haqiqatdailyos | Unsorted

Telegram-канал haqiqatdailyos - Ilyos Safarov

7147

Jurnalist Ilyos Safarovning rasmiy telegram sahifasi. Murojaat uchun – @Ilyos_SafarovChatBot 🇺🇿🇹🇷🇰🇿🇫🇷🇩🇪🇦🇹🇨🇭🇰🇬

Subscribe to a channel

Ilyos Safarov

O‘rtoqlar, Instagram’da yangi sahifa ochdim. Birrovga o‘tib, a’zo bo‘lib qo‘ysalaringiz xursand bo‘laman. Imkon qadar har xil, boshqa sahifalarimda takrorlanmaydigan kontentlar qilib borishga harakat qilaman. Bir qo’llavorasizlar endi.

👉 https://www.instagram.com/ilyossafarov_official?cplk=MWlqeXhoZ3JpZWpjMQ%3D%3D&utm_source=qr

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Uşbu bemor bolaga yordam kerak ekan. Tekşirdim, kursdoş döstimning tanişlari ekan.

Hamid Sodiq sahifasidan.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

“Oltin to‘p” favoritlari, Madrid boykoti va AFC’ning Husanovga nisbatan adolatsizligi | VAR 2

26-oktabr, dushanba kuni Britaniyaning London shahrida 2025/2026-yilgi mavsum uchun “Oltin to'p” topshirish marosimi bo'lib o'tadi.
Mukofotning 70 yillik yubileyi munosabati bilan bu yilgi marosim ilk bor Parij tashqarisida — Londonda o'tkazilmoqda. Bu 1956-yilda ilk “Oltin to'p” sohibi bo'lgan angliyalik afsonaviy futbolchi ser Stenli Mettzyuz xotirasiga bag'ishlangan.

VAR’ning navbatdagi sonida biz ushbu marosim va uning eng muhim qismi – o'tgan mavsum uchun “Oltin to'p”ga qaysi futbolchi ega chiqishi mumkinligi, unga da’vogar uch futbolchi — Kilian Mbappe, Lamin Yamal va Harri Keynning imkoniyatlari, shuningdek, AFC’ning o’zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanovga nisbatan “Osiyoning eng yaxshilari”ni aniqlashdagi “adolatsizligi” haqida gaplashdik.

Dastur mehmonlari futbol sharhlovchilari — Otabek Jo'rayev va Orif Tolipov, shuningdek, O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Sanjar Tursunov bo’ldi.

https://youtu.be/REDY7gt10GA?si=L4pdx57rxXHL18Oc

@haqiqatdqilyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Byudjetdan “kindigi uzilayotgan” futbol klublari: ularni nima kutmoqda? | VAR #1

Döstlar, ön yillik jurnalistik faoliyatimdan söng öz YouTube kanalimni oçişga qaror qildim va unda ilk loyihani e’tiboringizga havola etmoqdaman. Uşbu mualliflik kanalimizda jamiyat, iqtisod, siyosat va sport olamidagi eng dolzarb, bahsli masalalarni soha mutaxassislari va mas’ullar bilan tahlil qilib boramiz.

Kanaldagi futbolga ixtisoslaşgan ilk loyihani esa “VAR” deya nomladim. Va, uning ilk sonida muhim bir mavzuga qöl urganimiz bois, studiyaga sohaning taniqli va vakolatli vakillari — Özbekiston Professional Futbol Ligasi rahbari Diyor Imomxöjayev hamda iqtisodçi Otabek Bakirovni taklif qildik.

Mehmonlarimiz bilan birga özbek futbolining bugungi eng oğriqli nuqtasi — futbolga budjetdan ajratilayotgan mablağlar va klublarning xususiylaştirilişi masalasini atrofliça tahlil qildik.

Dasturda özbek futbol klublari bugun real investorlar uçun qançalik jozibador aktiv ekani, bu soha köpçilik ta’kidlaganidek şunçaki davlat puli sovriladigan tizimmi yoki uni daromadli biznesga aylantiriş imkoni bormi, şuningdek, klublar davlat qaramoğidan çiqarilgaç ularni nima kutayotgani haqida söz bordi.

Marhamat, körib baho bering!

📹👉 https://www.youtube.com/watch?v=LYXt8R58cFY

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Ta’lim va ilm-fan vaziri Turdimovga istisno tariqasida Vazirlikning markaziy apparatiga 2027-yil 1-fevralga qadar xodimlarni töğridan-töğri suhbat asosida işga qabul qiliş vakolati berilibdi.

P.S: Tarmoqlarda bu istisno nimani anglatişi masalasi keng muhokama qilinyapti. Turdimov vazirlikka tayinlanişidan avval uning örinbosarlari aniqlab bölingan edi. (Masalan, Abduqodir Toşqulov şu jamoada bor edi). Ammo eşitişimça, Turdimov hokimlik paytidagi kabi xarakter körsatgan va aniqlab qöyilgan örinbosarlarga rozi bölmagan. U özi bilan işlaydigan jamoani özi tanlab olişini yuqoriga bildirgan. 2027-yilgaça berilgan istisno şu xarakterning egiluvçan qonunlarimizda aks etişi xolos. Bu şuningdek, unga körsatilgan izzat, natija uçun berilgan vaqt, imkoniyat muddati ham.

Aslida Turdimov ana şu xarakteri uçun ham bu vazifaga olib kelingan edi-yu.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Oxirgi ikki kun ichida ikki bankdan karta ochirishimga toʻgʻri keldi. Birinchisi oʻtkazmalarda foiz olmasligi sabab TBC Bankdan onlayn karta buyurtma qildim. Kecha buyurtma qilgan kartamni bugun soat 12:00 larda olib kelib berishdi. Bir sutka oʻtmadi. Ham ishim oson bitdi va ham pulim tejaladigan bo’ldi.

Ikkinchisi — bir haftacha avval ishxonadan karta ochirishim kerakligini aytishgandi. Lekin banklardagi qator navbat, sarsonchiliklardan qochib, borishni orqaga surib yurgandim. Bugun nihoyat tavakkal qilib, kamida uch-toʻrt soat vaqt ketishiga oʻzimni ruhan tayyorlab yoʻlga tushdim.
Bizga xizmat koʻrsatuvchi bank — InFinBank’ning Amir Temur metrosi yonidagi Amaliyot boshqarmasi ekan. Qarangki, bankka kirib borishim bilan ko’rganlarim mendagi hamma xavotirlarni yoʻqqa chiqardi. Masalan, qisqa navbat va kartani qoʻlimga olguncha boʻlgan hamma ishlar nari-beri yarim soat ichida bitdi.

