Tug'ildi kun
Hali hayot shirin, hali ishq voqe,
Hali yuraklar ham yonishdan ogoh.
Axir, bu kunlar ham qolmaydi boqiy,
Piyoda yuraylik birozgina, Moh.
ҲОЛ
Она, сизни ёзолмайман, гуноҳим кўп,
Ота, сизни алқагани мард сўз қайда?
Ҳавасларим юрагимда кезар тўп-тўп,
Илингулик эмас сизга:
Бари майда.
Баъзан меҳр етишмайди овозимга,
Дийдам шағал ётган йўлдай қотиб кетган.
Ука, сенинг яхши кўрган хўрозингга
Отган тошим юрагимга ботиб кетган.
Орзуйингни осмонларга елкаламай,
Ҳаволарда учиб юрган гарангман-да.
Синглим, сени синглим дея эркаламай
Ширин сўзин сотиб юрган акангман-да.
Бугун кимман, кимга дўниб бораяпман?
Хаёлимнинг лойқалари тинимайди.
Мен кўзгуга бегонадек қараяпман,
Кўзгудаги бола мени танимайди…
Кимман ўзи?..
С.З.
@suhrob_ziyo1
"Маданият ва маърифат" телеканали ёпилар экан.
Ўрнига "Карвон" телеканали ташкил бўлар экан.
Хўп, "Карвон" билан боғлиқ мақсад хайрлидир, бунга эътироз йўқ. Лекин "Маданият ва маърифат"нинг ўрнига ташкил бўлиши жуда ноўрин.
Томошабинни адабиётга, ФИКРга ундаб келаёт шу битта телеканални ҳам кўп кўриш жуда нотўғри иш бўлади. Томошабинлари бошқа каналлар каби миллионлаб бўлмаслиги, рейтингда баланд поғоналарда юрмаслиги ҳам мумкин. Аммо бу рейтинг телеканалнинг рейтингги эмас, биз томошабинларнинг рейтингимиз.
Томошабинларнинг аксарияти енгил томошага ўрганган бўлса ҳам, бу асло "Маданият ва маърифат"нинг айби эмас. Саноқлигина бўлса ҳам фикр истаб телевизорини ёқадиган томошабин бор экан, бу телеканал ишлаши керак.
Дадахон Муҳаммадиев
P.S:
Айтганча, "Карвон" ("Caravan") номи билан аввал ҳам телеканал ташкил этилган ва бугун у бошқа ном билан фаолият юритмоқда.(Адашмасам, "Севимли"нинг аввалги номи "Caravan" эди)
МАНФААТЛАР ТЎҚНАШУВИДА
МАЪНАВИЯТ ҚУРБОН БЎЛМАСЛИГИ КЕРАК!
"Карвон" телеканалини ташкил этиш қарорининг лойиҳаси билан танишиб чиқдим. Мазкур янги телеканал айни дамда фаолият юритиб турган "Маданият ва маърифат" негизида ташкил этилиши мўлжалланган.
Қизиқ-қизиқ ишлар кўп бўлиб турадиган ҳаётимизда бу янгилик ҳам одатий, бепарво қабул қилиниши мумкин. Бироқ шу халқнинг, шу мамлакатнинг яхши-ёмонига бефарқ бўлмаган ҳар бир одамни бу ҳаракат сергак қилиши керак.
Маданият ва туризм вазирлиги тасарруфига ўтиши ва шу билан бой тарихимиз ва маданиятимизни тарғиб этишни кўзлаган янги "Карвон" телеканалини ташкил этиш зарур бўлса, нега "Маданият ва маърифат" телеканалини қурбон қилиш эвазига бу ҳодиса содир бўлиш кераклиги мени ажаблантирди. Агар шундай қилиш лозим бўлса, янги телеканал очиш ёки савиясизлик ва маданиятимизни ерга уришгагина хизмат қилаётган бошқа каналлар ҳисобига буни амалга ошириш мумкин. Ҳа, ростдан ҳам шундай қилиш ҳукумат учун жуда осон ва халқ учун фойдалироқ.
Бу гапимни ўқиган киши халқнинг талаб ва эҳтиёжлари, замонавий дунё стандартлари деган эътирозларни ҳам айтиш мумкин, бироқ айнан шундай қилинса — мавжуд "Маданият ва маърифат" телеканалига эҳтиёж жуда каттадир.
