#Keltirma
«Men sizga tarixga oid kitoblarni qasddan ko'p yuborgan edim. Balki xabaringiz bordir, otangiz podshoh hazratlariga ham hamma vaqt tarix o'qimoqni tavsiya qilamen. Davlatning butun mas'uliyati sizlarning zimmangizdadir. Obodonlik yoki inqiroz sizlarning tadbir va harakatingizga bog'liqdir. Shuning uchun siz tarix oynasiga qarab turmog'ingiz kerak. Qaysi davrlarda qaysi sabablar bilan yurtlar obod boʻlgan, ellar shod-xurramlik ko'rgan ham qaysi zamonlarda va ne sabablardan mamlakatlar halok boʻlgan bularni o'rganmoq darkor. Aql va adolatning yorug' kunduzini, zulm va jaholatning qora tunini hech bir ilm tarix kabi ravshan koʻrsata olmagan. Ulug' bobongiz Temurxon tarixni shunday yaxshi bilur ekanlarki, u zamonning ibn Xoldun kabi eng peshqadam muarrixlarni hayratda qoldirganlari toʻgʻrisida ma'lumotlar bor».
- Oybek. "Navoiy" romanidan
📚 @e_kutubxona
#Tildan_saboqlar
Ko‘p kuzatyapman, o‘zbeklar orasida ham "bla... bla... bla..." deyish urf bo‘libdi.
Yana o‘risga taqlid! Yana o‘ylamay o‘rischa so‘zlarga sig‘inish! Yana o‘zbekchani kamsitish!
Kirmagani shu qoluvdi o‘zi! Muncha birovnikini yaxshi ko‘radigan millatmiz?!
Ichimizda "Meniki emassan sen! Tur yo‘qol! Menga o‘zimizniki yetadi!" degizdiradigan tuyg‘u yo‘qmi?! Qolmaganmi?! O‘lganmi?!
Do‘stlar! Aka-uka va opa-singillar!
Tilning ham o‘ziga yarasha mahramiyati bor. Til yetti yot begonalar ruxsat so‘ramay bostirib kirib ketaveradigan karvonsaroy emas! Har bir millat o‘z tilini xuddi qizini, opa-singlisini, xotini va onasini yomon ko‘zlardan, tajovuzlardan asragandek asrashi lozim!
Oldin ham ko‘p yozganman: TIL DAYUSI bo‘lib qolmaylik! Tilimizga rashkli, qizg‘anchiq bo‘laylik!
O‘zbek tilimizda ko‘plar qo‘llayotgan shu "bla... bla... bla..."ni aniq ifodalaydigan "valaqlash" degan juda chiroyli so‘z bor. "Valaqlayapti", deng. "Valaqlama!" deng. "Valaqi-salaqi", deng. Juda agar uch marta takrorlamoqchi bo‘lsangiz, "valaq... valaq... valaq..." deng! Aytmang shu "bla... bla... bla..."ni!
Bo‘ladi-ku axir! O‘ris emassiz-ku axir! O‘zbeksiz-ku axir!
Oldin bilmagan yo unutgan bo‘lsangiz, endi bilib oldingiz. Iltimos, keling, bugundan boshlab shu o‘rischa "bla..."ni tilimizdan siqib chiqaraylik, kelgan yeriga haydaylik, o‘rniga o‘zimizning so‘zni tiklaylik! Yashataylik!
- Nurulloh Muhammad Raufxon
📚 @e_kutubxona
#Oy_tavsiyalari
Fevral oyida mutolaa qilish uchun kitob tavsiyalari
• Diniy-ma'rifiy:
📓 "Vasatiya - hayot yo‘li" (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf)
• Jahon adabiyoti:
📓 "Farengeyt bo'yicha 451 daraja" (Rey Bredberi)
• O‘zbek adabiyoti:
📓 "Yulduzli tunlar" (Pirimqul Qodirov)
• Biografik:
📓 "Stiv Jobs" (Uolter Ayzekson)
• Shaxsiy rivojlanish:
📓 "Liderlik qonunlari" (Teodor Ruzvelt)
• Mumtoz:
📓 "Mantiq ut-tayr" (Fariduddin Attor)
• Tarix:
📓 "Alvido, Vatan" (A'zam Hoshimiy)
• Ilmiy-ommabop:
📓 "Oq nilufarlar yurtida" (Grigoriy Petrov)
📚 @e_kutubxona
#Olim_odam_va_olam
«Vatan qachon xarob bo‘ladi?
- Qachonki johil qahvaxonada o‘tirganini, universitet talabasi esa unga qahva keltirayotganiga shohid bo‘lsang, shunda xarob bo‘ladi.»