Bankda ortiqcha shovqin-suron, tushunmovchilik va uzun navbatlarni koʻrmaysiz. Bank xodimlariyam oʻta professional va xushmuomala. Har bir mijozga hurmat bilan, tezkor xizmat koʻrsatishyapti.
Borishga erinib yurgan ishim birpasda hal boʻlganidan keyin kayfiyatim ham koʻtarildi. Post mijozlarga shunday qulay sharoitlarni yaratib qoʻygan har ikki bank rahbariyati va xodimlariga xolis va samimiy minnatdorchilik bildirish maqsadida yozildi.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Oʻzbekiston C5+1 sammitiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Kecha Marko Rubio boshliq AQSh delegatsiyasi Samarqandga yetib keldi va bugundan ikki tomonlama muloqotlar boshlangan.

Shaxsan men ikki tomonlama va mintaqaviy aloqalardagi bu faollashuvni aniq hisob-kitobga asoslangan yurish deb bilaman.

Birinchidan, Amerika biznesi hamda texnologiyalarining Oʻzbekistonga kirib kelishi va bundan iqtisodiyotimiz manfaat koʻrishi inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Lekin bu yerda illuziyalarga berilmaslik kerak bo’lgan jihatlar ham bor. Masalan, geografik va logistik cheklovlar sabab AQSh Markaziy Osiyoda Rossiya yoki Xitoy bilan iqtisod va savdo boʻyicha tengma-teng raqobatlasha olmaydi. Rossiya va Xitoyning O‘zbekistondagi hozirgi savdosidagi raqamlar shunchalik kattaki, boshqalar unga hali beri yetib ololmaydi. Shunday ekan, Vashington bilan aloqalarni rivojlantirish qolganlarga qarshi chiqish emas, aynan iqtisodiy qaramlikni bitta yoki ikkita markazga bogʻlab qoʻymaslik, yaʼni oʻylangan loyihaning bir qismi. Qisqa aytganda, Toshkent oʻz taqdirini boshqa poytaxtlar belgilashini kutib oʻtirmoqchi emas, u bu aloqalarni hamma bilan imkon qadar teng va muvozanatli qilishga harakat qilyapti.

Ikkinchidan, iqtisodiy aloqalar mazmunida har doim xavfsizlik masalalari ham turadi. Rossiyaning Ukrainadan keyingi tajovuz yoʻnalishi Markaziy Osiyoga qaratilishi mumkinligi haqida siyosatshunoslar doim aytib keladi. Demak, biz uchun toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy xavf bir tomondan kutilsa, Xitoy tomondan keladigan asosiy xatar bu infratuzilma va investitsiyalar bilan kirib keladigan iqtisodiy qaramlikdir. Shunday ekan, mintaqa davlatlari uchun muvozanatni ushlab turuvchi boshqa vektorlarni izlash kuchli zarurat bo’lib qolaveradi. Xuddi Turkiy Davlatlar Tashkiloti bilan aloqalardagi kabi, C5+1 formatida AQSh bilan hamkorlik kuchayishi rasman "hech kimga qarshi qaratilmagan, sof iqtisodiy xarakterda" deb aytilsa-da, parda ortida bu ikki tomonlama xatarlar baribir hisobga olinadi.

Uchinchidan, bu aloqalar rivojini bugun AQSH hokimiyati tepasida kim turgani bilan ham bogʻlash kerak. Tramp boshchiligidagi hozirgi AQSh rahbariyati bir tomonlama manfaatlarga urgʻu beradigan va faqat "America First" prinsipi bilan ishlaydigan oʻyinchilar. Venesueladagi “Prezident o’g’rilash”operatsiyasi orqali mamlakat nefti ustidan nazorat oʻrnatilgani, Grenlandiyaga boʻlgan daʼvolar, butun dunyo bilan davom etayotgan boj urushlari, Eronga nisbatan qilingan va hamon ochiq qolayotgan bosqin hamda Gʻazo yoki Ukraina boʻyicha soatiga o’zgarayotgan pozitsiyalar koʻrsatyaptiki, Vashington uchun hozir faqat oʻz manfaatlari birinchi, qolgani ikkilamchi yoki umuman ahamiyatsiz. Demak, Markaziy Osiyo bilan aloqalarda ham ular birinchi navbatda mintaqaning boy resurslari, xususan, muhim metallar va logistika zanjirlariga ega chiqishni maqsad qilgani sir emas. Shu maʼnoda, ertaga AQShda hokimiyat tepasiga demokratlar kelsa yoki maʼmuriyat oʻzgarsa, Xitoy va Rossiyani tiyib turish kabi umumiy strategiya saqlansa-da, Amerikaning bu uslubi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

Va yana bir bir muhim jihat: Amerika biznesi faqat vaʼdalar, shaxsiy kafolat yoki shaxslar oʻrtasidagi munosabatlarga suyanib ish qilmaydi. U ishlaydigan huquqiy kafolat, korrupsiyasiz muhit, mulk daxlsizligi va mustaqil sud bor joylarga kiradi. Yaʼni, tashqi kuchlar oʻrtasida balans ushlash uchun avvalo oʻz ichki institutlarimiz va islohotlarimiz mustahkam boʻlishi kerak. Bularsiz uzoqqa borib boʻlmaydi.

P.S. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zilar AQSh bilan aloqalar faollashuvidan qoʻrqib, goʻyo Amerika biznesi kirishi bilan uning iqtisodiy qaramligiga tushib qolamiz degan xavotirlarni bildiryapti.

Ha, qaramlik va xatarlar hech qachon bir tomonlama boʻlmaydi. Siyosiy va iqtisodiy bogʻliqlik xavfini inkor etib boʻlmaydi. Ammo xatarlarni ham aniq ajrata olish kerak: masalan, hozir mustaqilligimizga toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy va jismoniy xavf kutilsa, bu faqat bir tomon, ya'ni Rossiyadan boʻlishi mumkin.

Читать полностью…

Ilyos Safarov

“Eng ishongan kadrim…” — Shavkat Mirziyoyev Erkinjon Turdimovning ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlanishi haqida

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Taxminlarimiz o‘xshamabdiyu, o‘rtoqlar.

Aytishlaricha, ayni vaqtda Qonunchilik palatasida Ta’lim vazirligiga rahbar tasdiqlash bo'yicha yig‘ilish o‘tmoqda. Qizig'i, yig'ilishga Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham chaqirilgan.

