiz.
@qodirova_g
Xullas, pul sarflab kopirayterlik kursida o'qidim. Vaqt sarflab darslarda qatnashdim va qunt sarflab vazifalarni bajardim.
Bu o'rganish vaqti menda og'ir ruhiy jarayondaligim va vaqt tig'izlik pallamda kechdi. Muammolar botqog'iga botib, yana yengil nafas ololarmikanmam hayotda degan kunlarim edi...
Kursni bitirdim, amaliy bir nimalar qilib natijalarga erishdim va yana bo'shliq...
Nahotki, shuncha mehnat qilib yarim yo'lda tashlab qo'ysam. Bu sohaning yo'li boshidayoq orqaga qaytamanmi, deb o'ylab qoldim. Nimagaki, uringan bo'lsam, doim meva olganman.
"Ha, mayli. Allohga tavakkal, bir gap bo'lar. Bir yo'li chiqadi" deya ko'z yumdim. Qalbimda allanechuk sokinlik his qildim.
Bir payt yana bir g'ashlik g'imirsidi ko'nglimda. Ertaga bir zarurat uchun pul kerakligi yodimga tushdi. "Eee buyam Allohga tavakkal. Bir yo'lga boshlar" deya xotirjam bo'ldim.
Bomdod mahal uyg'ondim. Telefonimga messengerdan bir opa yozibdi. Kopirayterlik bo'yicha hamkorlik taklifi (1-meva)
Soat 8 larga borib yana bitta taklif: "Tezlik bilan tahrirlanishi lozim bo'lgan kitobcha bor. Pulini oldindanam to'layveramiz. Karta raqam tashlang..."
Sinab ko'rasizmi? 😊
@qodirova_g
Go‘zallikni supurib oldim 🍂
Ish bilan birgalikda Nazar Eshonqulning "Momoqo‘shiq" qissasi audiosini ham qayta eshitib chiqdim.
Kechga asar tahlili bo‘yicha nimadir qoralab qo‘yaman. Kuting😊
@qodirova_g
10 yildan so'ng hozirgi kuningizning, yoshingizning, yoshligingizning qaytishi uchun boringizni berishga tayyor bo'lishingizni bilasizmi?
10 yil avvalgi "siz"ni eslang!
@qodirova_g
"Majburlash"ning yaxshi usuli)
Ba'zan kompyuterga o'tirishga o'zimda kuch topolmay qolaman. Meni kutib turgan ishlar, sahifalar ko'p bo'lgan vaziyatda shunday metoddan foydalanaman.
5 bet tahrirlayman va turib boshqa yumushlarimni qilib yoki sevimli kitobimdan 10 sahifa o'qib, yo shunchaki tel titib kelib yana davom ettiraman.
Nima qilsang qil, ammo 24 soat ichida shu katakchalar to'lsin!
Har qanday ishingizda yaxshigina foyda beradi bu usul. Sinab ko'ring😊
Maqsad — avvalo o'zimizni rag'batlantirish.
@qodirova_g
Uyimiz bilan cafe orasi 14 daqiqalik yo‘l. Shu masofa orasidan audio kitob tinglab o'taman. Uyga qaytgach esa yarim tungacha tahrirlarim bilan shug'ullanaman.
Anglab yetganim shu bo‘ldiki, insonda ichki bir ishtiyoq bo‘lsa, xohish kuchaysa, qiziqish ustun kelsa, har qanday vaziyatda o‘zi sevgan, intilgan, rohatlangan mashg'ulotlariga vaqt, imkon topoladi. 8 sigir ichida unisini qo‘yib, bunisini sog‘ib, boqib yurib ham "Yosh kitobxon" loyihasida Respublikaga chiqolganman. 4 oy turk tilini mukkamdan ketib o'rganib, B2 sertifikat olganman. Bular o‘zim uchun amaliy dalil bo‘ldi.
Shamolni tutib, qamab bo‘lmaganidek, ishtiyoq bilan urgan yurakni, zavqqa to‘lgan ko‘ngilni bog'lab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu imkonsiz.
Kishi orzu-umidsiz yashamaydi, yasholmaydi. Sizda intilish bormi, sharoitni tashqi tomondan qidirmang. Uni ichkarida yarating. "Ichkari"ni eshiting, quloq soling.
Katta ishtiyoq doim ham bo'lavermaydi. Bu yutuq. Ishtiyoqingiz yo‘q bo‘lsa, 24 soat bekorchi bo‘lsangiz-da hech narsa qilolmaysiz. Sizni harakatga undaydigan, intiltiradigan bu — ichkarida.
Ichkaringiz olovlanib turgan bo‘lsa, o‘chishiga, o‘chirishlariga yo‘l qo'ymang. Harakatlaringiz, orzularingiz bilan unga o‘tin qalang. Hammasini uddalasa bo‘ladi!
@qodirova_g
Ba'zilar hayron bo‘lib so‘rashadi: "Shuncha qiynalib, kontrakt to‘lab, 4 yil o‘qib, nega o‘qituvchi bo‘lmadingiz", deb.