- Mubashshir Ahmad. «Olim, odam va olam» kitobidan
📚 @e_kutubxona
#Yangi_nashr
• Kitob nomi: «G'oyam»
• Muallif: Najmiddin Erbaqon
• Tarjimon: Oybek Xaydarov
• Nashriyot: Azon kitoblari
• Til: O'zbekcha
• Yozuv: Kirillcha
• Betlar soni: 312
• Muqovasi: Yumshoq
• Chop etilgan yili: 2022
Ushbu kitob Turkiyaning davlat va jamoat arbobi, sobiq Bosh vaziri, bir nechta partiyalarning taʼsischisi va rahbari bo‘lgan Najmiddin Erbaqon qalamiga mansub memuar asardir.
Narxi qancha?
• Azon kitoblari: 34 ming so'm
• iBooK: 40 ming so'm
• Asaxiy Books: 45 ming so‘m
Kitob do‘konlaridan xarid qilishingiz mumkin.
📚 @e_kutubxona
«Ayol kishining nimaligini xudoning oʻzi biladi, men ularni miridan-sirigacha oʻrganganman! Lekin qilgan gunohing uchun undan bo'yningni egib kechirim so'rab koʻr-chi, «oldingizda aybdorman, kechiring, boshqa qilmayman», deb bor-chi, ana undan keyin bilasan nima bo'larkin, boshingga ta’nadashnomlar do‘lday yogʻiladi! O'la qolsa boʻldi, kechirdim demaydi, seni lattaday ezadi, tahqirlaydi, aslida bo'lmagan narsalarni bo'ldi deb yuzingga soladi, hech narsani unutmaydi, yana oʻzidan ancha narsalarni ham yoniga qo'shadi, ana undan so'ng, balki, kechirganday boʻlar. Yana buni ularning eng yaxshisi qiladi! Hamma narsalarni qirib-qirtishlab boshingdan ag'daradi - ular hammasi shunaqa, teringni shilib oladi, bu farishtalarning hammasi bitta qolmay xuddi mana shunaqa. Ammo ularsiz biz bechoralarga kun yo'q! Azizim, senga ochig'ini aytay, har qanday o'zini tanigan-bilgan, risoladagi odam, kim boʻlmasin, qandaydir bir ayolning tovoni ostida yashashi kerak. Mening e'tiqodim shu; e'tiqod emas, hissiyot. Erkak keng bagʻirli olijanob boʻlmogʻi darkor, bu erkakni aslo pastga urmaydi. Jasur qahramonni ham yerga urmaydi, Sezarni ham pastga urmaydi! Shunday bo'lsa ham, baribir, kechirim so'rama, hech qachon, hech qanday holda soʻrama. Bu qoida esingda tursin, buni senga akang Mitya aytyapti, u xotinlar tufayli halokatga giriftor bo'ldi».
- Fyodor Dostoyevskiy. "Aka-uka Karamazovlar" romanidan
📚 @e_kutubxona
Ilmda so‘zga qaraladi, so‘zlovchiga emas. Siyosatda esa avvalo so‘zlovchiga qarash kerak, so‘ng so‘zga.
- Ali Shariatiy
📚 @e_kutubxona
MUTOLAA
«Muhimi yaxshi kitob tanlash. Kitoblar ovqatga o‘xshaydi. Uni foydali va zararlisi bor. Ba’zisi foydali ozuqa va ba’zisi o‘ta yog‘li, foydasi ko‘p, lekin nafs xushlamaydigan bo‘ladi. Shirin, ishtaha ochuvchi taom bo‘ladi, lekin u foydali bo‘lmaydi. Ba’zi ovqatlar zahri qotil bo‘ladi. Yana zaharli lekin shirin parda bilan o‘ralgan bo‘ladi. Kim ustidagi mazasiga aldansa ichidagi zahri uni o‘ldiradi! Kim topgan narsasini achchiq-chuchuk, issiq va sovuqligini aralashtib yesa me’da va ovqatni yomon hazm qilish dardiga yo‘liqadi. Kim hamma narsani o‘qiyversa unda aqliy hazmni buzilishi paydo bo‘ladi.
Kitoblarning jannatga kirgizadigani bo‘ladi. Do‘zaxga kirgizadigani bo‘ladi. O‘quvchi hushyor bo‘lsin. Ishonchli ustoz va ulamolardan so‘rasin. Bo‘lmasa mutolaani tark qilgan yaxshi.
Yoshligimizda, bizning zamonda bu televizor, radio degan narsalar bo‘lmagan. O‘sha narsalar hali ixtiro qilinmagandi. Ovozli videolar bo‘lmagan. Bizning ovunchimiz faqat kitob bo‘lardi. Bunaqangi rasmli nashrlar yo‘q edi. Vaqt o‘tkazish uchun yengilroq narsa o‘qishni istasak “Qisosu Antara”, “Hamzatu al bahlavan”, “Al malikatu zatul himma”, “Siyrotu Bani Hilol” va shunga o‘xshash chavandozlik hikoyalarini o‘qirdik. So‘ng odob kitoblarini o‘qishni boshlardik. “Al ag‘oniy”ni (yigirma nechadir jildli) hammasini ikki yozgi ta’tilda o‘qib chiqqanman. Men o‘shanda o‘rta maktabning birinchi sinfida o‘qirdim. Undagi hamma narsani tushunmaganman, yarmini ham tushunmaganman. Lekin, o‘qiganman. Undagi xabarlarning ko‘pi xotiramda muhrlanib qolgan. Ancha vaqt bo‘lgani, xotiram zaiflashgani bilan hamon yodimda turadi».