Aftidan, Turdimovning oxirgi vaqtlardagi "bolangizni o‘qiting", "ta'lim bilangina kosangiz oqaradi", qabilidagi chiqishlari bejiz bo‘lmagan — polittexnologiya. Ochig‘i, hayratdaman. Bu o‘zgarishdan nima kutish mumkinligini ham bilmaysan kishi.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Bugun Ichki ishlar vazirligi o‘zining 9 oylik faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazibdi. Sohadan tanaffus olganim bois o‘zim bu kabi tadbirlarda qatnashmayotgandim. Ammo sal avval shu tadbirdan bir parchani tashlab berishdi va parcha menga ham bog‘liq bo‘lgani uchun bir post qilishga qaror qildim.

Xo‘p, parchada bloger Sirojiddin Odilov ishi bo‘yicha hamkasblarimiz tomonidan mas’ullarga savol berilgan va unga javob berarkan, vazirlik matbuot kotibi ishda sudga bosim o‘tkazilgani haqida gapirib, bunda jurnalistlarni ayblaydi. Jumladan, ayblovlar orasida mening Odilov advokatlaridan intervyu olish davomida “xolis gapiringlar”, degan fikrimni misol sifatida ko‘rsatibdi. Ortidan esa o‘zining “Mana, advokatlarga tanqid qilinglar, Odilov tomon bo‘lib gapiringlar”, dedi, deya o‘zining shaxsiy xulosasini beribdi.

Yaxshi, Sirojiddin Odilov ishida sudga bosim o‘tkazibmiz, xo’sh, u shuning uchun 4 yilga qamaldimi? Bosimsiz necha yilga qamamoqchi edilaring?

Ishni boshidan kelaylik: Furqatda rashk mojarosini avj oldirgan, bir ayolni yechintirgan menman. 2 xodimingiz men sabab qamaldi. Keyin qasdma-qasdiga 4 blogerni nishonga olib, ulardan ikkitasini men qamoqqa tiqdim. Yana ikkitasini qamash uchun poylab yuribman. Bu haqda huquq faoliga bir piyola choy atrofida 3 oy avval gapirib bergan ham men.

Tergov bo‘yicha buyurtma xatni va, jumladan, “da’vogar topinglar” degan topshiriq xatini Samarqandga men tushirdim. O’zbekistonda jurnalist va blogerlarni men qamayapman. Inson huquqlari borasida eng nufuzli Human Rights Watch’ning kechagi hisobotida “O‘zbekistonda so‘z erkinligi cheklanmoqda” degan dahshatli xulosasiga ham men sababchiman.

Xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning o’rnini men qulatyapman. Tergovlarda qiynoqlarni men qilyapman, o‘limlar mening qo‘limdan bo‘lyapti, buyurtma qo‘lga olishlar ijrochisi ham menman. Men milliardlab pora bilan qamalyapman, menman turli “ofis ishlari”da qamalayotgan. Sudlarga bosim qilgan, ho’kiz o’rniga eshakni so‘ygan ham menman…

O‘zbekiston degan bu yurtda bir xokisor, shaffof organ bo’lsa, bu —sizning vazirligingiz. Boshqa hamma aybdor. Boshqa hamma qora.

Ey, sal uyalinglar-ey. O‘zbekistondagi bor muammolarga jurnalist, blogerlarni aybdor qilishdek eski repertuardan charchamaysizlarmi?!

Aytgancha, men shunchalik noxolis ekanman, Jamoatchilik kengashlaringga nima qilib chaqirgandilaring, nima qilib qo’shgandilaring?! Noxolislik haqida xolis ekansizlar, bu masaladagi ishlar ham mantiqqa suyanishi kerakmasmidi?

Men tadbirdagi bu chiqishingizni faoliyatimga nisbatan bosim deya qabul qilaman. Bu haqda gapiraman. Ammo bilinglar, bu bilan baribir xalqaro hisobotlarda keltirilayotgan faktlarni berkitolmaysiz. Ichkaridagilar og’zini yopganingiz bilan tashqaridagilar qattiqroq gapiradi. Xo’sh, ularning og’zini nima bilan yopasizlar?!

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

“Nemolchi.uz” loyihasi tutgan pozitsiyani hurmat qilaman. Jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan qilinayotgan jinoyatlarga qarshi doim mustahkam pozitsiyada turib kelgan. Ammo Centrum Air bilan bog‘liq vaziyatda yo‘lovchiga o‘zbekcha gapirishni istamagan styuardessa himoyasiga o‘tib, ishni ayol va erkak, gender masalalariga aylantirishayotgani o‘ta noadekvat yondashuv. Bu yerda pozitsiya o‘zbek tili va bu til bo’yicha haq talab etilayotganiga nisbatan muallifning shaxsiy qarashlaridan kelib chiqqan, nazarimda.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Ta’lim sifati past bo‘lgan davlatda tizimni barqaror rivojlantirish uchun yagona “sehrli formula” yo‘q. Lekin xalqaro tajribada muvaffaqiyatga olib boruvchi tizimli va zanjirli islohotlar bor.

Boshlayotganim post bu formulalar haqida emas, o‘sha marraga eltuvchi yo‘l va eng birinchi qadam haqida.

Yaqinda ikki ta’lim vazirligi birlashtirildi. Bu juda to‘g‘ri va kechiktirib bo‘lmaydigan qaror edi. Nihoyat, butun tizim uchun javob beradigan yagona mas’ul idora paydo bo‘ldi, javobgarlik tarqoqligiga chek qo‘yildi.

Biroq, agar hukumat ta’limda haqiqiy sakrash qilishni istasa va bu niyatida samimiy bo‘lsa, ikkinchi hal qiluvchi qadamni ham tashlashi kerak: yangi vazirlikka kamida 5–10 yillik muddatga to‘liq strategik mustaqillik va buzib bo‘lmas daxlsizlik berish zarur.

Bugun ta’lim vazirligining ishi yuqori tuzilmalarga qanchalik bog‘liq va qaram ekanini yaxshi bilamiz. Yaqinda soha mas’ullaridan biri vazirning hatto viloyatlarga xizmat safari ham “yuqori” bilan kelishilishi va ruxsat asosida bo‘lishini aytgandi. Qisqa aytganda, ta’lim bizda ozgina vakolati bor har qanday organ aralashadigan va joyida xohlagancha “xo‘jayinchilik” qiladigan sohaga aylanib qolgan.