Ularga "muharrirman, kopirayterman, sahifalovchilik qilaman. Bir qancha sayt va nashriyotlarda online ishlayman", deb batafsil javob bersam, baribir tushunishmaydi. "Eee, o‘qituvchimas ekansiz-ku baribir", deya bosh chayqaydi. Ular uchun bufetchi, diplomli qora ishchiman.
Ammo hecham afsuslanmayman. Boshida o‘zim ham g‘alati bo‘lib yurdim. Ammo yaqinda butun hayotimni (xuddi 50 yil yashagandek gapirvordim-a😂) sarhisob qilib ko‘rib, o‘zimdan qanoat hosil qildim.
Davomi ⚡️
@qodirova_g
Biyday dalada shunday go‘zallikni paydo qilib qo‘ygan Alloh, sevimli bandalarining taqdirlarini bundan-da go‘zal gullar bilan chamanzorga aylantirib qo‘yolmaydimi?!
@qodirova_g
Sen meni shunchaki yaratganing yo'q, shunchaki yashashni men odat qildim!
@qodirova_g
Bilaman, ba'zan muammoga duch kelsak, falokatga yo'liqsak, musibatga tushib qolsak, isyonga ketamiz.
Aybdor qidiramiz. Natijalarning sabablarini tahlillay boshlaymiz. Undoq bo'lmaganda bundoq bo'lmasdi. Shundoq qilmaganimda boshqacha kechardi kabilarni o'ylaymiz.
Yo'q, baribir nima qilsangiz ham natija shunday bo'lardi. Ishoning. Rizqdan qochib-qutulib bo'lmaydi. Rizq deganda biz faqat yaxshiliklarmas, bizga hikmat bo'ladigan muammo va sinovlarni ham tushunishimiz shart.
Chin dildan "xayrlisi" deng-da, chindan ham xayrli taraflarini ko'ra boshlaysiz.
Sinovlar bilan kuchli bo'lasiz, sovuqqonlashasiz, o'sasiz, donolashasiz, eng muhimi, gunohdan qaytasiz.
Shuncha xayr kerakmi sizga?
@qodirova_g
Boychechakni tutdilar,
Simyog'ochga osdilar,
Qilich bilan chopdilar,
Bahmal bilan yopdilar...
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boycheeeeechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boycheeeeechak.
Xalqimiz naqadar donishmand, naqadar ziyrak ekan.
Avvallari bu satrlarni shunchaki eshitib, aytib qo'yaverardim.
Bir kun qizim aytib yurganini eshitib qoldim. Satrlarni chalkashtirib yuboraverdi. O'zim jiddiy yodlatmoqchi bo'ldim. Shu bilan birga tahlil qila boshladim.
Hayotda inson o'z o'rniga ba'zan qatalab, ba'zan yumalab erishadi. Yuksaklikka kimlardir qatalab chiqqan, kimdir yumalab chiqqan.
Yoki bir inson vaziyatga qarab ba'zan osonlikda, ba'zan qiyinchilikda o'sgan. Qorliklarni, sovuqlarni pisand etmay, bardosh bilan o'z missiyasini, ya'ni bahordan darak berish vazifasini uddalagan.
Eng boshidagi satrlarda esa men ko'plab ayol-qizlarimizning taqdirini tushundim...
@qodirova_g
— Yakshanba kuni kuningni qanday boshlaysan?
— Yakshanbani dam olish kuni deya e'lon qilgan odamni "alqashdan"😩
@qodirova_g
Ustozimiz: "Xizmatingizni kamida 10 ta joyga taqdim qiling" deya vazifa bergandi.
Basharam bujmayib bittasiga taqdim qildim. O‘zimni xuddi qichimagan joyni qashlayotgandek, yoki bilib turib begona eshikni taqillatayotgandek his qilyapman.
Mayli, ko‘raveraylikchi))
@qodirova_g
#Аёлларга
Доим банд бўлинг, токи майдагаплигу ғийбатга вақтингиз қолмасин.
Доим банд бўлинг, токи эришаётган катта-кичик муваффақиятингиздан энергия олинг.
Доим банд бўлинг, токи эрингиз сизни эгов дея атамасин.
Доим банд бўлинг, токи вижир-вижир фисқу фасодга, қайнона, овсин, қўшнилар билан жанжаллашишга вақтингиз ҳам, тоқатингиз ҳам бўлмасин.
Доим банд бўлинг, токи ўзингиздан, ҳаётингиздан мамнун яшанг.
Фақат битта шарт: машғулотингизнинг сифатига эътибор беринг. Сиз нима билан бандсиз. Бирор касб, ҳунар, ҳам моддий, ҳам маънавий эҳтиёжингизни қондирувчи машғулот биланми ёки ҳар кунлик майда-чуйда ишлар биланми?
Шунчаки фойдали машғулот билан шуғулланиш аёлга энергия, хурсандчилик ва мамнунлик беради. Ўзидан кўнгли тўлган аёлнинг атрофидагилар ҳам қадрлай бошлайди. Чунки у нимадир қиляпти, ниманидир уддалаяпти...
@qodirova_g
Ulashib qo'ying😊
#shunchaki
Boshingizga kelgan musibatlarga ham "mayli, xayrlisi" demoqqa kuch topyapsizmi?
Demak, siz o'zingiz o'ylaganingizdan-da kuchliroq shaxssiz.
@qodirova_g