- Shayx Ali Tantoviy
📚 @e_kutubxona
#Qiyomat
«Inson bolasi boyish vasvasasida yalpi tus olgan taqlidchilikka taqlid qilish va manmanlik o‘rtasida ovorayu sarson bo‘lib yuradi. Mana shu uch narsa - ommaviy ongning uch nahang balig‘i. Hamma yerda va hamma zamonlarda odmi odamlarning hayotlari shular zaminida barqaror turadi. Barcha katta-kichik kulfatlar ulardan hosil bo‘ladi. Ularga in quradi. E’tiqodlar va qarashlarning qashshoqligi, nochorligi ham ulardan. Odmi odamlarning tengsiz qudratga ega bo‘lgan bu mafkurasini yengadigan kuchni yer yuzida topish mushkul. Din ham bundan mustasno emas. Ichi bo‘sh va xavol bo‘lsa-da, hech qachon nuramas bu qoyaga ruhning qanchadan-qancha parvozlari o‘zini urib, parcha-parcha bo‘lib ketmagan deysiz... Uning choparlarga qo‘shilib borayotgani ham o‘shandan dalolat - ruh nochor, lekin horimas...»
- Chingiz Aytmatov. "Qiyomat" romanidan
📚 @e_kutubxona
«Siyosiy ozodlikdan mahrum bo‘lgan xalq qo‘lida adabiyot yakka-yu yagona bir minbardirki, u bu minbardan o‘z vijdoni va g‘azabining hayqirig‘ini eshitishga majbur qiladi».
- A. I. Gersen
📚 @e_kutubxona
#Jinoyat_va_jazo
Tabiat qonunlariga ko‘ra, odamlar umuman ikki toifaga bo‘linadilar: past toifa (odmi odamlar), o‘ziga o‘xshaganlarni urchitishdan boshqa narsaga yaramaydilar, ular urchish materialidirlar va ikkinchisi, odam deb sanasa arziydigan va hayotda, o‘z muhitida yangilik, yangi so‘z barpo qilish iqtidoriga, qudratiga ega bo‘lganlar (favqulodda). Birinchi toifadagilar – bugungi kunning sohiblari, ikkinchidagilar esa kelajakning egalaridir. Birinchilar dunyoni eminlikda saqlab turadilar, moddiy borliqni miqdoran ko‘paytiradilar, ikkinchilar esa dunyoni harakatga keltiradilar va uni maqsad sari olib boradilar.
- Fyodor Dostoyevskiy. "Jinoyat va jazo"
📚 @e_kutubxona
#Olim_odam_va_olam
• Fikriy axlatlar ko‘cha axlatlaridan ko‘ra anchagina xatarli bo‘ladi.
• Botilda ayrim haqning topilishi, botilni haqqa aylantirmaydi. (Rofi’iy)
• O‘qimaydigan millat ajalidan oldin o‘ladi. (Molik bin Nabiy)
• Inson bilmasligini his qilishi ham ma’rifatning bir navidir. (Ibn Xaldun)
• Agar bilmagan sukut etganda, odamlar o‘rtasida xilof kam bo‘lardi. (Imom Gʻazzoliy)
• Mantiq va aqlning o‘zigagina taslim bo‘lish insondagi eng go‘zal narsalar: ruh, vijdon va qalbni batamom sug‘urib tashlashdir. (Doktor Mustafo Mahmud)
• Ilming ko‘paygani sari inkoring kamayadi. (Imom Shofe’iy rahimahulloh)
• O‘rta Sharq ta’limga e’tibor qilmadi. Mana endi shuning haqini to‘lamoqda. (Viktor Shay)
• Boshqa olam borligiga iymon keltiramiz. Lekin boshqa fikr borligiga hech iymon keltirolmaymizda... (Jalol Omir)
- Mubashshir Ahmad. «Olim, odam va olam» kitobidan nuktalar (2)
📚 @e_kutubxona
Millatimiz erkinlikni ko‘tara olmaydimi?
“O‘zbek xalqi ming yillik tarixga va boshqa xalqlar taraqqiyoti ham ta’sir ko‘rsata olgan madaniyatga ega. Erkinlikni ko‘tara olmaydi deyish, o‘zbek xalqiga tuhmatdan bo‘lak narsa emas. Shunchaki biz uzoq yillar istilo ostida, avtokrat siyosat bosimi ostida yashadik. Aqlli, ongli va bilimli yetakchilarimiz yo‘q qilindi. O‘zgacha fikrlaydigan, millati uchun qayg‘uradigan millatimiz ziyolilarini surgun qilib yoki qamab, oradan olib tashlandi. Endi erkinlik berilganida bo‘layotgan ayrim tasodifiy holatlarni butun xalqqa yorliq o‘laroq yopishtirish - do‘stning ishi emas.