Bugun shu organga to‘liq muxtoriyat berib, yaxlit islohot va rivojlanish strategiyasini uning o‘zi belgilashiga imkon yaratilishi kerak. Vazirlar Mahkamasi yoki Prezident Administratsiyasining roli bu o‘rinda faqat resurs ajratish, oyliklarni oshirish va vazirlik darajasidan yuqori bo‘lgan strategik ko‘mak bilan cheklanishi lozim. Ta’lim siyosatini faqat va faqat ta’lim vazirligining o‘zi belgilashi, boshqa idoralarning sohaga mikromenejment darajasida aralashuviga nuqta qo‘yilishi shart. Busiz natija bo‘lmaydi.

Hozir soha rahbarligiga kelgan har qanday salohiyatli vazir kuchli jamoa bilan dunyoda sinovdan o‘tgan islohotlarni qila olishiga ishonaman. Faqat unga yetarli sharoit, harakat erkinligi va vaqt berilsa bo‘ldi.

Masalan, ekologiya muammosi o‘tkirlashganda, vazirlikka milliy qo‘mita darajasidagi kengaytirilgan vakolatlar berdik-ku. Ta’lim esa bundan bir necha barobar muhimroq. Uning inqirozi kelajakda har qanday ekologik yoki iqtisodiy fojiadan ko‘ra xavfliroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Nega unda ta’limni hech bo‘lmaganda ekologiya kabi ustuvor va daxlsiz ko‘rmayapmiz?

Keling, ta’limni ham hech kim to‘g‘ridan to‘g‘ri aralasholmaydigan darajaga olib chiqaylik. Istalgan huquq-tartibot va nazorat organi uning ichki faoliyatiga to‘sqinlik qilolmasin. Organlardagi kuratorlik tizimini ham tag-tugi bilan tozalab tashlaylik.

Men shu paytgacha sohada ishlagan rahbarlarning hech birida tajriba va salohiyat kam bo’lgan demayman. Shunchaki ularga ishlash uchun haqiqiy erkinlik berilmadi. Agar hozir ham shu vaziyat o‘nglanmasa, afsuski, yana 3 yildan keyin ham vazirlikni bo‘lish, ajratish yoki qayta tashkil etish haqida gapiraveramiz.

Biz birinchi qadamni qo‘ydik. Endi qolgan islohotlarni vazirlikka haqiqiy muxtoriyat berishdan boshlaylik. Boshqaruvda hammasi faqat shaxsga bog‘liq emas, vazir almashtiraverish ham hech narsani o‘zgartirmaydi. Bo’lganda vazirlarni bizdan ko’p almashtiradigan davlat bo’lmasa kerak. Bizga shunchaki daxlsiz muhit va shu muhitda yaratiladigan, barqaror ishlaydigan ulkan tizim kerak.

Shu ma’noda, ta’limda boshlangan islohotlar natijasini ham, niyat samimiyligini ham vazirlikka beriladigan (yoki berilmaydigan) ana shu muxtoriyat darajasi belgilab beradi. Qolgan barcha narsa ikkinchi darajali.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Dunyoda turli mualliflik media loyihalari va podkastlar sekin-asta an'anaviy tahririyatlar, ular ulashadigan xabar, reportaj va boshqa dasturlar o'rnini egallab borayotgandek. Masalan, CNN va Fox News sobiq yulduzi Taker Karlsonning bugungi mustaqil chiqishlari an'anaviy telekanallar reytingidan oshib ketgan yoki sobiq jurnalist Jo Rogan podkastlarining qamrovi yetakchi gazeta va telekanallarning ko'rishlar sonini (prosmotr) ortda qoldirmoqda. Bular qatoriga boshqa ko'plab taniqli jurnalistlar o'z faoliyatini mustaqil davom ettirayotganini ham qo'shish mumkin.

Xo'sh, dunyo mediasidagi bu o'zgarishga nimalar sabab bo'lyapti?

Menimcha, buning asosiy sababi jurnalistlarning o'z tahririyatlari siyosati hamda homiylar bosimidan charchashi va ulardagi to'liq ijodiy erkinlikka erishish istagi bilan bog’liq.

Ikkinchidan, zamonaviy tomoshabin va tinglovchi orqasida yirik tashkilotlar turgan mediadan ko'ra, aniq bir shaxs, uning samimiy chiqishlari hamda fikrlariga ko'proq ishonch bildira boshladi.

Uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi ham hamkasblarimizning mustaqil ishlash borasidagi istaklarini qo'rqmay amalga oshirishiga turtki beryapti. Ya'ni tarmoqlarning rivojlanishi hozir jurnalist va auditoriya o'rtasidagi vositachilarni olib tashlayapti. Bu jarayonda monetizatsiya tizimlarining yo'lga qo'yilishi va to'g'ridan-to’g’ri obuna imkoniyatlari ham jurnalistlarga moliyaviy jihatdan tahririyatga qaram bo'lmay yashash imkonini beryapti.

Shunday qilib, tahliliy va erkin fikrlashga moyil auditoriya uchun sifatli podkastlar hamda mualliflik loyihalari asosiy axborot manbaiga aylanib bormoqda.
Albatta, bu jarayonning o'ziga xos xavflari ham bor. Masalan, tahririyat nazorati yoki faktchekingning yo'qligi ba'zan noto'g'ri va biryoqlama axborotlar tarqalishiga xizmat qilishi mumkin. Bunda ehtiyot bo’lish kerak.

Men juda tez ommalashayotgan bu tendensiyaning kelajagi qanday bo'lishini hozir aniq bilmayman, ammo u sababli tahririyatlar butkul yo'qolib ketadi deb ham bo'lmaydi. Shunchaki kelajakda tahririyatlar asosan katta tadqiqotlar va resurs talab qiladigan loyihalar markaziga aylanib borishi mumkin. Bu — eng sodda qaraganda taxmin qilish mumkin bo'lgan kelajak.

Xo'sh, bu jarayon O'zbekistonda qanday kechyapti yoki rivojlanadi?