"Маданият ва маърифат" телеканали ташкил этилганига эндигина 10 йил тўлди. Бироқ канал ўтган қисқа вақтда шу қадар катта ишларни амалга оширдики, буни бир зиёли, бир томомшабин сифатида эътироф этаман. Биринчи навбатда ушбу телеканал халқнинг ичига кириб борди. Одамларнинг дид ва савиясини кўтаришдек муҳим вазифани ўз елкасига олди ва собитлик билан адо этиб келмоқда. Телеканал ўз дастурларида миллий маданиятимизнинг соф манбаларини, уларнинг дунёвий аҳамиятини бор бўй-басти билан кўрсата олди. Санъат, адабиёт, тарих, халқ ҳунармандчилиги каби халқимиз маданияти ва маърифатини қамраб олган барча жабҳаларни кенг ёритди. Юзлаб, минглаб қаҳрамонларни, халқ ичидаги фидойи инсонларни кашф этди. Ва уларнинг дунёга чиқишига сабабчи бўлолди. Каналда бериладиган сериаллардан тортиб, миллий ва жаҳон санъатининг дурдоналари бўлган қўшиқларгача фақат ва фақат халқимизнинг фойдасига хизмат қилгани ҳам бор гап.
Биз нимани истаяпмиз ўзи? Бизга миллийлик, ўзликни англаш учун тарих, адабиёт керак бўлмаса, нима керак? Нима бизни асраб қолади? Фақат шоу-бизнес билан эҳтиёжлар қондирилмаслигини, аксинча ҳозирги пайтда одамларимизнинг феъл-атворидаги ўзгаришларга телеканаллар ҳам катта ҳисса қўшаётганини наҳотки тушуниш қийин.
Шундай экан, халққа хизмат қилиб турган, миллионлаб томошабинлар дастурларини интиқ бўлиб кутадиган "Маданият ва маърифат" телеканалига дахл қилиш ўзимизга — ёшларимиз келажагига душманлик бўлади. Буни тушуниш керак. Манфаатлар тўқнашуви учун маънавият, маданият қурбон қилинмаслиги шарт! Бу қарорни қабул қилаётган ҳар бир раҳбар, унга фикр билдираётган жамият кишилари вазиятга панжа орасидан қарамасликлари зарур.
Шодмонқул САЛОМ
@Shodmonqul_SALOM
💐Bugun ayajonim tug‘ilgan kun!
Xudojon,
onamga o‘xshar har ona,
Mehr ustunlari
ular dunyoning.
Xudoyim,
asragin mushfiqlarimni,
Xudoyim,
joniga sihat ber, omin!
NOZIM HIKMAT
Qo‘llaringiz va yolg‘on haqida
Barcha toshlar kabi vazmin,
hibsda kuylangan
barcha turkular kabi qayg'uli,
yuk tashuvchi hayvonlar kabi
bahaybat, og‘ir
va och go‘daklarning
mungli yuzlariga mengzagan qo‘llaringiz.
Arilar kabi mohir va yengil,
sutli siynalar kabi to‘lg‘in,
tabiat kabi jasur
va do‘stona samimiyatini
dag‘al terilarning ostida
yashirgan qo‘llaringiz.
Bu dunyo
ho‘kizning shoxlarda emas,
bu dunyo qo‘llaringiz ustida turibdi.
Va insonlar,
oh, mening insonlarim,
yolg‘on bilan boqishadi sizlarni,
holbuki, siz ochsiz,
go‘sht-la, yemak-la
to‘qlanishga muhtojsiz.
Va oppoq dasturxonda bir marta to‘yib ovqatlanmasdan
o‘tib ketasiz
bu turfa ne'matlar to‘la dunyodan.
Insonlar,
oh, mening insonlarim,
Osiyodagilar, Afrikadagilar,
Yaqin Sharq, O‘rta Sharq,
Tinch okeani orollari
va mening hamyurtlarim,
ya’ni insoniyatning
yuzda yetmishidan ko'pi,
qo‘llaringiz kabi
keksa va horg‘insiz,
qo‘llaringiz kabi
sertashvish, hayron va navqironsiz,
insonlarim,
oh, mening insonlarim,
yevropalik,
amerikaliklarim mening,
hushyor, hujumkor,
va unutuvchansiz qo‘llaringiz kabi,
qo‘llaringiz kabi tez aldanib,
oson yengilasiz…
Insonlarim,
oh, mening insonlarim,
antennalar yolg‘on so‘zlayversa,
yolg‘on so‘zlayversa bosmaxonalar,
kitoblar yolg‘on so‘zlayversa,
devordagi afisha,
ustundagi e’lonlar
yolg‘on so‘zlayversa,
qizlarning yalang‘och boldirlari
yolg‘on so‘zlayversa sahnalarda,
duo yolg‘on so‘zlayversa,
alla yolg‘on so‘zlayversa,
tush yolg‘on so‘zlayversa,
mayxonaning cholg‘ulari
yolg‘on so‘zlayversa,
yolg‘on so‘zlayversa umidsiz kechalarda
oy nurlari,
so'z yolg‘on so‘zlayversa,
tovush yolg‘on so‘zlayversa,
qo‘llaringizdan boshqa har narsa,
har kimsa yolg‘on so‘zlayversa,
qo‘llaringiz balchiq kabi itoatli,
qo‘llaringiz zulmat kabi ko‘r.
qo‘llaringiz itday sadoqatli bo‘lishini,
qo‘llaringiz isyon etmasligini istarlar.