Shunchaki hozir xalqimiz demokratik va erkin hayotga ko‘nikish bosqichida. Avtokratiya va diktaturaga moyillikni butun millatga tatbiq etib bo‘lmaydi. Osiyodagi ko‘pgina xalqlar, aytaylik Yaponiya xalqi ham avtokratiyaga moyil desak bo‘ladi. Lekin ular tuzgan demokratik tuzumga, ularning rivojlangan iqtisodiyoti va ilm-faniga, xalqining farovon va madaniy turmushiga bir qarang! Yoki Janubiy Koreyani olaylik. Bu yerda har 2-3 yilda sobiq prezident yoki yirik biznesmenlarini sudlab, qamab turishadi.
Lekin ular ham taraqqiyot va madaniyatda rivojlangan G‘arb davlatlaridan kam joyi yo‘q. Yoki fashistlar Germaniyasini eslang. Deyarli butun xalq propaganda ta’siri ostida diktaturani va millatchilikni yoqladi. Ammo hozirgi Germaniyani bir ko‘ring!.. Demak biror xalqni demokratiyaga moyil yoki moyil emas, falonchi tuzumga munosib yoki munosib emas, deb bo‘lmaydi. Agar qonunlar ustuvor bo‘lsa, adolatli va xalqparvar tuzum bo‘lsa, xalq o‘shanga darrov ko‘nikadi. O‘zini shu tuzumga munosib tuta boshlaydi".
- Hamid Sodiq, siyosatshunos
📚 @e_kutubxona
#KITOB
Jamiyat a’zolari yuksalmasa, jamiyat ham yuksalmaydi. Jamiyat a’zolari yuksalishi uchun ularning aqllari yuksalishi lozim. Aql esa faqat kitob mutolaasi bilangina yuksaladi.
- “Hikmatlar chashmasi”dan
📚 @e_kutubxona
Har bir musulmon quyidagilarni bilishi kerak:
1) Liberalizm
2) Islomning fikriy/intellektual tarixi
3) Zamonaviy/modern davlat tushunchasi
4) Sekulyarizm
5) Feminizm
Agar siz bu haqda hech narsa bilmasangiz, na o‘zingizni, na oilangizni va farzandlaringizni modernizatsiya hujumidan himoya qila olmaysiz.
📚 @e_kutubxona
"Kitobxonlar klubi"da navbatdagi №168 mutolaa uchun Oybekning "Navoiy" romani tanlangan. Bo‘lajak muhokamaning "Eng yaxshi kitobxoni" deb topilgan ishtirokchisi ushbu ro‘yxatdagi kitoblardan biriga ega bo‘ladi.
Muhokama sanasi: 11-fevral, shanba (20.00 dan 23.00 gacha)
— — —
2023-yil mutolaasi uchun tanlangan asarlar ro‘yxati
— — —
Kitobxonlar klubi — Qizg‘in tafakkur maydoni. Faol qatnashing va sovg‘a sifatida kitoblarni qo‘lga kiriting.
#Kitob_oʻgrisi
BIR ZAMONLAR g‘alati va miqti gavdali bir yigit yashagan ekan. U hayotda eng muhimi deb quyidagi uchta narsani bilardi:
1. Sochini hamma qaratgan tomonga emas, balki boshqa tomonga qaratib taraydi.
2. Kichkina, g‘alati mo‘ylov qo‘yadi.
3. Bir kun kelib dunyoni boshqaradi.
O‘sha yigit uzoq vaqt davomida tentirab yurib, dunyoni qanday qilib egallashi mumkinligi haqida o‘ylagan, rejalar tuzgan va kunlardan bir kuni nogahon eng mukammal reja miyasiga kelgan. U bolasi bilan yetaklashib ketayotgan onani ko‘rib qolgan. Ona o‘g'liga tinmay tanbeh beraverganidan bola yig‘lay boshlagan. Bir necha daqiqadan so‘ng ona farzandi bilan juda yumshoq ohangda gaplashgan va bola bir zumda tinchlanib, hatto tabassum qilgan. Yigit o‘sha onaning oldiga yugurib kelib, uni quchoqlagan va:
— So‘zlar! deya jilmaygan.
— Nima?
Ayolning savoli javobsiz qoldi. Yigit allaqachon ketib qolgan edi.
Ha, Fyurer dunyoni so‘zning kuch-qudrati bilan zabt etishga qaror qildi.
— Qurolga umumun ishim tushmaydi, chunki buning hojati yo‘q, — dedi u.