O'zbek mediasi ham dunyoda kechayotgan yangi tendensiyadan butkul chetda deb bo'lmaydi. Masalan, milliy jurnalistikamizning taniqli vakillari Shuhrat Shokirjonov va Muhrim A'zamxo'jayev allaqachon tarmoqlarda o'z loyihalarini boshlashgan va ular endi an'anaviy jurnalistikada emas.
Ammo jarayon rivojlanib borishi bilan jurnalistlarimiz ertami-kechmi to'qnashadigan jiddiy muammolar ham yo'q emas. Masalan, mustaqil loyihalarini siyosat, iqtisod va shunga o'xshash O'zbekistonda katta risk talab qiladigan yo'nalishlarga qaratgan hamkasblarimiz hukumatning blogerlarga nisbatan qilgan munosabati va ko'rgiliklariga ertami-kechmi duch kelishi aniq. Siz mustaqil ekansiz, endi qandaydir pulli munosabatlarga ham kirishasiz. Hukumat esa bundan xo’rak sifatida foydalanadi, boshqa o’nlab blogerlar bilan qilgani kabi. Shu ma'noda, dunyoda kechayotgan mustaqil va sifatli siyosiy-tahliliy dasturlar mediamizni chetlab o'tishini ham kutish mumkin. Senzuraning shunisi yomon — u sizni nafaqat gapirtirmaydi, balki juda ko'p ijobiy jarayonlardan ham chetda qoldirishi mumkin.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Bloger Sirojiddin Odilov sudyaga qarata: “Men qachondir baribir oqlanaman. Adolat albatta qaror topadi, ishonaman. Shu oqlovni bugun siz o‘qing”.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Ta’lim vazirliklarining birlashtirilishi toʻgʻri, ammo kechikkan va hali yetarli bo’lmagan qadam. Uzoq davom etgan tahrir jarayonidan keyin ta’lim sohasining yagona vazirlik tasarrufiga oʻtkazilishi shubhasiz ijobiy oʻzgarish. Qaysiki, endi bogʻcha yoshidagi bola tarbiyasidan tortib, uning mehnat bozoriga qanday mutaxassis boʻlib kirib borishigacha boʻlgan butun zanjir uchun yagona mas’ul idora paydo boʻldi. Uzviylik va natijadorlikni ta’minlash uchun bu zarur edi.

Ammo hukumat ixchamlashuvi faqat shu bilan toʻxtab qolsa, bu ham katta strategik xato boʻladi. Shaxsan men buning uchun kamida uchta jiddiy mantiqiy va iqtisodiy asosni ko’ryapman:

Birinchidan, bizda haligacha faoliyat yuritayotgan, mavjudligi mantiqsiz boʻlgan, funksiyasi mutlaqo bir-birini takrorlaydigan va eng yaxshi holatda bitta departament darajasiga tushirish mumkin boʻlgan oʻnlab vazirlik, qoʻmita hamda agentlik bor. Bu tuzilmalar hozir hech qanaqasiga real qiymat yaratmayapti. Ularning asosiy faoliyati qogʻozbozlik va byurokratiyani koʻpaytirish hamda davlat budjetini yuzlab xodimning maoshi, 13-oylik, mukofot va bayram puli koʻrinishida hazm qilishdan iborat. Korrupsiya inchunun. Soliq toʻlovchilar puli apparatning oʻzini-oʻzi ta’minlashiga sarflanishi esa iqtisodiy isrofgarchilikning eng oliy ko’rinishi, boshqa narsa emas.

Ikkinchidan, ta’limdagi yagona mas’ullik prinsipi amalda kutilgan natijani berishi uchun boshqa barcha sohada ham shunday qat’iy optimizatsiya davom etishi kerak. Ta’lim yagona zanjirga keltirilsa-yu, unga tutash boʻlgan bandlik, iqtisodiyot, innovatsiya yoki raqamlashtirish kabi tuzilmalarda parokandalik va ortiqcha boʻgʻinlar saqlanib qolsa, ta’lim bergan kadr baribir samarasiz tizim gʻoviga urilaveradi. Islohot yarimta boʻlsa, natija ham yarimta boʻladi. Bitta soha ishxchamlashishi butun davlat mashinasi samaradorligini oshirib qoʻymaydi.

Uchinchidan, budjetning amaldagi imkoniyati, tashqi qarzimizning juda tez o’sib borib, xavfli nuqtaga yaqinlashayotgani va global iqtisodiy tebranishlar sharoitida hukumat yaqin yillarda odamlarga qandaydir katta iqtisodiy imtiyoz, moddiy ragʻbat yoki "pulli" ijobiy yangiliklar taqdim etishi qiyin. Men bunga ishonmayman. Bunday vaziyatda hukumatning jamiyatga taqdim eta oladigan va ijobiy baho olishi mumkin boʻlgan yagona manbasi bu siyosiy va tuzilmaviy islohotlar bo’lsa kerak.

Ha, hukumat apparatini ixchamlashtirish, ortiqcha shtatlarni tozalash va shu orqali xarajatlarni kamaytirish bugungi hukumatning eng birinchi ishi, vazifasi. Shunday ekan, bugun ta’limda boshlangan birlashtirish va qisqartirishlar davomli boʻlishi hamda u butun ijro hokimiyati tizimiga yoyilishi kerak.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Taqdir taqozosi bilan qo‘shni davlatlarda yoki xorijda yashayotgan etnik o‘zbeklar bilan gaplashib, bir qat’iy xulosaga kelganman: chegaralar ortida yashayotgan millatdoshlarimizning ona tilimizga nisbatan muhabbati va jonkuyarligi O‘zbekistonda yashayotgan aksar o‘zbeklarnikidan ko‘ra ancha kuchliroq.

Men, masalan, Afg‘onistondagi o‘zbeklarning og‘ir sharoitlarga qaramay ona tilini asrab-avaylash uchun qanday jon kuydirayotganini, hali o‘zi go‘dak bo‘lgan o‘zbek o‘g‘il-qizlarining o‘zbekcha she’rlarni butun qalb qo‘rini berib ijro qilishlarini ko‘rganman;

Men Turkmaniston va Qozog‘istonda tobora kamayib borayotgan o‘zbek tilli maktablar uchun kurashayotgan fidoyi millatdoshlarimizni shaxsan bilaman;

Men Qirg’izistonda Alisher Navoiy haykali qayta-qayta chetga surilaversa ham, uni har safar yana markazroqqa qaytarishga erishayotgan, teatrlarda “50/50” qonuniga qaramay, o‘zbek tilida bitta bo‘lsa-da ko‘proq so‘z aytishga intiladigan millatdoshlarimizni taniyman;

Men, bir dona bo‘lsa-da, o‘zbek tilli darslik ko‘payishi uchun minglab eshiklarni qoqib, ariza yozib charchamayotgan tojikistonlik vatandoshlarimizni taniyman.

Men gaplashganman, masalan, o‘zbek tili darsligi yetishmayotgan sharoitda nolib o‘tirish o‘rniga o‘zi darslik yozib chiqqan, bizdan qandaydir delegatsiya borib qolsa, ularning oldiga albatta darslik masalasini qo‘yuvchi o‘shlik adabiyot o‘qituvchilari bilan.

Menimcha, qadr degan tushuncha chinakamiga sinov kelganda bilinadi. Afsuski, bugun O‘zbekistonning o‘zida tilimizga nisbatan xo‘jako‘rsinga munosabat, suiiste’molliklar juda ko‘p uchraydi. Masalan, til bayramlarimizning ham qandaydir sun’iy va borgan sari “nishonlandimi, nishonlandi” qabilida o‘tkazilishi hamda bu haqda faqat 21-oktabrda eslanishini ko‘rib qiynalasan kishi.