Zotan bu qadar
oz mehmon bo‘lib turganimiz,
bu o‘limli,
bu taqiqli dunyoda
bu isnod saltanati,
bu zulm bitmasligini istarlar.
Suhrob ZIYO o‘zbekchalashtirdi.
@suhrob_ziyo1
Ramazon to‘rtliklari
***
Dunyo jilvalari ko‘zing kuydirar.
Umr bo‘yi nafsing xirmon uydirar.
Yopmasang, to‘ymaydi og‘iz ham, ko‘z ham,
Oxiri baribir tuproq to‘ydirar.
***
Hamon bizni chorlar masjidlarimiz.
Hamon nafsdan kelar tahdidlarimiz.
Hamon Ramazonda bazmlar qilib,
Juma payt boshlanar majlislarimiz.
***
Qalbingni bir bora taqdirladingmi?
Umringni xatodan tahrirladingmi?
Shaytonlarga zanjir solganda Alloh,
Ey banda, nafsingni zanjirladingmi?
Suhrob Ziyo
@suhrob_ziyo1
“...Samarqandga borsam, birdan-bir taskingohim — Rohilaning qabridir. Har bahor uning qabri gullarga burkanadi. Ko‘zyoshlarim bilan Rohilaning qabrida o‘sib yotgan gul-chechaklarni sug‘orib qaytaman”.
Yuqoridagi parcha atoqli adib Nabijon Boqiyning "Rohila" nomli qissasidan olingan. Mazkur gaplar bosh qahramon Mo‘minjon tilidan asar so‘ngida keladi. Tarixni go‘zal badiiyat bilan abadiylikka muhrlay olgan N.Boqiy bir suratni biz bilan bo'lishdi: yuqoridagi rasmdagi qabrtoshda ismi chekilgan shaxs tibbiyot fanlari nomzodi, O‘zbekiston SSSRda xizmat ko‘rsatgan shifokor Mo‘minjon Aliyevdir. Aynan shu shaxs “Rohila”dagi oshiq yigit — Mo‘minjonning prototipidir. Ya'ni muallif ulug‘ adib Qodiriy bilan yildosh bo'lgan madrasa ko‘rgan bolajak shifokor yigit M. Aliyevning o‘tmishga muhrlangan sevgi tarixini qog‘ozga tushirgan.
Ushbu qabr hozirda Marg‘ilondagi Ibrohim Dovud nomli mozorotda joylashgan.
“Rohila”ni o‘qidingizmi?
Buyurtma uchun: @KM_anorbooks
Sahifalarimiz:👇
Telegram | Instagram | Facebook
COVID-19
O‘layotgan odamlar,
huvillagan megapolislar,
niqoblar ortiga berkinib,
qatl kuni kelishini kutayotgan mahbuslarday
kun sanayotgan bemorlar...
musulmonlar “tarbiya” topadigan lagerlar...
harom luqma ortidan
tarqayotgan vahima qarshisida
ojiz qolgan
“bizni yengadigan kuch yo‘q” deb ko‘ksiga urib yurgan imperiyalar...
to‘xtagan laynerlar,
kasod bo‘lgan bozorlar...
chegaraning simto‘rlaridan ichkari
bexavotir serial ko‘rayotgan olomon,
nochor tibbiyot,
kun ko‘rishga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari...
siyosatda nard o‘ynab,
butun boshli millatlarni qimorga tikayotgan,
erishajaklari
vayron shaharlar,
kafangado muhojirlar,
adadsiz inqirozlar bo‘layotgan
hukmfarmolar...
har kun statistikaga tirkalayotgan,
har kun yolg‘onlar bilan emlanayotgan,
har kun yuqumli haqiqatga qarshi niqoblanib,
Trillionlarcha ko‘zyosh g‘aznasidan misqollab sovurayotgan
iztirobdan iborat organizmlar...
hamma-hammasi
hamma-hammasi
bir Zarra qarshisida tiz cho‘kdi.
S.Z.
2020.
@suhrob_ziyo1
#mutolaa
***
Sanoatlashuvda muhim omil 500 ta makaron fabrikasiga ega bo'lish emas, o'sha makaron fabrikasini qura oladigan korxonani tashkil qilishdir...
Sanoatlashuvdagi eng muhim omil 10 ta yig'ish-butlash korxonasini qurib, chetdan olib kelingan ehtiyot qismlarni joy-joyiga qo'yib, mahsulot ishlab chiqaryapman deyish emas...
Haqiqiy sanoatlashuv fabrikalarni barpo etadigan fabrikalarga ega bo'lishdir...