Ammo u anoyilardan emasdi. Uni umuman ahmoq odam deb bo‘lmas edi. Uning ilk hujum rejasi iloji boricha Vatanining hamma joyida so‘z ekib o‘stirishdan iborat edi. U har bir so‘zini kecha-yu kunduz parvarish qildi, ayamay ozuqa berdi. U butun Germaniya bo‘ylab so‘zlarning bepoyon o‘rmonlari paydo bo‘lishini kuzatib turdi... Xalq qolipga solingan fikr egalaridan tarkib topa bordi.
SO'ZLAR O‘SIB DARAXTGA AYLANGACH, bizning yosh fyurerimiz nishonlar o‘sib chiqishi uchun boshqa urug'larni sepdi va ular ham asta kurtak yoyishdi. Nihoyat fursat yetib kelgach, fyurer ishga kirishdi.
U odamlarni o‘zining ulug'vor bag‘riga yuragiga chorladi. O‘z qo‘llari bilan o‘rmonlardan uzib olgan eng go‘zal, eng qabih so‘zlari bilan boshqalarni o‘ziga qahrabodek torta boshladi. Ular kelishdi.
Ularning barchasi konveyerga o‘tkazildi va yugurik mashina orqali o‘n daqiqa ichida butun umrga arzigulik narsalar ko'rsatib chiqildi.
Og‘izlariga so‘zlar quyildi. Vaqt tushunchasi yo‘qolib qoldi. odamlar o‘zlari bilishlari kerak bo‘lgan hamma narsani bilib oldilar. Ular gipnozga tushib qolishdi.
Keyingi bosqichda ularga tegishli nishonlar tarqatildi va hamma o‘zida yo‘q baxtiyor bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, ulug‘vor qabih so‘zlar va nishonlarga talab shu qadar oshib ketdiki, o‘rmonlar kengayishi bilan katta miqdorda daraxtlarni parvarishlovchi qo‘shimcha kuch topish zaruriyati paydo bo‘ldi. Ba'zi birovlarning ishi daraxtlarga tirmashib chiqish va pastda turganlarga so‘zlarni uzib uloqtirishdan iborat edi. Ularning og‘ziga fyurerning odamlaridan qolgan-qutgan so‘zlar quyilar edi.
- Markus Zusak. "Kitob o‘g‘risi"
📚 @e_kutubxona
Islom feminizmi
Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon”da 17 yoshli Ra’noning savodi haqida shunday yozadi:
"Ra’no Nigor oyimning to‘ng‘uchi, bu yil o‘n yetti yoshni to‘lduradir. Savodni otasidan o‘qub, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab pro‘g‘ramida bo‘lg‘an barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan – “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chahor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslaki muttaqin”, adabiyotdan – Navoiyning barcha asarlari, devoni Fuzuliy ma’a Layli Majnun; Amiriy, Fazliy va shulardek chig‘atoy-o‘zbek katta shoirlarining asarlari; forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil, xusni xat, insho va boshqalar.
Bu kunlarda bo‘lsa bir tomondan qizlarg‘a saboq berib onasig‘a ko‘maklashsa, ikkinchi tarafdan otasida kofiya (arab nahv va sarfi) hamda Shayxi Sa’diyning “Guliston”idan dars oladir va shuning qatorida o‘zi yaxshi ko‘rgan chig‘atoy-o‘zbek shoirlarining badi’a asarlaridan alohida bir majmu’a tuzib yuriydir."
P.S.: Ba’zilar O‘rislar kelib ayol-qizlarimiz ilm oladigan bo‘ldi deyishar edi. 17 yoshli Ra’noning ilmi Zulfiya mukofotini olganlar uyoqda tursin, Zulfiyaning o‘zida ham bo‘lmagan bo‘lsa kerak.
- Ibrohim Muhammad
📚 @e_kutubxona
Yangi loyiha
Sahifamizda o‘zbek tilida yangi nashr etilgan kitoblar haqida kichik ma'lumotlar berib borishni reja qilyapmiz. Davomli va xayrli qilsin.
Beriluvchi (tavsiyamonand) kitoblar shaxsiy qarash va izlanishlar natijasi o‘laroq taqdim etiladi.
📚 @e_kutubxona
#Olim_odam_va_olam
• Agar kambag‘allik va johillikka qarshi kurashmasak, bir kun kambag‘al va johillarga qarshi kurashishga majbur bo‘lamiz.
• Mutaxassislarning vatandan chiqib ketishi vatanga xiyonat emas. Balki bu holat vatan bo‘lishga yaraydigan muhitni izlab ketishdir.