Biz til masalasini, til siyosatini o‘tkinchi tadbirlar bilangina ko‘rishga, tushunishga o‘rganib qolgandekmiz. Undan nariyoqqa, kerakli, eng zarur choralarga esa o‘tolmayapmiz.

Men o‘zbek tiliga bo‘lgan haqiqiy hurmatni uning sha’ni kamsitilayotgan, chegaralanayotgan va sinovda bo‘lgan yurtlardagi o‘zbeklar misolida ko‘raman.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Va, eng asosiysi, hozir bahor emas:)

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Eronning Özbekistondagi Favqulodda va muxtor elçisi Muhammad Ali Iskandariy Özbekiston Taşqi işlar vazirligiga çaqirilib, unga norozilik notasi tutqazilibdi. Bunga bir neça kun avval Eronning xorijdagi elçixonalari tomonidan Samarqand va boşqa tarixiy şaharlarimiz va me’rosimizni biryoqlama, siyosiy maqsadda talqin qiluvçi materiallar eʼlon qilgani sabab bölgan.

Birinçidan, Eron va AQŞ örtasidagi ziddiyatga unga mutlaqo neytral turgan davlatlarni yoki ularning me’rosini aralaştiriş diplomatik etikaga ham, xalqaro huquqqa ham töğri kelmaydi. Eron tomoni bu masalada jiddiy xatoga yöl qöydi. Mamlakat qançalik oğir ahvolda bölmasin, siyosatçilar bunday masalalarda özini tuta olişi kerak.

Ikkinçidan, Taşqi işlar vazirligimizning bu masalada tezda eʼtiroz bildirib, rasmiy nota topşirgani va öşa sahifalardan materiallarni olib taşlaş talabini qöygani töğri va öz vaqtida taşlangan qadam. Har qanday xorijiy diplomatik vakolatxona döstona munosabatlarni qadrlaşi va milliy merosimizni siyosiylaştirişdan tiyilişi şart, zarur.

Uçinçidan, keling, suverenitetimiz va milliy qadriyatlarimizni himoya qilişda tuşunçalar va xatti-harakatlar kim tomonidan sodir etilişidan qat'i nazar, bir xil darajada prinsipial bölsin. Ya’ni masalan, şunday qat’iyatni rossiyaliklar tomonidan suverenitetimiz, milliy qadriyatlarimiz yoki vatandoşlarimizga nisbatan tez-tez körsatib kelinadigan hurmatsizlik va tahqirlovçi ritorikalar işlatilganda ham qöllay olaylik.

@haqiqatdqilyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Ha, alifbo haqida fikr bildirişga hamma haqli, lekin u haqda bugundanoq kuçli pessimizga berilayotganlarni yoqlamayman.

Birinçidan, alifbo masalasidagi qonun endigina qabul qilindi va unga ötiş, bu jarayonga tayyorgarlik uçun ham rasman 6 oy vaqt berilgan.

Ikkinçidan, siz aytayotgan “uç alifboli xaos” haqida gapirişga hali erta. Xaos qaçon böladi, qaçonki, olti oydan keyin ham davlat idoralari, ta’lim, matbuot va umuman rasmiy jarayonlarda uç yozuvda iş yuritiş davom etsa. Özaro maişiy yozişmalarga esa heç qayerda çeklov qöyilmagan. Bu şaxsiy xohiş, qulaylik masalasi bölişi mumkin.

Ammo masalan, Komil Jalilovning rasmiy idoralar yoki masalan, partiyalar sayti hamon kirillda yuritilayotgani haqidagi tanqidida jon bor. Bugungi vaziyatda eng katta mas’uliyatni avvalo Prezident administratsiyasi va şuningdek, partiyalar, ya’ni şu qonnunni birinçi bölib tasdiqdan ötkazganlar xis qilişi kerak. Ular bu masalada islohot, ijroning boşida turişi şart.

Aytgança, berilgan 6 oylik ötiş davri tuganmas, yetib kelmaydigan muddat emas. Rasmiy idoralar tezlik bilan barça resurslarni yangi alifboga moslaştirişi, 6 oydan keyin boşlanadigan katta davrga tayyor holda kirişlari şart.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Özbek-lotin alifbosini takomillaştirişga doir qonun prezident tomonidan imzolandi

Özgarışlar quyidagiça:

O‘ o‘ → Ö ö G‘ g‘ → Ğ ğ Sh sh → Ş ş Ch ch → Ç ç

Qonun rasman e’lon qilinganidan keyin 6 oy ötib kuçga kiradi.

Amaldagi barça hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qöğozlar öz kuçida qoladi, darslik, peşlavha va körsatkiçlar esa yaroqlilik muddati tugagaç, bosqıçma-bosqıç almaştiriladi.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Iqtisodiy xatarlar masalasini esa vahimaga berilmay, aqlli va hisob-kitobli boshqaruv hamda ichki islohotlar bilan toʻliq nazorat qilish mumkin.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Umrbod qamoqqacha: O’zbekistonda pedofiliyaga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, bolalarga nisbatan sodir etiladigan og‘ir jinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytirilmoqda:

— Ozodlikdan mahrum qilish: 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi.

— Javobgarlik muddati: Ushbu toifadagi og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortish muddatiga hech qanday cheklov va muddat o‘tishi qo‘llanilmaydi.

— Sub’yektlar doirasi: Bolaga nisbatan jismoniy yoki ruhiy tazyiq va azob bergan har qanday shaxs, jumladan, ta’lim muassasalari xodimlari hamda yaqin qarindoshlar birdek javobgarlikka tortiladi.

— Jazoni yengillashtirish taqiqlari: Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatlar bo‘yicha tayinlangan jazolar aslo yengillashtirilmaydi va shartli ravishda ozod qilish tartibi qo‘llanilmaydi.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, bolalarning hayoti, sog‘lig‘i hamda or-nomusiga tajovuz qilgan har qanday shaxs vaziyat va sharoitdan qat’i nazar, qonun oldida muqarrar javob berishi shart.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Hamma xorij maktabini ko'rgan va eskirgan ta'limimizga ham o'sha uslublarni olib kiroladigan mutaxassisni kutgandi, a? Turdimov o'tmishi va shaxsiyatidan kelib chiqsak, hukumat ko'proq ijro intizomida sinalgan kadrni ma'qul ko'rdi. Bu o'rinda uning siyosiy sahnada bir necha murakkab va yirik viloyatlarni boshqargan sanoqli rahbarlardan biri ekani tosh bosgan bo'lsa kerak.