***
So'lchilikmi, o'ngchilikmi, liberallikmi — hammasi noto'g'ri yo'l. Avvalo, milliy shuurimizni jonlantirishimiz kerak...
Najmiddin Erbaqon,
"G‘oyam" kitobidan.
@suhrob_ziyo1
She’riy chiqindilar haqida
Sharof Boshbekovning “Yer baribir aylanaveradi” spektaklida Yashil Yaproq shoir obrazi orqali bugungi maddoh adiblarning tipik qiyofasi beriladi:
Yashil Yaproq so‘lmaydi,
She’r yozmasam bo‘lmaydi,
Sizday odam o‘lmaydi,
Otamizsiz, otamiz!
Bugun bunday she’rlar chiqindisi oralab chin shoirlik iste’dodi chetgir bo‘lib boryapti. Odamlar she’rni dilni poklash yo‘li deb emas, yo‘lchini alqash yo‘li deb anglab qolayotir.
Vatan so‘zini chiqindilar orasidan axtarib yuraman. “Vatan” deya minbarlardan, televideniye, radio, kitoblar oralab chiqindilar chiqib keladi. Ichim sinadi.
“Google”jondan izlasangiz qutlug‘ “Vatan” so‘zi bilan bog‘liq chiqindilar uyumi qalashib keladi. Boshbekov rost aytadi: “Yashil Yaproq so‘lmaydi…” Yashil Yaproqlar sarg‘aymasdan, xazon bo‘lmasdan chiqindiga aylanadi, aylanmoqda. Yosh-yosh “yaproqlar” paydo bo‘lmoqda. Bu bog‘ni soxta yashilliklardan qanday asrash mumkin?
Qo‘shiqlar kuylanadi: qofiya qisilgan, ohang zo‘rlangan. Xontaxta filmlar chiqindisi ekranlarga chaplanadi. Odamlar ekranlarga termula-termula umrning g‘animat fursatlarini chiqindiga uloqtiradi. Qishloqda uzzukun ishlab kunni kech qilgan odamlar tungi dam olish vaqtini bolasi bilan suhbatlashgani emas, serial ko‘rishga sarflaydi.
Qo‘shiqlar odamlar qalbiga umid yoqishi, filmlar uning ma’naviy qo‘rg‘onlariga qisqa bo‘lsa-da nur ulashishi kerak edi. Aslida shunday edi. Shunday bo‘lishi kerak edi.
Gʻoyasiz va yagona g‘oyasi pul topish bo‘lgan kinochiqindilar axborotlar uyumi orasidan bo‘rtib ko‘rinib turadi. Odamlar ularni olyapti, ko‘ryapti. Xuddi chiqindi qutisidan konfet topib olib, shimib yurgan bolaga o‘xshab…
Men sizga odam yaratayotgan ma’naviy chiqindilar haqida so‘zlayapman-u, ichdan boshqa bir xavotir o‘tadi: ulardan ham xafvli chiqitlar bor.
Sanoatda saqlash qiyin bo‘lgan eng boshog‘riq axlatlar – yadroviy chiqindilar hisoblanadi. Ularni na suvga, na tuproqqa va na havoga singishiga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Insoniyatning nomoddiy olamida ham shunday “yadro chiqindi”lar mavjud...
Suhrob Ziyo,
"Umr chiqindiga aylanmasin",
Manba: "Surxon yoshlari" gazetasi.
@suhrob_ziyo1
GARRINCHA
Qarsaklar yog‘ildi mening sha’nimga.
Zarb!.. Zarb!.. Darvozabon tosh kabi qotdi.
Bir surur hayqirib kirdi tanimga,
Stadion o‘zin falakka otdi.
Quvonchi kam dunyo, iqbolni ham ko‘r,
Yashil maydon, koptok...— Mana shu iqbol!
Hamon karaxtlikda silkinadi to‘r,
Hamon darvozabon yotibdi behol.
Himoyachi menga g‘ijinib boqar —
Mag‘lub g‘azablarni ko‘rishdan bezdim!
Do‘stlarim tabriklab yelkamga qoqar —
Pele va Didining qo‘llarin sezdim.
Raqib yecholmagay xayolida ham,
Mening aldashlarim kalavalarin.
Dahoning o‘yini hamisha ulkan,
San’atdir dahoning g‘alabalari...
Yam-yashil maydonda chiqar quyoshim,
Yam-yashil maydonda quyoshim botar.
Ishqibozlar, ana, changallar boshin —
Biri shlyapasin burdalab otar.
Raqib naq ustimga kelar to‘p surib,
Chapga!.. Yonginamdan o‘tadi qushdak.
Haqorat seliday kelar bostirib,
Boshimga jaladay yog‘ilar hushtak.
Trener g‘ijinib ushlar ko‘ksini...