• Agar yolg‘onni yetarli miqdorda takrorlasang, yo ilmiy haqiqatga yoki siyosiy nazariyaga aylanadi. (Ayman Yog‘iy)
• Xalqlar ma’rifati qanchalik oshsa, istibdod shunchalik kamayadi. (Molik ibn Nabiy)
• Elitasi istiqlol mas’uliyatini bo‘yniga ololmagan xalqlarga ozodlik juda og‘ir yuk bo‘ladi. (Molik bin Nabiy)
• Tinchligi uchun erkini qurbon berganlar, ikkovisiga ham haqli emaslar. (Benjamin Franklin)
• Haqiqat erkinlikdan hech qachon qo‘rqmaydi. Undan faqat egrilik, jaholat va adolatsizlik xavfsiraydi. (Shayx Muhammad Gʻazzoliy)
• Birov saning ustingga faqat egilganingdagina minib olishi mumkin. (Martin Lyuter King)
- Mubashshir Ahmad. «Olim, odam va olam» kitobidan nuktalar (3)
📚 @e_kutubxona
📓 "Islom hazorasi"
✍ Ahmad Muhammad
⚙ Risola
⚖ 0.3 MB
🔎 PDF
📄 77 sahifa
Ushbu kitob Islom hazorasi (sivilizatsiyasi) tarixi, uning o‘z zamonasida naqadar ilg‘or va peshqadam bo‘lganligi va ulamolarimizning dunyo ilmida peshvo sanalganlari haqidadir.
📚 @e_kutubxona
"Kitobxonlar klubi"da navbatdagi №167 mutolaa uchun Fyodor Dostoyevskiyning "Jinoyat va jazo" romani tanlangan. Bo‘lajak muhokamaning "Eng yaxshi kitobxoni" deb topilgan ishtirokchisi ushbu ro‘yxatdagi kitoblardan biriga ega bo‘ladi.
Muhokama sanasi: 28-yanvar, shanba (20.00 dan 23.00 gacha)
— — —
2023-yil mutolaasi uchun tanlangan asarlar ro‘yxati
— — —
Kitobxonlar klubi — Qizg‘in muhokamalar maydoni. Faol qatnashing va sovg‘a sifatida kitoblarni qo‘lga kiriting.
Kitobxonlar klubi: 2023-yil muhokamalarida o‘qish va munoqasha qilish uchun tanlangan asarlar ro‘yxati
• 28-yanvar: Jinoyat va jazo
• 11-fevral: Navoiy
• 25-fevral: Kitob o‘g‘risi
• 11-mart: Turkiston qayg‘usi
• 25-mart: Sohilsiz dengiz
• 15-aprel: Fozil odamlar shahri
• 29-aprel: Jeyn Eyr
• 13-may: Oltin zanglamas
• 27-may: Mamlakatlar tanazzuli sabablari
• 10-iyun: Qirol Lir
• 24-iyun: Jannatdagi soyalar
• 8-iyul: Byug Jargal
• 29-iyul: Buyuk shaxmat taxtasi
• 12-avgust: Jinlar bazmi
• 26-avgust: Qizil va qora
• 16-sentabr: Hukmdor
• 30-sentabr: Mazaxchini o‘ldirish
• 14-oktabr: O‘tkan kunlar
• 28-oktabr: Bovari xonim
• 11-noyabr: Godoni kutish
• 25-noyabr: Mahbub ul-qulub
• 9-dekabr: Alvido, Vatan
• 23-dekabr: Oliver Tvist
✅ Barchasi tanlovli muhokama hisoblanadi.
• Elektron shakliga havola berilmagan asarlarni kutubxona yoki kitob do‘konlaridan topishingiz mumkin.
© 2019-2023 — Kitobxonlar klubi
🌐 Jahon adabiyoti
✍ Samuel Bekket
📓 "Godoni kutish"
⚙ Pyesa
⚖ 0.4 MB
🔎 PDF
📄 106 sahifa
Samuel Bekket 1906-yil Irlandiyada tug‘ilgan. Jeyms Joys bilan Fransiyaga kelib, bir umr qolib ketgan. Absurd teatri nazariyotchisi va asoschilaridan. Shoir, adib, dramaturg. Adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun 1969-yil Nobel mukofoti berilgan. XX asr anglo-fransuz adabiyotining yirik vakili.
📚 @e_kutubxona
🌐 O‘zbek adabiyoti
✍ Abdulhamid Ismoil
📓 "Jinlar bazmi yoxud katta o'yin"
⚙ Roman
⚖ 2.4 MB
🔎 PDF | Kirill
📄 441 sahifa
📚 @e_kutubxona
#Abdulhamid
«Sotsializm oʻz koinotini materiyaning qonunlariga koʻra qurishni xohlamoqda. Fikrimcha, bu texnik jihatdan toʻgʻri koʻrinsa ham, biroq nazariy jihatdan ojizona bir qarashdir. Xalq jamiyatini tashkil etgan, yashattirgan hamda rivojlantirgan yanada yashirin, yanada ta'sirli qonuniyatlar borligini o'ylayapman. Qisqasi, ma'lum bir jamiyatning tarixi uning tangrisini qidirish bilan boshlaydi va davom etadi. Aks holda, poydevorsiz hamda chirigan bir jamiyat paydo bo'ladi. Birinchi boʻrondayoq tarqalib, yakson boʻlib ketajak. Shu boisdan ham mening koinotim sotsialist qolsin, faqat yanada materiyasiz boʻlishini istayman. Yolg'on yoki haqiqat boʻlishi esa men qanchalik ishonganimga bogʻliq - qolgani uncha muhim emas».