Albatta, Turdimovga kuchli o'rinbosarlar berilib, u ko'proq ijroni nazorat qiladi, degan qarash bo'lgan bo'lishi mumkin. Buning uchun unga Bosh vazirning birinchi o'rinbosari degan maqom berilyapti. Ammo menda baribir u mavjud va aytilgan vazifalar ijrochisi sifatida tursa kerak, degan qarash kuchliroq. Ya'ni men ham hammasining boshida o'zi turadigan va nima qilayotganini yaxshi tushunadigan kadrni kutgandim.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Сафимиз кучайди: Забардаст журналист Илёс Сафаров Uzdiplomat жамоасига қўшилди

Журналист Илёс Сафаров Uzdiplomat сайтида иш бошлади. Мухбирлик ва таҳририят бошқарувида тажриба тўплаган ҳамкасбимизнинг жамоамизга қўшилиши — биз учун янги имконият ва янги куч.

Илёс журналистик фаолиятини 2018 йилда Kun.uz сайтида мухбир сифатида бошлаган. 2021 йилда «Йилнинг энг фаол журналисти», 2022 йилда эса «Олтин қалам» миллий мукофоти совриндори бўлган.

2024 йилдан «Vatandosh» сайти бош муҳаррири, 2025 йилдан Vaqt.uz нашри мухбири, 2026 йилдан эса ушбу нашр бош муҳаррири сифатида фаолият юритган.

Биз учун сафимиз кенгайиши билан бирга, таҳририятга янги қараш, тажриба ва ташаббуслар кириб келиши ҳам муҳим. Илёс билан биргаликда ўқувчиларимизга қизиқарли, ишончли ва жамият учун аҳамиятли материаллар тақдим этишни мақсад қилганмиз.

Telegram| Instagram |  uzdiplomat">You Tube | Facebook | X

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Tarmoqlarda yozilayotgan fikrlar, keltirilayotgan misollar ko‘rsatyaptiki, xizmatchilari o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni istamasligi bo‘yicha Centrum Air’ga nisbatan yo‘lovchilarning e’tirozi juda katta. Ya’ni, Samara–Toshkent reysida Komiljon ismli kishi bilan yuzaga kelgan muammo ulkan aysbergning bir uchi, xolos. Afsuski, hamma ham o‘zi duch kelgan hurmatsizlik haqida yozmaydi, gapiravermaydi. Bunday munosabatni bosh ko‘tarmay, e’tiroz bildirmay qabul qilib ketaveradiganlar ham ko‘p.

Nima demoqchiman?

Centrum Air o‘zining rasmiy relizida boshqa gap aytayotganiga qaramay, bir xil muammoning ketma-ket takrorlanaverishi de facto kompaniyaning o‘zbek tiliga nisbatan munosabati va eng kamida, bu masalaga e’tiborsizligini ko‘rsatib beradi. Va, qay biri bo’lganda ham bu — millatimiz, mamlakatimiz hamda tilimizga nisbatan qabul qilib bo‘lmaydigan hurmatsizlik. Bunga jim qarab turib bo‘lmaydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak? Aftidan, hukumat bu muammoning go‘yoki kattalashishini istamaydi va choralar ham ana shu ehtiyotkorlikdan kelib chiqadi. Masalan, siz shunga o‘xshash qaysi holatda biror kompaniyaga jiddiy choralar ko‘rilganini ayta olasiz? Demak, talabni biz, o‘zimiz qo‘yaverishimiz kerak. O’zbekistonda ro’yxatdan o’tgan har qanday aviakompaniya xizmatidan foydalangan har bir o‘zbek xizmatchilardan o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni talab qilaverishi, uning bu talabini boshqa yo‘lovchilar ham qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ana shunda natijaga erishish, muammoni bartaraf etish mumkin.

Ha, har bir yo‘lovchi, o‘zini o‘zbek deb biladigan va g‘ururi bor hamma uchun bu har qaysi joyda hayotiy prinsip masalasiga aylanishi kerak. Toki Centrium Air bo’ladimi yo boshqasi, jamoatchilikning munosabati, talabi va talabchanligini hisobga olishga majbur bo‘ladigan muhit paydo bo‘lsin.

“Hurmat so‘rab olinmaydi”, deyishadi. Bo‘lmagan gap. Kerak bo‘lsa, so‘raladi, talab qilinadi.

P.S: Post bir qarashda tilga munosabat masalasida hukumatning pozitsiyasini chetga chiqarib qo’ygandek tuyulishi mumkin.
Yo’q, aslida bunday emas. Aksincha, bu masalada birlamchi pozitsiya davlatniki bo‘lishi shart. Hukumat o‘zbek tili me’yorlarining amalda bir xil bajarilishini ta’minlashi, qonun va talablar ijrosini nazorat qilishi kerak. Biz hisobni har qanaqasiga shu ishlar uchun mas’ul bo‘lgan, buning uchun oylik olayotganlardan so‘rayveramiz.
Men shunchaki hukumat choralar ko‘rishi bilan birga, vatandoshlar ham haqini talab qilishda davom etishi kerak, demoqdaman.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Yo’q, men ham siz aytgan tuzilmalar haqida gapiryapman. Kuchishlatarlardagi kuratorlar esa shu cheklovlarning bir qismi, xolos.

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Birlashgan Ta’lim vazirligi rahbarligiga kim kelishi masalasi katta qiziqishga sabab bo’layotgani bejiz emas. Fikrimcha, bunga ikki katta sabab bor.

Birinchidan, ta’lim har bir xonadonga kirib boradigan jamiyatdagi eng muhim ikki sohadan biri (tibbiyot ham). Masalan, Investitsiyalar yoki Raqamlashtirish vazirliklarining murakkab mexanizmlari oddiy odamlar uchun mavhum bo’lishi mumkin. Lekin ta’lim unday emas: har bir oilada yoki maktab o‘quvchisi yoki talaba va yoki bog‘cha tarbiyalanuvchisi bor. Shu ma’noda, har bir ota-onaning bu tizim haqida o‘z qarashi, tajribasi va talablari bo’ladi.

Ikkinchidan, O’zbekistonda yangi super vazirlikning paydo bo’layotgani.
Yillar davomida tarqoq ishlab kelgan sohalarning bitta tizimga jamlanishi misli ko‘rilmagan katta masshtabni ham hosil qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘yicha 11 milliondan ko’proq pedagog, o‘quvchi va talabalar — ya’ni mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismi bevosita shu yangi tuzilma qamroviga tushadi. Bunday katta va murakkab apparatni kim boshqarishi esa tabiiyki, strategik ahamiyatga ega.