To‘p — menda! Garrincha oson o‘lmaydi!
Yerga yiqilaman yana o‘ksinib...
Endi raqiblarni aldab bo‘lmaydi!
Trener qo‘l siltar... U haq, albatta!
So‘ng bor to‘pga boqdim maydon chetidan...
Daho mag‘lubligi, o, mudom katta —
Gʻalabalar unut bo‘ladi birdan.
Futbol! Meni asra shu futbol haqqi!
Nahot, xatolarga kunlarim bog‘liq?
Umrim — yuzga nogoh tushgan tarsaki,
Yam-yashil maydonda qoldi daholik.
Garrincha! Polisning yondi ko‘zlari.
Tun bo‘yi mahbuslar tinchini buzdi:
Qamoq devoriga to‘qmog‘i bilan
Mening fintlarimning rasmini chizdi.
Hayot guvilladi. Aylandi boshim,
Panjalarim aro baxt yelday oqdi.
Aroq so‘rib olgan keraksiz loshim,
Tunlar stadion eshigin qoqdi.
Menga ochilmagay qayta bu eshik...
Stadion! Qara! Bu men — Garrincha!
Menga to‘p tekkanda qalqigansan tik,
Qarsaklar chalgansan qo‘ling tolguncha.
Meni tanimaysan, qilmaysan parvo,
Qo‘y meni... tegrangda bir oz kezaman...
Axir, seni ko‘rsam, yelkamda nogoh
Pele va Didining qo‘lin sezaman.
Usmon Azim
@suhrob_ziyo1
Ertakchi
Hammasi chalkashdi, xotirim mulzam,
Kim u Qorabotir, Kenja botir kim?
Sholchaga aylandi u uchar gilam,
Eski chirog‘iga sig‘may qoldi jin.
Nekbin ertaklarni unutdim nechun?
Bari yolg‘on edi, tushunib yetdim.
Mudroq bolalarni uyg‘otish uchun
Boshqa ertak yozgani ketdim.
Suhrob Ziyo
2022.mart.
@suhrob_ziyo1
ДАРАЖАЛАРНИНГ ЭНГ ОЛИЙСИ
Хабарда келадики:
«Даражаларнинг энг олийси – сабр қилувчилар учундир. Ким сабр қилса, ўлим аччиқларидан нажот топади. Ким сабр қилса, зафарга эришади.
Ул Ҳазрат алайҳиссалом айтдилар:
«Мусибат етган заҳоти қилинган сабр дунё ва ундаги бор нарсалардан яхшироқ».
«Сабрнинг мукофоти фақат жаннатдир».
«Ҳар бир амал қилувчига саноқли ва чегарали савоб бор, сабр қилувчиларнинг савоби эса чексиз ва саноқсиздир».
Аллоҳ таоло айтди:
إِنَّمَا يُوَفَّى الصَّابِرُونَ أَجْرَهُم بِغَيْرِ حِسَابٍ
Албатта, сабр қилгувчиларга ажр-мукофотлари ҳисобсиз берилур!» (Зумар сураси, 10-оят).
Шайх Аҳмад Ғаззолий,"Баҳрул-маҳабба"дан.
Араб тилидан Мирзо Кенжабек ва Абдумажид Исҳоқ таржимаси.
•┈❁✿❁┈•
@xojagon_uz
@m_kenjabek
•┈❁✿❁┈•
Taxikardiya
Yuraklar tezlashdi.
Dunyoday qisqarib borar yuraklar.
Ko‘zlardan yosh sizib,
yuzga tomguncha,
ming marta uradi qovurg‘aga bosh.
Arteriyalar gaz quvurlari kabi
bosimdan portlashga shaylangan.
Kardiogramma —
dastxati qog‘ozga sig‘magan daho,
eng buyuk asarni changallab yashar.
Yuraklar tezyurar poyezdlar misol
Kapillyar shpallar uzra shoshadi:
Duk-duk, duk-duk, duk...
Yurak bo‘lmalari
qisqarar-kengayar,
kengayar-qisqarar,
suyaksiz bo‘shliqlar
yuraksiz boshliqlar
havoni qissalar,
hayotni qissalar,
ko‘z yoshni qissalar,
kulguni qissalar,
gumroh tromblarga uriladi qon.
Tezlashgan muhabbat,
tezlashgan armon,
tezlashgan nafrat va shiddatli o‘lim
ta'qib etib borar yurakni...
Jarroh skalpeli qadalay deb turgan
charchagan yurakni qutqaring!
Qon bilan to‘yingan tomirlar haqqi,
yashashga to‘ymagan nigohlar haqqi,
hali aytilmagan izhorlar hamda
hali yuvilmagan gunohlar haqqi
yurakni qutqaring!