- Okay Tiryako‘g‘li: "Abdulhamid — So‘nggi hukmdor"
📚 @e_kutubxona
#Kitobdan_keltirma
«Qozi: Birodar, yaxshi bilasiz, xalqimizning fikr doirasi taraqqiy etmagan, ular bu ishlarning mohiyatini tushunmaydilar. Tafakkuri yuksak bo‘lmagan kishilar qo‘ylarga o‘xshaydilar, har xususida cho‘ponga tobedirlar va o‘z buyuklarining payravidirlar.
Men shunga ham iqror bo‘lib aytamanki, biz buyuklar ham umrimizning aqalli bir daqiqasini xalqimiz osoyishtaligi va saodati yo‘lida sarf etganimizcha yo‘q. Xalqning tinchligi, mamlakatning obodligi kabi masalalar birontamizning xayolimizga kelgan emas. Har bir hokim o‘zini uch tomonning vakillari tanishini istaydi: birinchi — mamlakat, ikkinchi — raiyat, uchinchi — podshoh. Chunki, hokimiyat vatan va millat vujudi bilan bog‘liqdir.
Agar millat mahv etilib, vatan xarob bo‘lsa, na biz hokim bo‘lamiz, na podshoh. To‘g‘ri, bizni amir hazratlari hokim etib tayinlaganlar. Lekin qayerda? Shahrisabzda. Agar Shahrisabz va bu joyning xalqi bo‘lmasa, bizning hokimligimiz xuddi go‘ristonga oqsoqol bo‘lishdek ma’nosiz va kulgili bo‘lar edi. Biz buxoroliklar, bir shaharda hokim bo‘ldik deguncha, mamlakat va xalq huquqini butunlay esdan chiqaramiz. Hatto xudoni ham unutamiz. Vaqtimizni podshohni shod etish yo‘lida sarf etamiz. Qiziq joyi shundaki, bunga ham tuzuk-quruq erisholmaymiz.
Podshohlar qanchalik toshbag‘ir bo‘lishmasin, mamlakatning vayronaligi va xalqning bechoraligiga chidasholmaydi. Shohimizning adolatparvarlik, raiyatdo‘stlik va xalqparvarlikda naziri yo‘qdir. Imonim komilki, u zot hamisha millatning tinchligi, vatanning obodligi bilan shug‘ullanadilar, biroq shu ham aniqki, bir kishining donishmandligi va adolatparvarligi to‘rt million kishilik elga ta’sir etishi qiyin. To‘g‘ri, amirimiz odillar, biroq xizmatchilarining ko‘pchiligi adolat ko‘chasidan o‘tmagan. Shuning uchun, mamlakatimiz haligacha obod bo‘lmaydi va aminmizki, agar shu hol davom etsa, bir umr obod bo‘lmas».
- Fitrat. «Hind sayyohi qissasi»dan
📚 @e_kutubxona
«Hind sayyohi qissasi»dan hissalar
Asar asli tojik tilida yozilib, 1912-yili Istanbulda chop etilgan.
O’zbek tilida ilk bor Hasan Qudratullaev tarjimasida 1991-yili «Sharq yulduzi» jurnalida bosilgan.
Asarda muallif Buxoroga tashrif buyurgan hind sayyohining hikoyasi orqali o‘sha davrdagi Buxoro xonligidagi birqancha muammolarni shafqatsiz fosh etadi va ularga yechim izlaydi.
Hind sayyohi duch kelgan muammolar:
– Shahar darvozasi yopilgandan so‘ng armanilar va yahudiylar, hatto bir armanining itiga ochilgan darvoza oddiy musulmonlar uchun ochilmaydi.
– Shaharda aravakashlar, foytunkashlarning o‘zaro dahanaki urushiga duch keladi. Hech kim ularga e’tibor qilmaydi.
– Sayyoh Buxoro hovuzlarining ichimlik suvi sifatida foydalanib bo‘lmasligini isbotlab beradi.
– Sayyoh Bahouddin Naqshband mozoridagi xurofotlar, shirkka olib boruvchi xatti-harakatlardan ranjiydi.
– Sayyohning shahar markazida Lut qavmi razolatidan bahramand bo‘layotgan erkaklardan ko‘ngli ayniydi.
– Buxorodagi ta’lim sistemasiga ajratilgan vaqf mablag‘lari keragidan ortiq, ilm olish uchun madrasa, kutubxonalar, maktablar yetarli-yu, lekin nega ilm yo‘q? Nega 400 olimga beshik bo‘lgan Buxoroda loaqal Qur’oni karimning bir oyatini tuzuk-quruq tafsir eta oladigan olim topilmasa? Vaqf mablag‘lari qachongacha bir guruh mansabdorlarning jig‘ildoniga kiradi?