Biroq, men avval ham ko’p yozganim kabi gap tizimga kimning rahbar bo’lib kelishida emas, balki, o’zgarishlar shu tizimning sifat jihatidan o’sishiga qanday ta’sir qilishida degan fikrda qolaveraman. Ya’ni muhokama shaxslar atrofida emas, tizim atrofida bo’lishi muhim. Chunki har qanday islohotning maqsadi ham aslida shu bo’lishi kerak.

Katta ehtimol bilan, yangi rahbar nomzodi yaqin kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Xo‘sh, bu mas’uliyatli kursiga kim kelishi mumkin? Shaxsan mendagi nomzodlar:

1. Sherzod Shermatov — ayni vaqtda AKT vaziri va sobiq Xalq ta’limi vaziri.

2. Tamila Aliyeva — Prezident Administratsiyasida tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish hamda strategik loyihalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha rahbar o‘rinbosari.

3. Abduqodir Toshqulov — Sobiq Oliy ta’lim vaziri va ayni vaqtda Termiz davlat universiteti rektori.

4. Sardor Rajabov — Sobiq Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o’rinbosari.

5. Alisher Sa’dullayev — Yoshlar ishlari agentlgi direktori.

Xullas, yangi super vazirlikka kim rahbar bo’lishidan qat’i nazar, uning oldida 11 millionli auditoriya taqdirini hal qiluvchi tub islohotlarni amalga oshirishdek og‘ir va mas’uliyatli vazifa turibdi. Tan olish kerak, yangi hokimiyat davrida maktabgacha ta’lim sohasida sezilarli katta ishlar qilindi, lekin maktab va oliy ta’lim sohalarida vazirliklar nomini tahrirlash-u, vazir almashtirishdan boshqa hech ish qilingani yo’q. Sifat kerak, o’rtoqlar.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Qo’ng’irotboy Sharipov vazirlikdan yana Iqtisodiyot universiteti rektorligiga qaytarilibdi. Inglizcha aytganda “back to square one" — “dastlabki kvadrat”ga yoki “nolinchi pozitsiya”ga qaytish. Yuqoridagi so’rovnomadan bitta variant iks, do’stlar.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Bugun, 5-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Odilov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining firibgarlik hamda tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybli deb topildi. Unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni manzil-koloniyada o‘tash belgilandi.

Jizzax viloyati sudi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Odilov D. Shamsiyevning 12 mln so‘mini tovlamachilik, G. Jumaniyozova (30 mln so‘m) hamda R. Xudoynazarovaning (33 mln so‘m) mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud jarayonida fuqarolarga yetkazilgan jami 75 mln so‘mlik moddiy zarar to‘liq qoplangani ko‘rsatib o‘tilgan.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…

Ilyos Safarov

Kecha oilaviy “O’rgimchak-odam”ning yangi filmi tomoshasiga tushgandik. To’g’risi, filmni kecha ko’rgan bo’lsam-da, undagi qahramonlar kechinmalari haligacha xayolimdan ketgani yo’q. Rejissorga qoyil, uni tomoshabinda juda ko’p hissiyotlar uyg’otadigan qilib ishlabdi.

Endi film haqida ozroq.

“O’rgimchak-odam”ning yangi filmi insondagi ulg’ayish, mas’uliyat va og’ir hayotiy tanlovlar haqida chuqur ruhiy drama. Uning syujeti markazida nyu-yorklik oddiy yigit — Piter Parkerning niqob ortidagi dardlari, sog’inchlari va ichki kurashlari turadi. Piter unda bir vaqtning o’zida ham dunyoni qutqarishi, ham o’z shaxsiy hayoti, yaqinlari va kelajagini saqlab qolishi kerak.

Filmda, shuningdek, boshqa bir superqobiliyatli qiz (telepat) Juliyaning ayanchli taqdiri, og’ir yo’qotishlari ham ko’rsatiladi. Film boshida salbiy qahramon sifatida ko’rsatilgan qizga nisbatan film yakunida tomoshabinda achinish, yaqinlik hissi uyg’onadi. Yoki aksincha, boshida ijobiy ko’ringan qahramonlar yakunda salbiyga o’zgaradi.

“O’rgimchak-odam”ning eng ta’sirli jihati — superqobiliyatlar insonni baxtli qilmasligini ko’rsatib berganida. Ya’ni inson boshqalardan qanchalik farq qilsa, odamlar uni shunchalik ko’p azoblaydi. Filmda qahramonlar qabul qilgan qarorlar ortida ular uchun katta yo’qotish va alamli to’lovlar ham turadi. Bu jarayon esa juda ta’sirli va ishonchli ko’rsatilgan.

Dramada bosh qahramon o’zining kimligini va asl burchini anglab yetish yo’lida ko’plab og’ir sinovlarni boshdan kechiradi. U film davomida hamma kabi xatolar qilishi, azoblanishi va har safar yiqilganda qayta oyoqqa turishga majbur bo’ladigan qahramon sifatida tomoshabinga yaqin bo’lib qoladi.

“O’rgimchak-odam”da kadrlar dinamikasi, aktyorlarning ijrosi va musiqiy bezak syujetdagi barcha his-tuyg'ularni tomoshabinga to’liq yetkazib bera olgan.

Xullas, bu film shaxsiy o’sish, qurbonlik berish va mas'uliyat haqida olingan so'nggi yillardagi eng ta'sirli asarlardan biri. Sifatli va mazmunli kinoni qadrlovchilarga albatta ko'rishni tavsiya qilaman.

P.S. Filmni City Mall’dagi Cinematika kinoteatrida ko’rdik va kinoteatr jamoasiga jiddiy e’tirozim ham bor. Filmga olingan chiptalarda reklama haqida belgi yoki biror bildirish yo’q. Lekin tomoshabinlar film boshlanishi aytilgan vaqtdan keyin ham kamida 10 daqiqa davomida turli reklamalar ko’rib o’tirishga majbur bo’ldik. Chiqib ketay desam boshqalarga noqulaylik keltirishim mumkin edi yoki reklama qachon tugab, film qachon boshlanishini bilmaysiz. Xullas, tomoshaga kelgan barchada vaziyatdan o’zimdagi kabi norozilik va noqulaylikni ko’rdim. Raqobat qo’mitasi masalaga aniqlik kiritishi kerakdir balki.

@haqiqatdailyos

Читать полностью…
Subscribe to a channel