Suhrob Ziyo
@suhrob_ziyo1
Адабиётни, илм-фанни таниган одам ЎЗЛИК сари йўл қидиради, бундай йўлга тушган кишининг туйғулари, тафаккури тиниқлашади, энди у “берсанг ейман, урсанг ўламан”, деб яшолмайди, занжирларни шиқирлатиб одимлашдан бош тортади. Энди у омманинг бир вакили эмас, энди у шахс!
Аммо тарих кишиларнинг бундай йўлдан қайтарилганига кўп бор гувоҳ бўлган. Кўп бора одамлар “орзулар оҳангида” аллалаб келинган. Эски ақида—тонгда уйқунгни бузган хўрозни сўйиш ўнғай...
Неча йилдирки, “Маданият ва маърифат” телеканали миллат ойдинлари учун кўп ишлар қилди — ЎЗЛИК сари ундади. Телеканал ижодкорлари томонидан тайёрланган теле-дастурлар кишини ичига қарашга, зинама-зина юқорилишга ундади. Замонимизда тўртта артистнинг лик-ликию одамларнинг маиший муаммолари сари пастламаган, гарданидаги асл вазифасини англайдиган саноқли телеканаллардан бири шу канал, саноқли ижодкорлар манзили шу жой эди. Бироқ шу кунларда телеканалнинг ёпилиши, унинг негизида Маданият ва туризм вазирлиги тасарруфидаги “Карвон” телеканалининг очилиши ҳақидаги қарор лойиҳасининг тарқалгани кўнгилга хижиллик индирди. Қарор лойиҳасини синчиклаб ўқиб кўрсангиз унда на китоб, на китобхонлик, на таълиму илм-фан, на миллатнинг олиму зиёлилари ҳақида гап бор, “таниқли устоз санъаткорлар”нинг алоҳида кўрсатилганлиги эса чин. Аслида, қарор бандлари ҳақда бирма-бир сўз юритилса, яна кўпгина саволлар туғилади...
Асосий муаммо эса шўролар замонида “индийски” киноларга кўз ёш тўккан элнинг бугунги авлодини ўзимизнинг артистлару сериаллар томошаси билан андармон қилишга ҳаракат ҳадигида... “Частний” каналларни эгаллаб олган кўпикчиларга қўлида машъала тутган яна бир телеканални топшириб қўйиш қўрқувида...
“Карвон” телеканалини ташкил этиш мақсади эзгудир, аммо менингча, бу мақсадга миллатни ЎЗЛИККА ундаган телеканални “чопиш” орқали борилмаслиги керак. Хўроз уйқуни бузмайди, ғафлатда ётган одамни уйғотади. Уни сўйманг!!!
Нажмиддин Эрматов
NOZIM HIKMAT
***
Mamlakatim,
mamlakatim,
mamlakatim.
Sen uchun na bir kaskam qoldi,
Na yo'llaringda yurgulik etigim,
Shila bo'zchilari to'qigan
so'nggi ko'ylagim ham
egnimda yirtiq-yamoq bo'ldi
allaqachon.
Sen endi faqatgina
sochimning oqida,
Yuragimning infarktida,
Manglaydagi chiziqlarimdasan,
mamlakatim.
Mamlakatim.
Mamlakatim.
Suhrob Ziyo o‘zbekchalashtirdi.
@suhrob_ziyo1
ФЕРГАНТРОП
Эй, бир ярим милён йил олдин
Селунгурда кун кечирган зот,
тойдирганми сени ҳам ҳолдан
юрагингга от қўйган ҳаёт?
Бўлганмисан сен ҳам ошино
сирларига тун, моҳитобнинг,
нозларига чидагансан ё
аллақайси фергантропнинг?
Алқаганми сени ҳам кимдир,
сен кимнидир алқаганмисан?
Севиб туриб чиндан, барибир,
севмайман деб алдаганмисан?
Далли бўлиб,
ғорликлар аро
ошиқ-маъшуқ дейилганмисан,
берганмисан сўзингга оро,
севганмисан,
севилганмисан?
Ишонгансан кимгадир, ошнам,
балки, дўстлар ташлаб ҳам кетган,
балки, шундан кўзинг бўлиб нам,
ишончингга илк бор дарз кетган?
Ачингансан,
кимгадир ёки
бергандирсан тамасиз ёрдам?
Тикка қараб алдаган чоғи
қувгандирсан кимнидир ғордан?
Қор кўчган ё сел келган пайти
қўлтиқланиб-суялганмисан?
Овдан қуруқ қўл билан қайтиб
келганингда уялганмисан?
Ёлғизоёқ сўқмоқда ёлғиз
хаёл суриб кезмаганмисан?
Инграганда ғордошинг ожиз,
сезганмисан,
сезмаганмисан?
Варақланган, эҳтимол, қалбинг,
ўқувчиси танҳо китобдай;
тоза бўлган виждонинг, балки,
уйимдаги "фергантроп"дай...