– Sarbozlik (askarlik) muddati Buxoroda chegaralanmagan. Sarbozlik jinoyatga jazo turidir. Kim jinoyat qilsa uni umrboz sarbozlikka mahkum qiladilar.
– Butun boshli Buxoroi sharifdan bironta ham oliy ma’lumotli tabib topilmaydi. Tabiblar esa ikki yuz yil oldin qo‘llangan usullardan foydalanadi. Rus tabibi faoliyatini esa kofir deya bir pulga ilmaydilar. Ba’zi tumanlarida do‘xtur kimligini ham bilishmaydi.
– Shaharda sanitariya-gigienaga amal qilinmaydi. Aslida esa Islom poklikka chaqiradi.
– Hind sayyohi Buxoro muzofotiga tegishli Qarshi shahriga sayohat qiladi. U yerdagi to‘quvchilik hunariga yangi texnologiya kiritish lozimligini ta’kidlaydi. aks holda bu hunardan kelajakka hech narsa qolmasligidan qayg‘uradi.
– Buxoro dehqonchiligi ham o‘ta qoloq. Haligacha Odam Ato zamonidan qolgan qurollar ila dehqonchilik yuritishadi.
– Buxoro qozilarining ham qilmagan makrlari, shariatni pesh qilib, omi xalqning pulini jig‘ildonlariga urayotganliklaridan sayyoh hayratga tushadi. Ezilgan xalq qoziga to‘laydigan pulni qaerdan oladi? Sudxo‘rdan…
– Buxoro tujjorligida ham bir qancha muammolarni sanab bergan sayyoh, qanday qilib, muvaffaqiyatga erishish yo‘llarini ham aytib beradi.
Fitrat hind sayyohi orqali o‘z tilidan ham moddiy, ham ma’naviy qashshoqlashib qolgan jamiyat holidan xabar berar ekan, ushbu xulosani asar qahramoni tilidan so‘zlaydi:
«Ilohiy qonun budir: modomiki biron bir qavm o‘zining ishlarini Olloh farmoyishi asosida olib bormas ekan, o‘zining shaxsiy hayotini sharaf, saodat va farog‘at, buyuklik bilan hamqadam bilib o‘tkazmas ekan, tinchlik va osoyishtalik niyatlarini yo‘qqa chiqarishga intilib, kibr va g‘urur vodiysiga qadam qo‘yar ekan, chin haq va adolat yo‘lidan chiqar ekan, o‘sha zahotiyoq shon-sharaflari yer bilan yakson bo‘lib, osoyishtaliklari zahmatga, buyukliklari esa xorlikka aylanishi muqarrardir!..»
📚 @e_kutubxona
#Olim_odam_va_olam
• Gʻarb kirdikorlarini bilishimiz, ulardan afzal bo‘lishimiz uchun yetarli emas.
• Dunyo siyosatdonlari o‘rmondagi maymunlarga o‘xshashadi. Urushib qolishsa, ekinzorni payhon qilishadi. Kelishib qolganlarida esa, hosilni yeb qo‘yishadi. (Jorj Oruell)
• Hodisalarning doimo ikki xil talqini bo‘ladi. Rost talqin va hukumatning talqini. (Murid Barg‘usiy)
• Odamlar och qolib, men to‘q bo‘lsam, qanday ham yomon hokimman! (Umar ibn Xattob roziyallohu anhu)
• Ratsional g‘arbona tafakkur ilm nomi bilan hamma narsadan muqaddaslikni yo‘q qildi. (Abdulvahhob Masiriy)
• Hukumatlar xalqlarning suratidir. (Shayx Muhammad Gʻazzoliy)
• Oldinlari urush tufayli qurol-yarog‘ yasalardi. Hozir esa qurol tufayli urushlar «yasalyapti». (Arundati Ray)
• O‘g‘irlik qilma! Hukumat raqobatchilarni yoqtirmaydi. (Paulo Koelo)
• Harakatda bo‘lmaganlargina oyoqlaridagi kishanlarni sezmaydilar. (Roza Lyuksemburg)
• Ko‘pchilik hokimiyat atrofida aylanadi ozchilik esa Vatan atrofida. (Mahatma Gandi)
• Bizga darveshning xirqasini kiydirib, bu din, deyishdi. Buzuqlikka g‘arq etib, bu san’at, deyishdi. Dinsizlikni o‘rgatib, ilm mana shu, deyishdi. Tabaqalar kurashi bilan bo‘lib tashlab, bu ijtimoiy adolat, deyishdi. (Mustafo Mahmud)
- Mubashshir Ahmad. «Olim, odam va olam» kitobidan nuktalar
📚 @e_kutubxona