Агар шундай яшаган бўлсанг,
гарчи бугун хоксан, туробсан,
сен ёввойи эмассан, билсанг,
сен одамсан —
фергантропсан!
Ё шунчаки кун кечириб тоқ,
қувонгансан кавшаганингга,
суягинг бор музейда,
бироқ
ишонмайман яшаганингга!
Эй, бир ярим милён йил олдин
Селунгурда нафас олган зот,
тойдирганми сени ҳам ҳолдан
юрагингга ўт қўйган ҳаёт?!
Мансур Жумаев
2023 йил 21 март, Дўрмон
🎊 “Anorbooks”da yangi kitob 🎊
✍ Bek Ali
📙 “Voh” (she’rlar)
Bek Ali — rost tuyg‘ular shoiri. Uning she’rlarida bezovta Yurak ko‘rinib turadi, behalovat Ruhning isyoni bor, haqsizlikka murosasiz Iymon ovozi jaranglab turadi. Shoirning go‘zal va ayni vaqtda rost hislarga yo‘g‘rilgan she’rlarini o‘qib O‘zlik hujayralari tiklana boshlaydi: qaqrab borayotgan Ko‘nglimiz rost tuyg‘ulardan serob bo‘ladi, yolg‘on-u ig‘voga mashg‘ul bo‘lgan tilimiz qo‘qqis yana “Voh” deb yuboradi.
Qolgan ta’rif-tavsivlarni o‘zingizga qoldirdik — kitob mutolaasidan so‘ng biz bilan bo‘lishing.
Kitob hajmi — 160 bet
Muqova — yumshoq
Narxi — 20 000 so‘m
Buyurtma uchun: @KM_anorbooks
Sahifalarimiz:👇
Telegram | Instagram | Facebook
УКРАИНЛАР ҚЎШИҒИ
1. Зулмнинг кўзи оч, нафси яланғоч,
Озод кўнгилларга солар ғулғула.
Она тупроғимни топтамагин, қоч!
Мана бу юрагим, қани, бурғила!
Қараб ол, қаршингда турибман мана,
Фақат эрк қошида чўкажакман тиз.
Ватаннинг номини айтар ва ана,
Шаҳидлик либосин кияр ўғил-қиз.
Тегрангда собитлик ҳақу ҳуқуқим,
Тонгдек отаману, кундек ботаман.
Майдон ўртасида соб бўлса ўқим,
Боламни ўқдонга жойлаб отаман!
2. Зулм мавҳ этолмас руҳи покларни,
У қуруқ танани бурда-бурдалар.
Ҳурлик қўшиғини жўр бўлиб айтар
Кўчага сочилган озод мурдалар.
Тўкилар миллатмас, одамзот қони,
Шу зайл яшасанг, заволинг тайин.
Эй тутқун дунёнинг озод инсони,
Мен ҳам украинман, сен ҳам украин.
© Исломжон ҚЎЧҚОРОВ
@islomjon_ijodi
Gʻoyaviy chiqindilar haqida
Bir odam umrini, kuchini, salohiyatini biror g‘oya uchun sarflaydi. Gʻoyalar birlashib mafkuraga aylanadi. Mafkuraki, odamzodga baxtiyor kelajak va’da qilib, uning ishonchini talab qiladi.
Yoshlik, yigitlik kelajakdagi “yorug‘ kunlar” uchun mehnat qilib o‘tadi. Oxirga borib u orzuga yetib bo‘lmasligi, yurt tugul, bir shaxsning shaxsiy xohishlaridan nariga o‘tilmaganligini sezib qolgan odam ne ko‘yga tusharkan?
Odam mayda niyatlar bilan yashashi yetib bo‘lmas xomxayol uchun yashashidan ham ayanchliroq.
Qorin to‘yishi uchun yurtni sotayotgan odam haqida o‘ylaganmisiz?
O‘zining istaklari uchun Vatanni chiqindiga chiqarayotganlar haqidachi? O‘ylay olganmisiz?
Bir uyum chiqit orasiga qarasangiz, kimlardir qoni bilan barpo qilgan yurt yotgan bo‘lsa… “Seni kim bu yerga tashladi”, deb so‘rasangiz, “mening ularga keragim yo‘q” deb javob bersa yurtingiz!
Avlodlarga xaromxo‘rlarning changalidan tushgan bir ma’sum yurtni qanday topshiramiz?!
Bu chiqindi dunyosida xor bo‘layotgan narsalar orasida ishonch, iymon, muhabbat, or-nomusning borligiga qanday chidaysiz?! Chidaysizmi? Hammasini tuzatish, barchasiga chek qo‘yish uchun vaqt bor...
Odamdek yashang. Odamdek o‘ling. Umr chiqindiga aylanmasin!
Suhrob Ziyo,
"Umr chiqindiga aylanmasin",
Manba: "Surxon yoshlari" gazetasi.
@suhrob_ziyo1
ALPOMISH HAQIDA G‘AMGIN SHE’R
O‘n to‘rt botmon g‘amni tanglayga bosib,
Chanqovuz qaydadir aylardi xonish.
O‘q tekkan burgutdek qulochin yozib,
Tuproqqa bag‘rini berdi Alpomish.
Olti oylik yo‘lda bo‘zlab turar yor,
Dil yarim, el yarim, umidlar yorti.
Qanoti qayrilib ingrar Boychibor
Egasi yotibdi xo‘rsiniq tortib.
Yortiboylar chiqdi poygakdan to‘rga,
Biylar nifoq soldi nafsiga uchib.
O‘lpon deb sho‘rvalar to‘kildi sho‘rga,
Alpomish yotibdi tuproqni quchib.
Alpning shashti sinsa, ultonlar shodon,
Nomardning chilidan yer ko‘rsa yag‘rin,
Makr shaylab turar ming bitta maston,
To‘ram, yer ko‘rdimi shu sabab bag‘ring?!
Mardning o‘ksingani - mardning o‘lgani,
Yorsiz alp, elsiz alp - nursiz chiroqdir.
Senga bu mudroqda qolmoqdan ko‘ra,
Qalmoq zindonida yotgan behroqdir.
Dostonlar orzudan kuylardi ko‘proq,
Mardning dardi tilib o‘tdi bu she’rni.
Qulab tushmayapti nega Asqartog‘ -
Alpomish bag‘rini tuproqqa berdi.
Barchin! Qo‘ng‘irot yurt! Meni kechirgin,
Yozsam, har so‘zimdan tilim qonaydi.
G‘arib el holidan mungrar bu she’rim,
Bu she’r Alpomishni uyg‘otolmaydi.
Ammo bo‘zlayverar bizday so‘zonlar,
So‘zlar - tig‘, bo‘g‘izlar qayroqtosh bo‘lib.
Bir kun bu millatning Alpomishlarin
Qo‘shiqlar uyg‘otar Qaldirg‘och bo‘lib.
2020.
S.Z.
@suhrob_ziyo1
Kitob: “Rohila” (Nabijon Boqiy)
Janr: Qissalar
Nashriyot: Anorbooks
Narx: 30 000
Buyurtma uchun: @KM_anorbooks
Sahifalarimiz:👇
Telegram | Instagram | Facebook
ҳижрат
(термаларга татаббу)
аттанглар ухлаб ётар,
харсанглар ухлаб ётар,
сатанглар ухлаб ётар,
ватан кетиб боради.
ҳижрат замони етар,
имконлар қўлдан кетар,
хоин муродга етар,
ватан кетиб боради.
заҳарланади муҳит,
қарғар боболар руҳи,
жадидларнинг андуҳи –
ватан кетиб боради.
ернинг дини ўзгарар,
қилич қини ўзгарар,
оға, ини ўзгарар,
ватан кетиб боради.
ҳар қадаминг пойлоқчи,
сарҳадда ётлар соқчи,
қол дегувчи зот тақчил,
ватан кетиб боради.
тилни эгаси зўрлар,
томоша қилар кўрлар,
фиғон фалакка ўрлар,
ватан кетиб боради.
борар манзилин айтмас,
на хорижмас, на сайтмас,
кетар, ортига қайтмас,
ватан кетиб боради.
қайтаргувчи бир зот йўқ,
ҳайдагич кўп, имдод йўқ,
атар, минар бир от йўқ
ватан кетиб боради.
булутларга тўқнашар,
ой-у юлдуздан ошар,
билмам, қайларга шошар,
ватан кетиб боради.
эр қолмас, қуллар қолар,
мардикор, туллар қолар,
эгасиз гуллар қолар,
ватан кетиб боради.
хоинлар ҳайдаб солар,
қилич забтига олар,
мунғайиб бир эл қолар,
ватан кетиб боради.
Mahalliylashgan vatanparvarlik, maydalashgan maddohlik – baxtning peshonasidan oʻpib-oʻpib yozilgan dostonlar tahlili
Yigirma yildirki, aynan shunaqa qofiyabozlik, shiornamo illyuziyalar shirasi oʻzbek shoirining jamiyatdagi mavqeyini tushirishga xizmat qilib kelyapti. Lirik mushohada, yaʼni hissiy tafakkur oʻrnini hissiy koʻpirish, boʻm-boʻsh boʻyoqdorlik egalladi. Intellektual halollik oʻz oʻrnini siyosatdon beburdlikka, subutsizlikka boʻshatib berdi.
Batafsil: https://oyina.uz/uz/article/1471
Rasmiy sahifalarimiz👇
Web-site | Telegram | Facebook | YouTube